Tashabbusli byudjet: ijtimoiy muammolarini joylarda hal etishdagi yangicha yondashuv
16май
Kirish. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida aholini byudjet mablag‘larini taqsimlash jarayoniga jalb etish hamda aholi va mahalliy hokimiyat organlari o‘rtasida konstruktiv muloqot o‘rnatish va ochiq maydonchalarni tashkil etish orqali ularning fuqarolik jamiyati hayotidagi ishtirokini faollashtirishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.
Tashabbusli byudjetlashtirish bevosita davlat moliya tizimi bilan bog‘langan va shu bilan bir qatorda hududiy davlat moliya siyosatining obyektiga aylangan. Bu fuqarolar manfaati va jamoatchilik nazoratining ta’sirchan mexanizmlari asosida byudjet mablag'laridan samarali foydalanish vositasidir.
Aholi Open budget.uz platformasi orqali mahallasi, aholi punkti va tumanidagi u yoki bu ijtimoiy muammoni hal etish bo‘yicha o‘z takliflarini faol bildirmoqda. Masalan, bu infratuzilmalarni yaxshilash, ichimlik suvi bilan ta’minlash, ko‘chalarga yoritish qurilmalarini o‘rnatish va ta’mirlash, maktablarni ta’mirlash va jihozlash, bolalar maydonchalari va sport maydonchalari, istirohat bog‘larini qurish, ekologik vaziyatni yaxshilash va hokazolar bo‘yicha takliflar bo‘lishi mumkin.
Quyida tashabbusli byudjetlashtirish loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, O‘zbekistonda fuqarolarni loyihalarni taklif etish, tanlash va amalga oshirish jarayoniga jalb qilish bo‘yicha keyingi qadamlarning o‘ziga xos xususiyatlari ochib berilgan.
Tashabbusli byudjetlashtirish tushunchasi va uning mohiyati. Tashabbusli byudjetlashtirish (ko‘pincha ijtimoiy byudjet) bu byudjet xarajatlari smetasini shakllantirish, ularni muhim ijtimoiy muammolarni hal etishga yo‘naltirish imkonini beruvchi moliyaviy vositadir. U o‘zida hudud, tuman, shahar, mahalla aholisining asosiy ehtiyojlari va hohish irodasini aks ettiradi.
Bunda mahalla aholisining byudjet mablag‘lari ma’lum bir qismining sarflanishi bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surish orqali mahalliy o‘z-o‘zini boshqarish jarayonida bevosita ishtirok etishi ko‘zda tutiladi.
Mahalliy byudjet tashabbuslari uchun ovoz berish doirasida ijtimoiy masalalarni hal etishning mazkur mexanizmi (ijtimoiy jihatdan ahamiyatga molik loyihalarni ilgari surish, keyinchalik loyihalarning amalga oshirilishini nazorat qilib borish) fuqarolarga byudjet mablag‘larini taqsimlash jarayonida ishtirok etish va ustuvor yo‘nalishlarni aniqlash va mablag‘larni ijtimoiy jihatdan muhim muammolarni hal etishga yo‘naltirish imkonini beradi.
Dunyo tajribasi. So‘nggi o‘n yilliklarda jahon amaliyotida ham tashabbusli byudjetlashtirishga qiziqish sezilarli darajada oshdi. Jahon amaliyotida qo‘llanilayotgan tashabbusli byudjetlashtirishning asosiy turlariga quyidagilar kiradi:
1) partisipator (ishtirokchi) byudjetlashtirish (participatory budgeting), yoki “Portu-Alegri modeli” (Braziliya, tashabbusli byudjetlashtirish tarixidagi birinchi yirik tajriba, 1989 yil).
2) Ijtimoiy investitsiya fondlari (Social investment Fund, SIF), ularda moliyaviy loyihalar tanlov asosida taqsimlanadi.
3) Mahalliy jamoalarning kuchi yordamida amalga oshiriladigan taraqqiyot loyihalari (Community Driven Development, CDD) obyektiv mezonlar bo‘yicha donorlar (JB, BMT agentliklari) tomonidan taqsimlanadi; hamjamiyat (Community Led Local Development, CLLD) boshqaruvi ostidagi mahalliy taraqqiyot loyihalari – Yevropa Ittifoqi agentliklari.
4) Aralash amaliyotlar (misol: Qishloq taraqqiyoti loyihasi, Qirg‘iziston. JB).
Tashabbusli byudjet loyihalari butun dunyo bo‘yicha keng tarqalgan. Braziliya (Portu-Alegri)da amalga oshirilgan loyiha dastlabki loyihalardan biri bo‘ldi. Shundan so‘ng bu amaliyot Lotin Amerikasi, Osiyo, Afrika, Shimoliy Amerikada (1-rasm) qo‘llanila boshlandi. 2005 yilga kelib, u dunyoning 40 dan ortiq mamlakatiga tarqaldi.
1-rasm. Tashabbusli budjet loyihalarining dunyo bo‘yicha tarqalishi
Manba: World bank, Participatory budgeting.org (2021 y.)
Yevropada partisipator byudjetlashtirish 2001 yilda Italiya, Ispaniya va Fransiyadagi mahalliy o‘z-o‘zini boshqarish organlari tomonidan tatbiq etildi. Yevropada Lissabon (2008 yil) shahar miqyosida elektron ovoz berish asosida partisipator budjetlashtirish mexanizmi tatbiq etilgan birinchi poytaxt bo‘ldi. 2019 yilda esa barqaror taraqqiyotni moliyalashtirishtirish uchun “yashil” partisipator byudjetlashtirish tatbiq qilindi.
AQSHda tashabbusli byudjetlashtirishning byudjet ochiqligi siyosatiga to‘liq integratsiyalashuvi 2013-2015 yillarda ro‘y berdi. (Tajriba 2009 yilda Chikagoda, 2011 yilda esa Nyu-Yorkda boshlandi).
Tashabbusli byudjetlashtirish sohasida Xitoy, qolaversa dunyodagi eng katta tajriba Chendu shahrida amalga oshirildi. Bunda infratuzilmalar, shuningdek, qishloq xo‘jaligi, biznes va madaniyatni rivojlantirish bo‘yicha 50 mingta loyiha qabul qilindi.
Malavidagi sifatli asosiy bilimlar uchun Fuqarolik jamiyati koalitsiyasi tashabbusli byudjetlashtirish doirasida loyihalar monitoringi bo‘yicha jamoatchilik sa’y-harakatlariga yaxshi misol bo‘la oladi. U maktab byudjetini monitoring qilish natijalariga oid ma’lumotlarni to‘playdi, davlat maktablarida yomon xizmat ko‘rsatilayotgan aktivlarni aniqlaydi, byudjet mablag‘larining taqdim etilishi va ulardan foydalanish muddatlarini sharhlaydi.
Filippinda aholi yo‘l infratuzilmalarini qurish bo‘yicha ijtimoiy loyihalarni boshqarishda ishtirok eta boshladi va hisobotlardagi nomuvofiqliklarni aniqladi hamda shu tariqa loyiha uchun ajratilgan mablag‘lardan maqsadli foydalanilishni ta’minladi.
Xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda tashabbusli byudjetlashtirish hukumat faoliyatining muhim yo‘nalishi ekanligi va davlatning markaziy hamda hududiy darajadagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlari tarkibiga kiritilganini qayd etish mumkin.
O‘zbekistonda tashabbusli byudjetlashtirishni tatbiq etishning qonuniy asoslari.
O‘zbekistonda tashabbusli byudjetlashtirish vositalari 2019 yildan tatbiq etilmoqda. Byudjet mablag‘larini taqsimlashda fuqarolarning ishtirok etish mexanizmi tuman (shahar) byudjetlaridagi qo‘shimcha daromadning bir qismini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun yo‘naltirishni ko‘zda tutadi. 2021 yilda fuqarolarning tashabbuslari uchun ajratiladigan ushbu mablag‘ manbalari sezilarli darajada kengaytirildi va qo‘shimcha daromadlarning 10 foizidan 30 foiziga yetkazildi. 2022 yildan boshlab barcha tumanlar (shaharlar)da ushbu maqsadlar uchun tasdiqlangan mahalliy byudjetlar xarajatining 5 foizi yo‘naltirilmoqda.
Moliyalashtirish hajmining kengayishi hisobga olingan holda, fuqarolik tashabbuslari loyihalari bo‘yicha takliflarni ilgari surish, tanlash, umumiy ovoz berish mexanizmi va bosqichlari ham qayta ko‘rib chiqildi.
2022 yilning 1 yanvaridan “Ochiq byudjet” axborot portali orqali “Mening yo‘lim” loyihasi doirasida jamoatchilik fikridan kelib chiqqan holda mahalliy ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun ajratiladigan mablag‘larning 50 foizini tuman va shahar byudjetlarining parametrlarida ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun yo‘naltirish tartibini belgilandi.
Byudjet jarayonining ochiqligini ta’minlash maqsadida tuman va shahar hokimliklari har chorakda, chorakdan keyingi oyning 25-sanasigacha bo‘lgan muddatda o‘z veb-saytlari va “Ochiq byudjet” axborot portaliga jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni joylashtiradi. Bundan tashqari, hokimlar har chorak yakunida Oliy Majlis Senatida loyihalarning amalga oshirilishi yuzasidan hisobot beradi. Ular har oyning oxirida, keyingi oyning 10-kuniga qadar jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan loyihalarni moliyalashtirish va amalga oshirish to‘g‘risidagi hisobotlarini ommaviy axborot vositalari ishtirokida e’lon qilishlari shart.
Har bir mahalla va ovulda tashkil etiladigan ixcham guruhlar hamda “Tashabbuskorlar burchagi” “Ochiq byudjet” axborot portalida takliflar kiritish va ovoz berish jarayonida ko‘maklashadi. Bundan tashqari, “Byudjet elchilari” tanlovi doirasida faol fuqarolarning mukofotlanishi, shuningdek, fuqarolarni tashabbusli byudjetlashtirish jarayoniga jalb etish darajasi bo‘yicha hududlar reytingining tuzilishi va uning “Ochiq byudjet” axborot portaliga muntazam joylashtirib borilishi fuqarolar uchun o‘ziga xos rag‘bat bo‘lishi mumkin.
Tatbiq etish natijalari. 2021 yilda tashabbusli byudjetlashtirish loyihasi bo‘yicha 1600 dan ortiq loyihani moliyalashtirish uchun 407,1 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi. Fuqarolardan eng ko‘p taklif ichki yo‘llarni ta’mirlash (408), ta’lim muassasalari (367), ichimlik suvi ta’minoti, kanalizatsiya va sug‘orish tizimlarini qurish (131), ko‘chalarni yoritish (115) bo‘yicha kelib tushdi.
2022 yilning fevral-mart oylarida fuqarolarning tashabbusli byudjet platformasidagi faol ishtiroki jarayonida 69,7 mingdan ortiq taklif olindi. Ularning katta qismi ichki yo‘llarni ta’mirlash yoki qurish – 17,2 ming (barcha tashabbuslarning 25 foizi), maktablar – 10,1 ming (15 foiz), maktabgacha ta’lim muassasalari – 4,4 ming (6 foiz) haqida ekanligi ma’lum bo‘ldi. Fuqarolar, shuningdek, yoritish tizimlarini ta’mirlash yoki o‘rnatish, ichimlik suvi bilan ta’minlash, bolalar maydonchalari, mahalla binolarini ta’mirlash, gaz va elektr ta’minoti hamda boshqa masalalarda o‘z takliflarini bildirdi. (2-rasm)).
2-rasm. Sohalar bo‘yicha kelib tushgan takliflar
Manba: https://openbudget.uz/ru/boards/4
2022 yilning birinchi yarmi uchun ovoz berish natijalariga ko‘ra, 2022 yilning 1 apreligacha bir oy mobaynida 6,7 million hamyurtimiz tashabbusli byudjetning 40,2 mingta loyihasi bo‘yicha ovoz bergan. Pirovardida 2215 ta loyihaga eng ko‘p ovoz berilgan. Ularni moliyalashtirish uchun birinchi bosqichda 1,11 trillion so‘m mablag‘ ajratildi. (3-rasm).
3-rasm. Sohalar va hududlar bo‘yicha g‘olib loyihalar (2022 yilning birinchi yarmi)
Ikkinchi bosqichda «Ochiq byudjet» portalida tashabbusli byudjet doirasidagi oavoz berish jarayonida 2 mingdan ortiq ovoz olgan 139 ta loyihani moliyalashtirish uchun 85,4 milliard so‘m qo‘shimcha tarzda yo‘naltirildi.
Moliyalashtirish tarmoqlar bo‘yicha quyidagicha taqsimlandi:
76 ta umumta’lim maktabini joriy ta’mirlash va jihozlash;
23 ta mahallada ichimlik suvi ta’minoti tizimini yaxshilash;
13 ta maktabgacha ta’lim muassasasini ta’mirlash va jihozlash;
5 ta sog‘liqni saqlash muassasasini ta’mirlash va jihozlash;
va boshqa tadbirlar.
Ikki bosqich yakunlariga ko‘ra, umumiy ovozlarning 4871 mingdan ortig‘i (72,5 foizi) fuqarolar tomonidan g‘olib deb topilgan loyihalar uchun berilgani oydinlashdi.
Tashabbusli byudjetlashtirish loyihalarini amalga oshirishni kengaytirish yo‘nalishlari. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, hudud, tuman va mahallalarning mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari darajasida:
a) hududlar va mahalliy o‘zini-o‘zi idora qilish organlarini rivojlantirish strategiyalari va dasturlarining samaradorlik ko‘rsatkichlariga fuqarolarning tashabbusli byudjetlashtirish doirasida byudjet masalalari, loyihalarning amalga oshirilishini muhokama qilishdagi ishtirokiga oid ko‘rsatkichlarni kiritish;
b) hokimliklar darajasida aholining mahalliy o‘zini-o‘zi idora qilish organlari va byudjet jarayonlariga jalb qilinishini faollashtirish, jamoatchilik nazoratining amalga oshirishga eng yaxshi amaliyotni joriy etish bo‘yicha ishlar;
v) davlat dasturlari, ustuvor ahamiyatga ega loyihalarni tayyorlash va amalga oshirishda tashabbusli byudjetlashtirish metodologiyasi doirasida ijtimoiy talab va ehtiyojlar ro‘yxatini kengaytirish.
4-rasm. Tashabbusli budjetlashtirish loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshiri sharti
2022 yilda tashabbusli byudjetlashtirish loyihalarini amalga oshirish natijalaridan kelib chiqib, mahalliy byudjetlarning tasdiqlangan xarajatlarini 10 foizgacha oshirish maqsadga muvofiq. Fuqarolik jamiyati vakillari ishtirokida tegishli loyihalarning amalga oshirilishini monitoring qilish tartibini ishlab chiqish, aholi farovonligini oshirish borasidagi maqsad va vazifalarni muvaffaqiyatli amalga oshirayotgan mahallalar va hokim o‘rinbosarlarini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash zarur.
Xulosa. Keyingi yillarda ijro etuvchi hokimiyat organlari mas’uliyatini kuchaytirish, mahalliy Kengashlarning rolini oshirish, barcha darajalardagi muhokama va qarorlarni qabul qilish jarayonlariga fuqarolarni keng jalb etish jiddiy e’tibor qaratilmoqda.
Hududlarda tashabbusli byudjetlashtirish aholi va mahalliy o‘zini-o‘zi boshqarish organlari uchun qaysi jihatlari bilan foydali bo‘lishi mumkin? Tashabbusli byudjetlashtirish bu faqat fuqarolik jamiyati rahbarligida byudjet mablag‘lari qanday sarflanayotganini monitoring qilishning moliyaviy vositasi emas. Unga, shuningdek, mahalliy ahamiyatga molik ijtimoiy masalalarni hal etishda o‘zining yaxshi jihatlarini namoyon eta olgan mexanizm, ijtimoiy hodisa sifatida ham e’tibor kuchaymoqda.
Byudjet mablag‘laridan foydalanishning jamoatchilik tomonidan nazorat qilinishi hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish loyihalarini ishlab chiqish jarayonining shaffofligi va samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Fuqarolardan kelib tushuvchi murojaatlar orqali aholini tashabbusli byudjetlashtirish jarayoniga jalb etishning maxsus mexanizmi hududlardagi ijtimoiy muammolarni hal etish vositasi bo‘lib xizmat qiladi. Fuqarolar infratuzilmalarni yaxshilash, yo‘llarni qurish, maktablarni ta’mirlash va jihozlash hamda boshqa tashabbusli loyihalarga ovoz berish orqali mahalliy byudjetning bir qismini taqsimlashda ishtirok etishi mumkin.
Tashabbusli byudjet jarayonlarida ishtirok etish «Openbudget.uz» axborot portali orqali amalga oshiriladi . Ovoz berish natijalariga ko‘ra, har bir hududda o‘tkazilgan ovoz berishda g‘olib bo‘lgan takliflar tuman va shaharlar darajasidagi Fuqarolik tashabbuslari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
Shunday qilib, ijtimoiy byudjetlashtirishni u orqali jamiyatning ustuvor maqsadlari davlat siyosatini ishlab chiqish, ayniqsa davlat byudjetida o‘z aksini yaxshiroq topadigan jarayon, deyish mumkin. Bu esa ijtimoiy-iqtisodiy sohalar, shuningdek, boshqaruvda yaxshi natija beradi.
N.Ibragimova,
PMTI loyiha rahbari
[1] O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-son “2022-2026-yillarda Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi to‘g‘risida”gi farmonida “ Fuqarolar budjeti” dasturi doirasida aholidan tushgan takliflar asosida eng dolzarb muammolarni hal etish uchunhar bir tuman budjetidan kamida 5 foiz miqdorida mablag‘ ajratilishi belgilangan.
[2] 2018 yil 22 avgustdagi PQ-3917-son “Budjet ma’lumotlarining ochiqligini va budjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” https://lex.uz/ru/docs/3879197, 2021-yil 13-apreldagi PQ-5072-son “Budjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” https://lex.uz/docs/5370805, 2022 yil 7 iyuldagi PQ-197-son «Tuman va shahar budjetlari mablag‘larini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yo‘naltirish jarayonlarida fuqarolarning ishtirokini yanada qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida» https://lex.uz/en/docs/-5945298
[3] Ushbu amaliyot dastlabki 2021 yilda atigi 14 ta pilot tumanda joriy qilingan
[4] 6,37 million kishi (barcha ovoz berganlarning 94,8 foizi) SMS-xabarnomasi orqali ovoz berdi, onlayn ovoz berishda esa 344,6 ming kishi ishtirok etdi.
[5] 2021-yil 13-apreldagi PQ-5072-son “Budjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” https://lex.uz/docs/5370805