To'rt kunlik ish haftasiga o'tish: xayolmi yoki haqiqat?
12июл

Bugungi kunda milliy iqtisodiyotni harakatlantiruvchi eng muhim omillardan biri bu mehnat va hayotiy qadriyatlarni muvaffaqiyatli ravishda uyg‘unlashtirishdir. O‘tgan asrda taniqli iqtisodchi Jon Meynard Keyns kelajakda avtomatlashtirish, yangi texnologiyalarga o‘tish va mehnat unumdorligini oshirish orqali odamlar haftasiga atigi 15 soat ishlaydi, deb bashorat qilgandi.

Yevropa davlatlari dunyoda ish vaqtini qisqartirish bo‘yicha yetakchi hisoblanadi. IHTT maʼlumotlariga ko‘ra, Yevropa mamlakatlarida o‘rtacha ish haftasi 37 soatni tashkil qiladi. Eng qisqa ish haftasi Norvegiya (33,5), Daniya (32,5) va Niderlandiya (29,4) kabi mamlakatlarda kuzatiladi. Bugungi kunda dunyoda o‘rtacha ish haftasi 40 soatni tashkil qiladi. Biroq, so‘nggi o‘n yil ichida ish beruvchilar tomonidan dunyo bo‘ylab xodimlar uchun to‘liqsiz ish kuni va moslashuvchan ish jadvalini joriy etish tobora ommalashmoqda. Bandlikning ushbu usulidan ayniqsa, koronavirus pandemiyasi davrida keng foydalanildi.

Shuningdek, aholisi dunyoning qolgan qismiga qaraganda ko‘proq ishlaydigan davlatlar ham yo‘q emas. Kolumbiya (haftasiga 47,6 soat), Turkiya (46,4), Meksika (44,9) va Kosta-Rika (43,6) shunday mamlaktalar sirasiga kiradi. Tadqiqotlar ish kunining hozirgi sakkiz soat va undan ortiq meʼyori ishlaydigan odamning nafaqat sog‘ligi, balki mehnat unumdorligiga ham taʼsir qilishini ko‘rsatdi.  Masalan, qo‘shimcha ish vaqti sezilarli darajada yuqori bo‘lgan Yaponiyada ish joyida hayotdan ko‘z yumish bilan bog‘liq holatlar ancha keng tarqalgan hodisaga aylandi. Ular hatto buning uchun atama ham o‘ylab topgan - karosi.[1]

Maʼlumot uchun: Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Xalqaro mehnat tashkiloti bilan birgalikda hisob-kitoblariga ko‘ra, 2016-yilda dunyoda qariyb 400 ming kishi haftasiga 55 soat va undan ortiq ishlashi oqibatida insultdan, 350 ming kishi yurak-qon tomir kasalliklaridan vafot etgan. 2000-2016 yillarda uzoq davom etgan mehnat tufayli kelib chiqqan yurak-qon tomir kasalliklaridan vafot etganlar soni 42 foizga, insultdan vafot etganlar soni esa 19 foizga oshgan1.

Ish kunini qisqartirish g‘oyasi XXI asr boshidan beri ko‘plab mamlakatlarda muhokama qilinmoqda va sinovdan o‘tkazilayapti. 2016-yilda Islandiyada bir necha kompaniyada xodimlarning ish haftasi 4-5 soatga qisqardi – biroq unumdorlik bir xil darajada saqlanib qoldi. Bundan tashqari, xodimlarning ishdan qoniqish darajasi oshdi, sog‘lig‘i sababli mehnatga layoqatsizlik kunlari kamaydi va umumiy farovonlik darajasi oshdi[2].

2018-yilda Perpetual Guardian (Yangi Zelandiya) birinchilardan bo‘lib tajriba o‘tkazdi va to‘liq ish haqini saqlab qolgan holda ish haftasini 4 kungacha qisqartirdi. Ushbu tajriba Oklend texnologiya universiteti olimlari tomonidan nazorat qilindi. Tadqiqot natijalari kompaniyada mehnat unumdorligi 20 foizga oshgani, xodimlarning stress darajasi 45 foizdan 38 foizga kamaygani, ish va shaxsiy hayot o‘rtasidagi muvozanat 54 foizdan 78 foizga yaxshilanganini ko‘rsatdi[3].

Shvetsiyaning Gyoteborg munitsipalitetida ikki yildan ortiq vaqt davomida bir nechta kompaniya ish haqini kamaytirmasdan, 6 soatlik ish kunini qo‘lladi. Tajriba muvaffaqiyatli o‘tdi va shaharda 17 nafar hamshira uchun qo‘shimcha ish o‘rni yaratildi. Bu esa kasallik varaqasi bo‘yicha xarajatlarni qisqartirish va mehnat madaniyati haqida global munozarani qo‘zg‘atdi, biroq bu yondashuvni butun munitsipalitetda qo‘llash juda qimmatga tushdi[4].

Bunday tajribalar juda ko‘plab mamlakatlarda o‘tkazib kelinmoqda. Samaradorlik yuqori bo‘lishiga qaramasdan, aksariyat davlatlar va kompaniyalar 4 kunlik ish haftasiga to‘liq o‘tishni rad etayapti. Buning asosiy sababi – katta xarajatlardir. Chunki yangi tizimga o‘tish davrida maoshlar bir xil darajada qolishi talab etiladi.

Rossiyalik ekspertlarning fikricha, Rossiyada to‘rt kunlik ish haftasiga o‘tish halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin. "Agar ish haqi bir vaqtning o‘zida pasaymasa, bu ish kuchining 20 foizga qimmatlashishiga olib keladi. Bu esa mehnat bozorida ham, umuman iqtisodiyotda ham keng ko‘lamdagi halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin va ayniqsa ishsizlik darajasi oshishiga sabab bo‘ladi. Agar ish haqi kamaysa, bu aholining qashshoqlashishiga, turmush darajasi va yalpi ichki mahsulotning keskin pasayishiga olib keladi. Ish kunlarini qisqartirish tashabbusi “bosh og‘rig‘i” va “haqiqatga umuman to‘g‘ri kelmaydigan g‘oya”- deydi Kapelyushnikov[5].

PMTI ekspertlari dunyoning turli mamlakatlarida bir ishchiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha yillik ish vaqti va bir soatlik ish vaqtiga to‘g‘ri keladigan YAIM o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqlash uchun tahlil o‘tkazdi. Maʼlumotlar bazasiga odamlar haftasiga 32 soatdan ortiq ishlamaydigan va 40 soatdan ortiq ishlaydigan davlatlar (Kolumbiya, Turkiya, Meksika) kiritildi.

Korrelyatsion tahlil natijalari shuni ko‘rsatdiki, bir soatlik ish vaqtiga to‘g‘ri keladigan YAIM hamda haftalik ish soatlari (0,027) o‘rtasida hech qanday bog‘liqlik yo‘q. Ushbu ko‘rsatkich odamlar haftasiga 35 soat yoki undan kam ishlaydigan mamlakatlarda ham, haftasiga 40 soat yoki undan ko‘proq ishlaydigan mamlakatlarda ham o‘zaro bog‘liq emas.

Shunday qilib, ish haftasining davomiyligi mehnat unumdorligiga sezilarli taʼsir ko‘rsatmaydi. O‘z navbatida, mehnat unumdorligini oshirish boshqa ko‘plab omillar (bajarilgan ish sifati, xodimlarning malakasi, xodimlarning ruhiy holati va boshqalar) kombinatsiyasiga bog‘liq.

1-rasm

Yillik ish soatlari va bir soatlik ish vaqtiga to‘g‘ri keladigan YAIM o‘rtasidagi
bog‘liqlikning tarqoq diagrammasi

Dunyoning ko‘plab davlatlari ish haftasini qisqartirishni samarali yo‘llar bilan sinab ko‘rayotgan bir paytda, O‘zbekiston aholisi meʼyordagidan ko‘proq ishlamoqda. Bu holat fuqarolarning dam olish va hordiq chiqarish huquqi, shu jumladan ish kuni va haq to‘lanadigan taʼtillarni samarali cheklash bo‘yicha ijtimoiy huquqlari kafolatlarini qonun bilan mustahkamlashga oid  masalalarni hal qilishni taqozo etadi. Shunday qilib, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 38-moddasiga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishi jamiyatning qulay mehnat sharoitlari hamda mehnatga layoqatliligini tiklashga bo‘lgan huquqlari asosiga aylanadi.

O‘zbekistonliklar ham Yevropa davlatlari aholisi kabi haftada 4 kun ishlasa nima bo‘ladi?

O‘zbekistonning Yevropa amaliyotidagidek 4 kunlik ish haftasiga o‘tishi qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin? Ushbu masalani ilmiy nuqtai nazardan ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq. Buning uchun, birinchi navbatda, ish haftasining qisqarishi mehnat unumdorligiga qanday taʼsir qilishi mumkinligini tahlil qilish zarur.

O‘zbekistonda 4 kunlik ish haftasining mehnat unumdorligiga taʼsirini tahlil qilish uchun PMTI mutaxassislari respublika bo‘yicha mehnat unumdorligi va bir soatlik ish vaqtidagi mehnat unumdorligini hisoblab chiqdi.

Korrelyatsion tahlil natijalariga ko‘ra, mehnat unumdorligi va ish soatlari o‘rtasida bog‘liqlik mavjudligi aniqlandi – korrelyatsiya koeffitsiyenti - 0,40. Shunday qilib, O‘zbekiston sharoitida 4 kunlik ish haftasiga o‘tish bo‘yicha jahon amaliyotini iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida qo‘llash maqsadga muvofiq emas. Hisob-kitob natijalariga ko‘ra, sanoatda ish soatlari va mehnat unumdorligi o‘rtasidagi korrelyatsiya koeffitsiyenti - 0,45 ni tashkil etdi. Bu yuqori korrelyatsiyani tasdiqlaydi. Buning asosiy sabablari ishlab chiqarishning to‘liq avtomatlashtirilmaganligi, deb hisoblaymiz.

Maʼlumot uchun: Mehnat unumdorligini hisoblash usuli

Mehnat unumdorligi ishlab chiqarilgan mahsulot hajmining (jismoniy yoki pul ko‘rinishida) ushbu mahsulot hajmini ishlab chiqarishda ishtirok etgan xodimlarning o‘rtacha soniga nisbati

Ish soati uchun mehnat unumdorligini hisoblash:

MU = MH / Tsoat,

bu yerda:

MU – bir ish soati uchun mehnat unumdorligi;

MH - ishlab chiqarilgan mahsulot hajmi;

Tsoat - maʼlum hajmdagi mahsulot ishlab chiqarish uchun sarflangan ish soatlari soni.

Shunga qaramay, PMTI mutaxassislari 4 kunlik ish haftasi qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan sohalarni aniqlashga harakat qildi. Bu nomoddiy ishlab chiqarish sohalari yaʼni, IT sohasi, banklar, taʼlim, sog‘liqni saqlash, shuningdek, ilm-fan bilan bog‘liq sohalardir. Shu bilan birga, aytib o‘tish joizki, IT-sohasidagi xodimlarining aksariyati ancha moslashuvchan ish tartibiga ega. Banklarning 4 kunlik ish haftasiga o‘tishi moliyaviy operatsiyalarni sekinlashtirishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq ishi hissiy, aqliy, asabiy taranglikni kuchaytirish bilan bog‘liq bo‘lgan tibbiyot xodimlari va o‘qituvchilar uchun ish vaqti haftasiga 36 soatdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda belgilangan (Mehnat kodeksining 118-moddasi). Biroq, tahlil natijalariga ko‘ra, taʼlim (korrelyatsiya koeffitsenti -0,15), sog‘liqni saqlash (-0,21), IT-sohasi (-0,09), ilmiy faoliyat (-0,07) va moliya tizimida (-0,06) ish soatlari va mehnat unumdorligi o‘rtasida korrelyatsion bog‘liqlik mavjud emas. Bu esa o‘z navbatida ushbu sohalarda ish vaqtini qisqartirish imkoniyatlari mavjud ekanligidan dalolat beradi.

Tahlil natijalari mehnat faoliyatining bir yilda qancha davom etishi mehnat unumdorligiga taʼsir qiluvchi yagona va asosiy omil emasligi, ammo ularning o‘zaro bog‘liq ekanligi va bunga shubha yo‘qligini ko‘rsatdi. Pandemiya sharoitida ko‘plab korxonalarning o‘z xodimlarini noilojlikdan masofadan ishlashga o‘tkazishi ushbu bandlik turi samarali ekanligini ko‘rsatdi va butun dunyo bo‘ylab bandlikning turli shakllaridan foydalanish imkonini berdi.

Yuqoridagi hisob-kitoblar shuni ko‘rsatadiki, mehnat unumdorligini sifat jihatidan yana-da oshirish va xodimlarning mehnat va dam olish vaqtini uyg‘unlashtirish nuqtai nazaridan ish haftasini qisqartirish uchun shart-sharoitlar mavjud. Buni bir necha usul bilan amalga oshirish mumkin:

- to‘rt kunlik ish haftasiga o‘tish;

- xodimlarni qo‘shimcha “o‘zgaruvchan” dam olish kuni bilan taʼminlash;

- ish vaqtini qisqartirish.

Moslashuvchan ish jadvaliga o‘tish va ish haftasini qisqartirish bir qator imtiyozlarni shakllantirishda yordam beradi. Bu esa o‘z navbatida, umumiy ish samaradorligiga taʼsir qiladi va ijtimoiy-iqtisodiy muhitni yaxshilaydi:

Birinchidan, xodimlarning sog‘lig‘i yaxshilanadi: qo‘shimcha dam olish kuni xodimlarga yaxshi dam olish va ish uchun kuch to‘plash imkonini beradi.

Ikkinchidan, aholining, xususan, xotin-qizlarning mehnat bozoridagi iqtisodiy faolligini oshirish orqali ishsizlikka qarshi samarali kurash taʼminlanadi.

Uchinchidan, xodimlarning ishtiyoqi kuchayadi, muhim vazifalarni tez va sifatli bajarishda fikrini jamlay oladi, ish vaqtini yo‘qotish qisqaradi.

To‘rtinchidan, ish vaqtini qisqartirish ekologiya va transportga tushadigan zo‘riqishni, shuningdek, yonilg‘i va energiya sarfini kamaytirishga ijobiy taʼsir ko‘rsatadi.

Beshinchidan, ko‘ngilochar va madaniyat sohasini rivojlantirishga qo‘shimcha turtki bo‘ladi.

Oltinchidan, aholi turmush darajasi yaxshilanadi. Vaqtni oila davrasida o‘tkazish, sevimli mashg‘ulot bilan shug‘ullanish, madaniy saviyasini yuksaltirish, sport bilan shug‘ullanish, o‘z-o‘zini tarbiyalash uchun keng imkoniyatlar yaratiladi.

Umuman olganda, xorijiy amaliyotni o‘rgangan holda, shuningdek, hisob-kitob natijalariga ko‘ra, PMTI mutaxassislari O‘zbekiston sharoitida ayrim sohalarda 4 kunlik ish haftasiga o‘tish imkoniyatlari mavjud, deb hisoblaydi.

 

M.Ahmedova,
PMTI guruh rahbari

 

[1] https://www.adeccogroup.com/future-of-work/latest-insights/the-dangerous-effects-of-overworking/

[2]  https://grapevine.is/news/2016/05/12/reykjaviks-shortened-work-week-experiment-yields-positive-results/

[3] https://www.theguardian.com/money/2019/feb/19/four-day-week-trial-study-finds-lower-stress-but-no-cut-in-output

[4] https://www.bbc.com/news/business-38843341

[5] https://l-a-b-a.com/blog/2072-kto-pridumal-rabotat-po-8-chasov-5-dney-v-nedelyu