2021-yil koronavirusga qarshi vaksinaning yaratilishi barchaga birdek umid baxsh etdi, biroq virusning yangi turi - Omicronning paydo bo‘lishi yana biroz xavotir hissini uyg‘otmoqda.
Epidemiya va xabardorlik
Oksford, Uorvik, Kobe va boshqa universitetlarning qo‘shma tadqiqotlari infeksiyalarni to‘xtatishga qaratilgan chora-tadbirlarning samara berishi jamoatchilikninginfeksiya xavfini to‘g‘ri anglab yetishi bilan bevosita bog'liq ekanligini aniqladi. Bu o‘rinda asossiz ma’lumotlarning tarqatilishi maqbul qaror qabul qilishni qiyinlashtiradi.
Baltimor Universiteti tomonidan olib borilgan ilmiy izlanishlarning natijalari asossiz ma’lumotlarning tarqalishi jahon iqtisodiyotiga $78 milliard dollar, qimmatli qog‘ozlar bozoriga $39 milliard dollarga teng zarar yetkazishini ko‘rsatdi.
Pandemiya va iqtisodiyot modeli
Pandemiyaning iqtisodiyotga salbiy ta’siri har tomonlama sezilayapti va kutilayapti. Misol uchun, 2021-yiling dekabr oyida McKinsey Global tomonidan o‘tkazilgan so‘rovda respondentlar pandemiyani iqtisodiy o‘sishga eng katta risk omili sifatida keltirgan. Jahon Banki 2022-yilda global iqtisodiy o‘sish 5.5% dan 4.1% ga pasayishini prognoz qildi.
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar insituti(PMTI) mutaxassislari pandemiya qanday iqtisodiy oqibatlarga olib kelishini baholash uchun an’anaviy epidemiologik model – SIR (Susceptible-Infectious-Recovered)ni makroiqtisodiy model bilan umumlashtirdi.
9 ta differensial tenglamadan tashkil topgan ushbu gibrid model asossiz ma’lumotlarning tarqalishi (misinformation), sanitariya qoidalariga rioya qilmaslik (noncompliance) va boshqa omillarning iqtisodiyotga ta’sirini baholash imkonini beradi.
Natijalar
Natijalar shuni ko‘rsatmoqdaki, vaksinatsiya va niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, gigiyena talablariga rioya etish hamda vaqtinchalik yakkalanish kabi profilaktika choralari ko‘rilmaydigan ssenariyda virusning yuqish tezligi (R-reproduction rate) 2,3 ni tashkil etishi mumkin. Bu esa hastalikka chalingan har 10 kishi virusni o‘rta hisobda 23 kishiga yuqtirishini anglatadi. Bu ssenariyda milliy iqtisodiyotning o‘sish sur’ati prognoz qilingan darajasidan 0,85 ga past bo‘lishi mumkin. Mazkur salbiy oqibatni bartaraf etish uchun virusning yuqish tezligi 2,3 dan kamida 1,6 ga tushishi kerak.
Vaksinatsiya va niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, gigiyena talablariga rioya etish hamda vaqtinchalik yakkalanish qoidalariga to‘liq rioya etish, virusning yuqish tezligini 1,6 va undan kamroq darajagacha pasaytirish imkonini beradi.Bu orqali odamlarning kundalik turmush tarzi va mamlakat iqtisodiyotiga sezilarli zarar yetmasligi mumkin. Shu boisdan jamiyat, hukumat, korxonalar va aholi kelgusida ham pandemiya davridagi risk omillarini bartaraf etish uchun xabardor va uyg‘un tarzda harakat qilmog‘i darkor.
Modelning Pythonda yozilgan kodi va ma’lumotlari tadqiqot mualliflariga so‘rov asosida taqdim etilishi mumkin.
Dr. Hayot Saydaliyev
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar institutining Makroiqtisodiy siyosat ko‘rsatkichlarini monitoring va tahlil qilish guruhi rahbari,Malayziyaning Putra Universiteti iqtisodiyot fanlari doktori.
Iqboljon Qosimov
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar institutining Tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘yicha loyihasi rahbari,Cardiff Metropoliten universiteti magistranti, Zhejiang Universiteti Ph.D. nomzodi.
Jasur Jalolov
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar institutining Makroiqtisodiy siyosat ko‘rsatkichlarini monitoring va tahlil qilish loyihasi rahbario‘rinbosari,Siegen universiteti magistranti.