Ta'lim darajasi ish haqiga qanday ta'sir qiladi?

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ish haqining ta’lim darajasiga bog‘liq holda ortib borishini o‘rganib chiqdi.

Yuqori va past malakali ish o‘rinlarida mehnatga to‘lanadigan  ish haqi o‘rtasidagi tafovut bilan birga, xodimlar malakasi, ko‘nikmasi hamda eng past ta’lim darajasiga qo‘yiladigan talablar ham ortib bormoqda. Xodimlarning malaka darajasiga qo‘yiladigan talablarning muttasil ortib borishi, o‘z navbatida butun dunyoda "umr bo‘yi ta’lim" konsepsiyasini yanada ommalashtirmoqda. O‘zbekistonda ta’limning nisbatan yuqoriroq darajasidagi diplom egalari mehnat bozori ishtirokchisiga aylangach, sarflagan vaqti va kuchini oqlaydigan kompensatsiya olayaptimi? Ushbu savollarga ilmiy asoslangan javoblarni olish uchun PMTI ekspertlari rasmiy ta’lim darajalarining ish haqiga ta’sirini, iqtisodiyot sohalari va ta’lim darajalari bo‘yicha empirik baholashga qaratilgan tadqiqot o‘tkazdi.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda ish haqidagi ustama fan doktori (yoki DSc) ilmiy unvoni uchun 61% dan, PhD yoki fan nomzodi uchun 41% dan yuqori ekanligi, shu bilan birga bakalavr bosqichining imtiyozli diplomiga ega xodimlar mehnat bozorida oddiy diplom sohiblariga qaraganda 8,5% ko‘proq maosh olishi aniqlandi. Ushbu tadqiqot yuqori ta’lim darajasiga ega bo‘lish uchun sarflangan vaqt va kuch o‘zini oqlanishini tasdiqladi.

O‘zbekistonda ta’limning yuqoriroq bosqichlari keltiradigan iqtisodiy manfaatni baholash uchun PMTI mutaxassislari 18 yoshdan katta fuqarolar ishtirokida “Ta’limning daromadga ta’siri” mavzusida onlayn so‘rov o‘tkazdi. Unda asosan ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanuvchi tasodifiy respondentlar qatnashdi. Mamlakatimizning turli hududlaridan onlayn tartibida jami 1152 ta (61% erkaklar, 39% ayollardan) javob olindi. Tadqiqotda 906 ta so‘rovnomaning natijasi baholandi (o‘z hohishiga ko‘ra ishlamaydigan, vaqtincha ishsiz, farzand tarbiyasi bilan band, kunduzgi bakalavriat, magistratura, tayanch doktorantura va doktoranturada ta’lim oluvchi fuqarolarning javoblari, shuningdek, noto‘g‘ri to‘ldirilgan hamda bir xil javoblar inobatga olinmadi).

Ta’lim darajasi bo‘yicha 906 nafar respondentning 3,3% ini DSc (yoki fan doktorlari), 18,2% ini PhD (yoki fan nomzodlari), 33,1% ini magistrlar, 33,3% ini bakalavrlar, 15,3% ini bakalavriat va magistratura tizimi tatbiq etilgunga qadar oliy ta’lim olganlar, 7,0% ini o‘rta maxsus, professional ta’lim muassasalarining bitiruvchilari, 3,0% ini o‘rta va 0,4% ini tayanch o‘rta (9 sinf) bilimga ega bo‘lganlar tashkil etdi.

Ta’limning iqtisodiy manfaati ko‘pchilikka yaxshi tanish bo‘lgan “Minserning daromadlar tenglamasi (birinchisi – ta’lim davomiyligi uchun, ikkinchisi – ta’lim darajalari uchun) asosida tahlil qilindi:

 

LnWi=a0+αGi+rSi+βiexpi+βiexpi2+εi             (1)

Bu yerda: W – ish haqining miqdori; G – jins; S – ta’lim yillari; exp – potensial tajriba; ε – tasodifiy xatolik. r – koeffitsiyenti ta’limning iqtisodiy manfaatini o‘lchaydi va individlarning ta’lim olish muddati bir yilga oshganda o‘rtacha ish haqi necha foizga oshishini ko‘rsatadi» . α – tanlangan jins uchun ta’limning iqtisodiy manfaati; β – potensial ish tajribasining iqtisodiy manfaat koeffitsiyenti.

Tenglamaning ikkinchi ko‘rinishida ta’lim yillari ta’lim darajalari bilan almashtiriladi.
 

LnWi=a0+αGi+p1L1i+…+p1LNi+β1expi+β2expi2+εi       (2)

Bu yerda: L1, …, LN  – ta’lim darajasi N  uchun kiritilgan 1 va 0 qiymatini oluvchi ko‘rsatkichlar. Ularning oldidagi ρ - koeffitsiyenti ta’lim darajalari uchun iqtisodiy manfaatni baholaydi va u yoki bu ta’lim darajasiga ega xodimlarning ish haqi referent guruh ishchilarning maoshiga nisbatan necha foizga ortiqligini ko‘rsatadi» .

Ikkala tenglamada ham potensial ish tajribasi ko‘rsatkichi tushirib qoldirildi . Ta’lim darajalari sifatida DSc (Doctor of science) yoki fan doktori hamda PhD (Doctor of Philosophy) yoki fan nomzodi ilmiy darajalari tanlandi. Baholash Stata dasturiy ta’minotida eng kichik kvadratlar uslubida amalga oshirildi.

Baholash natijalariga ko‘ra (1-jadval) O‘zbekistonda har bir qo‘shimcha ta’lim yili ish haqining o‘rtacha 10% oshishiga imkoniyat yaratadi va bu ko‘rsatkich BMTning ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti - YUNЕSKO ning bahosiga mos keladi: «Butun dunyo bo‘yicha, 139 ta davlatda daromadlilik me’yori ta’limning har bir qo‘shimcha yiliga 10% ni tashkil qiladi».

DSc yoki fan doktori ilmiy unvoniga ega va iqtisodiyotda band bo‘lganlar o‘rta hisobda 61%, PhD yoki fan nomzodlari esa o‘zlaridan oldingi ta’lim darajasiga ega xodimlarga nisbatan 41% ko‘proq maosh oladi.

Imtiyozli diplomga ega respondentlar (bakalavr bosqichi bitiruvchilari yoki Bolon tizimiga o‘tilgunga qadar OTMlarning bitiruvchilari) mehnat bozorida oddiy diplom sohiblariga nisbatan 8,5% ko‘proq maosh oladi.

So‘rovda ishtirok etganlar orasida iqtisodiyot tarmoqlari bo‘yicha kompyuter texnologiyalari sohasida band bo‘lganlarning o‘rtacha oylik maoshi eng yuqori ekanligi ma’lum bo‘ldi. Ular (ta’lim darajasi va uning davomiyligiga qarab) boshqa tarmoqlarda band bo‘lganlarga nisbatan 28% dan 37% gacha ko‘proq ish haqi oladi. Iqtisodchilar 24-37%, moliyachilar 29-30%, professional va ilmiy-texnik faoliyat (yuridik, konsalting, buxgalteriya va professional xizmatlar) bilan shug‘ullanuvchilarning o‘rtacha oylik maoshi 27-38% ko‘p ekanligi oydinlashdi. Davlat boshqaruvi va mudofaa yo‘nalishlarida band bo‘lganlar o‘z mehnati evaziga 25-31% ko‘proq maosh oladi. Sanoat tarmog‘i vakillari 22-24%, qurilish sohasi vakillari esa 25% ko‘p ish haqi olishi aniqlandi.

Umuman, iqtisodiyotda erkaklarning maoshi ayollarnikiga nisbatan 23% dan 28% gacha yuqori. Shu bilan birga har bir qo‘shimcha ta’lim yili ayollarning daromadini 11% ga, erkaklarnikini 8,7% ga oshiradi. Oilali erkaklar bo‘ydoqlarga nisbatan 16% ko‘proq maosh olsa, turmush qurganidan so‘ng ayollarning maoshi 27% ga kamayishi kuzatiladi. Poytaxtimiz mehnat bozorida band bo‘lganlarning ish haqi boshqa hududlardagi ish haqiga nisbatan 23-24% (erkaklarda 30%, ayollarda 16,3%) yuqoriroq.

Ta’lim darajasi turlicha bo‘lgan respondentlarning oylik maoshi o‘rtasidagi tafovut tahsil olayotganlar va ularning oilalariga oila a’zosining ta’lim olishi uchun sarmoya kiritish bo‘yicha to‘g‘ri qaror qabul qilishda yordam beradi.

PMTI ekspertlari tadqiqotning keyingi bosqichida zarur bilim, mahorat va yuqori malakaga ega bo‘lib, ma’lum bir kasbni egallash uchun qancha miqdorda sarmoya kiritish zarurligini hisoblash imkonini beradigan kalkulyatorni ishlab chiqishni rejalashtirmoqda.

1-jadval.

O‘zbekistonda ta’lim darajasining ish haqiga ta’siri

Ko‘rsatkichlarning nomlanishi

1-tenglama

2-tenglama

Bog‘liq o‘zgaruvchi –logarifmlangan ish haqi

Ehtimol P>/t/

Bog‘liq o‘z garuvchi –logarifmlangan ish haqi

Ehtimol P>/t/

Ta’limning o‘rtacha davomiyligi

 

 

0.1015

0

DSc (yoki fan doktori)

0.6072

0

 

 

PhD (yoki fan nomzodi)

0.4092

0

 

 

Iqtisodchilar

0.3663

0

0.2390

0.01

Moliyachilar

0.2892

0

0.2983

0

Davlat boshqaruvi va mudofaa sohasida band bo‘lganlar

0.3076

0

0.2458

0

Quruvchilar

0.2499

0.4

 

 

Sanoat tarmog‘ida band bo‘lganlar

0.2437

0.08

0.2176

0.04

Ilmiy va professional faoliyat bilan shug‘ullanayotganlar

0.3814

0

0.2713

0

Kompyuter texnologiyalari sohasi vakillari

0.2836

0.02

0.4505

0.01

Sog‘liqni saqlash tizimida band bo‘lganlar

-0.2336

0.01

-0.265

0

Ayollar

-0.2774

0

-0.2324

0

Toshkent shahri mehnat bozorida band bo‘lganlar

0.2388

0

0.2306

0

Imtiyozli diplom egalari

0.0853

0.02

 

 

Kuzatishlar soni

906

 

906

0

R-squared

0.269

 

0.317

0

 

Manbaa: “Ta’limning daromadga ta’siri” mavzusida PMTI tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalari

 

D.Vahobova,
PMTI etakchi ilmiy xodimi