Qishloq xo‘jaligi rivojida ham “yashil” iqtisodiyot tamoyillari ustuvor

PMTIning baholashicha, 2020 yilda yilda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida atmosferaga chiqarilgan issiqxona gazlari hajmi prognoz ko‘rsatkichidan 1,5% kam bo‘lgan.

So‘nggi yillarda Yerdagi iqlim o‘zgarishi tobora sezilarli bo‘lmoqda: ayrim mamlakatlarda anomal issiq kuzatilayotgan bo‘lsa, boshqalari mazkur mintaqa uchun xos bo‘lmagan juda sovuq va qorli qishdan aziyat chekmoqda. Atmosferaga issiqxona gazlarining chiqarilishi iqlim o‘zgarishidagi aossiy sabab, deb hisoblanadi.

Dunyoda atmosferaga chiqarilayotgan issiqxona gazlarining 22 foizi qishloq xo‘jaligining hissasiga to‘g‘ri keladi. Qishloq xo‘jaligidagi issiqxona gazlarining 80 foizga yaqini chorvachilik (jumladan, chorva mollari va yem-xashakni tashish) tarmog‘ida hosil bo‘ladi.

Dunyoda aholi sonining ortishi kelgusida oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabning ham ortishiga olib keladi. Bu esa o‘z navbatida qishloq xo‘jaligi tarmog‘ining yanada ko‘proq issiqxona gazlarini hosil qilishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun hozir bezarar qishloq xo‘jaligi tovarlarini ishlab chiqarishga qaratilgan zarur chora-tadbirlarni ko‘rish muhim ahamiyatga ega.

O‘zbekistonda “yashil” iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha ishlar 2020 yilda, COVID-19 pandemiyasi arafasida, 2019 yilning oktabr oyida “2019-2030 yillarda O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi” qabul qilinganidan so‘ng boshlangandi. 2030 yilga borganda qishloq xo‘jaligida chiqarilayotgan issiqxona gazlari miqdorini 50 foizga qisqartirish rejasi strategik ahamiyatga ega yana bir hujjatda o‘z aksini topgan. Bu 2020-2030 yillarda O‘zbekiston Respublikasining qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga qaratilgan strategiyadir.

O‘zbekiston iqtisodiyotida qishloq xo‘jaligi atmosferaga chiqarilayotgan issiqxona gazlari hajmi bo‘yicha energetikadan so‘ng ikkinchi o‘rinda turuvchi tarmoq hisoblanadi. 2017 yilda O‘zbekistonda atmosferaga chiqarilgan jami issiqxona gazlarining 17,8 foizi qishloq xo‘jaligining hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bu esa 33,3 million tonna CO2  ekvivalentida. 

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ma’lumotlar bo‘yicha so‘nggi yillardagi ochiq joyni to‘ldirish va O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida atmosferaga chiqarilayotgan issiqxona gazlari hajmini baholash uchun IO‘HEG (Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hukumatlararo eksperlar guruhi)ning “IO‘HEGning issiqxona gazlari milliy inventarizatsiya kadastri boshqaruv qoidalari” usulidan foydalangan holda o‘z mustaqil tadqiqotini o‘tkazdi.

Natijalarning ko‘rsatishicha, 2020 yilda qishloq xo‘jaligida atmosferaga chiqarilgan issiqxona gazlarining umumiy miqdori 36,1 million tonna СO2 ekvivalentida bo‘lgan. Mazkur ko‘rsatkich O‘zbekiston Respublikasining yangilangan ma’lumotlari bo‘yicha taqdim etilgan birinchi ikki yillik hisobotidagi rasmiy prognozga qaraganda 1,5% past.  

PMTIning baholashicha, agar kelgusida ham qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarish usullari avvalgidek qoladigan bo‘lsa, tarmoqda atmosferaga chiqariladigan issiqxona gazlari miqdori 2030 yilga borganda 27,7%ga, 2050 yilga borganda esa 83,2%ga ortishi mumkin.

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi va umuman butun iqtisodiyotida issiqxona gazlari chiqarilishining ortish tendensiyasini bartaraf etish uchun “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirishga o‘tish zarur.

Qishloq xo‘jaligida atrof-muhit uchun bezarar ishlab chiqarishga o‘tish choralaridan biri bu maydon uzra Quyosh elektrostansiyalari joylashgan paytda yerdan ikki marotaba foydalanish texnologiyasidir.

Osiyo mamlakatlari qishloq xo‘jaligida Quyosh elektrostansiyalaridan keng foydalaniladi. Bu masalada Xitoy peshqadamlik qilmoqda. Masalan, kattaligi jihatidan dunyoda uchinchi o‘rinda turuvchi Gobi cho‘lida Quyosh panellarining umumiy maydoni 20 kvadrat kilometrni tashkil etadi. Quyosh batareyalari mazkur sahroda 1000 megavatt elektr energiyasini ishlab chiqaradi. Ularning soyasida esa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiriladi.

Albatta, bu o‘rinda avvalo mazkur texnologiyalarni keng qo‘llashni rag‘batlantirishning iqtisodiy mexanizmlari haqida o‘ylab ko‘rish lozim. Masalan, 2021 yilning iyun oyida Gruziyada mamlakat Qishloq xo‘jaligi vazirligining dasturiga “imtiyozli kredit”larni berishni ko‘zda tutuvchi o‘zgartish kiritildi. Shunga ko‘ra, imtiyozli agrokreditlash loyihasiga yangi tarkibiy qism qo‘shildi. U tufayli qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish imkonini beruvchi qurilmalarni sotib olish va o‘rnatish mumkin. Loyihaga kiritilgan o‘zgartishlar tufayli bunday qurilmalarni agrolizing orqali ham sotib olish mumkin.

Shunga o‘xshash mexanizmlarni O‘zbekistonda ham qo‘llash maqsadga muvofiq. Shu tarzda mamlakatimizda muqobil energetikani rivojlantirish bilan bog‘liq muhim vazifani hal etish mumkin.

Qishloq xo‘jaligida muqobil enegetikaning rivojlanishi, shuningdek, yerlar degradatsiyasini bartaraf etish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, atrof-muhit uchun bezarar bo‘lgan kimyoviy moddalar, yonilg‘ini qo‘llash, agrar tarmoq chiqindilarini qayta ishlashni kengaytirish yuzasidan ko‘riladigan chora-tadbirlar birgalikda qishloq xo‘jaligini O‘zbekistonda ham “yashil” yo‘nalishda rivojlantirish va dunyo bozorida uglerod izi yo‘q bo‘lgan mahsulotlar bilan mustahkam joy olish imkonini beradi.