Oziq-ovqat ta’minotida barqarorlikni saqlashga qaratilgan urinishlarga qaramay, ko‘plab rivojlanayotgan mamlakatlarda qishloq xo‘jaligidagi hosildorlik mavsumiy ob-havoga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Global iqlim o‘zgarishi sharoitida yog‘ingarchilik miqdorining kamayib ketishi oqibatlarini yumshatish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun qurg‘oqchil sharoitga moslasha oladigan ekin navlarini yaratish va ularni yetishtirish texnologiyalarini ishlab chiqish hamda tarqatish zarurati ortib bormoqda.
Yog‘ingarchilik miqdori kamayishining ta’siri ayniqsa Afrikaning Sahroi Kabir hududidan janubiy yo‘nalishda joylashgan dunyodagi oziq-ovqat inqirozi markazida kuchli seziladi. Bu yerda qishloq xo‘jaligi kambag‘al uy xo‘jaliklarining asosiy faoliyat turi hisoblanadi.
Olimlar Ericksen, Ingram va Liverman (2009) o‘z tadqiqotlarida 2008 yilda kuzatilgan oziq-ovqat narxining global miqyosda oshishida iqlim hodisalari muhim rol o‘ynaganini aniqladi. Dhoubhadel, Sunil & Azzam, Azzeddine & Stockton, Matt (2015) olib borgan tadqiqoti natijalari yog‘ingarchilik miqdorining kamayib borishi go‘sht va go‘sht mahsulotlari narxining oshishiga ta’sir qilishini ko‘rsatdi. Shunga ko‘ra, qurg‘oqchilikning mol go‘shti narxi o‘zgarishiga ta’siri ikki omilga bog‘liq. Bir tomondan, qurg‘oqchilik tufayli qoramollarni yaylovlarda boqish imkoniyati kamaysa, ikkinchi tomondan, mol go‘shti ishlab chiqarishda ozuqaning asosiy manbalari bo‘lgan makkajo‘xori va soya yetishtirish keskin qisqaradi.
PMTI ekspertlari o‘tkazgan tahlil natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda go‘sht narxining o‘sishi mavsumiy xarakterga ega. Iyul, avgust, sentyabr va oktyabr oylarida eng yuqori o‘sish sur’atlari qayd etiladi. Masalan, 2019 yilning ana shu oylarida mol go‘shti narxi 3,6%, 7,6%, 5,8% va 2,1%, 2020 yilda esa 0,6%, 1,5%, 3,3% va 5,9% ga oshgan. O‘zbekistonda dekabr-yanvar oylarida narxning tushishi yoki kam miqdorda o‘sishi kuzatiladi (1-rasm).
Go‘sht narxning o‘zgarish dinamikasi fevral oyining oxiri, mart va aprel oylaridagi yog‘in miqdori va bu oylardagi havo harorati bilan uzviy bog‘liq. Yaylovlarda chorva mollari iste’mol qiladigan o‘simliklarning erta bahorda unib chiqishi, o‘sishi va yetilishidagi asosiy omil ham shu. Xususan, fevral oyining oxiri va mart oyida yog‘ingarchilik miqdori va quyoshli kunlarning kam bo‘lishi o‘simliklar baravj o‘smasligi va yetilgan o‘simliklarning bo‘yi past bo‘lib qolishiga olib keladi. Bu esa ozuqa tanqisligini keltirib chiqaradi. O‘zbekistonda fevral, mart va aprel oylaridagi o‘rtacha yog‘ingarchilik miqdori 2019 yilda 118,0 mm.ni tashkil etgan bo‘lsa, 2020 yilda 92,4 mm.gacha kamaygan. 2018-2020 yillarni qamrab olgan tadqiqot natijalari mamlakatimizda 22% holatda yog‘ingarchilikning o‘zgarishi mol go‘shti narxining o‘zgarishi bilan bir paytga to‘g‘ri kelishini ko‘rsatdi.
Aytish joizki, yog‘ingarchilik miqdori ma’lum bir davr uchun yomg‘ir va qorning taxminiy suv ekvivalenti yig‘indisi sifatida aniqlanadi. Yangi yoqqan qor uchun 0,1 solishtirma og‘irlik qo‘llaniladi, ya’ni 10 dyuym (25,4 sm) yangi yoqqan qor bir dyuym (2,54 sm) yomg‘irga teng, deb hisoblanadi. O‘zbekiston hududlari orasida Toshkent, Namangan, Surxondaryo va Jizzax viloyatlari eng ko‘p yog‘ingarchilik kuzatiladigan hududlar sanalsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Navoiy va Buxoro viloyatlari mazkur ro‘yxatda oxirgi o‘rinlardan joy olgan.
Iqlim tadqiqotlari bo‘limi (Climatic Research Unit) ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda yog‘ingarchilikning eng ko‘p miqdori 1969 yilda kuzatilgan. O‘shanda yillik o‘rtacha yog‘in miqdori Toshkent viloyatida 77,1 mm., Namangan viloyatida 66,8 mm., Sirdaryo viloyatida 58,0 mm. va Jizzax viloyatida 57,5 mm. ga teng bo‘lgan. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda yog‘ingarchilikning eng ko‘p miqdori 2003 yilda kuzatilgan bo‘lib, 2020 yil bilan qiyoslaganda yog‘inlarning yillik o‘rtacha miqdoridagi farq seryog‘in hududlar hisoblanuvchi Toshkent viloyatida 22,9 mm., Namangan viloyatida 19,0 mm., Farg‘ona viloyatida 15,9 mm. va Jizzax viloyatida 10,7 mm. ni tashkil etgan.