“Yashil” avtotransport haqiqatan ham CO2 emissiyasini kamaytira oladimi? (O'zbekiston misolida tahlil)

PMTI mutaxassislari yonilg'ida harakatlanuvchi avtotransport vositalari havoga chiqarayotgan CO2 miqdorini hisoblab chiqdi va uni mazkur transport vositalari elektr energiyasida harakatlangandagi holat bilan solishtirdi.

Elektr transport vositalaridan foydalanish jarayonida ajralib chiquvchi CO2* miqdori nolga teng bo'lgani bilan, elektr energiyasini ishlab chiqarishda hosil bo'luvchi uglerod dioksidini nazardan chetda qoldirmaslik lozim. Xususan, elektr energiyasi ko'mirdan olinganda atmosferaga juda ko'p miqdorda CO2 ajraladi. Shunday ekan, “yashil” deb ataluvchi elektromobillar zararli gazlarni kamaytirish o'rniga aksincha, ko'paytirib yubormaydimi?

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) respublika hududida benzin va dizel yonilg'isi asosida harakatlanuvchi avtotransport vositalari tomonidan atmosferaga chiqarilayotgan CO2 miqdorini aniqlashga qaratilgan tadqiqot o'tkazdi va 2020-yilda bunday avtotransport vositalari chiqargan zararli gazlar emissiyasi 7,69 million tonnaga teng bo'lganini hisoblab chiqdi, shuningdek, mazkur transport vositalari elektr energiyasi vositasida harakatlangan taqdirda, emissiya hajmi 35,11% kam bo'lishini aniqladi.

Muallif: Tomwang112 | Manba: Getty Images/iStockphoto

Dunyo miqyosida CO2 emissiyasining qariyb 22,7%i transport sektorining ulushiga to'g'ri keladi [1] (O'zbekistonda 13,3%) [2]. Shu sababli dunyodagi avtomobilsozlik kompaniyalari ichki yonuv dvigateliga ega avtomobillarni ishlab chiqarishni butkul to'xtatib, to'liq elektromobillarni ishlab chiqarishga o'tishini ma'lum qilmoqda. Jumladan, “Volvo” va “Mercedes-Benz” avtokonsernlari 2030-yildan, “General Motors” 2035-yildan, “Audi” 2033-yildan “yashil” avtomobillar ishlab chiqarishga to'liq o'tishni rejalashtirmoqda.

O'zbekiston Respublikasida ham so'nggi yillarda avtomobil transportining iqlim o'zgarishidagi ulushini kamaytirishga qaratilgan ishlar jadallashmoqda. 2018-yilda Parij bitimini (Parij, 2015-yil 12-dekabr) ratifikatsiya qilish to'g'risidagi qonunning qabul qilinishi va “2019-2030 yillar davrida O'zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o'tish strategiyasi” tasdiqlanishi bu yo'ldagi katta qadamlardir.
2019-yildan boshlab O'zbekiston Respublikasiga import qilinayotgan elektromobillar uchun nol miqdordagi bojxona to'lovi belgilandi va yil o'rtalariga kelib elektromobillar uchun amalda bo'lgan aksiz solig'i ham bekor qilindi. 2021-yilda soliq kodeksiga tegishli o'zgartirishlar kiritildi va elektromobillar avtotransport yig'imidan ozod qilindi. Respublika hududida elektromobillarni ishlab chiqarishni yo'lga qo‘yish maqsadida Farg'ona viloyatida Xitoyning “Hong Kong ZRSC Technology” korxonasi bilan, Buxoro viloyatida Janubiy Koreyaning “Songuo Mobility Innovation” korxonasi bilan hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirishga kirishildi.

Avtomobillarning CO2 emissiyasi hajmini aniqlash murakkab hisob-kitoblarni talab qiladi. Dvigatel elektr energiyasida harakatga keladimi yoki yonilg'ida, energiya/yonilg'i sarfi modellarning rusumiga qarab turlicha bo'ladi. Hatto, bir modeldagi avtomobillarda ham “shahar” yoki “trassa” tartibida, undagi yukning og'irligi va haydash uslubiga qarab elektr/yonilg'i sarfi farq qiladi. Bu esa o'z navbatida, hosil bo'ladigan uglerod dioksidi  miqdori turlicha bo'lishiga olib keladi.

Tahlilda xorijiy olimlar o'z tadqiqotlarida foydalangan o'rtacha birliklar mamlakatimizda ommalashgan bir qancha avtomodellar misolida qo'llanilgan. Jumladan, 100 km masofa uchun o'rtacha 9 litr benzin, 34,4 litr dizel yonilg'isi sarflanadi, deb hisoblanadi. Xuddi shuncha masofani bosib o'tish uchun elektr dvigatelli avtomobillar sarflaydigan o'rtacha elektr sarfi: yengil avtomobillar uchun 18,64 kVt-s, og'ir turdagilari uchun esa 144 kVt-s deb belgilangan.  

Quyida yonilg'i va elektr energiyasida harakatlanuvchi avtotransport vositalarinig 100 km masofani boshib o'tishi uchun qancha uglerod dioksidi chiqarilishi aks ettirilgan.

Ko'rinib turibdiki, 100 km masofani bosib o'tish uchun benzin vositasida harakatlanuvchi yengil avtomobillar o'rtacha 21,15 kg, elektromobillar esa 9,91 kg CO2 ajratib chiqaradi. Yuk avtomashinalari borasida to'xtalganda shuni aytish joizki, agar ular dizel yonilg'isida harakatlansa 91,16 kg, elektr energiyasida harakatlansa 76,6 kg uglerod dioksidi hosil bo'ladi. Ammo, bu uslubdagi hisob-kitobda 100 km masofa o'zgarmas, deb belgilab olingani sababli ajraladigan CO2 ning avtomobil rusumlari kesimidagi ulushi buziladi. Mazkur holatni hal etish uchun tahlil metadologiyasiga “umumiy bosib o'tilgan masofa” omili qo‘shilgan. Bunda Davlat statistika qo'mitasining O'zbekistonda 2020-yil davomida avtotransport vositalari sarflagan benzin va dizel yonilg'isining umumiy miqdoriga oid ma'lumotlar asos qilib olingan. Hisoblashning birinchi bosqichida sarflangan umumiy yonilg'i miqdori ichki yonuv dvigatelli avtomobilning o'rtacha iste'mol ko'rsatkichiga bo'linadi va umumiy bosib o'tilgan masofa aniqlanadi. Ikkinchi bosqichda esa, ushbu masofani tegishli CO2 emissiyasi omiliga ko'paytirish orqali avtotransport vositalari ajratib chiqaradigan zararli gazlar miqdori hisoblab chiqiladi.

Tadqiqot davomida mazkur usuldan foydalanilgan holda yonilg'i vositasida harakatlanuvchi avtotransport vositalarining umumiy CO2 emissiyasi 7,69 mln. tonna ekanligi hisoblab chiqildi. Elektr dvigatelli avtotransport vositalarida esa xuddi shuncha masofani bosib o'tishda 4,99 mln. tonna CO2 ajralib chiqishi aniqlandi. Bundan ko'rinib turibdiki, elektromobillardan foydalanish orqali atmosferaga chiqarilayotgan CO2  emissiyasini 2,7 mln. tonnaga kamaytirish mumkin.

Agar mamlakatdagi dizel va benzin asosida harakatlanayotgan barcha avtotransport vositalari elektr energiyasi asosida harakatlansa, qo'shimcha 9 382,3 mln. kVt-s elektr quvvatiga ehtiyoj yuzaga keladi. O'zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo'mitasi ma'lumotlariga asosan 2020-yil yakuniga ko'ra, respublika elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasining umumiy hajmi 66 500 mln. kVt-soatni [3], iste'mol hajmi esa 69 021,1 mln kVt-soatni tashkil etgan [4]. Bu esa qo'shimcha ishlab chiqarish quvvatlariga ehtiyoj borligini anglatadi.   

Hozir Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti tomonidan mamlakatda tobora ommalashib borayotgan “yashil” avtomototransport vositalari ulushi inobatga olingan holda, 2025-2030 yillar uchun mo‘ljallangan O'zbekiston Respublikasi avtomobil transportida CO2 emissiyasi hajmi prognozi ishlab chiqilmoqda.

Tahlilning to'liq matni va metodologiyaning batafsil izohi PMTIga murojaat qilinganda taqdim etilishi mumkin.

 

* uglerod dioksidi, karbon dioksidi, karbonat kislota angidridi deb ham ataladi.

 

PMTIning Logistika infratuzilmasini rivojlantirish va
raqamli iqtisodiyotni shakllantirish loyihasi katta ilmiy xodimi
A. Abdumuminov

 

 

Manbalar ro'yxati:

  1. Climatewatch database. 8257,73 MtCO₂e/ 36441,55 MtCO₂e = 22,7%. Sayt:www.climatewatchdata.org/data-explorer/historical-emissions

  2. 15 MtCO₂/113 MtCO₂ =13,3%   International Energy Agency. “Data & Statistics.” IEA, www.iea.org/data-and-statistics/data-browser?country=UZBEKISTAN&fuel=CO2%20emissions&indicator=CO2BySector

  3. O'zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo'mitasi, “Hududlar kesimida elektr energiyasi ishlab chiqarish”. https://api.stat.uz/api/v1.0/data/elektr-energiya-istemoli?lang=uz&format=pdf

  4. O'zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo'mitasi, “Yalpi elektr energiya istemoli”. https://api.stat.uz/api/v1.0/data/yalpi-elektr-energiya-istemoli?lang=uz&format=pdf