Sanoat tarmoqlariga investitsiyalarni jalb qilish va ulardan samarali foydalanish qay darajada?
29янв

PMTI ekspertlari investitsiyalar O'zbekiston sanoatida qo'shilgan qiymatning o'sishiga qanday ta'sir qilishini baholadi.

Mamlakat iqtisodiyotining rivojlanishi va aholi turmush darajasining yaxshilanishi ko'p jihatdan investitsiyalar, jumladan xorijiy investitsiyalarni jalb etishning oqilona siyosatini shakllantirishga bog'liq. So'nggi vaqtlarda investitsiyalarning asosiy qismi sanoat sohasiga yo'naltirilayapti. Shu bois iqtisodiy o'sish ham asosan ushbu tarmoqning rivojlanishi bilan bog'liq.

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) tomonidan investitsiyalarning sanoat tarmoqlariga jalb qilinishi, taqsimlanishi va samarli foydalanilishini tahlil qilish va baholashga qaratilgan tadqiqot o'tkazildi.

Investitsiyalarning sanoat tarmoqlari bo'yicha taqsimlanishi

2012-2020 yillarda sanoatga kiritiltgan investitsiyalarning asosiy qismi ishlab chiqarishga yo'naltirilgan. O'tgan davr mobaynida mazkur tarmoqning ulushi o'rtacha 43,2% ni tashkil qilgan.

1-rasm. Investitsiyalarning sanoat tarmoqlari bo'yicha taqsimlanishi,
2012-2020 yillar oralig'ida o'rtacha ulushi %da

Manba: O'zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo'mitasi ma’lumotlari

2012-2020 yillar oralig'ida suv va elektr ta'minoti tarmoqlariga kiritilgan investitsiyalarning ulushi barqaror o'sish tendensiyaga ega bo'lgan. Tog'-kon sanoatiga kiritilgan investitsiyalar esa 2012-yildagi 39,7%dan 2020-yilda 25%gacha pasayib ketgan va  o'rtacha ko'rsatkich 38% ga teng bo'lgan.

Investitsiyalarni sanoat tarmoqlari bo'yicha jalb qilish samaradorligi

Investitsiyalarni tarmoqlar bo'yicha jalb qilish samaradorligini tarmoqning yalpi qo'shilgan sanoat qiymati shakllanishidagi hissasini tarmoqqa kiritilgan investitsiyalarning umumiy investitsiyalar hajmidagi ulushiga mosligi orqali baholash mumkin.

Umuman olganda, iqtisodiyotni jadal isloh qilish, tashqi iqtisodiy faoliyatni faollashtirish va erkinlashtirish, ya'ni vaziyatning beqarorligi sharoitida, sanoatga kiritilayotgan investitsiyalarning ulushi sanoatning iqtisodiyotdagi qo'shilgan qiymatni shakllantirishga qo'shgan ulushidan 1,5 barobar ko'p bo'ladi. O'rta muddatli istiqbolda mamlakat iqtisodiyotining tashqi va ichki investorlar uchun “yangilik” effekti yo'qolganidan so'ng, vaziyat barqarorlashadi.

Investitsiyalarni jalb qilishda samaradorligi bo'yicha eng maqbul tarmoqlarni aniqlash uchun Investitsiyalarni jalb qilish samaradorligi indeksi (Investment Performance Index, IPI) qo'llanildi.

Indeks tarmoqdagi investitsiyalarning sanoatga jalb qilingan umumiy investitsiyalar hajmidagi ulushi va tarmoqning sanoatdagi yalpi qo'shilgan qiymat shakllanishidagi ulushiga nisbati asosida hisoblanadi.

1 eng maqbul qiymat hisoblanadi va u tarmoq barqaror rivojlanayotgani, investitsiyalarni jalb qilish siyosati yaxshi yo'lga qo'yilgani, vaziyatni beqarorlashtiruvchi holatlar mavjud emasligini ko'rsatadi. Mazkur indeksni hisoblash uchun O'zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo'mitasining 2012-2020 yillardagi ma'lumotlaridan foydalanildi.

PMTI ekspertlari IPI qiymatini tahlil qilgandan so'ng, investitsiyalarni jalb qilish samaradorligining maqbul qiymatiga eng yaqin ega bo'lgan sanoat tarmoqlarini aniqladi.

Investitsiyalarni jalb qilish samaradorligining barqaror darajasi faqat nometall mineral mahsulotlar va kimyo mahsulotlarini ishlab chiqarish sohalarida qayd etilgan.

2-rasm. Sanoatda faoliyat turlari bo'yicha investitsiyalarni jalb qilish samaradorligi indeksi,
2012-2020 yillar bo'yicha o'rtacha ko'rsatkich

Manba: O'zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo'mitasi ma'lumotlari

Izoh: Optimal qiymati 1ga yaqin bo'lgan xududlar ajratib ko‘rsatilgan.

Indeksning ko'pgina tarmoqlar bo'yicha past ekanligi  raqobatbardoshlik darajasining ham pastligi, sanoatga investitsiyalarni jalb qilish siyosati yaxshi olib borilmayotganini ko'rsatadi.

Sanoat tarmoqlarini rivojlantirishda investitsiyalardan foydalanish samaradorligi

Mehnat unumdorligining o'sishi yoki investitsiyalarning qaytishi – ushbu omillardan qaysi biri iqtisodiyot tarmoqlarida qo'shilgan qiymatning o'sishiga ko'proq ta'sir ko'rsatadi? Buni aniqlashga qaratilgan tahlil o'tkazildi.

Umuman olganda, iqtisodiyot bo'yicha 2012-2020 yillarda iqtisodiyotdagi o'sish mehnat unumdorligining oshishi hisobiga ta'minlandi, investitsiyalarning qaytish dinamikasi salbiy omil bo'lgan. Aksincha, sanoat sohasida qo'shimcha qiymatning o'sishida asosiy rol investitsiyalarning qaytishi bilan bog'liq bo'lib, mehnat unumdorligining hissasi deyarli har doim salbiy ahamiyatga ega bo'lgan. Investitsiyalar qaytishining yetakchi roli ishlab chiqarish sanoatining aksariyat sohalarida qayd etilgan.

3-rasm. Mehnat unumdorligi va investitsiyalar qaytishining sanoat tarmoqlarida
qo‘shilgan qiymati o‘sishidagi hissasi, YAQQ o‘sishi %da

Manba: O'zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo'mitasi ma'lumotlari

Garchi kiritiladigan investitsiyalari shlab chiqarishning o'sishiga olib kelsada, mehnat unumdorligining ortishida o'z aksini topmaydi. Bu esa taraqqiyot uchun resurslardan foydalanish samaradorligi emas, balki resurslar hajmi oshirilayotganini ko'rsatadi.

O'tkazilgan tadqiqot natijalari sanoatning ko'plab tarmoqlarida investitsiyalarni jalb qilish samaradorligi past ekanligi, shuningdek, rivojlanish uchun ulardan yetarlicha foydalanilmayotganini ko'rsatdi. Kamchiliklar va tarmoqlarning o'ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda ularni barqaror rivojlantirish uchun investitsiyalarni samarali jalb qilish va foydalanish yo'lidagi muammolarni aniqlashga qaratilgan tahlil keyingi bosqich bo'lishi mumkin.

O'z navbatida, Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti, vaziyatni yanada chuqurroq tahlil qilgan holda mazkur tadqiqotni davom ettiradi.

* Investitsiyalarning sanoat tarmoqlari bo'yicha qanday taqsimlanishi yuzasidan o'tkazilgan tahlilga oid batafsil ma’lumotlar PMTIga murojaat qilinganda taqdim etilishi mumkin.

 

Muzaffar Karimov
PMTI loyiha rahbari