Xitoydagi iqtisodiy islohotlarning yo'nalishlari: 1978-yildan bugungi kunga qadar
27дек
III-qism. Tadbirkorlik, kambag‘allikka qarshi kurash, AKTning rivojlanishi va bosqichma-bosqich isloh qilish siyosati
Tadbirkorlikning rivojlanishi
Xitoy iqtisodiyotini isloh qilishdan oldin xususiy sektor juda nochor bir holatda edi. Tadbirkorlikning iqtisodiyot rivojidagi o‘rni deyarli sezilmasdi.
1978-1992 yillar. Xitoylik tadbirkorlarning birinchi avlodi shahar va qishloq korxonalari (SHQK)ning tashkil etilishi va jadal rivojlanishi tufayli paydo bo‘ldi. Bu 1978-yilda qishloq xo‘jaligida amalga oshirilgan islohotlarning bevosita natijasi bo‘ldi. Pirovardida, 80-yillarning oxirlariga kelganda Xitoy yalpi mahsulotining 20%i SHQKning hissasiga to‘g‘ri keldi [1].
1992-2000 yillar. Bu davrda tadbirkorlik va xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan siyosat davom ettirildi. 1999-yilda Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishda nodavlat tashkilotlar sotsialistik bozor iqtisodiyotining muhim bir qismi ekanligi e’tirof etildi.
2000-yildan bugungi kunga qadar. Bu davrada Biznesni muvofiqlashtirish va kooperatsiya bo‘yicha Xitoy markazi tashkil etildi. U kichik va o‘rta biznes (KO‘B) korxonalarining holati va ehtiyojlarini o‘rganadi, savdo yarmarkalari va ko‘rgazmalarni tashkil etish, muzokaralarni olib borish, shuningdek, kadrlarni o‘qitish, maslahatlashish va axborot xizmatini ko‘rsatishda yordam beradi [2].
2002-yilda “Kichik va o‘rta korxonalarning rivojlanishini rag‘batlantirish haqida”gi qonun qabul qilinishi bilan KO‘B va yirik firmalarning huquqlari tenglashtirildi. Bu moliyalashtirish, zamonaviy texnika va uskunalar, bozorga oid ma’lumotlarga taalluqli edi.
Ayni chog‘da Xitoy hukumati tadbirkorlikni soliq tizimini isloh qilish orqali qo‘llab-quvvatlamoqda. 2018-yilda ishlab chiqarish va boshqa sektorlar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) stavkasi pasaytirildi [3].
Hozir mamlakatdagi korxonalar umumiy sonining 90%i, YAIMning 60%dan ortig‘i, ish bilan band bo‘lganlarning 80%i KO‘Bning ulushiga to‘g‘ri kelmoqda [4].
Kambag‘allikka qarshi kurash siyosati
Xitoy 1978-yildan buyon kambag‘allikni besh bosqichda qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda.
Birinchi bosqich (1978-1985 yillar) – qishloq joylarda amalga oshirilgan islohotlar, aynan fermerlarga qishloq xo‘jalik ekinlarini yetishtirishni mustaqil ravishda tanlash imkoniyatining berilishi qishloq joylarda aholi jon boshiga tushadigan real daromadning 169% oshishiga olib keldi [5].
Ikkinchi bosqichda (1986-1993 yillar) – kambag‘allik darajasi yuqori bo‘lgan 332 ta nisbatan sust rivojlangan chegaradosh hudud [6] tanlab olindi va ularda taraqqiyot dasturlari amalga oshirildi.
Uchinchi bosqichda (1994-2000 yillar) – kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan keng ko‘lamli dasturlar amalga oshirildi. Sust rivojlangan hududlar soni 592 tagacha oshirildi va ular qoloqlikdan chiqarish uchun sohil yaqinidagi shaharlarga qo‘shildi [6].
To‘rtinchi bosqichda (2001-2010 yillar) – quyidagi uchta yo‘nalish: qishloqlarni komplek rivojlantirish dasturi, mehnat resurslarini kasbga o‘qitish va ichki migratsiya, kam ta’minlangan oilalarni ish bilan ta’minlash uchun provinsiyalarda sanoatni rivojlantirish [5]
Beshinchi bosqichda (2011-2020 yillar) – kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan maqsadli strategiyalar quyidagi asosiy dasturlarni o‘z ichiga oladi: milliy hunarmandlik va turizmni rivojlantirish hisobiga bandlik darajasini oshirish, kambag‘al odamlarni sharoiti og‘ir hududlardan ko‘chirish va ular uchun ish o‘rinlari hamda rivojlanib ketishi uchun zarur sharoitlarni yaratish va boshqa dasturlar.
Kambag'allik darajasini 1981 yildagi 90% dan 2016 yilga kelib 4% dan kamroqqa kamaytirish kambag‘allikni kamaytirish bo'yicha olib borilgan butun siyosatning natijasi bo‘ldi [7].
Xitoyda ilm-fan va texnologiyalar, jumladan, AKT sohasining faol rivojlanishi 1988-yilda “Mash’al” dasturi qabul qilingandan keyin boshlangan. Dastur texnik nou-xauni ishlab chiqarishga joriy etishga qaratilgandi. Dasturni amalga oshirish uchun sanoat zonalari va texnoparklar tashkil etildi [8].
Texnoparklarga hamma chet el kompaniyalarining kirishiga ruxsat berilmadi. Ilg'or ishlanmalarning mavjudligi va ularni tatbiq etish imkoniyati, bozor ulushi va ishlab chiqarishning eksportga yo'naltirilganligikabi qat'iy mezonlar bor edi.
1992 yildan boshlab Xitoy hukumatining xorijiy sarmoyaviy siyosati texnologik tadbirkorlikni rag‘batlantirishga qaratilgan bo‘lib, ilg‘or texnologiyalarni joriy etgan firmalar uchun ichki bozorga yo‘l ochardi.
90-yillarda universitetlar yoki davlat ilmiy-tadqiqot institutlari negizida yordamchi tadbirkorlik tuzilmalari tashkil qilina boshlandi [9]. Ushbu loyihalar yangi IT-mahsulotlarni yaratish va tatbiq qilishda yordam berdi.
2001-yilda Xitoy JSTga a'zo bo'ldi va 10-besh yillik rejada (2001-2005 yillar) AKT sanoatining iqtisodiy ahamiyati urg‘u berildi [9].
Xitoyda AKTni rivojlantirish siyosati tufayli sezilarli yutuqlarga erishildi. Shaxsiy kompyuterlardan foydalanish1990-yildagi1000 kishiga 0,43 tadan 2002-yilda 1000 kishiga 27 tagacha oshdi. Internetdan foydalanuvchilar soni 1993-yildagi2000 kishidan 2001-yilda 33,7 million nafarga yetdi [9].
Tajriba sifatida isloh qilish
Xitoyda olib borilgan islohot siyosatining o'ziga xos jihati bu bosqichma-bosqichlikdir. U har qanday o‘zgartirish va islohotlarni bosqichma-bosqich va asta-sekin, tajriba tariqasida amalga oshirishni ko‘zda tutadi. Shunday qilib, dastlab ular hududlar qamrovi asta-sekin kengaytirilgan holda alohida provisiyalarda o'tkazildi. Va ma'lum bir mexanizm mamlakatning alohida hududlarida o'zini oqlab, samaradorligini ko'rsatganidan keyingina, u mamlakat miqyosida qo‘llanildi. Bu Xitoyga rivojlanish yo‘lida tasodifiy katta yo'qotishlarni chetlab o‘tishda yordam berdi. [10]
Ushbu yondashuv bir qator afzalliklarga ega:
Islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish islohotlarga siyosiy qarshilikni yumshatishda yordam beradi.
Muayyan hududlar yoki sektorlar bilan chegaralangan eksperimental islohotlar oldindan tahlil qilishning iloji yo‘q bo'lgan oqibatlar haqida ma'lumot to'plash imkonini berdi.
Islohotlarning eksperimental xarakterga ega ekanligi ma’muriy tartib-qoidalar va qo‘shimcha choralarni ishlab chiqish va sinab ko‘rish imkonini berdi.
Bunday yondashuv mamlakatning obro‘sini saqlab qolish imkonini berdi. Chunki qandaydir chora-tadbir natija bermasa, undan tajriba sifatida voz kechish mumkin edi.
O‘zbekiston uchun xulosalar
Xitoy va O‘zbekistondagi islohotlar mohiyatini taqqoslaganda o‘xshash ustuvor jihatlar, maqsadlar va ularga erishish mexanizmlari borlogini payqash mumkin.
Demak, bugungi kunda O‘zbekistonda tadbirkorlik va kichik biznes rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashning turli mexanizmlari tatbiq qilinayotir: gender tengligini ta’minlash, maxsus o‘quv dasturlari va boshqalar shular jumlasidandir. Biznes yuritish tartib-qoidalari bosqichma-bosqich soddalashtirilmoqda. Soliq yukini kamaytirish orqali tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash siyosati ham yo‘lga qo‘yilgan. Shunday qilib, so'nggi bir necha yil ichida turli xil soliqlar bo'yicha stavkalar pasaytirildi. Bundan tashqari, soliqlar soni ham qisqartirilmoqda.
So'nggi bir necha yildan beri kambag‘allik bilan bog‘liq masala ham kun tartibida bo'lib turibdi. Bundan tashqari, Xitoyda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham qambag‘allikka barham berishga qaratilgan islohotlar ko‘p vektorli xususiyatga ega. Bu esa keng qamrovli iqtisodiy va ijtimoiy siyosat olib borishni ko‘zda tutadi. Xitoyda ham, O‘zbekistonda ham kambag‘allikni qisqartirish siyosatini amalga oshirishda bir qator o‘xshash mexanizmlar qo‘llanilayapti. Masalan, manzilli ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni amalga oshirish, bandlikka ko‘maklashish, kasb-hunarga o‘qitish dasturlarini tashkil etish, ehtiyojmand oilalar uchun yagona axborot bazasini yaratish va boshqalar.
Xitoy tajribasidan kelib chiqqanda,“Har bir qishloq uchun bitta yetakchi tarmoq” tamoyiliga asoslangan “qishloq hududlarni sanoatlashtirish dasturlari” qashshoqlikka barham berishning samarali mexanizmiga aylanishi mumkin. Bunday dasturlarni sanoatni rovojlantirish borasida imkoniyatlar mavjud hududlarda amalga oshirsa bo‘ladi. Dasturlar uchun davlat tomonidan subsidiyalar ajratilishi va boshqa rivojlangan hududlardan tadbirkorlarni jalb qilish kabi qo'llab-quvvatlovchi choralar Xitoyda bunday dasturlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishda yordam bergandi.
Xitoyning bosqichma-bosqich yondashuv, boshqacha aytganda, bosqichma-bosqich, eksperimental islohotlarni qo‘llash tajribasi e’tiborga molik. Turli yo‘nalishlarda islohotlarni amalga oshirishda ushbu yondashuvning xususiyatlarini o‘zlashtirish muhim ahamiyatga ega. Islohotlarni alohida hududlar yoki tarmoqlar bilan chegaralangan tajriba sifatida, eksperimental ko‘rinishda amalga oshirilishi oldindan ko‘ra bilishning iloji yo‘q bo‘lgan oqibatlar haqida ma'lumot to‘plash imkonini beradi. Keyinchalik muvaffaqiyat isbot etilgach, islohotlar ko‘lami to‘plangan tajriba va xatolar tahlili asosida boshqa hududlar va tarmoqlarda kengaytirilishi va kamroq yo‘qotishlar bilan amalga oshirilishi mumkin. Bunday yondashuv islohotchilik kapitalini asta-sekin to‘plash imkonini beradi.
_______________________
Manbalar ro‘yxati:
Huaqun Li, History and Development of Entrepreneurship in China // Regional Economic Models, Inc. 2013.
Number of SMEs in China 2012-2020 // Business Data Platform, Mar 11, 2021, https://www.statista.com/
В.Г. Ишмуратова, Борьба с бедностью в КНР: исторический опыт, проблемы и перспективы // Проблемы современной экономики, № 3 (51), 2014.
Jayati Ghosh, Poverty reduction in China and India: Policy implications of recent trends // DESA Working Paper No. 92, January 2010/
Shaohua Chen, Martin Ravallion, Reconciling the Conflicting Narratives on Poverty in China // National Bureau of Economic Research, Cambridge, November 2020.
Королева А., «Мировая фабрика» стремится задавать тон в новых разработках // Журнал «Эксперт», 2013, https://expert.ru/
M.J. Greeven, The evolution of high-technology in China after 1978: Towards technological entrepreneurship // Erasmus Research Institute of Management, 2004.
Bert Hofman, Reflections on Forty Years of China’s Reforms // Speech at the Fudan University’s Fanhai School of International Finance, World Bank, January 2018.