1. E’lon qilingan ilmiy ishlar dissertatsiyaning ilmiy yangiligini aks ettirishi kerak.
Dissertatsiya natijalari xalqaro va respublika doirasida o‘tkazilgan ilmiy konferentsiyalar va seminarlarda aprobatsiyadan (muhokamadan) o‘tkazilishi shart. Dissertatsiyaning asosiy ilmiy natijalari davriy ilmiy nashrlarda e’lon qilinishi lozim. Ijtimoiy-gumanitar fanlar sohasida e’lon qilingan asosiy ilmiy ishlar yakka mualliflikda bajarilgan bo‘lishi kerak (arxeologiya ixtisosligi bundan mustasno).
2. Falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun tayyorlangan dissertatsiya bo‘yicha e’lon qilingan ilmiy ishlarning umumiy soni 7 tadan kam bo‘lmasligi kerak. Ulardan kamida 3 ta ilmiy maqola (jumladan nufuzli xorijiy ilmiy jurnallarda 1 ta maqola) OAKning dissertatsiyalar asosiy ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan ilmiy nashrlar ro‘yxatiga (bundan buyon matnda Ro‘yxat deb yuritiladi) kiritilgan nashrlarda chop etilishi lozim.
Dissertatsiya natijalarining xalqaro va respublika darajasidagi ilmiy va ilmiy-amaliy konferensiyalarda keng muhokamasi asosida kamida 2 ta material (maqola, ma’ruza yoki ma’ruza tezisi) xalqaro konferensiya materiallari to‘plamida e’lon qilingan bo‘lishi shart. (2-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2017 yil 29-noyabrdagi 245/7-sonli (ro‘yxat raqami 2894-1, 22.12.2017 y.) qarori to‘g‘risida – Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 23.12.2017 y., 10/17/2894-1/0445-son).
3. Fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun tayyorlangan dissertatsiya bo‘yicha e’lon qilingan ilmiy ishlarning umumiy soni 15 tadan kam bo‘lmasligi hamda ulardan Ro‘yxatga kiritilgan ilmiy nashrlarda kamida 10 ta maqola, ulardan bittasi tegishli fan tarmog‘i rivojlangan xorijiy mamlakatlarning nufuzli ixtisoslashgan ilmiy jurnallarida e’lon qilingan bo‘lishi kerak. Dissertatsiya natijalarining xalqaro va respublika darajasidagi ilmiy va ilmiy-amaliy konferensiyalarda keng muhokamasi asosida kamida 2 ta material (maqola, ma’ruza yoki ma'ruza tezisi) xalqaro konferensiya materiallari to‘plamida e’lon qilingan bo‘lishi shart.
(Z-bandining ikkinchi xatboshisi O'zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2017 yil 29-noyabrdagi 245/7-sonli (ro‘yxat raqami 2894-1, 22.12.2017 y.) qarori to‘g‘risida – Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 23.12.2017y., 10/17/2894-1/0445-son).
Ijtimoiy-gumanitar fanlar sohalari bo‘yicha dissertatsiya natijalari yuzasidan monografiya e’lon qilinishi kerak.
4. Izlanuvchi tomonidan e’lon qilingan maqolalar soni mazkur Nizomning 2 va 3 bandlarida nazarda tutilgan talablarga javob bermagan, lekin yuksak ilmiy yoki amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan va xizmatda foydalanish uchun grifi bilan bajarilgan dissertatsiyaning himoyasi masalasi, istisno tariqasida, OAK Rayosati tomonidan hal qilinadi. (4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2017 yil 29-noyabrdagi 245/7-sonli (ro‘yxat raqami 2894-1, 22.12.2017 y.) qarori to‘g‘risida – Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 23.12.2017 y., 10/17/2894-1/0445-son).
5. Intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan muhofaza (egalik) hujjatlari (patentlar), preprintlar, ilmiy xaritalar, ilmiy anjuman, konferensiya, simpozium va seminarlarda qilingan ma’ruzalarning e’lon qilingan tezislari, korxonalar qurish, ularni kengaytirish, modernizatsiya qilish hamda texnik va texnologik qayta jihozlash loyihalarining texnologik qismlari ham dissertatsiyaning ilmiy natijalarini aks ettiruvchi e’lon qilingan ilmiy ishlar jumlasiga kiradi.
Dissertatsiya mavzusi bo‘yicha intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan muhofaza (egalik) hujjatlari — ixtiroga yoki seleksiya yutug‘iga berilgan patentlar Ro‘yxatga kiritilgan shu fan tarmog‘i rivojlangan xorijiy mamlakatlarning ixtisoslashgan ilmiy nashrlarida e’lon qilingan maqolalarga tenglashtiriladi.
Oliy ta’lim yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi kengashi qarori bilan chop etilgan va kamida 6 bosma taboq hajmdan iborat bo‘lgan yakka mualliflikdagi monografiya Ro‘yxatga kiritilgan milliy ilmiy nashrda e’lon qilingan 3 ta (hammualliflikda bo‘lgan taqdirda 2 ta) maqolaga tenglashtiriladi, ijtimoiy-gumanitar fanlar sohalari bo‘yicha dissertatsiya natijalari yuzasidan talab bo‘yicha e’lon qilingan monografiya bundan mustasno.
O‘quv adabiyotlari, shu jumladan darsliklar dissertatsiya natijalarini aks ettiradigan e’lon qilingan ilmiy ishlar jumlasiga kirmaydi.
6. Talabgor tomonidan dissertatsiya bo‘yicha avtoreferat tayyorlanadi.
Dissertatsiya avtoreferatida ilmiy ishlar ro‘yxati xronologik tarzda quyidagi tartibda keltiriladi:
birinchi bo‘limda – Ro‘yxatga kiritilgan ilmiy nashrlarda chop etilgan ilmiy ishlar hamda intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan muhofaza (egalik) hujjatlari (patentlar);
ikkinchi bo‘limda – dissertatsiya mavzusi bo‘yicha nashr etilgan boshqa ilmiy ishlar.
7. Dissertatsiya avtoreferatida keltirilgan barcha ilmiy ishlar dissertatsiya mavzusiga muvofiq bo‘lishi kerak.
Dissertatsiya va dissertatsiya avtoreferatida keltirilgan ilmiy ishlarning nashr qilinganligiga oid ma’lumotlar aks ettirilishi, shu jumladan barcha mualliflar to‘liq yozilishi va maqolalar e’lon qilingan jurnal yoki to‘plamlarning sahifalari aniq ko‘rsatilishi lozim.
Nashrga topshirilgan, lekin e’lon qilinmagan ishlar dissertatsiya va dissertatsiya avtoreferatida keltirilishi mumkin emas.
8. Agar izlanuvchining maqolalari hammualliflikda yozilgan bo‘lsa, u har bir hammuallifning hissasini xolis aks ettirishi lozim va maqolalardan o‘z dissertatsiyasida qisman yoki to‘la foydalanish uchun hammualliflarning yozma ravishda bildirgan roziligini olishi zarur.
9. Oliy attestatsiya komissiyasiga talabgorning asosiy ilmiy ishlari nusxalari yuboriladi.