Konstitutsiya - baxtimiz qomusi
7дек

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 29 yilligiga

Yer yuzida ilk sivilizatsiyalar shakllanishi bilanoq dastlabki qonunlar to‘plami ham paydo bo‘lgan. 1877 yilda arxeologlar Mesopotamiyadagi qadimiy Girsu shahri vayronalarida olib borilgan qazish ishlari chog‘ida eramizdan avvalgi uchinchi ming yillikka oid qadimiy qonunlar to‘plamining matnlarini topgandi. Ular shumerliklarning shahar-davlati Lagashni boshqargan podshoh Uruinimgina boshqaruvi davriga oid edi. Qadimiy Bobil podshohi Xammurapining “Qonunlar to‘plami” ga oid ma’lumotlar ham asrlar osha bizga qadar yetib kelgan. Qadimgi Gretsiyada, aniqrog‘i Afinaning ham o‘z qonunlari bo‘lgan. Ular “Solon va Klisfen qonunlari” deb atalgan. Hullas, hech bir jamiyat tartib va qoidalar, qonunlarsiz yashay olmagan, biroq zamonaviy yuridik tushunchadagi konstitutsiya ilk bora Amerika Qo‘shma Shtatlarida qabul qilingan va u 1789-yilning 4-martida kuchga kirgan. Bugungi kunda dunyoning aksariyat mamlakatlari o‘z konstitutsiyasiga ega, biroq konstitutsiyasi yo‘q mamlakatlar ham bor. Garchi ularda konstitutsiya rasman yo‘q bo‘lsada, uning o‘rnini bosa oladigan qonunlar to‘plami mavjud.  

Konstitutsiya lotin tilidagi “constitutio” so‘zidan olingan bo‘lib, “tuzum, qonun, qoida” degan ma’nolarni bildiradi. U davlatning asosiy qonuni bo‘lib, oliy yuridik kuchga ega bo‘lgan alohida me’yoriy-huquqiy aktdir. Konstitutsiya davlatning siyosiy, huquqiy va iqtisodiy tizimini belgilaydi. Konstitutsiya davlatning ta’sis hujjati ham bo‘lib, unda davlatni barpo etishdan ko‘zlangan asosiy maqsadlar ifoda etiladi. Har bir xalqning konstitutsiyasi uning o‘ziga xos madaniyati, shart-sharoiti va qadriyatlarini aks ettiradi. Qolaversa, konstitutsiya har bir fuqaroning umumjahon huquqlarini belgilovchi va himoya qiluvchi asosiy hujjat hamdir.  

Mamlakatimiz Bosh Qomusida jamiyat va davlat, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining tuzilishi va faoliyatining asosiy qoidalari, ularning vakolatlari, fuqarolarning asosiy huquq va burchlari, jamiyat va shaxs o‘rtasidagi munosabatlar  belgilab berilgan.

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi 1992-yilning 8-dekabrida XII chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining XI sessiyasida qabul qilingan. U 6 bo‘lim, 26 bob, 128 moddadan iborat bo‘lib, unda mamlakatimizni huquqiy, demokratik jihatdan rivojlantirishning asosiy prinsiplari belgilangan.

Konstitutsiyamizning xalqaro tashkilotlar va ekspertlar tomonidan e’tirof etilishi davlatimizning dunyo hamjamiyatidagi nufuzini oshirmoqda. Uni xalqimiz tarixidagi eng katta yutuqlardan biri, deb bemalol aytish mumkin. Chunki aynan asosiy qonunimiz suveren davlatimizning huquqiy negizini shakllantirishning mustahkam  poydevori, mustaqil davlatchiligimizning tamal toshi bo‘ldi.

Yurtimizda erkin bozor munosabatlariga asoslangan iqtisodiyotni rivojlantirish, xalqimiz uchun obod va farovon hayotni barpo etish, xalqaro maydonda o‘zimizga munosib o‘rin egallashda asosiy qonunimiz mustahkam zamin bo‘lib kelmoqda. 

Konstitutsiya – biz uchun nafaqat muhim hayotiy qo‘llanma, balki g‘urur-iftixor manbai, shu zaminda istiqomat qilayotgan, millati, tili, dinidan qat’i nazar, barcha insonlar uchun mustahkam bir himoyadir. 

Konstitutsiya - nafaqat bugungi kunning qomusi, balki u ertangi kunimiz, qurayotgan jamiyatimiz istiqbolini aniqlab beruvchi hujjat, farzandlarimiz yo‘lini yoritib turguvchi mayoqdir. Shunday ekan, jamiyatimiz hayotining mezoni bo‘lgan konstitutsiyani chuqur va har tomonlama o‘rganishimiz, uning ma’nosiga yetib borib, hayotimizning doimiy qo‘llanmasiga aylantirishimiz darkor.