Hindistondagi islohotlar: iqtisodiy o‘sishning muhim omillari

Hindistonda amalga oshirilgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar PMTI ekspertlari tomonidan tahlil qilindi.

O‘zbekiston 2017 yildan mamlakatni isloh etishga qaratilgan yangi siyosatni amalga oshirishga kirishdi va jahon jamoatchiligining e’tiborini o‘ziga qaratdi. O‘tgan qisqa vaqt davomida respublikada sezilarli ijobiy o‘zgarishlarga erishildi. Islohotlarni yanada chuqurlashtirish, avvaldan mavjud bo‘lgan va yangidan yuzaga kelgan muammolarni hal etish tarixning turli davrlarida boshqa mamlakatlarda amalga oshirilgan islohotlarni sinchkovlik bilan o‘rganib chiqish, ushbu mamlakatni faoliyatning u yoki bu yo‘nalishida muvaffaqiyat sari yetaklagan omillarni aniqlashni talab qiladi.   

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) rivojlanayotgan dunyoning yetakchilaridan biri bo‘lgan Hindistondagi muhim islohotlarni baholash uchun tadqiqot o‘tkazdi. Ekspertlar 1950-2020 yillarda amalga oshirilgan iqtisodiy islohotlarni tahlil qilgach, Hindiston qaysi yo‘nalishlarda va qanday chora-tadbirlar tufayli dunyo sahnasida yetakchi mavqeni egallashga muvaffaq bo‘lganiga baho berdi.

Olingan natijalarga mos tarzda Hindistondagi islohotlar muvaffaqiyatining muhim omillari quyidagilar, degan xulosaga kelindi:

- davlatning rivojlanishni rag‘batlantiruvchi iqtisodiy choralardan foydalangan holda ustuvor ahamiyatga ega tarmoqlarni qo‘llab-quvvatlashi;

- hukumatning dunyoda va mamlakat ichida yuzaga kelgan vaziyat va  o‘zgarishlarga mos tarzda qayta ko‘rib turilgan taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha shaffof mavqei.

Ilmiy tadqiqotlarni doimo qo‘llab-quvvatlashga moyillik, yangi texnologiyalarni tatbiq etish, eksportni kengaytirish va diversifikatsiya qilish, davlat nazorati ostidagi sohalar va xususiy sektorni bir-biridan ajratish, boshqa mamlakatlar tajribasini monitoring qilish va moslashish, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni hal etish va islohotlarni o‘tkazishga aholi va diasporalarni jalb qilish Hindistondagi islohotlar siyosatining asosiy o‘ziga xos jihati bo‘ldi.

Hindiston o‘tkazilgan islohotlar natijasida, ayniqsa Axborot texnologiyalari va sanoat taraqqiyoti, ilm-fanni qo‘llab-quvvatlashda katta muvaffaqiyatga erishdi, shuningdek, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, xizmat ko‘rsatish, investitsiya siyosati va qashshoqlikka qarshi kurashda ma’lum bir yutuqlar qayd etildi.   

Shunday qilib, Axborot texnologiyalari va sanoat tarmog‘ining rivojlanishi rasman qabul qilingan sanoat siyosati tufayli ta’minlandi. U ustuvor yo‘nalishlar hamda mexanizmlarni bosqichma-bosqich almashtirishni ko‘zda tutadi. Shunga ko‘ra, 1960-1970 yillarda davlat tomonidan to‘liq nazorat qilingan sanoatga 2000 yillarga kelib, davlat tomonidan aralashish butunlay bekor qilindi, shuningdek, ichki talabni qondirish mo‘ljalidan ko‘ra ko‘proq, eksportni rag‘batlantirish va qo‘shilgan qiymat solig‘ining dunyo zanjirini o‘rnatishga e’tibor kuchaytirildi.Bunda boshqaruvning barcha darajalarida ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash muhim rol o‘ynadi. Buni fanni rivojlantirishga qaratilgan umumdavlat institutlarini tashkil etishdan tortib, tarmoq fondlari va korxonalarda ilmiy tadqiqot bo‘linmalarini shakllantirishgacha ko‘rish mumkin. Bundan tashqari ta’lim tizimidagi islohotlar, jumladan “uch til formulasi”ni tatbiq etish, shuningdek, texnik va tabiiy-ilmiy yo‘nalishdagi mutaxassisliklarga o‘qishga kirayotganlar uchun natijasi shu yo‘nalishdagi har qanday oliy ta’lim maskani tomonidan tan olinadigan yagona kirish imtihonini joriy qilish ham sezilarli ahamiyatga kasb etdi.     

Qishloq xo‘jaligi sohasida davlatning puxta qo‘llab-quvvatlash  (urug‘larni sotib olish uchun subsidiyalar ajratish, ssuda va kreditlar berish, irrigatsiyani rivojlantirish) va qishloq xo‘jaligi ekinlarining serhosil navlarini olish va xo‘jalik faoliyatini samarali olib borishga qaratilgan ilmiy izlanishlarni rag‘batlantirish tizimining oqilona yo‘lga qo‘yilishi tufayli islohotlar muvaffaqiyati ta’minlandi. Fermerlar va hukumat amaldorlari o‘z diqqat-e’tiborini fermer xo‘jaliklarining  mahsuldorligi, bilim hamda ko‘nikmalarni baham ko‘rishga qaratgani tufayli Hindistonda g‘alla yetishtirish keskin ortdi. Agar Hindistonda g‘alla hosildorligi 1948 yilda gektariga o‘rtacha 0,8 tonnani tashkil qilgan bo‘lsa, 1975 yilga kelib 4,7 tonnaga yetdi.

Mamlakatning taraqqiy topishida investitsion siyosat ham muhim rol o‘ynadi. Mamlakatga kirib kelayotgan xorij kapitali oqimini tartibga solishdan tashqari Hindiston kompaniyalarining xorijiy mamlakatlardagi aktivlarni sotib olishiga ham alohida etibor qaratildi. Bunda rivojlangan mamlakatlarda asosiy e’tibor zamonaviy texnologiyalar va boshqaruvga nisbatan yondashuvni o‘rganishga, rivojlanayotgan mamlakatlarda esa Hindiston mahsulotlari eksportini kengaytirishga qaratildi.    

Hindiston o‘z iqtisodiyotidagi muhim muammo – qashshoqlik muammosini davlatning an’anaviy manzilli qo‘llab-quvvatlash dasturi bilan bir qatorda, ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etish va islohotlarni o‘tkazishga aholi va diasporalarni jalb qilish, o‘zaro yordam guruhlarini shakllantirish, mikrokreditlashni rivojlantirish, mikrokorxonalar va kichik tadbirkorlikni tashkil qilishni rag‘batlantirish orqali hal etdi.   

Bir qator ko‘rsatkichlar Hindiston iqtisodiyotini isloh qilish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar samaradorligi va erishilgan yutuqlardan dalolat beradi.

Agar 1950-1970 yillar oralig‘ida Hindistonda YaIMning o‘sishi yiliga o‘rtacha 3,5% ni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan asrning 80-yillariga kelganda 5,6% ga, 2000-2010 yillarda esa o‘rtacha 6,5%ga yetdi. (1-rasm).

Iqtisodiyotning yangi tarmoqlari, jumladan avtomobilsozlik (1990-2010 yillar oralig‘ida tarmoqdagi o‘sish o‘nlab marotabani tashkil qildi) va axborot texnologiyalari deyarli noldan boshlab yaratildi.

Yalpi ichki mahsulotning aholi jon boshiga ulushi 1960 yildan buyon 21 marotaba oshdi va qashshoqlik bo‘sag‘asida yashaydigan aholi ulushi esa 85% dan 21,9% gacha kamaydi.

1-rasm. Hindiston YaIMdagi o‘sish sur’ati, foiz hisobida

Manba: Jahon Banki

O‘tkazilgan tadqiqot islohotlar muvaffaqiyatli amalga oshirilishi uchun taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab olish va ularni iqtisodiy usullar bilan ta’minlash zarurligini ko‘rsatdi. Mamlakatni taraqqiy toptirishdek maqsadga erishish uchun xususiy biznes, sarmoyadorlar va aholini islohotlar jarayonida faol ishtirok etishga qiziqtirish zarur. O‘zbekistondagi islohotlar siyosatini takomillashtirish, uning barqaror rivojlanishini ta’minlashda Hindiston tajribasini moslashtirish, uning aniq mexanizmlaridan foydalanish keyingi bosqich bo‘lishi mumkin.

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) o‘z navbatida boshqa mamlakatlardagi islohotlar tajribasi va ularning muvaffaqiyatini ta’minlagan omillarni chuqur tahlil qilgan holda bu tadqiqotni davom ettiradi.

*Hindistondagi islohotlar tajribasining batafsil tahlili PMTI ga murojaat qilinganda taqdim etilishi mumkin.

 

PMTIning Investitsiya va innovatsiya faoliyatini rivojlantirish masalalari bo‘yicha loyihasi