Odamzot hamma vaqt tabiat bilan uyg'un yashashga, Quyosh va Oyning harakatini, fasllar almashinishini, kun va tunning tenglashishini muttasil kuzatib borishga harakat qilgan. Chunki uning hayoti ko'p jihatdan shunga bog'liq bo'lgan. Bugun dunyoning deyarli barcha hududlarida buni isbot etuvchi tarixiy yodgorliklar mavjud. Ma'lumki, 21 mart bu – bahorgi teng kunlik. Shu bois ham «yangi kun» degan ma'noni bidiruvchi Navro'z qadimdan tabiatning uyg'onishi, yangilanish va yasharish ayyomi sifatida nishonlab kelingan.
Navro'z munosabati bilan O'zbekistonning har bir viloyati, shahar va tumanlarida qiziqarli bayram dasturlari, xalq sayllari tashkil etiladi. Doshqozonlarda palov damlanib, sumalak qaynatiladi. Darbozlaru-karnaychilar o'z iqtidorini namoyish qilsa, folklor jamoalari milliy kuy-qo'shiqlarni ijro etadi.
Navro'z bayrami kunlari yurtimizning har bir go'shasida bahor taomlariyu - turli milliy o'yinlarga alohida urg'u beriladi. Sumalak, halim, ko'ksomsa, ko'kchuchvara kabi taomlar bayram dasturxonining ko'rkiga aylanadi. Ayniqsa, sumalak bazmlarining o'zgacha gashti bor.
Sumalak tayyorlash an'anasining ildizlari ham qadim moziyga borib taqaladi. Qadimgi turkiy «suma» so'zidan kelib chiqqan sumalak «sharbat uchun qilingan», «undirilgan arpa» degan ma'nolarni anglatadi. Undirilgan bug'doy shirasi, yog' va undan tayyorlanuvchi mazkur taom doshqozonda 24 soat davomida pishiriladi. Turli xil ko'katlardan tayyorlanuvchi ko'ksomsa inson organizmiga eng kerakli, quvvat beruvchi vitaminlarga boy taom. Halim ham bug'doy va mol go'shtidan tayyorlanadigan qadimiy milliy taomlardan biri. Ming dardga davo bo'lgan milliy taomlar Navro'z dasturxoniga o'zgacha kayfiyat, shukuh bag'ishlaydi.
O'zbekistonda Navro'z ayyomini milliy o'yinlarsiz tasavvur qilib bo'lmaydi. Bolajonlar ko'kda varrak uchiradi. Bayram «Kurash», «Ko'pkari», «Arqon tortish», «Chillak», «Beshtosh» kabi o'yinlar bilan yanada gashtli va zavqli o'tadi. E'tiborli tomoni, bu o'yinlarning barchasi yoshlarning jismonan va ruhan sog'lom, chidamli bo'lib kamol topishida yordam beradi.
Navro'z bu faqatgina tabiatda kechadigan o'zgarishlar mohiyatini anglatuvchi bayramgina emas. U milliy o'zlikning ham ajralmas bir qismidir. U xalqning minglab yillik tarixi, qadriyatlari va an'analarini ham o'zida mujassam etuvchi hayot falsafasidir.
2009-yilda Navro'z bayrami YUNЕSKOning insoniyat nomoddiy madaniy merosi ro'yxatiga kiritilgan bo'lib, 2010-yilda BMT Bosh Assambleyasi 21-martni «Xalqaro Navro'z kuni» deya e'lon qildi va ushbu qadimiy bayramni dunyo bo'ylab targ'ib qilishga chaqirdi. Bugungi kunda Navro'z bayrami dunyo miqyosida Xitoydan to Bolqon mintaqasiga qadar cho'zilgan ulkan bir hududda yashovchi taxminan 350 million kishi tomonidan katta tantana bilan nishonlanadi.