Bandlik barometri
23июн

Toshkent-Myunxen. Joriy yilning 22 iyunida IFO va «Berlin Economics» hamkorligida Institut xodimlari uchun «O'zbekiston uchun bandlik barometri» vebinari tashkil etildi. Tadbir O'zbekiston Respublikasi hukumati hamda Germaniya Federativ Respublikasi hukumati o'rtasida 2019 yilning 21 yanvarida Berlin shahrida imzolangan «Iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda O'zbekiston Respublikasini qo'llab-quvvatlashga oid konsul'tativ faoliyat to'g'risida»gi hamkorlikdagi deklarasiyani amaliyotga tatbiq qilish doirasida o'tkazildi. 

Bandlik barometri nimasi bilan foydali?

1. Bandlik barometri iqtisodiyotning rivojlanish maromini ulchash imkonini beradi. U ish beruvchilarning keyingi uch oy davomida ishchi kuchiga bo'lgan talabi o'zgarishi: o'sishi, pasayishi yoki avvalgi holatida qolishini baholaydi.

2. Barometr shuningdek, aynan qaysi sektorlarda keyingi 3 oy davomida ishchilarga talab bo'lishini baholash imkonini ham beradi. Bu esa yoshlar, ularning ota-onalari va ta'lim tizimi uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

3. Qolaversa, u me'yoriy-huquqiy hujjatlarning korxonalar tomonidan yangi ishchilarni yollash rejalariga ta'sirini baholash uchun ham qo'llanilishi mumkin. Masalan, doktor Klaus Volrabegning fikria ko'ra, Germaniyada eng kam mehnat haqi normativlari bandlik barometrini kuzatish orqali, ya'ni ish beruvchilarning munosabatini hisobga olgan holda joriy etilgan. 

4. Umuman olganda, bandlik barometri iqtisodiyotning rivojlanish maromini har chorakda bir marotaba emas, har oy aniqlash imkonini beradi va iqtisodiyotdagi o'zgarishlarga o'z vaqtida munosabat bildirish uchun imkoniyat yaratadi.

Seminarda IFO Instituti Maqroiqtisodiy tadqiqotlar va so'rovnomalar markazi direktori o'rinbosari doktor Klaus Volrabe mehnat bozoridagi mavjud vaziyatni baholash asosidagi biznes-sikl tahlilida IFO  iqtisodiy tadqiqotlar instituti tomonidan foydalaniladigan Bandlik barometriga oid ma'lumotlarni taqdim etdi.

Germaniyaning IFO Bandlik barometri 2002 yildan buyon ish beruvchilarning ishchilarga bo'lgan joriy talabi to'g'risidagi tadqiqotlar natijasida olingan axborotni taqdim etadi. U kelgusi uch oyda rejalashtirilayotgan bandlik hajmi to'g'risida axborot taqdim etuvchi 9 000 dan ortiq ishlab chiqarish sektori, qurilish sohasi, ulgurji va chakana savdo hamda xizmat ko'rsatish sohasi korxonalarining oylik hisobotlari asosida hisoblanadi.  

O'tgan yili O'zbekiston «IFO Institut» Iqtisodiy tadqiqotlar instituti hamda «Berlin Economics» konsalting kompaniyasi hamkorligida Germaniyaning Biznes iqlim indeksi hisob-kitobiga (Geschäftsklimaindex) oid tajribasini o'zlashtirdi. Biznesni sifatli baholash va tadbirkorlarning o'z biznesi rivoji istiqboliga oid umidlarini qamrab olgan so'rov natijalari muntazam ravishda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan e'lon qilib boriladi. 

Bandlik barometriga bag'ishlangan seminarda O'zbekiston Respublikasining Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi, Prognozlash va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti, shuningdek, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi vakillari ishtirok etdi. Hamkorlikning keyingi bosqichi O'zbekiston uchun bandlik barometrining birlamchi hisob-kitobini amalga oshirish, uni germaniyalik hamkorlarga taqdimot qilish va kutilayotgan implementatsiya masalalari muhokamasi haqida bo'ladi.