Oliy ta’limdan keyingi ta’limni tayanch doktorantura va doktorantura shaklida tashkil etish

1. Tayanch doktorantura va doktoranturaga O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga va to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish uchun qabul kvotasi (keyingi o‘rinlarda qabul kvotasi deb ataladi), qoida tariqasida, tegishli o‘quv yili uchun Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi har yili 1-iyungacha bo‘lgan muddatda Yagona elektron tizim orqali elektron shaklda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga ilmiy darajali kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj, amaldagi oliy ta’limdan keyingi ta’lim PMTIning samaradorligi, ta’lim olayotgan stajyor-tadqiqotchilar, doktorantlar va mustaqil izlanuvchilar kontingenti, ilmiy rahbarlar va ilmiy konsultantlarning samarali ishlari, shuningdek, bitta ilmiy rahbar va bitta ilmiy konsultantga biriktiriladigan  izlanuvchilar va stajyor tadqiqotchilar sonidan kelib chiqib, keyingi yildan boshlab attestatsiyadan o‘tgan yo‘nalishlar bo‘yicha stajyor-tadqiqotchilikka, tayanch doktoranturaga, doktoranturaga qabul kvotasi bo‘yicha institut tomonidan asoslangan takliflari bilan murojaat qiladi.

2. Vazirlik huzuridagi Institut va tegishli ta’lim tashkiloti tomonidan qabul kvotasi bo‘yicha asoslangan takliflarni har yili 10 iyungacha Yagona elektron tizim orqali O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan kelishish uchun O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga yuborilishini ta’minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi qabul kvotasi bo‘yicha asoslangan takliflarni byudjet parametrlari asosida ko‘rib chiqib, har yili 1-avgustga qadar Yagona elektron tizim orqali Innovatsion rivojlanish vazirligiga yuboriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tizimida ilmiy va ta’lim tashkilotlari bo‘lgan vazirlik va idoralar bilan qat’iy ravishda kelishgan holda har yili 20-avgustga qadar ilmiy va ta’lim tashkilotlari kesimida akkredetatsiyadan o‘tgan ixtisosliklar bo‘yicha oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlarining samaradorlik ko‘rsatkichlariga asosan qabul kvotasini tasdiqlaydi.

Qabul kvotasi miqdorini ilmiy va ta’lim tashkilotlari kesimida taqsimlashda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va tizimida ilmiy va ta’lim tashkilotlari bo‘lgan vazirlik va idoralar o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan taqdirda tegishli vazirlik yoki idora tizimidagi ilmiy va ta’lim tashkilotlari uchun qabul kvotasi miqdorini belgilash Vazirlar Mahkamasining IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamentining ko‘rsatmasiga muvofiq amalga oshiriladi.

Institut vazirlik tomonidan byudjet mablag‘lari hisobidan ajratilgan kvotalardan tashqari ehtiyoj bo‘lgan yo'nalishlariga izlanuvchining to‘lov-kontrakt mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha qabul kvotasini shakllantirishi mumkin. To‘lov-kontrakt summasi vazirlik tomonidan belgilanadi.

Institut akkreditatsiyadan o‘tgan ixtisosliklar bo‘yicha oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutining samaradorlik ko‘rsatkichlariga asosan taqsimlangan qabul kvotalaridan ortib qolgan o‘rinlar bo‘yicha har yili 5-dekabrga qadar Innovatsion rivojlanish vazirligiga ma’lumot kiritadi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi har yili 10-dekabrga qadar ortib qolgan qabul kvotalarini ilmiy va ta’lim tashkilotlarining ilmiy darajali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlarini hisobga olib qaytadan taqsimlaydi.

Ilmiy va ta'lim tashkilotlariga qayta taqsimlangan kvotalar kirish imtihonlarida qatnashib, kirish balidan past ball to‘plagan talabgorlarning ballari ketma-ketligida amalga oshiriladi va bu haqidagi ma’lumotlar har yili 15-dekabrga qadar Innovatsion rivojlanish vazirligiga taqdim etiladi.

3. Institut har yili 1-sentyabrdan kechikmasdan ommaviy axborot vositalarida qabul kvotalariga muvofiq hujjatlarni qabul qilish muddatlarini, talab qilinadigan hujjatlar, topshiriladigan imtihonlar ro‘yxatini va qabul kvotasi miqdorini ko‘rsatgan holda tayanch doktorantura va doktoranturada o‘qish uchun talabgorlarning hujjatlarini qabul qilish to‘g'risida e’lon beradi.

Hujjatlar ilmiy tashkilot va ta’lim muassasalari qabul komissiyasi tomonidan 15-sentyabrdan 15-oktyabrgacha bo‘lgan davrda Yagona elektron tizim orqali qabul qilinadi.

4. Stajyor-tadqiqotchilikka kiruvchilar magistr darajasi yoki oliy ma’lumot (mutaxassislik dasturlari bo‘yicha 1997 yilgacha) to‘g‘risidagi diplomga ega bo‘lishi lozim.

5. Tayanch doktoranturaga quyidagilarga ega bo‘lganlar qabul qilinadi:

-magistr darajasiga yoki oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplomga (mutaxassislik dasturlari bo‘yicha) ega bo‘lganlar;

-falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya tadqiqoti asosini tashkil qilishi mumkin bo'lgan ilmiy natijalar, shu jumladan ilmiy jurnallarda chop etilgan kamida bitta maqola hamda tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha ikkitadan kam bo‘lmagan ilmiy ishlar to‘plamlariga kiritilgan ma’ruza tezislariga ega bo‘lganlar.

6. Institutda direktor raisligida qabul komissiyasi tuziladi. Qabul komissiyasi a’zolari direktor tomonidan tegishli ixtisoslik bo‘yicha yetakchi olimlar orasidan tayinlanadi.

Ixtisoslik bo‘yicha imtihonlarni topshirishda qabul komissiyasi tarkibida kamida bitta fan doktori yoki professor bo‘lishi zarur, komissiyaning qolgan a’zolari fan nomzodlari yoki falsafa doktorlari (PhD) bo‘lishi mumkin.

7. Stajyor-tadqiqotchilik va tayanch doktoranturada o‘qishga talabgorlar ilmiy tashkilot yoki ta’lim muassasalariga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

-ariza;

-qisqacha biografik ma’lumotnoma;

-mehnat daftarchasining belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxasi (ishlayotgan talabgorlar uchun);

-oliy ta’lim muassasasi magistraturasi diplomi yoki oliy ma’lumot (mutaxassislik dasturlari bo‘yicha) to‘g‘risidagi diplom nusxasi;

-nashr etilgan ilmiy ishlar ro‘yxati, shuningdek ularning nusxalari.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat stipendiyasi sohiblari tegishli hujjat nusxasini taqdim etadi.

8. Doktoranturaga quyidagilarga ega bo‘lganlar qabul qilinadi:

-fan nomzodi, falsafa doktori (PhD) yoki ularga tenglashtirilgan xorijiy davlatlarda olingan ilmiy darajalar;

-fan nomzodi, falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi yoki ularga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalar olgandan so‘ng muhim ilmiy yutuqlarga erishish, shu jumladan, fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya tadqiqoti asosini tashkil qilishi mumkin bo‘lgan ilmiy jurnallarda chop etilgan kamida uchta ilmiy maqolaga hamda ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar va tegishli ilmiy yo‘nalishlar bo‘yicha ilmiy ishlar to‘plamlarida kamida ikkita tezisga ega bo‘lish.

9. Doktoranturada o‘qishga talabgorlar ilmiy tashkilot yoki ta’lim muassasalariga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

-ariza;

-qisqacha biografik ma’lumotnoma;

-mehnat daftarchasining belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxasi (ishlayotgan talabgorlar uchun);

-oliy ma’lumot, fan nomzodi yoxud falsafa doktori (PhD) yoki xorijiy davlatlarda unga tenglashtirilgan ilmiy darajaga ega bo‘lganligi to‘g‘risidagi diplom nusxasi;

-tadqiqot mavzusi bo‘yicha ilmiy ma’ruza va fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun tayyorlangan doktorlik dissertatsiyasi rejasining mufassal loyihasi;

-nashr etilgan ilmiy ishlar ro‘yxati, shuningdek, ularning nusxalari.

10. Tayanch doktoranturada o‘qish uchun talabgorlar mutaxassislik va chet tili (ta’limning oldingi darajalarida o‘rganilgan xorijiy til) bo‘yicha kirish imtihonlarini topshiradi.

Talabgorlarda IELTS (o‘rtacha balli kamida 5,5), TOEFL (RVT) (567 balldan kam bo‘lmagan), TOEFL (iBT) (87 balldan kam bo‘lmagan), CEFR (V2 darajadan past bo‘lmagan) bo‘yicha tasdiqlovchi amaldagi xalqaro malaka sertifikatlari mavjud bo‘lganda chet tilidan topshiriladigan imtihonlardan ozod etiladi.

Kirish imtihonlari savollari ilmiy tashkilot yoki ta‘lim muassasasining qabul komissiyasi tomonidan mutaxassislikning mohiyatidan kelib chiqib tuziladi va Ilmiy kengash tomonidan tasdiqlanadi.

Stajyor-tadqiqotchilik va doktoranturada o‘qish uchun kirayotgan talabgorlar Ilmiy kengash tomonidan ixtisoslik bo‘yicha suhbatdan o‘tadi.

Barcha sohalar shu jumladan, fizika-matematika va texnika fanlari bo‘yicha oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlariga qabul qilishda tegishli fan yo‘nalishlarida milliy sertifikatga ega bo‘lgan talabgor mutaxassislik fani bo‘yicha imtihondan ozod etiladi va unga mutaxassislik fani uchun belgilangan maksimal ball beriladi.

11. Tayanch doktoranturaga kirish imtihonlari va doktoranturaga kirish uchun suhbat har yili 1 – 25 noyabr davrida o‘tkaziladi.

12. Stajyor-tadqiqotchilik, tayanch doktoranturaga va doktoranturaga kiruvchi talabgorlarning kirish imtihonlari, suhbat natijalaridan va ajratilgan qabul kvotasidan kelib chiqib, qabul komissiyasi va Ilmiy kengash  tomonidan 30 noyabrgacha bo‘lgan muddatda qabul qilinganlar orasidan tanlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyalari sohiblari tayanch doktoranturaga kirish imtihonlarisiz qabul qilinadi.

Bir necha talabgorning stajyor-tadqiqotchilikka, tayanch doktoranturaga va doktoranturaga kirish imtihonlari yoki suhbat natijalari bo‘yicha ular tomonidan to‘plangan yakuniy ballari teng bo‘lgan taqdirda quyidagi talabgorlarga ustunlik beriladi:

a) stajyor-tadqiqotchilik va tayanch doktoranturaga:

-magistraturani a’lo baholar bilan tamomlaganlar;

-mualliflik guvohnomalari va patentga ega bo‘lganlar;

-jurnallarda, shu jumladan xorijiy jurnallarda ilmiy maqolalar chop etganlar;

b) doktoranturaga:

-5 yildan ortiq ilmiy-pedagogik stajga ega bo‘lganlar;

-mualliflik guvohnomalari va patentga ega bo‘lganlar;

-monografiya (ijtimoiy-gumanitar fanlar uchun), talabgorning dissertatsiya mavzusi bo‘yicha tegishli ilmiy jurnallarda, shu jumladan xorijiy jurnallarda chop etilgan soni bo‘yicha (boshqa talabgorlarga nisbatan) ko‘p miqdorda ilmiy maqolaga ega bo‘lganlar;

-dissertatsiya tadqiqoti hajmining 50 foizdan ko'p qismini bajarganlar.

13. Qabul komissiyasi tayanch doktoranturada ta’lim oluvchilarning kirish imtihonlari natijalarini majlis protokoli bilan rasmiylashtiradi va besh kun muddatda Ilmiy kengashga tasdiqlash uchun kiritadi. Stajyor-tadqiqotchilik va doktoranturada ta’lim oluvchi talabgorlar bo‘yicha o‘tkazilgan suhbat natijalari ham Ilmiy kengash qarori bilan tasdiqlanadi.

Shu bilan birga, Ilmiy kengash qarorida tayanch doktorantura va doktoranturaga qabul qilinganlarning doktorlik dissertatsiyasi mavzulari tasdiqlanadi.

Qabul komissiyasi doktoranturaga kirish imtihonlari va suhbat jarayonlarini video kuzatuv ostida (onlayn translyatsiya) o‘tkazish choralarini ko‘radi.

Tayanch doktoranturaga kirish imtihonlari bo‘yicha topshiriladigan birinchi fan (mutaxassislik yoki chet tili) umumiy balining 50 foizidan kam ball to‘plagan talabgorlar keyingi bosqichga o‘tkazilmaydi.

14. Stajyor-tadqiqotchilik, tayanch doktorantura va doktoranturaga o‘qishga qabul qilish ilmiy tashkilot yoki ta’lim muassasasi rahbari buyrug‘i bilan har yili 5-dekabrgacha amalga oshiriladi. Bunda stajyor-tadqiqotchilik, tayanch doktorantura va doktoranturada ta'lim olish keyingi yilning 1-yanvaridan boshlanadi.

O'qishga qabul qilish to‘g‘risidagi buyruqda ilmiy rahbarlar va ilmiy konsultantlar (konsultant bo‘lgan taqdirda) ham belgilanadi.

15. Stajyor-tadqiqotchilik, tayanch doktorantura va (yoki) doktoranturada o‘qishga qabul qilinganlar, ularning tasdiqlangan mavzulari, ilmiy rahbarlari va ilmiy konsultantlari (konsultantlar tayinlangan holatlarda) to‘g‘risidagi ma’lumot:

-Institut tomonidan – yuqori vazirlikka har yili 10-dekabrgacha;

-Vazirlik tomonidan – har yili 15-dekabrigacha Yagona elektron tizimga kiritiladi.

16. Stajyor-tadqiqotchi va doktorant ilmiy rahbar va konsultant (konsultant tayinlangan holatlarda) bilan birgalikda yakka tartibdagi rejasini ishlab chiqadi. Yakka tartibdagi reja stajyor-tadqiqotchilik, tayanch doktoranturaga yoki doktoranturaga o‘qishga qabul qilingandan keyin bir oyda Ilmiy kengash qarori bilan tasdiqlanadi va Yagona elektron tizimga yuklanadi.

17. Ilmiy rahbar doktorant uchun ixtisoslik bo‘yicha nazariy-metodologik dastur ishlab chiqadi. Nazariy-metodologik dastur tayanch doktoranturaga o‘qishga qabul qilingandan boshlab bir oy muddat ichida Ilmiy kengash tomonidan tasdiqlanadi.

Nazariy-metodologik dastur metodologiyaning umumiy konsepsiyasi va masalalarini, mazkur ixtisoslik bo‘yicha nazariy asoslarni va ilmiy tadqiqot usullarini o‘z ichiga oladi. Nazariy-metodologik dastur tayanch doktorant tomonidan o‘qishning birinchi yili mobaynida ilmiy rahbarning yordamida o‘zlashtiriladi.

18. O‘qishga qabul qilingan sanadan boshlab:

stajyor-tadqiqotchilikda – tahsil oluvchi shaxslarga stajyor-tadqiqotchi lavozim maoshining bazaviy miqdoriga tenglashtirilgan miqdorda stipendiya to‘lanadi;

tayanch doktoranturada — tahsil oluvchi shaxslarga ilmiy darajaga yoki ilmiy unvonga ega bo‘lmagan (2 yilgacha ilmiy faoliyat tajribasiga ega bo‘lgan) kichik ilmiy xodim lavozim maoshining bazaviy miqdoriga tenglashtirilgan miqdorda stipendiya to‘lanadi;

doktoranturada tahsil oluvchi shaxslarga fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga yoki xorijiy davlatlarning unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga yoki ilmiy unvonga ega bo‘lgan yetakchi ilmiy xodim lavozim maoshining bazaviy miqdoriga tenglashtirilgan miqdorda stipendiya to‘lanadi.

19. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan stajyor-tadqiqotchilik, tayanch doktorantura va doktoranturaga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha tasdiqlangan kvotalarini hisobga olgan holda tayyorlangan xarajatlar smetasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti xarajatlar parametrlarida belgilangan tartibda Institut (ilmiy tashkilot) uchun – “Fan” sohasi bo‘yicha zarur mablag‘lar ajratishni nazarda tutadi.

20. Tegishli hujjatlar mavjud bo‘lgan taqdirda stajyor-tadqiqotchilik, tayanch doktorantura va doktoranturada o‘qish muddati uzoq vaqt kasal bo‘lish, homiladorlik va tug‘ish ta’tilida bo‘lish davriga, shuningdek, harbiy yig‘inlarga chaqirilish munosabati bilan uzaytirilishi mumkin.

Stajyor-tadqiqotchi va izlanuvchilarni bir ilmiy yoki ta’lim tashkilotidan boshqasiga ko‘chirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Qonunchilikda belgilangan tartibda tugatilgan ilmiy tashkilotda ta’lim olgan stajyor-tadqiqotchi va izlanuvchilar tugatilgan ilmiy tashkilotning huquqiy vorisi etib belgilangan ilmiy tashkilotga o‘qishni davom ettirishi uchun o‘tkaziladi.

21. Falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga izlanuvchilar doktorlik dissertatsiyalarini Oliy ta’limdan keyingi ta’limga qo‘yiladigan davlat ta’lim talablariga muvofiq malakaviy imtihonlarni topshirganlaridan keyin himoya qilishga qo‘yiladi.

22. Falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun tayyorlangan doktorlik dissertatsiyasini o‘qish muddati tamom bo‘lishidan oldin himoya qilganlarga, shuningdek, ularning ilmiy rahbarlari va konsultantlariga muassasa rahbarining buyrug‘i bilan o‘qish muddatining qolgan davri (muddati) uchun ko‘zda tutilgan tegishincha stipendiyaning hamda doktorant bilan olib borilgan ish uchun to‘lovning jami miqdori hajmida tegishli diplom taqdim etilgan kundan boshlab ko‘pi bilan 20 kun muddatda bir martalik beriladigan mukofot to‘lanadi.

23. Ilmiy tashkilot (PMTI) da ilmiy rahbarlar va konsultantlarning doktorantlar bilan mehnatiga haq to‘lash har oyda o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazganlik uchun mehnatga soatbay haq to‘lashning qonunchilikda belgilangan tartibida har bir stajyor-tadqiqotchi uchun 75 soat va doktorant uchun bir yilda 100 soat hisobida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan «Fan» sohasiga ajratilgan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.

Xorijiy fuqarolar yoki fuqaroligi bo‘lmagan, shuningdek, to‘lov-kontrakt asosida qabul qilingan doktorantlarning ilmiy rahbarlari va konsultantlarning mehnatiga haq to‘lash o‘qitish uchun kelib tushadigan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.

24. Stajyor-tadqiqotchilik, tayanch doktorantura va doktoranturada o‘qish muddati doktorantlarning umumiy ish stajiga qo‘shiladi.

25. Oliy ta’limdan keyingi ta’limni tugatganlar tayanch doktorantura yoki doktoranturaga qayta qabul qilinmaydi.

 

Oliy ta’limdan keyingi ta’limni mustaqil izlanuvchilik shaklida tashkil etish

1. Falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi uchun mustaqil izlanuvchilikka quyidagilar rasmiylashtiriladi:

-magistr diplomi yoki oliy ma’lumot to‘g'risidagi (ixtisoslik bo‘yicha) diplomga ega bo‘lganlar;

-belgilangan ilmiy maqolalariga ega bo‘lganlar;

2. Fan doktori (DSc) ilmiy darajasi uchun mustaqil izlanuvchilikka fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) yoki ularga tenglashtirilgan xorijiy mamlakatlarda olingan diplomga ega bo‘lgan, belgilangan tartibda talablarga muvofiq ilmiy daraja olganidan so‘ng salmoqli ilmiy yutuqlarga erishgan shaxslar rasmiylashtiriladi.

3. Ilmiy tashkilot va ta’lim muassasalari talabgorlarning mustaqil izlanuvchilikka hujjatlarini qabul qilish yil davomida amalga oshiriladi.

4. Mustaqil izlanuvchilikka talabgor quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda ariza bilan ilmiy tashkilot yoki ta’lim muassasasiga Yagona elektron tizim orqali murojaat qiladi:

-qisqacha biografik ma’lumotnoma;

-falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun mustaqil izlanuvchi sifatida rasmiylashtirish uchun magistrlik yoki klinik ordinatura (tibbiyot fanlari uchun) yoki oliy ma’lumot (mutaxassislik dasturi bo‘yicha) to‘g‘risidagi diplom nusxasi;

-mehnat daftarchasining belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxasi;

-ilmiy ishlar ro‘yxati va ularning nusxasi;

-fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun mustaqil izlanuvchi sifatida rasmiylashtirish uchun fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) diplomi yoki xorijda olingan unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalar diplomi nusxasi;

-ish joyidan tavsifnoma.

5. Mustaqil izlanuvchilikka talabgorlarni tanlab olish har chorakning uchinchi oyigacha bo‘lgan muddatda ixtisoslik bo‘yicha suhbat natijalari va ilmiy tashkilot (PMTI) dagi qabul komissiyasining tegishli xulosasi bo‘yicha amalga oshiriladi.

Mustaqil izlanuvchilikka talabgorlar bilan o‘tkazilgan suhbat natijalari Ilmiy kengash qarorlari bilan tasdiqlanadi. Shu bilan birga, Ilmiy kengash qarorida mustaqil izlanuvchilarning dissertatsiya mavzulari tasdiqlanadi va ilmiy rahbar yoki ilmiy konsul`tant mehnatiga haq to'lash shartlari belgilanadi.

6. Talabgorlar ilmiy tashkilot yoki ta’lim muassasasi rahbarining har chorakda 5-mart, 5-iyun, 5-sentyabr va 5-dekabrgacha e’lon qilinadigan buyrug‘i bilan mustaqil izlanuvchilikka rasmiylashtiriladilar. Buyruqda, shuningdek, mustaqil izlanuvchilarning ilmiy rahbarlari va ilmiy konsultantlari (konsultant bo‘lgan taqdirda) belgilanadi.

7. Mustaqil izlanuvchilikka qabul qilish to‘g'risidagi buyruq ilmiy tashkilot (PMTI) tomonidan buyruq qabul qilinganidan so‘ng 5 kun davomida Yagona elektron tizimga kiritiladi.

8. Mustaqil izlanuvchilar rasmiylashtirilganlaridan so‘ng bir oy muddatda ilmiy rahbar yoki konsultant (konsultant bo'lgan taqdirda) bilan kelishgan holda yakka tartibdagi rejalarini Ilmiy kengashda ko‘rib chiqish va tasdiqlash uchun taqdim etadi.

Mustaqil izlanuvchining yakka tartibdagi rejasi tegishli ilmiy tashkilot (PMTI) tomonidan Yagona elektron tizimga yuklanadi.

9. Amaldagi barcha talablarni bajargan va dissertatsiyasini OAK talablariga muvofiq ravishda rasmiylashtirgan mustaqil izlanuvchilar dissertatsiya himoyasiga qo‘yiladi.

10. Ilmiy tashkilot(PMTI)da ilmiy rahbarlar va konsultantlarning mustaqil izlanuvchilar bilan olib boradigan ishi uchun haq mehnatga soatbay haq to‘lash bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda o‘quv mashg‘ulotlari olib borilgani uchun har bir izlanuvchi hisobiga bir yilda 50 soat hisobidan har oyda to‘lanadi.

Ilmiy rahbarlar va konsultantlarning xorijiy fuqarolar yoki fuqaroligi bo‘lmagan mustaqil izlanuvchilar bilan mehnatiga haq to‘lash o‘qish bo‘yicha tuzilgan shartnomalarga muvofiq amalga oshiriladi.

11. Bir necha ilmiy tashkilot yoki ta’lim muassasasida bir vaqtning o‘zida mustaqil izlanuvchilikka yo‘l qo‘yilmaydi.

 

Oliy ta’limdan keyingi ta’limni to‘lov-kontrakt asosida tashkil etish

1. Xorijiy fuqarolarni va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlariga qabul qilish va o‘qitish qonun hujjatlari va (yoki) O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq oliy ta’limdan keyingi ta’limga qabul kvotalaridan tashqari to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasida investitsiya vizasiga ega bo‘lgan xorijiy investorlar hamda ularning oila a’zolari O’zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun nazarda tutilgan shartlarda oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlariga o‘qishga kirishga va ta’lim olishga haqlidir.

2. To‘lov-kontrakt asosida oliy ta’limdan keyingi ta’limni amalga oshirishda o‘qitish uchun, jumladan ilmiy rahbarlar va konsultantlar mehnatiga haq to‘lash, tadqiqotlar va eksperimentlar o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarni hisobga oladigan haq miqdori, shuningdek uni to‘lash tartibi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda manfaatdor tomonlar o‘rtasida tuziladigan shartnoma bilan belgilanadi.

 

Me’yoriy-huquqiy hujjatlar:

1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 22-maydagi “Oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 304-son qarori.

2.O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17-avgustdagi 684-sonli qarori.

3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 6-noyabrdagi 696-sonli qarori.

4. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 3-iyundagi 345-sonli qarori.

5. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 27- avgustdagi 545-sonli qarori.