Mahalliy ijro hokimiyati faoliyatini samaradorlikning muhim ko‘rsatkichlari (KPI) asosida baholash
15ноя

Kirish

Bugungi kunda davlat boshqaruvi organlari faoliyati samaradorligi va natijadorligini KPI (key performance indicators - samaradorlikning muhim ko‘rsatkichlari) asosida baholashning ahamiyati ortib bormoqda. Hozir AQSh, Buyuk Britaniya[1], Avstraliya[2], Germaniya, Fransiya, Belgiya va Kanada[3] kabi qator rivojlangan mamlakatlarda mazkur tizimdan keng foydalanilmoqda.

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari tomonidan mahalliy ijro hokimiyati faoliyatini KPI asosida baholash metodologiyasi ishlab chiqilib, 2021-2022 yillarda   Dehqonobod va Kosonsoy tumanlari hokimliklari faoliyati tajriba tariqasida baholandi. Baholash O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi, BMTning Taraqqiyot Dasturi va Yevropa Ittifoqining “O‘zbekistonning qishloq hududlarida davlat xizmatlarini taqdim etishni takomillashtirish va mahalliy boshqaruv darajasini oshirish” qo‘shma loyihasi doirasida amalga oshirildi.

2022-yilning yanvar-iyun oylarida o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan Dehqonobod (57,18%dan 59,95%gacha, ya’ni 2,8 foiz punktiga) va Kosonsoy (55,81%dan 60,0%gacha, ya’ni 4,2 foiz punktiga) tumanlarida KPI bo‘yicha ko‘rsatkichlar biroz oshgani kuzatildi, shuningdek, ushbu usul 2022-yilda Baxmal va Sho‘rchi tumanlari misolida sinovdan o‘tkazilib, tajriba tumanlaridagi  bilan taqqoslandi. Tadqiqot natijasida mahalliy hokimliklar faoliyati samaradorligini oshirish yuzasidan ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. Mazkur metodologiyadan tumanlarda mavjud muammolar va kamchiliklarni aniqlash, ularni o‘z vaqtida bartaraf etish va tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqishda uslubiy qo‘llanma sifatida foydalanish mumkin.

 

Tadqiqot usuli

Mahalliy hokimliklar faoliyatini KPI asosida baholash uchun 4 ta yo‘nalishdagi mezonlardan foydalanildi:

1-yo‘nalish – Rasmiy statistik ko‘rsatkichlar;

2-yo‘nalish – Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) ko‘rsatkichlari;

3-yo‘nalish – Aholi va tadbirkorlarning murojaatlari;

4-yo‘nalish – Mustaqil so‘rovlar o‘tkazish.

Mahalliy hokimliklar faoliyati natijadorligi eng yuqori 100 ballda baholanib, jami eng yuqori ballning 60 foizi 1, 2, 3-yo‘nalishlarga, 40 foizi esa 4-yo‘nalish uchun ajratiladi.

1, 2 va 3-yo‘nalishlarda mezonlarni ko‘rsatkichlar asosida baholashda ko‘rsatkichlarning hisobot davrida o‘tgan davrdagiga nisbatan o‘sishi yoki o‘zgarishi asos qilib olindi (2021-yilning 1-yarim yillik yakunlari 2020-yilning mos davridagiga nisbatan) va tuman ko‘rsatkichini viloyat ko‘rsatkichiga taqqoslab, tegishli ball berildi.

Rasmiy statistika bo‘yicha baholash me’zonlari 5 ta blokka taqsimlangan 43 ta statistik ko‘rsatkichdan shakllantirildi.

BRM asosida baholashda mahalliy hokimliklarning amaliy harakati bilan erishiladigan ko‘rsatkichlar ajratib olindi. Hisob-kitoblar tanlab olingan 10 ta ko‘rsatkich asosida amalga oshirildi.

Hokimliklar faoliyati natijadorligini aholi va tadbirkorlar murojaatlari asosida baholashda hisob-kitoblar tanlab olingan 8 ta ko‘rsatkich asosida amalga oshirildi. Shundan 4 tasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual va halq qabulxonalarida ro‘yxatga olinayotgan aholi murojaatlari bo‘yicha, qolgan 4 tasi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri qabulxonalarida ro‘yxatga olinayotgan tadbirkorlar murojaati bo‘yicha ko‘rsatkichlardan tashkil topgan.

Mahalliy hokimliklar faoliyati natijadorligini so‘rovlar orqali baholash 14 ta blokka ajratilgan 66 ta savoldan shakllantirildi.

 

Tahlil natijalari

Barcha baholash mezonlari natijasiga ko‘ra, samaradorlikning muhim ko‘rsatkichlari Dehqonobod tumani bo‘yicha 59,9%, Kosonsoy – 60,0%, Sho‘rchi – 57,9% hamda Baxmal – 71,7%ni tashkil etdi.

2022-yilning yanvar-iyun oylarida o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan Dehqonobod (57,18%dan 59,95%gacha, ya’ni 2,8 foiz punktiga) va Kosonsoy (55,81%dan  60,0%gacha, ya’ni 4,2 foiz punktiga) tumanlarida KPI bo‘yicha ko‘rsatkichlari biroz oshgani kuzatildi.

Tumanlar bo‘yicha tahlil natijalari Baxmal tumanida mahalliy boshqaruv samaradorligi nisbatan yuqori (70 balldan yuqori), Kosonsoy va Dehqonobod tumanlarida o‘rta darajada (60-70 ball), Sho‘rchi tumanida esa nistaban past (40-60 ball) bo‘lganini ko‘rsatdi (1-rasm).

Baholash natijasiga ko‘ra, Jizzax viloyatining Baxmal tumani eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi, Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumani esa eng quyi o‘rinni egalladi.

Baxmal tumani KPI bo‘yicha yuqori natijaga erishishi zamirida quyidagi omillar mujassam: joylashuv omili, transport omili, yirik bozorlarga yaqinligi, ishlab chiqarish infratuzilmasining yaxshiligi, aholida tadbirkorlik ko‘nikmalarining mavjudligi. Mahalliy hokimiyat vakillari bu omillardan oqilona foydalanmoqda.

1-rasm. Tuman hokimliklari faoliyati natijadorligi.

Sho‘rchi tumanining KPI bo‘yicha past natijani qayd etishiga uning Termiz shahridan uzoqligi, infratuzilmalarning nisbatan past darajada rivojlangani, iqtisodiyotida qishloq xo‘jaligi ulushining yuqoriligi, sanoat va xizmatlar sohasining past darajada rivojlangani, turistik salohiyatning pastligi va boshqalar sabab bo‘ldi.  

 

Xulosa

Mamlakat tumanlarining shart-sharoitlari turlicha bo‘lib, ayrimlar qulay infratuzilma, agroiqlim afzalliklariga egaligi va iste’mol bozorlariga yaqinligi bilan alohida ajralib turadi. Biroq markazdan uzoqda (periferiya), anklavda, ekologik holati inqirozli sharoitlarda joylashgan tumanlar ham mavjud. Shu sabab va omillardan kelib chiqqan holda mahalliy ijro hokimiyati organlari faoliyatini KPI asosida baholash tizimining ishonchliligi va natijadorligini oshirish uchun uni ko‘proq tumanlarda sinovdan o‘tkazish maqsadga muvofiq, shuningdek, so‘rov o‘tkazish, natijalarni qayta ishlash jarayonini yengillashtirish maqsadida so‘rovning elektron ko‘rinishini ishlab chiqish maqsadga muvofiq. Bu esa, o‘z navbatida, dastlabki metodologiyaga katta bo‘lmagan o‘zgartirish kiritish orqali hisob-kitob jarayonini yengillashtirish, respondentlarning yanada keng qatlamlarini qamrab olish va natijalar shaffofligini oshirish imkonini beradi.

Mazkur metodologiya 2022-2026 yillar uchun mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi 33-maqsadida keltirilgan va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish reyting ko‘rsatkichlari “qoniqarsiz” bo‘lgan shahar va tumanlar bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish hamda amalga oshirishni ko‘zda tutuvchi ustuvor yo‘nalish bo‘yicha vazifalarni bajarishga xizmat qiladi.

 

Komiljon Qo‘ziyev,
PMTI loyiha rahbari, (PhD)

Suhrob Mahmudov,
PMTI guruh rahbari, (PhD)

 


[1] https://www.researchgate.net/publication/279510381_Performance_measurement_in_local_government
[2] https://www.researchgate.net/publication/24120037_MEASURING_PERFORMANCE_IN_AUSTRALIAN_LOCAL_GOVERNMENT_AN_ANALYSIS_OF_NATIONAL_AND_
STATE-BASED_FRAMEWORKS
[3] https://www.oecd.org/governance/digital-government/38134037.pdf