Xitoydagi iqtisodiy islohotlar yo'nalishi: 1978-yildan bugungi davrga qadar. 2-qism. Investitsiyalar, “ochiq eshiklar” siyosati, infratuzilmalarning rivojlanishi hamda vatandoshlarning jalb qilinishi

Sharhning 1-qismida Xitoydagi islohotlar jarayonida narxlarning erkinlashtirilishi, davlat korxonalarining o'zgartirilishi, qishloq xo'jaligi va sanoat tarmoqlaridagi islohotlar kabi yo'nalishlar ko'rib chiqilgandi.

 

Sharhning 2-qismi Xitoyning investitsiya siyosatini olib borishi, “ochiq eshiklar” siyosatiga bag'ishlanadi, shuningdek, infratuzilmalarning rivojlanishi va vatandoshlarni jalb qilish siyosatining amalga oshirilishiga ham e’tibor qaratiladi.  

 

Investitsiya siyosati

O'tgan asrning 80-yillaridan xorijiy investitsiyalar Xitoy mahsulotlarini xorijga eksport qilishga yo'naltirilgan sanoat korxonalarini rivojlantirish uchun asosiy kapital manbaiga aylandi. Islohotlarning dastlabki bosqichida texnologiyalar transferi xorijlik sarmoyadorlarning Xitoy bozoriga kirishidagi asosiy shartlardan biri bo'ldi. Qo'shma korxonalar xorijiy investitsiyalar yordamida o'z uskunalari va texnologiyalarini yangilay oldi va mahsulotlari raqobatbardoshligini oshirdi. 

Dastlabki bosqichda investitsiyalar asosan yengil sanoat, ko'chmas mulk, restoranlar va infratuzilmalarga kiritildi. 

Xorijiy investitsiyalarni jalb qilishning Xitoy modeli yaqqol ifodalangan ustuvor ahamiyatga ega va cheklangan tarmoqlar siyosatini farqlab turadi. Yoqilg'i - energetika, transport, yangi qishloq xo'jalik texnikasi va yangi texnologiyalar xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda ustuvor ahamiyatga ega tarmoqlar qatoriga kiritildi. Rag'batlantiruvchi toifaga kiritilgan investitsiyalar bojxona boji va uskunalar importi bo'yicha qo'shimcha qiymat solig'i (QQS) dan ozod etildi. [1]

2010-yil boshlariga kelganda Xitoyning investitsiya siyosatida jalb qilinayotgan xorijiy investitsiyalar miqdoridan ularning sifatiga o'tildi. Yuqori texnologik, resurs tejamkor va ekologik xavfsizlik kabi xarakteristikalarga ega bo'lgan investitsion loyihalar uchun xorijiy investitsiyalar rag'batlantirildi.

2011-2015 yillar uchun mo'ljallangan, strategik ahamiyatga ega tarmoqlarni rivojlantirish bo'yicha davlat dasturida investitsiyalar uchun davlat nazorati ostidagi va xususiy sektordagi ustuvor ahamiyatga ega 7 ta tarmoq ajratib olindi. Bular: muqobil energetika, energetik samaradorlik va atrof-muhit muhofazasi, biotexnologiyalar, yangi materiallar, yangi avlod axborot texnologiyalari, yuqori texnologik uskunalarni ishlab chiqarish, ekologik sof energiya asosidagi transport vositalarini ishlab chiqarish.  

Iqtisodiy siyosatdagi quyidagi vositalar mamlakatga xorijiy kapitalning ko'p miqdorda kirib kelishiga ko'mak berdi:

-         ishlab chiqarishning asosiy omillariga nisbatan past narxlarning ushlab turilishi;

-         asosiy fondlarning tezlashtirilgan amortizatsiyasi qo'llanilishi;

-         ishlab chiqarish rentabelligining yuqori ko'rsatkichlari va XXR katta daromad olayotgan holatda ham kredit stavkalari darajasining cheklanishi.

Xorijiy investorlarni jalb qilish, Xitoyda ilg'or texnologiyalar transferini ta’minlash, shuningdek, maxsus iqtisodiy hududlar, yuqori texnologiyali tarmoqlarni qo'llab-quvvatlash uchun inkubatorlar tashkil etildi va ularda soliq imtiyozlari keng qo'llanildi [2].

 

“Ochiq eshiklar” siyosati: tashqi savdoning erkinlashtirilishi, investitsiyalarning jalb qilinishi

Islohotlar avvalida oddiy xitoyliklarning daromadlari Osiyodagi boshqa mamlakatlarning fuqarolari olayotgan daromad bilan taqqoslaganda juda kam edi. Xitoy hukumati “ochiq eshiklar” siyosatini olib borishga kirishdi va bunda iqtisodiy o'sishga xorijiy investitsiyalar va texnologiyalarni faol tatbiq etish hisobiga erishishga harakat qildi [3].

“Ochiq eshiklar” siyosati zamirida quyidagi mexanizmlar bor edi:

•         Maxsus iqtisodiy zonalarni tashkil qilish (MIZ). Bunday siyosat xorijiy mamlakatlar bilan savdo qilish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish huquqi taqdim etilgan alohida hududlarni bosqichma-bosqich qamrab olishni ko‘zda tutardi. Alohida provinsiyalarning bosqichma-bosqich maxsus iqtisodiy zonalarga aylanishi barobarida ularga beriladigan huquqning xarakteri ham muttasil o'zgarib bordi. Shu tarzda asta-sekin narxlarni mustaqil belgilash va xususiy mulkka egalik qilish huquqi berildi.  

•         “Dual” almashinuv kursi, aniqrog'i reja va bozor kurslari o'rnatildi. Xalqaro hisob-kitoblarda reja (rasmiy) kursidan, mamlakat ichidagi hisob-kitoblarda esa bozor kursidan foydalanildi. 

Bunday siyosat natijasi shu bo'ldiki, investorlar asta-sekin boshlangan erkinlashtirish yo‘nalishining barqarorligiga ishonch hosil qildi. Xorijiy investitsiyalar yildan-yilga ortib bordi va 1992 yilda ular rekord darajada, aniqrog‘i 2,7 marotaba ortdi.

1994 yilda valyuta tizimi isloh qilindi va bunda ikkilangan almashinuv kursi bekor qilindi va yuanning bozorga asoslangan bitta boshqariluvchi va o'zgaruvchan almashinuv tartibi tatbiq etildi.

Siyosatning ochiqligi va eksportga yo‘naltirilgani, islohotlar avvalida xorijiy investitsiyalarning jalb qilinishi Xitoy xalqining turmush darajasini ko'tarish va keyingi bosqichlarda nisbatan qiyin islohotlarni amalga oshirish uchun yetarlicha mablag‘ jamg'arish imkonini berdi

Bundan  tashqari, 1998 yilda aholi jon boshiga tushadigan daromad garchi 770 AQSh dollari atrofida bo‘lgan esada, shuning o'zi ham 1980 yildagiga qaraganda 14 marotaba yuqori edi. Shunday qilib, Den Syaopinning odamlarning iqtisodiy ahvolini yaxshilashni ko'zda tutuvchi birinchi  maqsadiga erishildi, deb xulosa qilsa bo‘ladi.  

 

Infratuzilmalarga kiritilgan investitsiyalar

Xitoyda infratuzilmalarni moliyalash asosan markazlashgan davlat budjeti hisobidan emas, balki davlat qarzi, foydalanuvchilardan to'plangan qo'shimcha yig'imlar va maqsadli soliq tushumlari hisobga amalga oshirildi.

Masalan, milliy temir yo'l tarmog'iga kiritiluvchi investitsiyalar Xitoy taraqqiyot bankining tijorat zayomlari, “siyosiy zayomlari”, shuningdek, yuklarni tashish tariflariga maxsus ustamalar (construction surcharge on freight tariff) hisobiga moliyalashtiriladi. Agar yuk tashuvchi kompaniya yukni qurilayotgan yoki ta’mirlanayotgan hudud orqali olib o‘tsa, maxsus ustamalar belgilanadi.

Milliy avtomagistrallarning qurilishi avtotransport vositasini xarid qilish chog'ida to'lanadigan soliq va faol fiskal siyosat doirasida chiqarilgan bir qator davlat qarz zayomlari hisobiga moliyalashtiriladi. 

Qishloq joylarni elektrlashtirish tizimining yangilanishi davlat qarzlari hisobiga moliyalashtiriladi. [4]

Markaziy va mahalliy hokimiyatning infratuzilmalarni moliyalashga qo'shadigan hissasi amalda infratuzilmaning turiga bog‘liq:

-         temir yo'llar 90% markaziy hukumat tomonidan moliyalanadi;

-         avtomobil yo‘llari infratuzilmasi 95% mahalliy fondlar tomonidan moliyalanadi;

-         suv ta’minoti tizimi 80-90% mahalliy fondlar tomonidan moliyalanadi;

-         elektr ta’minoti tizimi 65% markaziy hukumat va 35% mahalliy ma’muriyat tomonidan moliyalanadi. [5].

Ayni chog'da, yirik loyihalar (qimmat turuvchi, mintaqalararo va milliy ahamiyatga ega bo'lgan) markaziy hukumat tomonidan, kichik loyihalar (shahar va mahalliy infratuzilmalar) esa mahalliy hokimiyat organlari tomonidan moliyalashtiriladi.

 

Vatandoshlarni jalb qilish

Asrlar mobaynida shakllangan va 2010-yilga kelganda dunyoning 154 ta mamlakatida taxminan 35 million kishiga yetgan xorijdagi xitoy diasporasi Xitoydagi iqtisodiy taraqqiyotning muhim jihati bo'ldi.

O'tgan asrning 80-yillarida Xitoy kapital mablag‘lar yetishmaydigan mamlakat edi. Xitoy diasporasi investorlari xorijlik raqobatchilariga qaraganda sabotliroq bo'lib, siyosiy xavf-xatarlarning o'rnini qoplash uchun madaniy va qarindosh-urug'lari bilan aloqalarga umid bog'lardi. Ular, shuningdek, islohotlarga oid debatlarga ham bevosita ta’sir qildi. Chunki ular Xitoydagi Xalq siyosiy maslahatlashuv konferensiyasi va Umumxitoy xalq vakillari yig'inlarida ishtirok etdi [6].

1984-yildan talabalarga o'z hisobidan chet elda ta’lim olish uchun Xitoydan chiqib ketishga ruxsat berildi. Erkinlashtirishning ushbu yangi bosqichi xorijda tahsil olish bilan bog'liq jarayonning jo'nash nuqtasiga aylandi.

1990-yildan hukumat yuqori malakaga ega kishilarning qaytishini rag'batlantirishga qartilgan yangi chora-tadbirlarni ko‘rdi. Rasmiy Pekin xorijdagi badavlat xitoyliklar bilan yaqinlashish siyosatini boshladi. Oila a’zolari xorijda bo'lgan fuqarolar, shuningdek, oilalari Xitoyda bo'lgan xorijliklar uchun chiqish va kirish qoidalari yumshatildi. Yana, pul mablag'ini xorijiy valyutada o'tkazish va xayriya qilish uchun maxsus soliq tizimi tatbiq qilindi. Investitsiyalarga kelganda, xitoylik emigrant o'ziga xos imtiyozlardan foydalangan.

2018-yilda Xitoy hukumati xitoy diasporasi mamlakatga qaytishini rag'batlantirish uchun navbatdagi chora-tadirlarlarni ko'rdi.  Asli kelib chiqishi xitoylik bo‘lgan xorijiy fuqarolarga ko'p martalik maxsus vizani olish uchun ariza berish imkoniyati taqdim etildi. Bu viza ularga 5 yilgacha yashash imkoniyatini beradi (bunga qadar 3 yil edi).    

Ushbu sa’y-harakatlar natijasi o'laroq 2015-yilda mamlakatga qaytgan xitoyliklarning 310 ming nafari (qaytganlar umumiy sonining 76% ga yaqini) tadbirkorlik faoliyatini boshladi. Axborot texnologiyalari, xizmatlar, tibbiyot, sug'urta, mehmonxona biznesi ular faoliyatining asosiy yo'nalishlari bo'ldi [7].

Chet eldagi xitoyliklar kiritgan investitsyalarning to'g'ridan-to'g'ri kiritilgan xorijiy investitsiyalardagi ulushi 1979-2010 yillarda 60% dan oshib ketdi.

Qaytib kelgan yuqori malakali mutaxassislar va xorijdagi oliy ta’lim muassasalarining bitiruvchilari XXRdagi iqtisodiy o'sishning muhim jihatidir. 2006 yilda, ta’lim olganidan so'ng 275 ming nafar xitoylik o'z vataniga qaytib keldi. Reemigrantlarning bu toifasi intellektual faoliyati (fan, ta’lim, texnologiyalar va boshqa sohalarda) hisobiga mamlakat taraqqiyotiga o'zining munosib hissasini qo'shmoqda. Ularning katta qismi Amerika Qo'shma Shtatlaridagi universitetlar va ilmiy markazlarda innovatsiyalardan foydalangan holda tahsil oldi va tajriba oshirdi.  

 

O'zbekiston uchun xulosalar

Xitoy va O'zbekistonda olib borilayotgan islohotlarni tahlil qilganda, ko'plab umumiy jihatlar borligini ko'rish mumkin.

Masalan, ochiqlik siyosati, valyuta bozorini erkinlashtirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish kabi yo'nalishlarda o'xshashlikni ko'rsa bo'ladi. Bu holat ayniqsa, 2016 yildan so'ng kuzatila boshlandi.

Maxsus iqtisodiy zonalar Xitoydagi kabi, xorijiy investitsiyalarni jalb qilishning ta'sirchan mexanizmidir.

Iqtisodiy siyosatdagi o'xshash jihatlarni vatandoshlar salohiyatini jalb qilish sohasida ham kuzatish mumkin. Bunday faoliyat O'zbekistonda 2018 yilda, mos dastur qabul qilinganidan so'ng yo'lga qo'yildi. [8]. Venchur fondlar, qo'shma korxonalarni tashkil etish, turli xil loyihalarni amalga oshirish uchun davlat mulki bo'lgan bo'shab yotgan ob’ektlarni taqdim etish iqtisodiy sohada vatandoshlar bilan hamkorlikni rivojlantirishning muhim mexanizmlaridir

Ayni chog'da bu yo‘nalishda Xitoy tajribasidan olish mumkin bo'lgan yana bir qator mexanizmlar bor. Masalan, maxsus iqtisodiy zonalarda vatandoshlar uchun joylarni zaxira qilib qo'yish, O'zbekistonning ko'ngildagidek bo'lmagan va chekka hududlarini rivojlantirish uchun ularning investitsiya kiritishini rag'batlantirish yaxshi natija berishi mumkin.

 

Z.Kostyuchenko

PMTI loyiha rahbari

 

Manbalar ro'yxati:

  1. Д. Жуджунь, М.М. Ковалев, В.В. Новик, Феномен экономического развития Китая. // 2008.

  2. https://www.nifi.ru/images/FILES/Journal/Archive/2014/3/18_3_2014.pdf

  3. Shigeo Kobayashi, Jia Baobo, Junya Sano, The "Three Reforms" in China: Progress and Outlook // Sakura Institute of Research, Inc. September 1999, No.45.

  4. Liu, Zhi, Planning and Policy Coordination in China's Infrastructure Development // 2005.

  5. Li, Z., Infrastructure and Urbanization in the People’s Republic of China // ADBI Working Paper 632. Tokyo: Asian Development Bank Institute. 2017

  6. J. Lee, The Chinese diaspora’s role in the rise of China // 2016.

  7. http://en.ccg.org.cn

  8. Постановление Президента Республики Узбекистан от 25 октября 2018 года № ПП-3982 «О мерах по дальнейшему совершенствованию государственной политики Республики Узбекистан в сфере сотрудничества с соотечественниками, проживающими за рубежом».