To'qimachilik sanoati: yangi ufqlar sari intilayotgan hududlar. Hududlarning eksport salohiyatini oshirish imkoniyatlari: to'qimachilik sanoati
16июл

To‘qimachilik sanoatida O‘zbekiston hududlari boy tajriba va mahalliy an’analariga ega. Xom ashyoning mavjudligi, mehnat salohiyati, jahonning ilg‘or amaliyotini joriy etish hisobiga to‘plangan tajriba iqtisodiyotning xom ashyoga qaramligini bartaraf etish, sanoatni diversifikatsiya qilish, yuqori texnologik sikllarga o‘tish imkoniyatlarini yaratadi.

Jahon tajribasi shuni ko'rsatadiki, qulay sharoitlarda to'qimachilik sanoatining rivojlanishi mamlakat va uning hududlari iqtisodiy o'sishining muhim nuqtasiga aylanishi mumkin. Rivojlangan va jadal rivojlanayotgan mamlakatlarda toʻqimachilik sanoatiga iqtisodiy oʻsish va kambag’allikni qisqartirishning harakatlantiruvchi kuchi sifatida qaraladi (Raichurkar H., 2015; Irun B., 2017; Heymann E., 2018). Bu borada muayyan raqobat ustunligi va salohiyatga ega bo'lgan O'zbekiston hududlari uchun to'qimachilik sanoatini diversifikatsiya qilish hisobiga muvozanatli hududiy rivojlanishni ta'minlash ustuvor yo'nalish hisoblanadi.

Hududlarning to'qimachilik sanoati eksporti xususiyatlarini baholashda quyidagi tadqiqot usullari qo'llanildi:

  1. Revealed comparative advantage (RCA) indeksi - hududlarning raqobat ustunligi haqida tasavvur hosil qilish imkonini beradi. Bunda RCA ≥ 1,000 – hududning raqobatda ustunlikka ega ekanligini bildiradi.

  2. Herfindal-Hirshman indeksi (HHI) - Eksportning hududiy konsentratsiyasi darajasini tavsiflaydi. Bunda HHI → 0 hududiy tuzilmaning bir xilligini anglatadi (dekonsentratsiya).

Hisob-kitoblarni amalga oshirishda O'zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo'mitasi tomonidan 2021-yil uchun Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri kesimida taqdim etilgan to'qimachilik mahsulotlari eksporti hajmi ma'lumotlaridan foydalanildi.

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti tomonidan to'qimachilik sanoatining 2021-yildagi eksporti hududiy xususiyatlari baholandi.

O'zbekiston to'qimachilik sanoatiga nazar

Toʻqimachilik sanoati bo‘yicha jahon tajribasi mamlakatlarning toʻqimachilik mahsulotlari va kiyim-kechak eksportiga ustuvor yo‘nalish sifatida e’tibor berilishi iqtisodiy oʻsishni taʼminlashiga yaqqol misol bo’la oladi (Buyuk Britaniya, AQSH, Yaponiya, Janubiy Koreya). O‘zbekiston Jahon bozoridagi mavqeini mustahkamlash maqsadida ishlab chiqarish salohiyati va afzalligini inobatga olgan holda, eksportda xom ashyo (paxta tolasi) dan yuqori qo'shilgan qiymatga ega tayyor tovarlarni eksport qilishga o‘tish bosqichiga yetib keldi.

Research and Market tadqiqot agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, 2018-2020-yillarda O'zbekiston jahon reytingida paxta ishlab chiqarish bo‘yicha 6, paxta eksporti bo‘yicha 3, paxta tolasi eksporti bo'yicha 2-o‘rinni egallagan.  (http://www.techportal.ru/market/research-and-markets).

PMTI hisob-kitoblariga ko‘ra, 2021-yilda O'zbekiston iqtisodiyotida yalpi qo‘shilgan qiymatda to‘qimachilik sanoatining ulushi 2,9%ni tashkil etgan. Shundan 2,2% to'qimachilik mahsulotlari va 0,7% kiyim – kechakning hissasiga to‘gri kelgan. 2020-yil bilan qiyoslaganda eng katta tarkibiy oʻzgarishlar toʻqimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish sohasida kuzatilgan (2,0% dan 2,2% gacha). Shu bilan birga, to‘qimachilik sanoati mamlakatimizning tovar va xizmatlar eksportida yetakchi o‘rinni egallaydi (tovar va xizmatlar umumiy eksportining qariyb 17,5 foizi).

Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, soliq va bojxona imtiyozlarini taqdim etish, tayyor mahsulot eksport qiluvchi korxonalar faoliyati hamda korxonalarda mahsulot sifatini ta‘minlash bo‘yicha xalqaro standartlarni joriy etishni rag‘batlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirish bilan bir qatorda, tabiiy-iqtisodiy salohiyat, mahalliy resurslar va imkoniyatlardan maksimal darajada foydalanish jahon bozorida mamlakat va uning hududlari to‘qimachilik mahsulotlarining raqobat ustunligini  mustahkamlash imkonini berdi.

Buning samarasi o‘laroq, eksportni sifat jihatidan diversifikatsiya qilish bo‘yicha muayyan natijalarga erishildi.

birinchidan, mahalliy resurslarni ichki qayta ishlash (paxta tolasining 80-90 foizini qayta ishlash) hisobidan xom ashyo (paxta tolasi) eksportining qisqarishi va sanoat tovarlari (ip-kalava, mato, kiyim) eksportining ortishi ta’minlandi. Eksportning tovar tarkibida toʻqimachilik iplari va gazlamalarining ulushi 13,5%, kiyim-kechak 4,0% ni tashkil etdi.

ikkinchidan, yaqin va uzoq xorijga qariyb 500 turdagi to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilish yo‘lga qo‘yildi. To‘qimachilik sanoatining eksportga yoʻnaltirilgan asosiy tovarlari quyidagilardir: ip-kalava (2021-yilda 560 ming tonna), paxta matolari (297 mln. kv.m.), gilam va gilam mahsulotlari (11,2 mln. kv.m.), erkaklar va ayollar kostyumlari, pidjaklar, koʻylaklar (76,2 mln. dona).

uchinchidan, jahon bozorining yangi segmentlariga chiqish hisobiga O'zbekiston jahonning 65 dan ortiq mamlakatiga mahalliy to‘qimachilik mahsulotlarini yetkazib berishni yo‘lga qo‘ydi. Asosiy savdo hamkorlari Rossiya, Xitoy, Turkiya va Qirg‘iziston (mamlakat to‘qimachilik mahsulotlarining taxminan 80% i eksport qilinadi) hisoblanadi.

Hududlarning raqobat ustunligi nimalarda namoyon bo‘ladi?

1-jadval

2021-yilda to‘qimachilik mahsulotlarini eksportida hududlarning raqobat ustunligi

Mahsulot nomi

Mahsulotning resp. eksportidagi ulushi

Eksportda yetakchi hududlar (RCA≥1,000)

"Sanoat mahsulotlari" toifasi

To‘qimachilik iplari, matolar

13,5

Andijon (2,202), Buxoro (2,394), Jizzax (4,278), Qashqadaryo (4,209), Namangan (3,712), Samarqand (1,653), Surxondaryo (3,123), Sirdaryo (1,578), Farg‘ona (3,603), Xorazm (3,371)

"Tayyor mahsulotlar" toifasi

Kiyim va kiyim aksessuarlari

4,0

Andijon (5,478), Jizzax (2,189), Namangan (4,615), Samarqand (1,575), Sirdaryo (2,042), Toshkent (1,599), Farg'ona (1,040)

Toqimachilik sanoati eksportining hududiy muvozanati omillari o‘zida nimani aks ettiradi?

Jahon bozorida raqobatning kuchayib borishi hududlarning eksport salohiyatini yanada kengaytirishni taqozo etmoqda. Shu munosabat bilan to‘qimachilik sanoati eksportining hududiy muvozanati konsentratsiya va diversifikatsiya omillarini hisobga olgan holda quyidagi xususiyatlarni oydinlashtirib berdi:

To‘qimachilik iplari va matolari (0,065), tayyor mahsulotlar (0,227) eksportida nisbiy hududiy diversifikatsiya (HHI≤0,300; dekonsentratsiya) qayd etilib, mamlakatning aksariyat hududlari ushbu turdagi mahsulotlarni eksport qilishda raqobat ustunligiga ega;

Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Farg‘ona viloyatlari to‘qimachilik mahsulotlari eksportining tovar tarkibida ip va matolar (viloyatning tovar va xizmatlar umumiy eksportining 50% dan ortig‘i), ya’ni past texnologik turdagi tovarlar ustunligi tufayli diversifikatsiya darajasi yetarli emasligi qayd etildi.

Ozbekiston toqimachilik sanoatini rivojlantirish istiqbollari qanday?

Umuman olganda, jahon va milliy tajriba shuni ko‘rsatadiki, diversifikatsiyalangan eksport sharoitida mamlakat va uning hududlari iqtisodiyoti ichki va tashqi omillar ta’siriga nisbatan ancha chidamli hisoblanadi. Shuni inobatga olib, PMTI ekspertlari tomonidan quyidagi masalalarni hal etish hisobiga to‘qimachilik mahsulotlari eksportini kengaytirish taklif etiladi:

  1. Yuqori qo‘shilgan qiymatga ega tayyor mahsulot ishlab chiqarilgunga qadar ip va matolarni sanoat usulida davomli qayta ishlashni ta'minlash (Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Farg‘ona, Toshkent viloyatlari). Bunda Buxoro viloyatini tajriba hududi sifatida tanlab, to‘qimachilik mahsulotlarining qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish sxemasini shakllantirish lozim.

  2. Eksportning istiqbolli yo‘nalishi sifatida innovatsion to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport qilishni o‘zlashtirish. Bunda hududlar uchun mamlakatning rivojlangan neft-kimyo sanoati negizida sun’iy tolalar, sintetik matolar va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish imkoniyatlari mavjud (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Qashqadaryo, Surxondaryo, Toshkent viloyatlari).

  3. Hududning milliy rang-barangligi, mahalliy an’analar, zamonaviy dizayn va modani hisobga olgan holda tayyor to‘qimachilik mahsulotlarining xalqaro mintaqaviy forumlarini o‘tkazish. Bu borada tajriba va bilim almashish, xorijiy dizaynerlar, dunyoning yetakchi texnologlarini jalb etish tashqi bozorda talab katta bo‘lgan tikuv va trikotaj mahsulotlari assortimentini kengaytirish imkonini beradi.

 

E. Yakubova,
PMTI loyiha rahbari o‘rinbosari