Internet va mobil aloqaning rivojlanishi ishsizlikni qanday kamaytiradi?
5авг

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari global ishsizlik muammosiga qarshi kurashishda yordam beradigan ish o'rinlarini yaratish uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda. Masalan, mobil telefon ilovalari sanoatining ravnaq topishi rivojlangan va jadal sur’atlar bilan rivojlanayotgan mamlakatlarda kichik va o‘rtacha korxonalar uchun yangi imkoniyatlar yaratdi.

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) O‘zbekistonda Internet va mobil aloqaning rivojlanishi ishsizlik darajasiga qanday ta’sir etayotganini hisobladi.

Tahlil so‘ngida quyidagi natijalar olindi:

  1. Optik tolali internet uzunligining 100 km ga oshishi ishsizlikning 0,04 f.p. ga qisqarishida yordam beradi.

  2. Internetdan foydalanuvchilar sonining 1 f.p.ga ortishi ishsizlikni 0,02 f.p. ga kamaytiradi.

  3. 100 ta yangi asosiy uyali aloqa stansiyasining qurilishi ishsizlik darajasini 0,05 f.p. ga kamaytirish imkonini beradi.

Garvard biznes maktabi rahbarligida olib borilgan "Reklama, kontent, savdo va innovatsiya bozorini yaratadigan Internetning iqtisodiy ta’siri: AQShning ish bilan bandligi va YaIMga qo‘shgan hissasi" nomli tadqiqot[1] natijalariga ko‘ra:

McKinsey[2] kompaniyasining bildirishicha, raqamlashtirishni rivojlantirish ta’siri ostida ishlarning bir qismi o‘z ahamiyatini yo‘qotadi. Pirovardida ularni bosqichma-bosqich yangi kasblar bilan almashtirishga to‘g‘ri keladi. Biroq, buning evaziga Internet maydoni ko‘proq yangi kasblar va ish o‘rinlarini yaratadi. Masalan, Fransiyada so‘nggi 15 yil ichida Internet va elektron tijoratning rivojlanishi natijasida 500 000 ta ish o‘rniga talab yo‘qolgan, 1,2 million yangi ish o‘rni yaratilgan. Shunday qilib, o‘sish koeffitsiyenti 2,4ni tashkil etgan, ya’ni talab yo‘qolgan bitta ish joyi o‘rniga 2,4 ta yangisi yaratilgan.

AKTning rivojlanishi ishsizlik darajasiga yana bir vosita orqali ta’sir ko‘rsatadi. Iqtisodiy taraqqiyotning hozirgi bosqichida bandlik bilan bog‘liq muammolarni yangicha yondashuv – masofaviy ish yoki frilans orqali hal qilish mumkin.[3].

Frilans shaxsiy martaba va daromadni oshirishdan tashqari bandlik muammosini davlat miqyosida hal qilish imkonini beradi. Ish bilan ta’minlanganlar sonini ko‘paytirish uchun maxsus xarajatlar talab etilmaydi. Chunki aholi "o‘zini o‘zi" ish bilan ta’minlaydi".

Bugungi kunda ko‘plab ish turlari onlayn frilans platformalari yordamida masofadan turib amalga oshiriladi. Xalqaro mehnat tashkiloti (ILO) ning ILabour loyihasi ma’lumotlariga asoslangan hisoboti shuni ko‘rsatadiki[4], dunyodagi onlayn ish o‘rinlarining eng katta qismi dasturiy ta’minotni ishlab chiqish va texnologik ishlar toifasiga to‘g‘ri keladi. Ularning barcha onlayn frilans ishlaridagi ulushi 2020 yilda 45% ni tashkil qilgan (2018 yilda - 39%).

O‘zbekistonda AKT sohasida band bo‘lganlar soni muttasil oshib bormoqda. Agar 2015 yilda sohada 33,4 ming kishi ishlagan bo‘lsa, 2021 yilda bu ko‘rsatkich 53,8 ming kishini tashkil etdi (o‘sish sur’ati – 161%). AKT sohasidagi o‘rtacha nominal ish haqi 2021 yilda 5,6 million so‘mni tashkil etgan (2021 yilda o‘rtacha ish haqi 3,2 million so‘mni tashkil qilgan).

Bugungi kunda O‘zbekistonda bir qator raqamli frilans platformalari faoliyat yuritmoqda. Ularning orasida Info shop[5], UzFreelance[6], Giglancer[7], 2work[8] va boshqalar bor. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda ro‘yxatdan o‘tgan o‘zini - o'zi ish bilan band qilganlar soni 547,6 ming kishini, 2021 yilda esa 1 million 157 ming kishini tashkil etgan[9].

Shu bilan bir qatorda, O‘zbekistonda yoshlarga zamonaviy raqamli kasblarni o‘rgatadigan onlayn ta’lim platformalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Upward onlayn platformasi ma’lumotlariga ko‘ra, ma’lumotlarni kirituvchi va tahlil qiluvchilar, videomuharrirlar, ishlab chiquvchilar, kontent yozuvchilar xalqaro mehnat bozorida talab eng yuqori bo‘lgan raqamli kasblardir.

AKTning O‘zbekistondagi ishsizlik darajasiga ta’sirini tahlil qilish uchun PMTI mutaxassislari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining 2015-2020 yillardagi (84 ta kuzatuv) hududlar bo‘yicha (12 ta viloyat, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahri) statistik ma’lumotlariga asoslangan ekonometrik modellardan foydalanildi.

Ekonometrik modellarni tuzish uchun hududlar bo‘yicha robast xatolar va klasterlashtirish[10] (LSDV), shuningdek, Driscroll-Creyning robast xatolari[11] (DKSE) hisobga olingan holda panel ma’lumotlarini tahlil qilish usullari qo‘llanildi. Ushbu modellar o‘zaro (mintaqaviy) va vaqt oralig‘idagi bog‘liqlik mavjud bo‘lganda eng samarali hisoblanadi. Boshqacha aytganda, ushbu modellar o‘zgaruvchilar o‘rtasida hududdan-hududga va oldingi qiymatlarga (o‘tgan yillar natijalarining hozirgi kunga ta’siri) bog‘liqlik mavjud bo‘lgan taqdirda, eng aniq natijalarni olish imkonini beradi.

Ekonometrik modellar natijasiga ko‘ra, optik tolali Internet uzunligi va internetdan foydalanuvchilar soni 1% muhimlik darajasida, yangi asosiy uyali aloqa stansiyalarining qurilishi esa 10% ahamiyatli ekanligi aniqlandi.

Olingan natijalarga ko‘ra, 100 ta yangi asosiy uyali aloqa stansiyasining qurilishi ishsizlik darajasini 0,05 foiz punktiga kamaytirish imkonini beradi. Shu bilan bir qatorda, optik tolali internet uzunligining 100 km ga oshishi ishsizlikni 0,04 foiz punktiga  qisqartirishi mumkin va internetdan foydalanuvchilar sonining 1 foiz punktiga  o‘sishi ishsizlikni 0,02 foiz punktiga kamaytiradi.

AKT rivojlanishi O‘zbekistonda ishsizlikni kamaytirishga sezilarli ta’sir qilmayotgani bugungi kunda iqtisodiyotning barcha tarmoqlari va aholi hayotida raqamlashtirish jarayoni endigina boshlangani bilan izohlanadi. AKT va raqamli kasblar, xizmatlar va imkoniyatlarning bundan keyin yanada ortishi ularning ishsizlikni kamaytirishga ta’sirini kuchaytiradi.

Tadqiqot natijalariga asoslangan holda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari O‘zbekistonda ishsizlikni kamaytirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda, deyish mumkin. Ayniqsa, ko‘proq ma’lumotlarni qayta ishlashga imkon beradigan yuqori tezlikdagi Internet omili ajralib turadi. Shuningdek, internetdan foydalanuvchilar sonining ortishi ishsizlikni kamaytirishga ikkita yo‘l orqali yordam beradi: odamlar ish joylarini kuzatib borish va onlayn platformalar orqali ish topish yoki to‘g‘ridan-to‘g'ri onlayn saytlarda ishlash.

Ikkinchi yo‘nalish yanada istiqbolli. Chunki bugungi kunda xalqaro mehnat bozorida raqamli kasblarga talab muttasil oshib borayapti. Deyarli barcha faoliyat turlari avtomatlashtirish davrini boshdan kechirmoqda. O‘zbekiston uchun internet orqali ish bilan ta’minlash barqaror iqtisodiy rivojlanishning istiqbolli manbai hisoblanadi. Chunki raqamli xizmatlar eksporti an’anaviy eksport paytida tovarlarni yetkazib berish bilan bog‘liq cheklovlarni yo‘qqa chiqaradi.

 

A.Kostyuchenko
PMTI loyiha rahbari,

O.Nazarov
PMTI katta ilmiy xodimi

 


[1] https://www.iab.com/news/study-finds-internet-economy-grew-seven-times-faster/#:~:text=More%20than%2017%20million%20jobs,companies%2C%20which%20generated%2034%20percent.
[2] https://economictimes.indiatimes.com/tech/internet/internet-creates-2-4-jobs-for-every-job-it-destroys-mckinsey/articleshow/8586070.cms
[3] https://ifmr.uz/archives/news/freelance
[4] https://ilabour.oii.ox.ac.uk/ilo-report-2021/
[5] https://infoshop.uz/
[6] http://uzfreelance.com/
[7] https://www.giglancer.uz/
[8] https://2work.uz/
[9] https://yuz.uz/ru/news/ya-frilanser
[10] S. H. Law, 2018: https://upmpress.com.my/product/applied-panel-data-analysis-short-panels/
[11] Driscoll-Kraay standard errors: http://fmwww.bc.edu/repec/bocode/x/xtscc_paper