Naqd pulga bo'lgan talab nega oshmoqda?
14июл

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari tomonidan so‘nggi oylarda respublikamizda naqd pulga bo‘lgan talab oshishiga sabab bo‘layotgan omillar tahlil qilindi.

Naqd pulga talabning o‘zgarishiga uzoq muddatli omillar bilan bir qatorda mavsumiy iqtisodiy faollikning oshishi, chet eldan pul o‘tkazmalari miqdori, valyuta kurslari hamda bank depozit foiz stavkalari ta’sir ko‘rsatadi.

1. Mavsumiy iqtisodiy faollikning oshishi

2017-2022 yillar davomida muomaladagi naqd pul miqdori 13,2 trln. so‘mdan 36,9 trln. so‘mgacha (01.06.2022 yil holatiga) oshib, 2,8 barobarga ko‘paydi. Buni asosan iqtisodiy o‘sish, demografik o‘zgarishlar va moliya sektorining rivojlanishi (bankomatlar, to‘lov terminallari) kabi uzoq muddatli omillar bilan izohlash mumkin. Bundan tashqari, 2017 yildan oldingi yillarda naqd pul taqchilligi sababli vujudga kelgan “kechiktirilgan” talabning qondirilishi muomaladagi naqd pul miqdorining sezilarli darajada oshishiga sabab bo‘ldi. Ushbu omillardan tashqari mavsumiy omillar ham mavjudki, ular naqd pulga bo‘lgan talabning oshishiga yoki kamayishiga sabab bo‘ladi.

Muomaladagi naqd pullar o‘zgarishi

 

1-rasmda ko‘rinib turganidek, 2017 yildan boshlab pul-kredit sohasida islohotlar boshlanishi bilan naqd pulga bo‘lgan talab o‘zgarishida mavsumiylik kuzatila boshlandi. Yilning aprel-may oylaridan boshlab, noyabr oyiga qadar aholining naqd pulga talabi oshadi. Bu esa mazkur davrda aholining iqtisodiy faolligi jadallashishidan dalolat beradi. Misol uchun, mazkur davrda to‘y va marosimlar sonining ko‘payishi, qurilish ishlarining tezlashishi, yozgi pishiqchilik, dam olish va ular bilan bog‘liq xarajatlarning katta qismi naqd pulda amalga oshirilishi aholining naqd pulga bo‘lgan talabiga mavsumiy bosim ko‘rsatadi. 

Odatda oy boshida daromad olgan shaxs daromadining bir qismini bir muddat naqd pul ko‘rinishida yoki yuqori foizli depozitlar (obligatsiyalar) ko‘rinishida saqlashi mumkin. Bundan tashqari, oy boshida olingan daromad shu davr mobaynida teng ravishda sarflanishi mumkin. Shuning uchun, naqd pulga bo‘lgan talabga ish haqi to‘lanadigan sana va iste’molchilarning sarf-xarajatlari ta’sir qiladi, bu “oy ichidagi effekt” deyiladi (Baumol-Tobin modeli). Shuningdek, naqd pulga bo‘lgan talabga mavsumiy ravishda bayram va dam olish kunlari ham ta’sir ko‘rsatadi. Qurbon hayiti davomida naqd pulga talabning oshishi bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

2. Chet eldan pul o‘tkazmalari va valyuta kursi o‘zgarishi

Chet eldan pul o‘tkazmalari va ushbu valyutalarni so‘mga almashtirish aholi qo‘lidagi naqd pullar miqdorini oshishiga sabab bo‘ladi. 2021 yilda O‘zbekistonga 8,1 mlrd. AQSh dollari miqdorida valyuta mablag‘lari jo‘natilgan edi. Joriy yilning 5 oyida pul o‘tkazmalari hajmi 4,19 mlrd AQSh dollariga yetib, 2021 yilning 5 oyiga (2,61 mlrd AQSh dollari) nisbatan 61 foizga (1,58 mlrd AQSh dollariga) oshdi.

2022 yil 24 martidan boshlab dollar kursining tusha boshlashi bilan aholining valyuta jamg‘armalarini so‘mga almashtirish bo‘yicha transaksiyalari soni ortib bordi. Joriy yilning yanvar-may oylarida banklar tomonidan jismoniy shaxslardan 4,32 mlrd AQSh dollari miqdorida xorijiy valyuta sotib olindi va bu o‘tgan yilning mos davridagiga (2,72 mlrd AQSh dollari) nisbatan 59 foiz ko‘p hisoblanadi. Bu esa ma’lum darajada muomaladagi naqd pullar miqdorining mart oyida 1,9 trln. so‘mga, aprel oyida 5,3 trln. so‘mga, may oyida 3,7 trln. so‘mga ko‘payishiga olib keldi.

Ushbu tendensiya shundan dalolat beradiki, uzoq muddatda naqd pulga talab va valyuta kursi o‘rtasida teskari aloqa mavjud. Ya’ni milliy valyutaning xorijiy valyutalarga nisbatan qadrining mustahkamlanishi yoki barqarorligini saqlab turishi dollarlashuv darajasini kamaytirib, milliy valyutaga bo‘lgan talabni oshiradi.

So‘mning 1 AQSh dollariga nisbatan almashuv kursi

3. Dollarlashuv darajasining kamayishi

Dollarlashuv milliy valyuta bilan bir qatorda biror bir xorijiy valyutadan to‘lov vositasi, hisob birligi va qiymatni saqlash vositasi sifatida foydalanish deb ta’riflanadi. Katta hajmdagi oldi-sotdi operatsiyalarini (uy-joy, mashina oldi-sotdisi) xorijiy valyutada (AQSh dollari, yevro) amalga oshirilganda, o‘z-o‘zidan milliy valyutaga talab kamayadi. 

Shu bois, aholi tomonidan xorijiy valyutalar sotuvi hajmining ortishi va pirovardida muomaladagi naqd pullarning ko‘payishi mamlakatda dollarlashuv darajasining kamayotganidan ham dalolat beradi. Boshqacha aytganda, ichki valyuta bozorida so‘mning AQSh dollariga nisbatan qadrining oshishi ortidan aholining ko‘pchiligi valyutadagi jamg‘armalarini milliy valyutaga o‘tkazishni afzal ko‘ra boshlashdi. Valyuta kursi barqarorligi saqlanib turgan bir sharoitda 2022 yil 15 iyuldan 200 000 so‘mlik banknotalarining muomalaga chiqarilishi katta hajmdagi naqd hisob-kitoblarni osonlashtirib, dollarlashuv darajasini yanada kamayishiga xizmat qilishi mumkin.

4. Naqd pul ulushi kamayishi

Tahlil natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, muomaladagi naqd pullar hajmi sezilarli darajada ko‘payganiga qaramasdan, uning keng ma’nodagi pul massasi (M2)[1] tarkibidagi ulushi kamaymoqda. Ushbu ko‘rsatkich 2017 yilning 1 iyun holatiga ko‘ra 31,2 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilning 1 iyuniga kelib 23 foizgacha kamaydi. Ushbu ko‘rsatkichlar shundan dalolat beradiki, aholi va tadbirkorlik vakillari o‘rtasida naqd pulsiz hisob-kitoblar soni ham, hajmi ham ortib bormoqda.

Keng ma’nodagi pul massasi tarkibining o‘zgarishi

Chunki, so‘nggi 4 yilda muomaladagi bank kartalari soni 1,7 barobarga (01.06.2018 yil holatiga 17,5 mln donadan 01.06.2022 yil holatiga 29,4 mln. donaga), o‘rnatilgan to‘lov terminallari soni 1,8 barobarga (241 mingtadan 433,2 mingtaga), o‘rnatilgan bankomat va infokioskalar soni 2,7 barobarga (6,1 mingdan 16,7 mingga) oshdi. 2022 yil yanvar-may oylari davomida to‘lov terminallari orqali tushgan tushumlar hajmi 58,2 trln. so‘mga yetdi va 2021 yilning mos davriga (39,9 trln. so‘m) nisbatan 1,5 barobarga (2018 yilning yanvar-may oylariga (23 trln. so‘m) nisbatan 2,5 barobarga) oshdi.

Xulosa qilib aytganda, so‘nggi oylarda naqd pulga bo‘lgan talabning ortishi mavsumiy xarakterga ega va ushbu tendensiya noyabr oyidan boshlab kamaya boshlaydi. Hozir muomaladagi naqd pullar hajmining ortishiga mavsumiy iqtisodiy faollik bilan birgalikda chet eldan pul o‘tkazmalarining oshishi, valyuta kursining barqarorlashuvi va dollarlashuv darajasining kamayotgani ta’sir ko‘rsatmoqda.      

 

[1] М2 ўз ичига муомаладаги нақд пулларни (банк тизимидан ташқаридаги) ҳамда бошқа молиявий ташкилотлар, давлат номолиявий ташкилотлар, хусусий сектор ҳамда аҳолининг миллий валютадаги ва чет эл валютасидаги талаб қилиб олингунча, жамғарма ва муддатли депозитларини олади.