Hududiy nomutanosiblik darajasini baholash (2021 yil yanvar-iyun oylari)

Jahon tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, hududlarning barqaror va muvozanatli rivojlanishi mamlakat raqobatbardoshligini oshirishning asosiy harakatlantiruvchi omili hisoblanadi. Shu bois, O‘zbekistonda hududiy nomutanosibliklarni kamaytirishga yo‘naltirilgan davlatning hududiy siyosatini samarali amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu yo‘nalishda Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti tomonidan hududiy nomutanosiblik darajasini (HND) baholash bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazilmoqda.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, 2020 yil yanvar-iyun oylarida qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarish hududlar kesimida nisbatan mutanosibYaHM bo‘yicha esa o‘rta me’yorda kuzatildi.

2021 yil yanvar-iyun oylarida o‘tgan yilning tegishli davriga nisbatan YaHM  va xizmatlar bo‘yicha HNDning pasayishi kuzatilgan bo‘lib (ijobiy tendensiya), ushbu holat variatsiya koeffitsienti va hududlararo tafovut kamayishi bilan ifodalanmoqda.

HND bo‘yicha tahlil oylik, choraklik va yillik ma’lumotlar asosida amalga oshirilib, hudud iqtisodiyotini muntazam diagnostika qilish, hududlararo nomutanosibliklarni aniqlash va shu asosda qo‘shimcha choralarni ishlab chiqish imkonini beradi.

HND Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri miqyosida YaHM, sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmatlar sohasi rivojlanishidagi nomutanosibliklarni baholaydi. Tadqiqotda quyidagi ko‘rsatkichlardan foydalanildi:

  1. Variatsiya koeffitsienti (VK) – hududiy rivojlanishning tekis yoki notekisligini aniqlab beradi. VK range of variation index (RVI) yordamida hisoblangan bo‘lib, uning qiymati 0 dan (barcha hududlarda ishlab chiqarish bir me’yorda joylashgan) 2 gacha (ishlab chiqarish muayyan bir hududda joylashgan) oraliqda baholanadi va quyidagicha talqin qilinadi: 0≤VK≤0,450 – hududiy jihatdan mutanosib; 0,450≤VK≤1,000 - hududiy nomutanosiblikning past darajasi; 1,000≤VK≤2,000 – hududiy nomutanosiblikning yuqori darajasi.

  2. Hududlararo tafovut (HT) – hududiy rivojlanishdagi farqni ko‘rsatadi. HT hududlararo eng yuqori va eng past ko‘rsatkichlar nisbati yordamida aniqlanib, uning ko‘rsatkichi birdan cheksizlikgacha o‘zgaradi. Bunda, 1≤HT≤4 – hududlararo tafovut nisbatan past, 4≤HT≤9 – hududlararo tafovut o‘rtacha darajada,9≤HT≤∞– hududlararo tafovut nisbatan yuqori.

Variatsiya koeffitsienti qancha yuqori bo‘lsa, tafovut ko‘rsatkichi  ham shuncha yuqori bo‘ladi.

HNDni aniqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi davlat statistika Qo‘mitasining YaHM, sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmatlar bo‘yicha 2020 va 2021 yillar yanvar-iyun oylari ma’lumotlaridan foydalanildi.

Jadval

Hududiy nomutanosiblik darajasini baholash ko‘rsatkichlari

                                              

 

2021 yil yanvar-iyun oylari holatiga ko‘ra HND quyidagilar bilan izohlanadi:

-YaHM – hududlarda ishlab chiqarish o‘rta me’yorda joylashgan (VK =0,726; HT=5,3);

-Qishloq xo‘jaligi – hududlarda ishlab chiqarish nisbatan mutanosib joylashgan (VK =0,320; HT=3,3);

-Sanoat tarmog‘i – hududiy nomutanosiblik nisbatan yuqori (VK =1,279; HT=35,2);

-Xizmatlar sohasi – hududiy nomutanosiblik nisbatan yuqori (VK =1,227;HT=10,1).

2021 yil yanvar-iyun oylarida o‘tgan yilning tegishli davriga nisbatan HNDda quyidagi o‘zgarishlar kuzatildi:

-YaHM – ijobiy tendensiya (VK 0,737 dan 0,726 gacha, HT 5,8 marotabadan 5,3 marotabagacha pasaygan);

-Qishloq xo‘jaligi – salbiy tendensiya (VK 0,304 dan 0,320 gacha, HT 3,2 marotabadan 3,3 marotabagacha oshgan);

-Sanoat tarmog‘i – salbiy tendensiya (VK 1,255 dan 1,279 gacha, HT 30,8 marotabadan 35,2 marotabagacha oshgan);

-Xizmatlar sohasi – ijobiy tendensiya (VK  1,273 dan 1,227 ga, HT 10,5 marotabadan 10,1 marotabaga pasaygan).

Xulosa qilganda, istiqbolda hududiy nomutanosibliklarni bartaraf etish (kamaytirish) maqsadida nisbatan past rivojlangan hududlarning (Jizzax, Namangan, Samarqand, Surxondaryo viloyatlari) iqtisodiy salohiyatini oshirishga, o‘sish nuqtalari asosida ishlab chiqarishni oqilona joylashtirish masalalariga e’tibor qaratish lozim.

O‘zbekiston hududlari iqtisodiyotining rivojlanish tahlili bo‘yicha batafsil ma’lumot PMTIga murojaat etilganda taqdim etilishi mumkin.

 

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti,

Yakubova E., Mamadaliyeva E., Jurayev B.