Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari iqtisodiyot tarmoqlari bo'yicha qo'shilgan qiymat solig'i (QQS), soliq yuki va QQS 3 foiz punktgacha tushiriladigan bo'lsa, bu iqtisodiyotga qanday ta'sir etishini tahlil qildi
3окт

2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida belgilangan milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha vazifalar doirasida 2023-yildan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasini 12 foizga kamaytirish ko‘zda tutilgan.

Qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) budjet daromadlarining asosiy manbai hisoblanadi. 2021-yilda QQS bo‘yicha tushumlar 38,4 trillion so‘mga yetib, jami daromadlarning (maqsadli jamg‘armalarsiz) 23,4% ini tashkil qildi. QQS tushumlarining 44% i sanoat tarmoqlari, 18% i qurilish tashkilotlari, 13% i ulgurji va chakana savdo korxonalarining hissasiga to‘g‘ri keladi.

“Xarajatlar-ishlab chiqarish” hisobot jadvali ma’lumotlaridan foydalangan holda tarmoqlararo hisoblangan (yoki haqiqiy)  QQS stavkalari (QQS bo‘yicha tushumlarning tarmoqlardagi qo‘shilgan qiymatga nisbati) QQS bo‘yicha tarmoqlardagi soliq yukini (hisoblangan stavkaning normativ stavkaga nisbati sifatida, 2018 yilda 20%) baholash va quyidagi xulosalarni chiqarish imkonini berdi.

QQS bo‘yicha soliq yuki iqtisodiyot tarmoqlari va sektorlari bo‘yicha notekis taqsimlangan. Masalan, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida soliq yuki 8,5%, qishloq xo‘jaligida salkam 5% bo‘lsa, qurilish va telekommunikatsiya xizmatlari yo‘nalishida – 79%, chakana va ulgurji savdoda 59%, sanoatda 43% ni tashkil etgan. Bu iqtisodiyotning turli tarmoqlari va sohalari uchun bir xil sharoit yaratilishini cheklab, raqobat tamoyillarining amal qilish doirasini cheklaydi.

Umuman olganda, iqtisodiyot bo‘yicha tarmoqlararo o‘rtacha nisbiy stavka 24% ni tashkil etdi.

Bu QQS ning hozirgi 15% li nominal stavkasi sharoitida, haqiqiy stavka 3,6% ni tashkil etishini anglatadi. (15% * 0,24 = 3,6%).

Soliq yukining eng yuqori darajasi narxlarning o‘zgarishi va ishlab chiqarishning boshqa sharoitlaridan qat’iy nazar ularga barqaror talab mavjud bo‘lgan tarmoqlar (qurilish, savdo-sotiq, ayrim xizmat ko‘rsatish turlari)ga xos. Ularning hissasiga iqtisodiyot bo‘yicha ishlab chiqarishning (YaIM va ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha) atigi 15%i, ishchilarning 14%i to‘g‘ri keladi. Ushbu guruhning o‘ziga xos xususiyati tashqi muhitga eng kam bog‘liqlik darajasidir.

Soliq yukining o‘rtacha darajasi qazib olish va qayta ishlash sanoati uchun xarakterlidir. Ushbu tarmoqlarga iqtisodiyotda YaIMning ¼ qismi to‘g‘ri keladi. Mazkur tarmoqlar jahon iqtisodiyoti bilan eng ko‘p bog‘liq bo‘lgan tarmoqlardir. Chunki oraliq importning 83% dan ortig‘i va umumiy eksport hajmining 2/3 qismidan ko‘prog‘i ularning ulushiga to‘g‘ri keladi. Yuqori soliq yuki sanoat mahsulotlari eksportining o‘sishini cheklaydi. Chunki ushbu tarmoqlar uchun QQSning amaldagi yuqori stavkasi tarmoq mahsulotlari narxlarining oshishi va raqobatbardoshligining pasayishiga olib keladi.

 

Natijalar

QQS tovarlar/xizmatlar narxiga kiritilganligi sababli QQS nominal stavkasining 15% dan 12% gacha tushirilishi iqtisodiyotning real sektorida narxlarning pasayishiga olib keladi.

“Xarajatlar-ishlab chiqarish” narx modelidan foydalangan holda amalga oshirilgan hisob-kitoblarga ko‘ra, bunday pasayish 0,81% ni tashkil etadi, deb baholanmoqda.

Boshqacha aytganda, narxlar umumiy indeksining 0,8 foiz punktga pasayishi soliq tushumlari bo‘yicha yo‘qotishlar (QQS tushumlarining 20% ga yoki budjetdan tashqari jamg‘armalarni hisobga olmaganda barcha soliq tushumlarining 4,7% ga kamayishi) uchun kompensatsiya bo‘ladi.

Bunda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir (tarmoqlararo o‘zaro ta’sirlarni hisobga olmagan holda) 0,57 foiz punktni, bilvosita ta’sir (tarmoqlararo o‘zaro ta’sirlar bilan) esa 0,24 foiz punktni tashkil etadi. (0,57+0,24=0,81).

Narxlarning pasayishiga qayta ishlash sanoati (39%), qurilish (14%) va ulgurji va chakana savdo (10%) tarmoqlari eng katta hissa qo‘shadi, ya’ni ushbu uchta tarmoq ulushiga umumiy narxlar pasayishning deyarli 2/3 qismi to‘g‘ri keladi (0,8% dan).

Shu nuqtayi nazardan, amaldagi va nominal stavkalar o‘rtasidagi tafovutni (100% -24% = 76%) qisqartirish, shuningdek, standart og‘ish bo‘yicha 22,8%ni tashkil etgan amaldagi (hisoblangan) stavkalarning tarmoqlararo o‘rtacha ko‘rsatkichini (24%) kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar nisbatan istiqbolli bo‘lishi mumkin. Bu esa QQS bo‘yicha standart stavkasi pasaygan taqdirda ham soliq tushumlarining o‘sishini ta’minlaydi.

Ushbu chora-tadbirlar nimadan iborat bo‘lishi kerakligini aniqlash mazkur  tadqiqotning maqsadi emas. Shu bilan birga, Xitoy tajribasini o‘rganish foydalidir. Xitoyda QQS ning standart stavkasi 13% ni tashkil qiladi. 9% li (chakana savdo, ko‘ngilochar, mehmonxona biznesi, umumiy ovqatlanish, qurilish, transport, pochta va logistika xizmatlari) va 6% li (moliyaviy sektor va sug‘urta, axborot texnologiyalari va konsalting) pasaytirilgan QQS stavkalari amal qiladi.

Soliq solish tizimidagi tez-tez o‘zgarishi optimal emas. Ammo QQSning tabaqalashtirilgan stavkalarini joriy etish masalasini ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, u o‘zini oqlamagan soliq imtiyozlarining aksariyatini bekor qilgan holda amalga oshirilishi zarur. Bunda tayyor mahsulotning umumiy ishlab chiqarishdagi ulushi qancha yuqori bo‘lsa, QQS stavkasi ham shuncha past bo‘lishi kerak. Bu esa korxonalarga yangi texnologiyalar va innovatsiyalarni joriy etish, qo‘shilgan qiymat ulushini oshirish va tez o‘sib borayotgan soliq yuki shaklida katta xarajatlarga yo‘l qo‘ymaslikda yordam beradi.

Kelgusi tadqiqotlarning yo‘nalishlari 2019-yil uchun batafsil “Xarajatlar-ishlab chiqarish” jadvalidan foydalanish, soliq statistikasi narxlari va “Xarajatlar-ishlab chiqarish” jadvali narxlarini moslashtirish bilan bog‘liq. Kelgusida hamkorlikda olib boriladigan ishlar IFUT (Iqtisodiy faoliyatning umumdavlat tasniflagichi)ning qayta ishlash va xizmat ko‘rsatish sohasi tarmoqlari bo‘yicha soliq statistikasini batafsil ko‘rib chiqish imkonini beradi.

Modellar majmuasini takomillashtirish nisbiy narxlarning o‘zgarishini ishlab chiqarish, iste’mol va tashqi iqtisodiy ko‘rsatkichlar bilan bog‘lash imkonini beradi.


TAHLILNING TO‘LIQ VARIANTNI BU YERDA YUKLAB OLISH MUMKIN