Economist Intelligence Unit tahlil agentligi tomonidan Global oziq-ovqat indeksi (GFSI )ishlab chiqilgan va u har yili qaytadan tuzib chiqiladi. 2021 yilda oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha global tadqiqot va uning reytingi o‘ninchi marotaba e’lon qilindi. GFSI oziq-ovqat mahsulotlaridan foydalanish imkoniyatlari, ularning mavjudligi va xavfsizligi, shuningdek, dunyodagi 113 ta mamlakatning tabiiy resurslari va barqarorligiga oid masalalarni ko‘rib chiqadi.
Quyidagilarni O‘zbekistonning mazkur reytingdagi asosiy yutuqlari sifatida ajratib ko‘rsatish mumkin:
O‘zbekiston “Iqtisodiy foydalana olish imkoniyati” kategoriyasi bo‘yicha mavqeini 15 punktga yaxshiladi. Bu quyidagi ko‘rsatkichlar bo‘yicha baholarning yaxshilanishi bilan bog‘liq:
-
Bozor ma’lumotlari va mobil bankingdan foydalana olish – mobil aloqadan foydalanuvchilar sonining har 100 kishiga 75,9 kishidan 101,2 kishiga oshishi;
-
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini import qilish tariflari – qishloq xo‘jaligida o‘rtacha import tarifi 19,1% dan 11,4% gacha yaxshilandi.
Mutaxassislar “Tabiiy resurslar va barqarorlik” kategoriyasida O‘zbekiston bo‘yicha bahoni sezilarli darajada yaxshiladi. Iqlim o‘zgarishiga moslashishishga nisbatan siyosiy tarafdorlik bo‘yicha sa’y-harakatlarning yuqori baholanishi reytingda mamlakatimizga ushbu kategoriyada 19 o‘rin ko‘tarilish imkonini berdi.
Mamlakat darajasida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va O‘zbekiston reytingini yaxshilash uchun birinchi o‘rinda O‘zbekistonning baholari eng yomon bo‘lgan “og‘riqli” nuqtalarga e’tibor qaratish zarur:
Suv resurslari. Jahon resurslar instituti ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston uchun suv resurslari sohasidagi xavf juda yuqori. Ushbu ko‘rsatkichlarni yillik umumiy suv olishni kamaytirish orqali yaxshilash mumkin. Buning uchun esa barcha bosqichlarda suv yo‘qotishni qisqartirish zarur. Ayniqsa, O‘zbekistonning eng zaif hududlar sifatida ajralib turgan 3 ta hududi – Samarqand, Navoiy va Jizzax viloyatlarida suv yo‘qotishlarni qisqartirishga alohida e’tibor qaratish zarur.
Aholining kambag‘allik darajasidan tashqaridagi ulushi (2011 yilda Xarid qobiliyati pariteti (XQP) bo‘yicha aholining kunlik daromadi 3,20 AQSH dollarini tashkil etgan % qismi). Mutaxassislar Jahon banki bazasidan 2003 yilda o‘tkazilgan so‘nggi baholashga oid ma’lumotlarni olgan. Bu esa kambag‘allikni baholashning milliy tizimini tasdiqlash va baholashni har yili o‘tkazish zarurligiga ishora.
Oziq-ovqat mahsulotlari o‘rtacha qiymatining o‘zgarishi (iste’mol oziq-ovqat mahsulotlari narxining yillik o‘zgarishi) – bu ko‘rsatkichni yaxshilash uchun ichki bozorda ham o‘zimizda ishlab chiqariladigan, ham mos narxlarda import qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlari taklifini oshirish zarur. Shu bilan birga narxlarning asossiz ravishda oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan chora-tadbirlarni kuchaytirish va import qilinayotgan oziq-ovqat mahsulotlari uchun belgilangan tariflarni qayta ko‘rib chiqish kerak.
D.Ilina
PMTI loyiha rahbari