“Yashil” moliyalashtirish vositalari

Global Landscape of Climate Finance[1] e’lon qilgan so‘nggi hisobotga ko‘ra, 2019-2020 yillarda iqlim bilan bog‘liq moliyalashtirishning umumiy hajmi 632 milliard AQSH dollarini tashkil qilgan. Buning 321 milliard dollari jamoatchilik manbalari hisobidan, 310 milliard dollari esa xususiy manbalar tomonidan moliyalashtirilgan. Bunda umumiy moliyalashtirish hajmining 6% ini grantlar, 61% ini zayom vositalari, 33% ini esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri joylashtirilgan pul mablag‘lari tashkil qilgan. Shuni qayd etish joizki, zayom vositalarining 12% ini konsession va “arzon” zayomlar, qolgan qismini esa tijorat zayomlari tashkil etgan.

“Yashil” loyihalarning barchasi katta hajmdagi moliyalashtirishni talab etadi. “Yashil” biznes-modellar va loyihalar ko‘p holatlarda qaltis va noan’anaviy bo‘ladi. Shunga mos ravishda tijorat nuqtai nazaridan olib qaraganda moliyalashtirishning an’anaviy usullari e’tiborni jalb qilmasligi va ularni qo‘llashning imkoni topilmasligi mumkin. Dunyo amaliyotida bu muammoni hal qilish uchun moliyalashtirishning “yashil iqtisodiyot”ga yo‘naltirilgan yangi usullari ishlab chiqilgan. 

1-rasm. Yashil moliyalash vositalarining ko‘rinishlari

Manba: muallif tomonidan tuzilgan.

“Yashil” kreditlar – bu har qanday tipdagi qarz olish bo‘lib, pul mablag‘lari faqat “yashil” loyihalarning  talablariga javob beradigan yangi yoki mavjud bo‘lgan loyihalarni to‘liq yoki qisman moliyalashtirishga yo‘naltirilishi mumkin. [2]

“Yashil” obligatsiyalar - har qanday tipdagi obligatsiya bo‘lib, pul mablag‘lari faqat “yashil” loyihalarning  talablariga javob beradigan yangi yoki mavjud bo‘lgan loyihalarni to‘liq yoki qisman moliyalashtirishga yo‘naltirilishi mumkin. [3]

Aktivlar bilan ta’minlangan qimmatli qog‘ozlar (ABS) – elektr energiyasi uchun to‘lovlar ko‘rinishidagi pul oqimlari bilan ta’minlangan, binolarning tomidagi fotoelektr kollektorlari yoki qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanuvchi boshqa texnologiyalar aktivlar sifatida chiqadigan, oldi-sotdi qilinuvchi qimmatli qog‘ozlardir.  

“Yashil” fond – investitsiyalarning pay fondi yoki investitsiyalarni kiritishning boshqacha mexanizmi bo‘lib, standartlashtirilgan “yashil” aktivlardan foydalanish yo‘li bilan ijtimoiy mas’ul kompaniyalar yoki ijtimoiy javobgarlikning rivojlanishiga bevosita ko‘mak beruvchi kompaniyalarga investitsiya kiritish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiradi.

Chiqariladigan issiqxona gazlari uchun kvotalarni sotish tizimlari (ETS) yoki uglerod birjalari. Issiqxona gazlarining chiqarilish darajasi dunyo mamlakatlari bo‘yicha farqlanadi: rivojlangan mamlakatlardagi chiqindilar miqdori rivojlanayotgan mamlakatlardagidan ancha yuqori. Pirovardida maxsus tashkil qilingan maydonchalarda issiqxona gazlari uchun kvotalarining bir qismi sotuvga chiqariladi. Ularni esa chiqindilari me’yordagidan ortiq bo‘lgan mamlakatlar bozor qoidalari asosida sotib oladi.

Daromadli kompaniyalar (Yieldco) -  bular korporatsiyalarning filiallari ko‘rinishidagi ochiq aksiyadorlik jamiyatlari. Ular qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasidagi loyihalar portfelini shakllantirish orqali tashkil etiladi va aksiyalari barqaror foyda olishga intiluvchi, biroq  obligatsiyalar bozorining kam daromad keltirishidan qoniqish hosil qilmaydigan investorlarga sotiladi. 

“Yashil” bank deganda odatda davlat tomonidan yoki xalqaro, mintaqaviy va milliy moliya institutlarining vositalarini jalb qilgan holda tashkil etiladigan moliya-kredit muassasasi tushuniladi. Ular loyihalarni amalga oshirish uchun xususiy sektorga pul mablag‘ini ajratadi. Natijada “yashil” bozorlar uchun qo‘shimcha investitsiyalar shakllanadi. [4]

O‘zbekistondagi “yashil” moliyalashtirish

Ayni chog‘da O‘zbekistonda “yashil” moliyalashtirish faolligining ortishi qayd etilmoqda. Agar u ilgari xalqaro moliya institutlarining alohida loyihalari va grantlari ko‘rinishida taqdim etilgan bo‘lsa, so‘nggi yillarda moliyalashtirishning “yashil” kreditlar va obligatsiyalar kabi boshqa vositalari ham tatbiq etildi.

Shunday qilib, 2021 yilda “O‘zsanoatqurilishbank” Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) bilan uning “yashil iqtisodiyot”ni moliyalashtirish mexanizmi (Green Economy Financing Facility) dasturida ishtirok etish bo‘yicha bitim tuzdi. Unda YETTB ning 25 million dollargacha bo‘lgan miqdorda[5], Xalqaro moliya korporatsiyasining esa iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq sa’y-harakatlarni moliyalashtirishga qaratilgan 37,5 million dollar kredit liniyasini ajratishi ko‘zda tutilgan. [6]

Respublika hukumati MDH doirasida birinchi va dunyoda birinchilardan bo‘lib Barqaror rivojlanish maqsadlarini moliyalashtirishga qaratilgan davlat obligatsiyalari - Sovereign SDG Bonds ni joylashtirdi. Hajmi 2,5 trillion so‘mni (235 million AQSH dollari atrofida) tashkil qiluvchi 14% li ushbu obligatsiyalar 3 yil muddatga chiqarildi. Olingan mablag‘lar 9 ta aniq milliy barqaror rivojlanish maqsadiga erishishni ko‘zda tutuvchi tadbirlar va loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltiriladi. Ularning orasida “yashil” taraqqiyot maqsadlari ham bor.[7]

Ushbu sharhdan “yashil” vositalar sezilarli darajada xilma xil ekanligi bilan farqlanishi ko‘rinib turibdi. Bu esa korxonalarga investitsiyalarni davlat ishtirokisiz jalb qilish, “yashil” faoliyatdan moliyaviy foyda olish va atrof-muhit ifloslanishini kamaytirish (bartaraf etish) imkonini beradi. 

 

M.Karimov,
PMTI loyiha rahbari

 


[1] https://www.climatepolicyinitiative.org/wp-content/uploads/2021/10/Full-report-Global-Lands
cape-of-Climate-Finance-2021.pdf

[2] The Green Loan Principles (GLP). The Loan Syndications and Trading Association (LSTA). February 2021. pp. 2.

[3] The Green Loan Principles (GLP). The Loan Syndications and Trading Association (LSTA). February 2021. pp. 2.

[4] Green investment banks: Leveraging innovative public finance to scale up low-carbon investment. // OECD Policy Perspectives. December 2015. Available at: http://www.oecd.org/environment/cc/Green-Investment-Banks-policy-perspectives-web.pdf

[5] https://www.gazeta.uz/ru/2021/06/11/uzsqb/

[6] https://mineconomy.uz/ru/info/3932

[7] https://www.uz.undp.org/content/uzbekistan/en/home/presscenter/pressreleases/2021/07/-government-of-uzbekistan-issues-historic-bond-on-london-stock-e.html

Maqolani yuklab olish