Malakali bo'lish – bugungi kun talabi
30сен

O‘zbekistonda ta’lim sohasi, xususan, maktab ta’limi tizimida keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Bunda quyidagi xalqaro standartlar va talablarga javob beradigan umumta’lim maktablari bitiruvchilarini tayyorlash rejalashtirilmoqda:

• zamonaviy malaka;

• axborot texnologiyalarini mukammal egallash;

• ijodiy fikrlash;

• mustaqil ravishda qaror qabul qilish;

• keng dunyoqarashga ega bo‘lish.

Ushbu yo‘nalishning dolzarbligi nimada?

Jahon amaliyoti shuni ko‘rsatadiki, insonning muvaffaqiyatli faoliyati, qolaversa, butun jamiyatning farovonlik sari harakatlanishi kafolati bu zamonaviy sifatlar va malakaga ega bo‘lishdir. Shu bilan birga, jadal rivojlanayotgan iqtisodiyotda ish beruvchining talablarini qondirish tobora qiyinlashib bormoqda. Masalan, O‘zbekistondagi ish beruvchilar eng avvalo, bo‘lg‘usi xodimlardan ijodiy fikrlash, mustaqil qaror qabul qilish, keng dunyoqarash kabi universal (ijtimoiy) ko‘nikmalarga ega bo‘lishni talab qiladi. Bu esa, o‘z navbatida, kadrlarning doimiy ravishda kasbiy malakasini oshirish, bilimlarini boyitish, shuningdek, shaxsning jamiyatda muloqot qilish qobiliyatini o‘stirishni taqozo etadi.

Garvard va Yel universiteti, Iqtisodiy tadqiqotlar milliy byurosi iqtisodchilari D.Deming va L.Kan (2017), 2010-2015 yillardagi BGT ma'lumotlariga asoslanib, malakalarga bo’lgan talabning o‘zgarishini o‘rgandi. Ular kalit so'zlardan foydalanib, o'nta guruhdan iborat malaka tasnifini taklif qildi. Ushbu tasniflagich turli sohalarda talab qilinadigan shaxsiy va ijtimoiy malakani, shuningdek, har bir kasb uchun alohida talab qilinadigan kasbiy malakani o'z ichiga oladi. Ular ko‘nikmalarning o‘zaro bir-birini to‘ldirishi, ijtimoiy malakaning roli ortib borayotgani, korxonalarning oylik maoshlar va yaxshi natijaga erishishida malakaning sezilarli kuchga ega ekanligini aniqladi. Ular o'z tadqiqotida yuqori maoshli mehnat bozorlari va firmalar o'z xodimlaridan yuqori darajadagi kognitiv va ijtimoiy ko'nikmalarni talab qilishini isbotladi.

PMTI ekspertlari O‘zbekistondagi ish beruvchilar orasida eng ko‘p talab qilinadigan ko’nikmalarni aniqlash bo‘yicha tadqiqot o‘tkazdi.

O‘zbekiston mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan malakani aniqlash uchun PMTI mutaxassislari mavjud bo‘sh ish o‘rinlari ma’lumotlar bazasini o‘rgandi. Head Hunter (www.hh.uz), Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining bo‘sh ish o‘rinlari (www.mehnat.uz), Olx job (www.olx.uz) va boshqalar ularning orasida eng taniqlilaridir. Aytib o’tish joizki, bitta  vakansiya bir vaqtning o'zida turli saytlarda e'lon qilinishi mumkin.

Ushbu tadqiqotda PMTI mutaxassislari Head Hunter ma'lumotlar bazasidan foydalandi. Mazkur maʼlumotlar bazasida Oʻzbekistonning 12 mingga yaqin kompaniyasi va ish qidiruvchilarning 370 mingga yaqin rezyumesi roʻyxatga olingan. Bu esa ish beruvchilar va ish qidiruvchilar tomonidan unga boʻlgan ishonchdan dalolat beradi. O'rganish vaqtida ma'lumotlar bazasida 4 mingdan ortiq bo'sh ish o'rinlari qayd etildi.

Ma’lumot uchun: Linkedin kompaniyasi tadqiqotlari shuni ko‘rsatdiki[1], 2022 yilda Soft skills (moslashuvchan ko’nikmalar) jahon mehnat bozorida xodimni yollash to‘g‘risida qaror qabul qilishda muhim mezonga aylandi. Ushbu tadqiqot natijalariga ko'ra, ijodkorlik, o'ziga ishonch, jamoada ishlash va moslashuvchanlik eng ko'p talab qilinadigan ko‘nikmalar bo‘lgan.

Dunyoda 50 mingdan ortiq ko'nikma mavjud bo'lib, ular asosan ikki turga bo'linadi: "qattiq" (Hard skills) va "moslashuvchan" (Soft skills). Qattiq ko'nikmalar - bu biz topshiriqni bajarishda tajribaga ega bo'lgan kas mahoratidir. Bu o'zlashtirilgan kompyuter dasturi, dasturlash tili, chet tili va boshqalar bo'lishi mumkin. Yumshoq yoki universal ko'nikmalar - bu ish jarayonida yordam beradigan xodimning ixtisoslashmagan fazilatlari. Masalan, kommunikativ qobiliyat, ijodkorlik, jamoada ishlash qobiliyati va h.k. Shuni ta'kidlash kerakki, so'nggi yillarda Moslashuvchan ko’nikmalar ish beruvchilar orasida ko'proq talab qilinmoqda.

 

PMTI ekspertlari Head Hunter saytida taqdim etilgan 3384 ta bo'sh ish o'rnini tahlil qildi. Bunda faqat kerakli ko'nikmalar va ish haqi ko'rsatilgan bo'sh ish o'rinlari o’rganildi. Ma’lum bo‘lishicha, har bir bo'sh ish o'rniga oʻrtacha 4,2 ta malaka toʻgʻri kelar ekan. Ko'nikmalar soni o'ntagacha yetishi mumkin, ammo bo‘lg‘usi xodim uchun bir vaqtning o'zida 4 yoki 5 ta ko’nikmaga ega bo'lish kifoya. Ko'nikmalar tasnifini shakllantirishda yuqorida aytib o'tilgan Deming va Kanning o'n guruhli sxemasidan foydalanildi. Shuningdek, ushbu tasniflagichga chet tillarini bilish ko'nikmasi qo'shildi.

Tahlil davomida quyidagilar ma'lum bo'ldi:

- bo‘sh ish o‘rinlarining 86% ida ish qidiruvchilardan kamida bir yillik ish stajiga ega bo‘lish talab qilinadi;

- bo‘sh ish o‘rinlarining 11,3% ida oliy ma’lumotga ega bo‘lish talab etiladi;

- bo'sh ish o'rinlarining 28% ida ijtimoiy ko'nikmalarni ya’ni, jamoada ishlash, muzokaralar olib borish, malakali nutq, muloqot, omma oldida taqdimot qilish qobiliyatlari talab etilishi ma’lum bo’ldi;

- vakansiyalarning  18,3% ida chet tillarini (asosan ingliz tili) bilish talabi ko’rsatilgan;

- vakansiyalarning 15,2% ida shaxsiy ko‘nikmalar, ya’ni mas’uliyat, stressga chidamlilik, ijodkorlik, motivatsiya, yetakchilik fazilatlari talab etilmoqda, shuningdek, kompyuter savodxonligi ham eng ko’p talab qilinuvchi ko’nikma ekanligi ma’lum bo‘ldi (bo‘sh ish o‘rinlarining 12,5% ida so’ralgan) (1-rasm)

1-rasm

Head Hunter saytida taqdim etilgan bo'sh ish o'rinlarini tahlil qilish jarayonida O‘zbekiston mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar aniqlandi.  Bugungi kunda barcha turdagi menejerlarga talab yuqori ekanligi ma’lum bo’ldi, xususan, savdo (bo'sh ish o'rinlarining 30% dan ko'prog'i), xizmat ko'rsatish sohasida (mehmonxonalar, restoranlar, go'zallik salonlari va xususiy ta'lim muassasalari) menejerlar va HR menejerlar.

Bo'sh ish o'rinlarining 23% dan ortig'ida menejerlar talab etiladi. Ularning o‘rtacha ish haqi 6,5 million so‘mni tashkil etadi (2-rasm). Ikkinchi o'rinni moliyachi va buxgalterlar egalladi. Uchinchi o‘rinda tibbiyot sohasi xodimlari. Shu bilan birga, moliyachilarning o‘rtacha ish haqi 7,5 million so‘mni, shifokorlarniki esa 7,8 million so‘mni tashkil etadi.

Dasturchilarga bo’lgan talab ham yuqori. Ularga o‘rtacha 8 million so‘m oylik maosh taklif qilinmoqda. Ulardan tashqari turizm va restoran biznesi sohasidagi mutaxassislarga va muhandislarga ham talab katta.

2-rasm

Shuningdek, PMTI mutaxassislari tomonidan ko’nikmalarning ish haqiga ta'siri bo'yicha empirik tahlil o'tkazildi. Regressiya tahlili uchun quyidagi parametrlardan foydalanildi: bo'sh ish o'rinlarida ko'rsatilgan ish haqi, talab etilayotgan ko’nikmalar, oliy ma'lumot va ish tajribasi.

bunda, LnWi taklif qilingan ish haqining natural logarifmi, 𝑆𝑖 ko’nikmalarga qo’yilgan dammi oʻzgaruvchi, 𝑖 ko’nikmalar koeffitsienti, 𝑋𝑖 nazorat oʻzgaruvchilari.

Empirik tahlil natijasiga ko'ra, moliyaviy, kompyuterga ixtisoslashgan, kognitiv (analitik fikrlash, modellashtirish, prognozlash), mijozlarga yo'naltirilgan (mijozlarga xizmat ko'rsatish, mijozlarni qidirish), xodimlarni boshqarish (HR), ijtimoiy (nutqi, jamoada ishlash va muzokaralar olib borish, omma oldida taqdimot qilish qobiliyatlari), rus va o‘zbek tillari, shuningdek, ingliz tillini bilish kabi ko'nikmalar statistik ahamiyatga ega ekanligi aniqlandi.

Shu bilan birga, moliyaviy (34%), kompyuter (ixtisoslashtirilgan) (8,6%), kognitiv (20%), mijozlarga yo'naltirilgan (21%), xodimlarni boshqarish (33%) va ingliz tilini bilish (25%) konikmalarida sezilarli mukofot mavjud ekanligi ma’lum bo’ldi. Ko'nikmalarning salbiy kattaliklarini  shu bilan izohlash mumkinki, ko'nikmalarga bo'lgan talablar ma'lum bir sohaning xususiyatlaridan biri bo'lib, o'z-o'zicha alohida ko'nikma emas, balki ularning ma'lum bir to'plami talab qilinishi va shundagina ko‘nikmalar daromad keltiradi. Masalan, ijtimoiy ko'nikmalar va o'zbek yoki rus tilini bilish talabi kuchli bo‘lsada, u ish haqiga ta'sir qilmadi. Chunki bu fazilatlar faqat shaxsning shaxsiy xususiyatlaridan dalolat beradi, lekin bu xodimning professionallik darajasini anglatmaydi. Oliy ma'lumot ish haqini 25% ga, ish tajribasi 17% ga va ingliz tilini bilishni 22% ga oshirishi aniqlandi.

1-jadval

Regression tahlil natijalari

Ko'nikmalar

EKKU 1

EKKU 2

Ijtimoiy

-0,09***

-0,55**

Shaxsiy

0,01

0,02

Kompyuter ko’nikmalari

-0,02

-0,02

Moliyaviy

0,51***

0,29***

Kognitiv

0,32***

0,18***

Hodimlarni boshqarish

0,36***

0,28***

Loyiha boshqaruvi

0,15

0,06

Mijozlarga yo'naltirilganlik

0,15***

0,19***

Ixtisoslashgan kompyuter

0,60***

0,50***

Matn bilan ishlash

0,02

-0,00

Ingliz tilini bilish

0,26***

0,20***

O’zbek va rus tilini bilish

-0,11***

-0,10***

R2

0,16

0,28

Nazorat oʻzgaruvchilari

 

 

Oliy ma'lumotning mavjudligi

 

0,22

ish tajribasi

 

0,15

Kuzatishlar soni

1247

1246

 

Shunday qilib, PMTI mutaxassislari ko‘nikmalar bo‘yicha ma’lumotlarning cheklanganligiga qaramay, Head Hunter ma'lumotlar bazasidan foydalangan holda O'zbekiston mehnat bozorida talab qilinadigan ko‘nikmalarni aniqladi. Tahlil natijalariga ko‘ra, ijtimoiy, shaxsiy, ingliz tilini bilish va kompyuter savodxonligi eng ko‘p talab qilinadigan ko‘nikmalar ekanligi ma’lum bo‘ldi.

 

 

Muhabbat Ahmedova,
PMTI guruh rahbari