IFMR Green Hub – “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish uchun maydoncha
30апр
“Yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish – dunyodagi barcha mamlakatlar uchun eng muhim ustuvor yo‘nalishlardan biri. O‘zbekiston ham bu yo‘nalishni faol rivojlantirmoqda. “2019-2030 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasining “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish strategiyasi”qabul qilingan, shuningdek, “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”dagi ustuvor yo‘nalishlardan biri ham “yashil iqtisodiyot”ga o‘tishdir.
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) vaziyatni tahlil qilish va “yashil iqtisodiyot” tamoyillariga asoslangan barqaror iqtisodiy rivojlanishga erishish yo‘llarini ishlab chiqish maqsadida Green Hub platformasini ishga tushirdi.
29-aprel kuni PMTI binosida IFMR Green Hubni ishga tushirish hamda “Stokgolm+50”maslahatlashuvlar seriyasi doirasida O‘zbekistondagi manfaatdor tomonlar bilan birgalikda ilk tadbir o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov, shuningdek, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska, Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakolatxonasi sektor rahbari Djeyn O.Ebinger, O‘zbekiston va Qozog‘iston bo‘yicha mintaqaviy vakolatxona direktori Vanson Kopen, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Toshkentdagi vakolatxonasi rahbari Alkis Drakinos ishtirok etib, tashkil etilgan “yashil maydoncha” haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi. Xususan, Ilhom Norqulov o‘z nutqida shunday deya ta’kidladi: “Ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi hukumati uchun “yashil iqtisodiyot”ga o‘tishda yangi imkoniyat bo‘lib xizmat qilishiga ishonch bildirmoqchiman. Bugungi kunda “yashil taraqqiyot” modelini yaratish, kelajakda global iqlim o‘zgarishi xavfini kamaytirish va salbiy oqibatlarini bartaraf etishdan ko‘ra afzalroqdir”.
Matilda Dimovska o‘z so‘zida BMT O‘zbekistonda “yashil taraqqiyot”ning strategik asosini ishlab chiqishda ishtirok etishi va qo‘llab-quvvatlashini qayd etdi.
Umuman olganda, so‘zga chiqqanlarning barchasi o‘z ma’ruzalarida mamlakatimizda “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish borasida sezilarli yutuqlarga erishilayotgani, hukumat tomonidan “yashil tashabbuslar”ni rivojlantirish bo‘yicha dasturlar va strategik hujjatlar qabul qilinganini ta’kidladi. Shuningdek, mamlakatimizda qabul qilingan ko‘plab hujjatlar“yashil tarkibiy qismlar”ga ega bo‘lib, “yashil transformatsiya”ni jadallashtirishga qaratilgan. O‘zbekistonning “yashil iqtisodiyot” va “yashil taraqqiyot”ga muvaffaqiyatli o‘tishi uchun “yashil loyihalar”ni ishlab chiqish, xususan, uglerod intensivligini kamaytirish va samarali energiya ishlab chiqarishga alohida e’tibor qaratish zarur.
Ma’ruzachilar IFMR Green Hubni yanada rivojlantirish hamda “yashil transformatsiya” jarayonida ishtirok etuvchi barcha tomonlarni birlashtiruvchi platformaga aylantirish tashabbusini yuqori baholadi. IFMR Green Hub “yashil chora”larni ishlab chiqish va amalga oshirishni muvofiqlashtiradi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi BMT TD, Jahon banki va shu kabi boshqa xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda 2030-yilgacha O‘zbekistonning “yashil iqtisodiyot” ga o‘tish rejasini amalga oshirishga qaratilgan “Yashil o‘sishning strategik asoslari”(Green Growth Strategic Framework - GGSF)loyihasini taqdim etdi. Taqdimot so‘ngida tadbir ishtirokchilari tayyorlangan materialni takomillashtirish yuzasidan fikrlashib olindi.
Tadbirning ikkinchi qismida “Stokgolm+50” maslahatlar seriyasi va IFMR Green Hub platformasini ishga tushirish bo‘yicha ikkita taqdimot o‘tkazildi.
BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi “Stokgolm+50” maslahatlashuvlari milliy koordinatori Umid Nazarqulov tadbir ishtirokchilarini “Umumiy farovonlik uchun sog‘lom sayyora – bizning mas’uliyatimiz, bizning imkoniyatimiz” deb nomlangan “Stokgolm+50” xalqaro anjumani konsepsiyasi bilan tanishtirdi. Milliy maslahatlashuvlarning maqsadi – “Stokgolm+50” xalqaro uchrashuvining asosiy mavzulari bo‘yicha jamiyat va hukumat o‘rtasidagi muloqotni rag‘batlantirishdan iborat.
PMTI loyiha rahbari va IFMR Green Hub koordinatori Anton Kostyuchenko tadbir ishtirokchilariga IFMR Green Hub ning maqsad va vazifalari, faoliyati hamda tadqiqot yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumot berdi. Ta’kidlab o‘tilganidek, mazkur platforma asosiy e’tiborni avvalo ekspertlar, tadqiqot tashkilotlari, xalqaro moliya institutlarini jalb qilgan holda ishni hamkorlikda tashkil etish, “yashil iqtisodiyot” sohasidagi ma’lumotlarni to‘plash va tizimlashtirish hamda uni bilimlar markazi shaklida jamiyatga taqdim etishga qaratadi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar “yashil iqtisodiyot” ga o‘tish borasida hamkorlikdagi sa’y-harakatlarni yanada rivojlantirishga kelishib oldi.