O'zbekiston daryolarining “yashil” elektr energiyasi: ta'sir etish omillari va rivojlanishi
22сен
Energetika muammosi butun insoniyat uchun eng dolzarb muammolaridan biriga aylanib bormoqda. Neft, gaz va boshqa foydali qazilmalar qazib olish va tashish xarajatlarining oshib borishi va ekologik muammolarni keltirib chiqarishi oqibatida asta-sekin o‘z ahamiyatini yo‘qotmoqda. Tabiiy resurslar cheklangan bugungi sharoitda, tez o‘sib borayotgan ehtiyojlar tufayli qisqa muddatli energiya inqirozlari yuzaga kelishi mumkin. 2030 yilga borib, dunyoda energiyaga bo‘lgan ehtiyoj 2008 yildagiga nisbatan 60 foizga oshishi prognoz qilinmoqda.
Shu sababli, muqobil yoki "yashil" energiya manbalari bilan bog‘liq, nisbatan yangi energiya manbalari - turli xil quyosh panellari, bioreaktorlar, shamol va gidroelektr stansiyalarining ahamiyati ortib bormoqda.
"Yashil" energiyaning mohiyati shundan iboratki, tabiatda uzluksiz sodir bo‘ladigan jarayonlardan paydo bo‘lgan kuch elektr energiyasiga aylantiriladi va undan kundalik hayotda, ijtimoiy va iqtisodiy sohaning barcha tarmoqlarida foydalanish mumkin. Gidroelektr stansiyalari orqali islab chiqarilayotgan elektr energiyasi "yashil" energiya hisoblanadi.
“Yashil” energiya ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash orqali global isishga qarshi kurashish va ekologik muammolarni kamaytirishda O‘zbekiston gidroenergetika tarmog‘i katta imkoniyatlar va zaxiralarga ega. Shu munosabat bilan gidroenergetika obyektlarini rivojlantirish orqali, “yashil” energetikani rivojlantirish respublika energetika balansida ustuvor yo‘nalishga aylanmoqda.
Hozirgi vaqtda O'zbekiston Respublikasining mavjud ishlab chiqarish quvvatlari 12,9 GVtni tashkil etadi. Buning 2,05 ming MVt qismi yoki 15,8 foizigidroelektr stansiyalarining hissasiga to‘g‘ri keladi. Respublikaning suv salohiyatidan foydalanish koeffitsiyenti qariyb 27 foizni tashkil etmoqda.
O‘zbekiston gidroenergetikasi tarkibiga 49 ta gidroelektr stansiyasi, jumladan, umumiy quvvati 1,76 GVt boʻlgan 14 ta yirik gidroelektr stansiya (jami gidroelektr stansiyalari quvvatining 86 foizi), umumiy quvvati 0,262 GVt (13 foiz) boʻlgan o‘rtacha kattalikdagi 23 ta gidroelektr stansiyasi, umumiy quvvati 0,0285 GVt (0,014 foiz) boʻlgan 9 ta kichik gidroelektr stansiyasi va umumiy quvvati 0,86 MVt (0,004 foiz)ga teng boʻlgan 3 ta mikro gidroelektr stansiyasi kiradi. Tabiiy suv oqimi boʻylab quvvati 532 MVt boʻlgan 30 ta gidroelektr stansiyasi (4 ta yirik – 317 MVt va 26 ta GES – 215 MVt) faoliyat yuritadi. Suv omborlarida umumiy quvvati 1,4 GVt boʻlgan 10 ta gidroelektr stansiyasi mavjud.
Talab ortib borayotgan sharoitda gidroenergetikaning barqaror rivojlanishini ta’minlash bir qator muammoli masalalarga bog‘liq. Bunda mehnat, kapital va zamonaviy texnologiyalar omili tabiiy omillarga qaraganda kuchsizroq. Chunki tabiiy resurslarning (suv, yog‘ingarchilik, issiqlik) o‘zgarishini bashorat qilish qiyinroq.
Iqlim o‘zgarishi sharoitida daryo oqimi, o‘rtacha yillik yog‘ingarchilik, maksimal va minimal harorat to‘g‘risida tizimlashtirilgan ma’lumotlar asosida elektr energiyasini ishlab chiqarishni prognozlashtirishning maqbul usullarini tanlash, umuman mamlakatimiz energetika sohasining istiqbolli rivojlanishini aniqlash uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lib bormoqda.
Tadqiqot davomida O‘rta-Chirchiq gidroelektr stansiyalari kaskadi faoliyati asosida elektr energiyasini ishlab chiqarish hajmiga ta’sir etuvchi omillar o‘rganildi. Kaskad oʻzining tashkiliy tuzilmasi bilan “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatining tarkibiy korxonasi hisoblanadi. Oʻrta-Chirchiq gidroelektr stansiyalari kaskadiga uchta gidroelektr stansiyasi (Chorvoq GES-6, Xojikent GES-27, Gʻazalkent GES-28) dan iborat. Tadqiqot jarayonida uchta gidroelektr stansiyasining ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari bir butun birlik sifatida ko‘rib chiqildi va O‘rta-Chirchiq gidroelektr stansiyalari kaskadining 1992-2019 yillarda elektr energiyasini ishlab chiqarish dinamikasi tahlil qilindi.
O‘rganilayotgan davrda Chirchiq daryosidagi o‘rtacha suv oqimi o‘zgaruvchan xususiyatga ega bo‘lgan. Bunda eng yuqori qiymat “G‘azalkent gidroelektr stansiyasidan suv chiqarish punkti”da 1993 yil iyun oyining uchinchi o‘n kunligiga (899,4 m3/s) to‘g‘ri kelgan. Eng kam qiymat esa 2020 yil aprel oyining ikkinchi o‘n kunligida (43,7 m3/s) kuzatilgan.
Tadqiqot Chirchiq daryosining 3 ta irrigatsiya tizimi va suv chiqarish punktlarimaʼlumotlari asosida o‘tkazildi. Bular: Chorvoq suv omboridan suv chiqarish posti, G‘azalkent gidroelektr stansiyasidan suv chiqarish posti va G‘azalkent gidro posti.
Suv oqimining o‘zgaruvchanlik xususiyati, shuningdek, mavsumiy tebranishlar eng kichik kvadratlar usuli bilan aniqlandi. Dasturiy ta’minot paketari yordamida o‘zgaruvchilar ko‘rinishidagi noma’lumlar uchun tenglama tuzildi. Ko‘p yillik raqamlar tahlili natijasida, Chirchiq daryosining o‘rtacha yillik suv oqimi salbiy tendensiyaga ega bo‘lgani aniqlandi. Ya’ni, ushbu davrda Chirchiq daryosida suv oqimining kamayishi kuzatilgan.
Ko‘p omilli regressiya modelini ishlab chiqarishning natijaviyligi xususiyatini aniqlash uchun modelning omil belgilarini tanlab olishda juft korrelyatsiya koeffitsiyentlari matritsasi shakllantirildi. Bunda multikollinearlik aniqlandi. Tadqiqotning asosiy maqsadi gidroelektr stantsiyalari orqali ishlab chiqarishning suv resurslariga bog‘liqlik darajasini aniqlash bo‘lganligi sababli, Chirchiq daryosidagi o‘rtacha yillik suv oqimi va yog‘ingarchilik kabi o‘zgaruvchilar qoldirildi.
Tanlangan omillarining elektr energiyasini ishlab chiqarishga ta’sirini baholash uchun ko‘p omilli chiziqli regressiya shakllantirildi. Y uchun P qiymati 5% ni ko'rsatdi, X2 uchun P qiymati 0 ga teng, bu bilan elektr energiya ishlab chiqarish hajmiga daryoga o‘rtacha yillik suv oqimi hajmi koproq ta’sir etishi haqidagi faraz tasdiqlandi. Tenglama Y=a0+a2X2 modeli o‘rtacha 2,9% xatolikni berdi, maksimal xatolik esa 10% ni tashkil etdi. Ikkala koeffitsient ham a0 va a2 statistik ahamiyatga ega, ya’ni juda kichik qiymatlar mavjud P = , bu natija tasodifiylik deyarli nolga tengligini anglatadi. Tenglamaning ahamiyatliligi (R-kvadrat 0,95) yuqoriligini ko‘rsatdi, yaxshi adekvat modellar R-kvadrati 0,7 dan katta bo‘ladi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, O‘rta-Chirchiq gidroelektr stansiyalari kaskadida elektr energiyasini ishlab chiqarish hajmiga bir qator omillar ta’sir qiladi, degan xulosaga kelish mumkin. Bular Chirchiq daryosidagi oʻrtacha yillik suv oqimi, derivatsion kanaldagi oʻrtacha yillik suv oqimi, Chorvoq suv omboridan chiqarish punktidagi o‘rtacha yillik suv oqimi, G‘azalkent gidroelektr stansiyasining chiqish punktidagi o‘rtacha yillik suv sarfi, G‘azalkent gidropunktidagi o‘rtacha yillik suv sarfi, eng yuqori o‘rtacha yillik harorat, eng past o‘rtacha yillik harorat, yog‘ingarchilik kabi omillardir. Biroq, tadqiqot natijalari Chirchiq daryosidagi o‘rtacha yillik suv oqimi eng muhim omil ekanligini ko‘rsatdi (r-kvadrat=0,95454).
Shunday qilib, Chirchiq daryosidagi oʻrtacha yillik suv oqimi 1 birlikga ko‘paysa, boshqa omillar o‘zgarmagan holda (ceteres paribus farazi bilan), elektr energiyasini ishlab chiqarish 327,6 birlikga oshishini bashorat qilish mumkin. Ya’ni suv ko‘rsatkichi shartli ravishda 10 000 mln.m3 eng yuqori yillik ko‘rsatkichga yaqinlashganda (1994 yilda o‘rtacha yillik suv oqimi 9 494,81 mln.m3 bo‘lgan), O‘rta-Chirchiq gidroelektr stansiyalari kaskadi tomonidan elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 4 373,5 mln.kVt∙soatni tashkil etishini oldindan prognoz qilish mumkin bo‘ladi.