Mamlakatimizda har bir tuman (shahar) iqtisodiyotidagi o‘sish drayverlarini aniqlash va yetarli darajada foydalanilmayotgan omillarni baholash bugungi kunda hududiy siyosatni amalga oshirishning dolzarb vazifasi hisoblanadi. Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) tomonidan ham bu yo‘nalishda hududlar iqtisodiyotida o‘sish drayverlarini (IOʼD) aniqlashga qaratilgan tadqiqotlar o‘tkazilmoqda.
Institut ekspertlari «Tuman (shahar) iqtisodiyotining o‘sish drayverlarini aniqlash: metodologiya va amaliyot» uslubiy-amaliy qo‘llanmani ishlab chiqdi va unga asoslanib, bir tuman misolida tadqiqot ishlarini olib bordi. Izlanishlar davomida Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumani bo‘yicha o‘sish drayverlari aniqlandi. Bunda tumanning 2017-2020 yillardagi iqtisodiy rivojlanish ko‘rsatkichlaridan foydalanildi. Shunga ko‘ra G‘uzor tumani quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha raqobat ustunligi va o‘sish nuqtalariga ega:
1. Kimyo mahsulotlarini ishlab chiqarish (RCA = 4,459) va chorvachilikni rivojlantirishda (RCA = 2,068) chuqur ixtisoslashuv;
2. Paxta-to‘qimachilik klasterlarining rivojlanishi (viloyatdagi ishlab chiqarish hajmida klasterlarning ulushi 2,6% teng);
3. Iqtisodiyotning asosiy tarmoqlari bo‘yicha aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan ko‘rsatkichlar bo‘yicha hududning nisbatan rivojlanganligi (aholi jon boshiga to‘g‘ri keluvchi ko‘rsatkichlar viloyat miqyosidagi ko‘rsatkichlarga nisbatan 75% dan yuqori);
4. Resurs salohiyati, yer va suv zahiralari, mineral xom ashyo resurslari, rivojlangan transport infratuzilmasining mavjudligi;
Tumanda raqobat ustunligi asosida yoqilg‘i-kimyo, to‘qimachilik, chorvachilik, naslchilik, terini qayta ishlash va boshqa bir qator o‘sish nuqtalari aniqlandi.
1-qo‘shimcha:
Uslubiy-amaliy qoʼllanmaga ko‘ra IO‘Dni aniqlash algoritmi quyidagi bosqichlardan iborat:
- hudud iqtisodiyotini (tarmoqlar va sohalar kesimida) tahlil qilish – qiyosiy baholash, guruhlash usullari yordamida hududning mintaqadagi (viloyat) o‘rni, rivojlanish holati va dinamikasi baholanadi;
- o‘sish drayverlarini hududning ixtisoslashuvi va raqobat ustunligi asosida aniqlash – qiyosiy afzallik (RCA indeksi), joylashtirishning samarali shakllarini joriy etish hamda yangidan amalga oshirilayotgan loyihalar tahlili yordamida hududning mavjud va yangi tayanch nuqtalari asoslanadi;
- o‘sish drayverlarini hududlarning tabiiy-iqtisodiy va resurs salohiyati asosida aniqlash – hududning geografik joylashuvi, yer-suv resurslari, transport infratuzilmasi, mineral xom ashyo resurslari, elektr energiya taʼminoti, investitsiya va tadbirkorlik salohiyati baholanadi;
- hududni o‘sish drayverlaridan foydalangan holda rivojlantirish mexanizmlari – o‘sish drayverlari hududning raqobat ustunligi hamda resurs salohiyatidan kelib chiqib asoslanadi va amaliy chora-tadbirlar belgilanadi.
|
G‘uzor tumani IO‘D aniqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi davlat statistika qo‘mitasi, Qashqadaryo viloyati Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasining 2017-2020 yillarga oid maʼlumotlaridan foydalanildi.
Jadval
Qashqadaryo viloyati G‘zor tumani iqtisodiyotining o‘sish drayverlari
(ixtisoslashuv va raqobat ustunligi asosida)
Tarmoq va soha
|
O‘sish nuqtalari (IOʼD)
|
mavjud
|
yangi yaratiladigan
|
Qishloq xoʼjaligi
|
chorvachilikda mahsuldorlikni oshirish va naslchilikni rivojlantirish
|
intensiv bog‘dorchilik, uzumchilikni kengaytirish;
g‘allachilikni rivojlantirish
|
Sanoat
|
kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish;
terini qayta ishlash
|
To‘qimachilikni rivojlantirish;
qurilish materiallari ishlab chiqarishni kengaytirish;
yoqilg‘ini qayta ishlash
|
Xizmatlar sohasi
|
aloqa va axborotlashtirish xizmatlarini raqamlashtirish;
transport xizmatlarini rivojlantirish
|
savdo, moliyaviy xizmatlar,
turizmni rivojlantirish
|
G‘uzor tumani IO‘D ni izohlovchi omillar:
1. Tuman sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish, investitsiyalar, shu jumladan xorijiy investitsiya va kreditlar, tovar va xizmatlar eksporti, mahalliy byudjet daromadlari (2-3 o‘rin) bo‘yicha viloyatda yuqori o‘rinda turadi. Buni asosan strategik ahamiyatga ega yirik obyektlar (kimyo va yoqilg‘i tarmoqlari)ning shu hududda joylashgani bilan izohlash mumkin.
2. Iqtisodiyotning asosiy tarmoqlari bo‘yicha aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan ko‘rsatkichlar hududning nisbatan rivojlanganligidan (aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan ko‘rsatkichlar viloyat miqyosidagi ko‘rsatkichlarga nistaban 75% dan yuqori) dalolat beradi:
- sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi 13,1 mln. so‘mni yoki viloyat miqyosidagi ko‘rsatkichga nisbatan 297,3%ni tashki etadi;
- qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi 7,3 mln. so‘mni yoki viloyat miqyosidagi ko‘rsatkichga nisbatan 98,7%ni tashkil qiladi;
- xizmatlar sohasi 2,6 mln. so‘mni yoki viloyat miqyosidagi ko‘rsatkichga nisbatan 83,4%ni tashkil etadi.
3. Kimyo (RCA=4,459), teri va charm mahsulotlarini (RCA=1,277) ishlab chiqarish, qo‘ychilik (RCA=2,068), qorako‘lchilik (RCA=1,686), transport (RCA=1,574), yashash va ovqatlanish (RCA=1,497), aloqa va axborotlashtirish (RCA=1,010) kabi yo‘nalishlarda chuqur ixtisoslashuv (RCA≥1,000) ushbu yo‘nalishlarda raqobat ustunligi mavjudligini anglatadi.
4. G‘uzor tumani resurslar borasida katta salohiyatga ega. Bu omil ham uning iqtisodiyotini rivojlantirishda katta imkoniyatlar yaratadi:
- qulay transport infratuzilmasi – G‘uzor-Chim-Ko‘kdala, G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beynau, Toshkent-Qarshi-G‘uzor-Termiz, Qarshi-G‘uzor-Shahrisabz avtomobil yo‘llari hamda Toshg‘uzor-Boysun-Qumqo‘rg‘on, Qarshi-G‘uzor-Termiz temir yo‘llari;
- yer resurslari – umumiy yer fondining 91,3%i (250 ming ga) qishloq xo‘jaligida foydalanish uchun yaroqli bo‘lib, buning 66,2%ini yaylovlar (165,4 ming ga), 24,6%ini ekin maydonlari (61,4 ming ga), 6,4%ini zahira yerlar (15,9 ming ga) tashkil etadi;
- suv resurslari – Аmudaryo havzasi, Qashqadaryo va uning irmoqlari, G‘uzor daryosi, Katta o‘ra va Kichik o‘ra suv manbalari tufayli tumanning suv bilan taʼminlanganlik darajasi 78% teng;
- mineral xom ashyo resurslari - neft, gaz, gaz kondensati, keramzit xom ashyosi, qum-shag‘al materiallari, g‘isht xom ashyosi konlari joylashgan; 10 ta noruda mineral xom ashyo konlari mavjud bo‘lib, ulardan 5 tasi ishlab chiqarishga jalb etilmagan.
Istiqbolda G‘uzor tumanidagi mavjud raqobat ustunligi ana shu resurslardan o‘sish nuqtalari sifatida foydalanish mumkin. Bu esa ishlab chiqarish obyektlarini oqilona joylashtirish bilan bog‘liq masalani hal etish hamda hududning iqtisodiy salohiyatini oshirish imkonini beradi.
G‘uzor tumani iqtisodiyotining o‘sish drayverlari bo‘yicha batafsil maʼlumotni “Tuman (shahar) iqtisodiyotining o‘sish drayverlarini aniqlash: metodologiya va amaliyot” uslubiy-amaliy qo‘llanmadan olish mumkin.