Vatanni madh etish, uning sha’nini ko'klarga ko'tarish, o'z taqdirini vatan taqdiriga dahldor, deb bilgan har bir insonning muqaddas burchidir. Buni faqat yurakdan teran his qilish lozim. Yer yuzida madaniyatlar, sivilizatsiyalar paydo bo'libdiki, ularning har biri o'z erki, o'z tili, e’tiqodi, urf-odat va an’analarini bor kuchi bilan himoya qilgan, asragan, avaylagan. Bunda ularga tantana bilan ijro etiladigan qo'shiqlar, madhiyalar kuch-quvvat bergan, ruhlantirgan, shijoat baxsh etgan.
Ona yurt, unung qahramonlari ko'rsatgan jasoratlar madh qilingan qo'shiqlar haqidagi ma’lumotlar qadimgi Shumer, Bobil, Misr, Gretsiya, Rim davrlariga borib taqaladi. Biroq bizning bugungi tushunchamizdagi milliy madhiyalar ancha kech paydo bo'lgan. Yaponiyaning “Kimigayo” madhiyasi dunyodagi eng qadimiy milliy madhiya hisoblanadi. Uning matni 794-1185 yillar oralig‘idagi Xeyan davri she’rlar to'plamidan olingan. Musiqasi esa taxminan 1880 yilda bastalangan. Yaponiya milliy madhiyasi matni yana dunyodagi eng qisqa matn ham hisoblandi. U bor-yo'g'i 4 qatordan iborat. Dunyo mamlakatlari orasida Gretsiya milliy madhiyasi eng uzun madhiya sifatida hatto Ginnes rekordlari kitobiga ham kiritilgan. U 158 ta kupletdan iborat. Biroq osonroq bo'lishi uchun u ikki kupletga qadar qisqartirilgan.
Yevropa mamlakatlarida milliy madhiyalar XVI-asrning ikkinchi yarmidan paydo bo‘la boshlagan.
Davlat madhiyasi asosan milliy yoki mamlakatda keng tarqalgan tilda ijro etiladi. Bittadan ortiq milliy tilga ega mamlakatlarda esa madhiya ham bir necha tilda ijro etilishi mumkin. Masalan, Shveytsariya Konfederatsiyasining milliy madhiyasi matni to'rtta tilda yozilgan. Kanada davlat madhiyasi esa ko'pincha ikkita tilda ijro etiladi. Madhiya necha tilda ijro etilmasin, uning mohiyati o'zgarmasdan qolaveradi. Madhiya – qalbida o'z vataniga muhabbat va sadoqat tuyg'usi bor har qanday kishida milliy g'urur, o'ziga xos faxr, eng muhimi yurtga mehr uyg'otadi. Bu milliy timsolda xalqning o'tmishi, buguni va kelajagi, shuningdek, orzu-umidlari, maqsadlari mujassam. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, O'zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi ham biz uchun nihoyatda qadrli. Chunki unda xalqimizning ezgu orzu-umidlari, kelajakka mustahkam ishonchi teran ifodalangan. Unda mardona va shon-sharafga boy o'tmishimiz, milliy an’ana va qadriyatlarimiz, tinchlik, osoyishtalik, millatlararo totuvlik va birodarlik kabi umuminsoniy tuyg'ular tarannum etilgan.
1992-yilning 10-dekabrida “O'zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilingandi. Mana oradan 29 yil o'tdi. O'zbekiston xalqaro miqyosda o'z o'rnini yanada mustahamlashga intilayotgan bir davrda rasmiy tashriflar, umumxalq bayramlari, yirik tadbirlar, tantanali marosimlar avvalida madhiyamizning yangrashi qalblarimizga g'urur bag'ishlab kelmoqda. Ayniqsa, yurtdoshlarimiz xalqaro miqyosda o'tkazilgan ilm-fan, sport musobaqalarida yuqori natijalarga erishgan paytida, O'zbekiston bayrog'ining baland ko'tarilishi va madhiyasining yangrashi har bir yurtdoshimiz qalbiga faxr, iftixor tuyg'ularini bag'ishlaydi. Vatanimiz madhiyasi ham uning o'zi kabi aziz va muqaddasdir. Madhiya davlat suverenitetining ramzi. U bizni farovon jamiyat qurilishi yo'lida fidokorona mehnat qilishga, bunyodkorlik, yaratuvchilik ruhi bilan yashashga, yangi-yangi marralar sari olg'a intilishga undaydi. Shu bilan birga farzandlarimizning har tomonlama barkamol va yetuk insonlar bo'lib voyaga yetishida muhim tarbiyaviy vosita bo'lib xizmat qilmoqda.
Madhiyamizga ehtirom ko'rsatish, hurmat qilish shu zaminda yashayotgan barcha yurtdoshlarimizning vatanparvarlik burchidir.