Izlanuvchilar faoliyati samaradorligining monitoringi
1. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, tizimda oliy ta’limdan keyingi ta’limni amalga oshiruvchi ilmiy tashkilotlar va ta’lim muassasalariga ega vazirliklar, idoralar va tashkilotlar bilan birgalikda izlanuvchilar faoliyatining samaradorligi bo‘yicha har yili kamida 1 marta monitoring olib boradi.
Joylarga chiqqan holda monitoringni olib borish uchun ishchi guruh tuziladi, uning tarkibi tizimida ilmiy tashkilot va ta’lim muassasalari mavjud bo‘lgan tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar xodimlari tarkibidan shakllantiriladi.
2. Falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi uchun izlanuvchilar faoliyati samaradorligining monitoringi quyidagi mezonlar bo‘yicha amalga oshiriladi:
a) o‘qishning birinchi yilida:
-dissertatsiya mavzusi bo‘yicha tasdiqlangan yakka tartibdagi rejaning mavjudligi va uning bajarilishi;
-ixtisoslik bo‘yicha tasdiqlangan nazariy-metodologik dasturning mavjudligi va uning bajarilishi;
-tegishli jurnallarda dissertatsiya mavzusi bo‘yicha kamida bitta ilmiy maqolaning chop etilganligi;
-ilmiy konferensiyada dissertatsiya mavzusi bo‘yicha ma’ruza bilan ishtirok etganligi;
-dissertatsiya mavzusi bo‘yicha tahliliy umumlashtiruvchi qisqacha ma’lumotning mavjudligi;
-ilmiy tashkilot (PMTI) seminarida dissertatsiya mavzusiga doir tahliliy umumlashtiruvchi qisqacha ma’lumot natijalari bo‘yicha (ilmiy rahbar bilan birgalikda) ma’ruza qilganligi.
b) o‘qishning ikkinchi yilida:
-tegishli jurnallarda dissertatsiya mavzusi bo‘yicha hisobot davrida chop etilgan kamida bitta ilmiy maqolaning mavjudligi;
-dissertatsiya mavzusi bo‘yicha hisobot davrida ilmiy konferensiya materiallarida chop etilgan kamida bitta ma’ruza tezisining mavjudligi;
-tegishli xorijiy jurnalda dissertatsiya mavzusi bo‘yicha chop etilgan kamida bitta ilmiy maqola mavjudligi;
-ilmiy tashkilot (PMTI) ilmiy-tashkiliy bo‘linmasi (loyiha, institut) seminarida dissertatsiya ishining dastlabki natijalari bo‘yicha (mustaqil) ma‘ruza bilan ishtirok etish;
-dissertatsiya mavzusi bo‘yicha yakka tartibdagi rejasining bajarilishi bo‘yicha hisobot berish.
v) o‘qishning uchinchi yilida:
-jurnallarda, shu jumladan xorijiy jurnallarda soni belgilangan talablarga muvofiq chop etilgan ilmiy maqolalari mavjudligi;
-OAK talablariga muvofiq tayyorlangan tugallangan dissertatsiya ishi, avtoreferatining mavjudligi;
-ilmiy tashkilot (PMTI) ilmiy-tashkiliy bo‘linma majlislarida dissertatsiya va avtoreferatining ko‘rib chiqilganligi va muhokama qilinganligi.
3. Fan doktori (DSc) ilmiy darajasi uchun izlanuvchilar faoliyatining samaradorligi monitoringi quyidagi mezonlar bo‘yicha amalga oshiriladi:
o‘qishning birinchi yilida:
-dissertatsiya mavzusi bo‘yicha yakka tartibdagi rejaning mavjudligi va uning bajarilishi;
-dissertatsiyaning birinchi va ikkinchi boblari tayyorligi;
-dissertatsiya mavzusi bo‘yicha tegishli jurnallarda kamida uchta ilmiy maqola chop etilganligi;
-dissertatsiya mavzusi bo‘yicha respublika va xalqaro ilmiy konferensiyalar materiallarida kamida bitta ma’ruza tezisi chop etilganligi;
-dissertatsiya mavzusi bo‘yicha ilmiy konferensiya yoki seminarda ma’ruza qilish;
-dissertatsiya mavzusi bo‘yicha tahliliy sharh;
-dissertatsiya mavzusi bo‘yicha tahliliy sharh natijalari bo‘yicha seminarda so‘zga chiqish.
o‘qishning ikkinchi yilida:
dissertatsiyaning uchinchi va to‘rtinchi boblari tayyorligi;
-tegishli jurnallarda dissertatsiya mavzusi bo‘yicha hisobot davrida chop etilgan kamida to‘rtta ilmiy maqola e’lon qilinganligi (jumladan bittasi xorijda);
-dissertatsiya mavzusi bo‘yicha xalqaro va respublika darajasidagi ilmiy konferensiyalar materiallarida chop etilgan kamida bitta maruza tezisining mavjudligi;
-dissertatsiya ishining dastlabki natijalari bo‘yicha seminar o‘tkazish;
-konferensiya yoki seminarda ma’ruza bilan qatnashish (kamida bir marta);
-dissertatsiya mavzusi bo‘yicha yakka tartibdagi rejaning bajarilishi to‘g‘risidagi hisobot.
v) o‘qishning uchinchi yilida:
-tegishli jurnallarda dissertatsiya mavzusi bo‘yicha hisobot davrida chop etilgan kamida uchta ilmiy maqola e’lon qilinganligi;
-dissertatsiya natijalari bo‘yicha (ijtimoiy-gumanitar fanlar bo‘yicha) chop etilgan monografiyaning mavjudligi;
-OAK talablariga muvofiq tayyorlangan tugallangan dissertatsiya ishi va avtoreferatning mavjudligi;
-dissertatsiya yoki avtoreferatning ilmiy tashkilot yoki ta’lim muassasasi ilmiy-tashkiliy bo‘linmalarida ko‘rib chiqilganligi va muhokama etilganligi.
4. Monitoring natijalari Ilmiy kengash tomonidan ko‘rib chiqiladi va tasdiqlanadi. Yakka tartibdagi rejalarini bajarmagan izlanuvchilarga nisbatan tegishli qarorlar qabul qilinadi.
Yakka tartibdagi rejalarini bajarmagan doktorantlar Ilmiy kengash qarori bilan tayanch doktorantura yoki doktoranturadan chetlatiladi va o‘qishga qayta tiklanmaydi.
Doktoranturadan monitoring natijalari bo‘yicha chetlatilgan yoki dissertatsiyasini muddatida himoya qilmaganlar dissertatsiyasini tugatish va himoya qilish davrida mustaqil izlanuvchi sifatida rasmiylashtirilishi mumkin. Ilmiy tashkilot (PMTI)ning ichki tartibi va qoidalarini buzganligi uchun o‘qishdan chetlatilganlar o‘qishga tiklanmaydi.
Yakka tartibdagi rejalarini bajarmagan mustaqil izlanuvchilarning ilmiy rahbarlari va konsultantlariga nisbatan Ilmiy kengash qarori bilan rahbarlik va maslahat uchun to‘lanadigan haq to‘xtatiladi.
5. Muntazam ravishda (qatorasiga ikki marta va undan ko‘p) izlanuvchilarning dissertatsiyalarini o‘z vaqtida himoya qilishni ta’minlamagan ilmiy rahbarlar va konsultantlar Ilmiy kengash qarori bilan uch yilgacha bo‘lgan davrga ilmiy rahbarlik yoki konsultantlikdan chetlatilishi mumkin.
6. Kollegial organ tavsiyasi bo‘yicha izlanuvchilarning yakka tartibdagi rejalariga o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin.
Ilmiy rahbarlar va ilmiy konsultantlar faoliyatining samaradorligini nazorat qilish Ilmiy kengash tomonidan amalga oshiriladi.