Hududlar sanoatni tеxnologik transformatsiya qilish yo'lida
30май

PMTI ekspertlari texnologik transformatsiyani mamlakat hududlari bo‘yicha baholadi.

Dunyo tajribasi yangi texnologik namunalar sharoitida mamlakat iqtisodiyotining sanoat sektorini transformatsiya qilish raqobatdagi ustunlikni mustahkamlash hamda innovatsion yangilanish imkoniyatini yuzaga keltirishda ko‘mak berishini tasdiqlaydi. Rivojlangan va jadal sur’atlar bilan rivojlanayotgan mamlakatlarda yuqori texnologik sektor o‘sish hamda barqaror iqtisodiy taraqqiyot drayveri hisoblanadi. (Khan J., Labonte O., 2017; Gil P. M., Afonso O., Brito P., 2019). Bu jihatdan sanoatni sifatli transformatsiya qilish O‘zbekiston uchun ustuvor yo‘nalishdir. U qo‘shilgan qiymat ulushi yuqori bo‘lgan iqtisodiy faoliyatning yuqori texnologiyali ishlab chiqarishini o‘zlashtirishni ko‘zda tutadi.

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar institutti (PMTI) 2022 yilning I choragida mamlakat hududlarida sanoatning texnologik transformatsiyasi (STT) ni baholashga qaratilgan tadqiqot o‘tkazdi. 

Tadqiqot natijasida O‘zbekistonda sanoatning texnologik transformatsiyasi (STT) ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilishning ijobiy tendensiyaga ega ekanligi bilan xarakterlanishi aniqlandi. Mamlakat qayta ishlash sanoatining umumiy hajmida yuqori texnologik va o‘rta-yuqori texnologik ishlab chiqarish ulushining ortishi shundan darak beradi.

Ma’lumot uchun:

Yuqori texnologik tovarlar: kompyuterlar, elektron va optik jihozlar, tibbiy, farmatsevtik preparatlar, o‘lchash asboblari va apparatlari.

O‘rta-yuqori texnologik tovarlar: elektr uskunalar va apparatlar, avtomobillar, kimyoviy  mahsulotlar va boshqalar.

Hududlar sanoatining texnologik transformatsiyasini baholash uchun RCA va HHI indekslaridan foydalanildi. Ular hududlar sanotining ixtisoslashuvi hamda difersifikatsiyalashuvini aniqlash imkonini beradi.

2022 yilning I choragi yakunlariga ko‘ra, hududlar sanoatining texnologik transformatsiyasida quyidagi o‘ziga xos jihatlar aniqlandi:

- O‘zbekiston sanoatining texnologik transformatsiyasi ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilishning ijobiy tendensiyasi bilan xarakterlanadi (2021 yilning I choragidagi 0,720 dan 2022 yilning I choragida 0,753 gacha). Bu yuqori texnologik mahsulotlar ulushining (2,5% dan 2,7% gacha), o‘rta-yuqori texnologik mahsulotlar ulushining  esa (19,2% dan 22,5% gacha) ortishi bilan bog‘liq;

- Toshkentr shahri, Jizzax, Xorazm, Qashqadaryo, Andijon viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi (HHI>0,600) sanoatining nisbiy diversifikatsiyalashuvi mazkur hududlarda o‘rta va past texnologik ishlab chiqarish quvvatlarining u yoki bu darajada bir tekis taqsimlanishi bilan xarakterlanadi;

- Sirdaryo (HHI ning ortishi 0,332 dan 0,465 gacha), Navoiy (0,221 dan 0,264 gacha), Jizzax (0,465 dan 0,765 gacha), Toshkent (0,504 dan 0,544 gacha) viloyatlari sanoati diversifikatsiyalashuvidagi ijobiy o‘zgarish asosan yuqori texnologik tayyor mahsulotlarning o‘zlashtirilishi hisobiga ro‘y berdi;

- Toshkent shahri (RCA=4,804) bilan bir qatorda Sirdaryo (1,959) va Toshkent (0,739) viloyatlari ham yuqori texnologik mahsulotlarni ishlab chiqarishda (RCA>0,700) raqobat ustunligiga ega (2021 yilning I choragi bilan taqqoslaganda ushbu hududlarda raqobat mavqei (ixtisoslashuv koeffitsiyentining oshishi)ning mustahkamlanishi kuzatilmoqda);

- Mamlakat hududlarining aksariyati (Toshkent sh, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Qashqadaryo, Xorazm, Samarqand viloyatlari) o‘rta-yuqori texnologik mahsulotlarni ishlab chiqarishning nisbatan rivojlanganligi (RCA>0,700) bilan ajralab turadi; Mazkur hududlarning qayta ishlash sanoatida mashinasozlik, kimyo va neft-kimyo sanoatlari rivojlangan.

Sanoatning texnologik transformatsiyasi (STT) O‘zbekiston Respublikasi davlat statistika qo‘mitasining oylik, choraklik va yillik ma’lumotlari asosida baholanadi. Bu esa hududlarda sanoatning texnologik rivojlanishini tizimli tarzda baholab borish, hududiy ustunlik va nomutanosibliklarni, hududlarni rivojlantiruvchi drayverlarni aniqlash imkonini beradi.

 

E.Yakubova,
PMTI guruh rahbari

M.Jamolov,
PMTI katta ilmiy hodimi

S.Mahmudov,
PMTI bosh ilmiy xodim
i