O'zbеkiston sanoatida hududiy mutanosiblikni baholash (Ishlab chiqarish konsentratsiyasi omili bo'yicha)

Jahon tajribasi hududlarning barqaror va mutanosib taraqqiyoti mamlakat raqobatbardoshligini oshirishning muhim omili ekanligini ko‘rsatmoqda. Bu jihatdan O‘zbekistonning hududlar bo‘yicha siyosati sanoatning mutanosib rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan. U sifatli o‘zgarishlar, tarkibiy jihatdan tub islohotlarning amalga oshirilishi, hududlar rivojidagi notekislik hamda hududlararo nomutanosiblikni qisqartirishni  ko‘zda tutadi.

Hududlar rivojlanishi va xalqaro savdoga oid nazariyalar (Imbs and Warcziag, 2003; Cadot et al., 2011; Bahar and Santos, 2016) ga binoan ishlab chiqarish konsentratsiyasi va diversifikatsiyasi iqtisodiyotdagi o‘zgarishlar omili sifatida ko‘rib chiqiladi. Bunda konsentratsiya (Xerfindal-Xirshman konsentratsiya indeksi) darajasi pastroq bo‘lgan, ya’ni ko‘proq diversifikatsiyalangan mamlakatlar odatda ichki va tashqi xavf-xatarlarga nisbatan barqaror bo‘lishi ta’kidlanadi.

O‘rganilayotgan tadqiqot mavzusi alohida hududlar iqtisodiyotining diversifikatsiyalanganlik darajasi va barcha zarur narsalar yetarli ekanligini baholash zarurati bilan asoslangan. Shu munosabat bilan Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) tomonidan O‘zbekiston sanoatining hududiy mutanosibligi ishlab chiqarish konsentratsiyasi indeksi (ICHKI) bo‘yicha baholandi.

Ishlab chiqarish konsentratsiyasi indeksi hududlarda u yoki bu tarmoqning (iqtisodiy faoliyat turlari)  o‘ziga xos jihatlarini aniqlash usuli bo‘lib xizmat qiladi va ishlab chiqarishda hududlararo nomutanosiblik darajasini ko‘rsatadi.

Tadqiqot natijalari O‘zbekiston sanoatining hududiy tarkibi ishlab chiqarish konsentratsiyasining qisqarishi bo‘yicha ijobiy tendensiyaga ega ekanligini ko‘rsatdi. Bu esa ishlab chiqarish hududlar bo‘yicha nisbatan bir tekis ekanligini anglatadi. 

2021-yil yakunlari bo‘yicha to‘qimachilik, kiyim-kechak, oziq-ovqat mahsulotlari, mebellar, qurilish materiallari, kimyoviy mahsulotlar, ya’ni aholi orasida talab katta bo‘lgan iste’mol tovarlarini ishlab chiqarishda hududlar bo‘yicha ishlab chiqarish quvvatlarining nisbatan bir tekis joylashuvi qayd etildi. 

O‘zbekiston sanoatining hududiy mutanosibligini ishlab chiqarish konsentratsiyasi indeksi (ICHKI) bo‘yicha baholash yillik ma’lumotlar asosida amalga oshirildi. Bu esa hududlar sanoatining rivojlanishini baholash, ishlab chiqarishdagi nomutanosiblik va asimmetriklik, hududlararo farqlarni aniqlash va shu asosda qo‘shimcha chora-tadbirlarni ishlab chiqish imkonini beradi.

Eslatma:

Sanoatning asosiy tarmoqlari bo‘yicha ishlab chiqarish konsentratsiyasi indeksi (ICHKI) ni baholash uchun ishlаb chiqarish quvvatlarining mamlakat hududlari bo‘ylab joylashuv darajasini ifodalovchi Xerfindal-Xirshman indeksidan foydalanildi. Indeks qiymati qancha baland bo‘lsa, ma’lum bir hududda konsentratsiya darajasi ham shuncha yuqori bo‘ladi. Bu esa hududiy tarkibning mos emasligidan dalolat beradi. Indeks qiymatining nolga yaqinlashishi hududiy tarkibning bir xil ekanligini bildiradi.

ICHKI 0 dan 1 gacha bo‘lgan diapazonda qiymatga ega va quyidagicha izohlanadi: 0,0 ≤ ICHKI ≤ 0,300 – ishlab chiqarish quvvatlarining hududlar bo‘yicha bir tekis taqsimlangani; 0,300 < ICHKI ≤ 0,650 – ishlab chiqarish quvvatlarining hududlar bo‘yicha o‘rta darajada ekanligi; 0,650 < ICHKI ≤ 1,000 – ishlab chiqarish quvvatlarining hududlar bo‘yicha notekis taqsimlangani.

Bu usul K.Ayginger, E.Rossi-Xansberg, Ye.Marelli, J.Imbs, A.Belov kabi yetakchi iqtisodchi olimlar tomonidan qo‘llaniladi.

1-jadval

2021-yilda ishlab chiqarishning hududiy konsentratsiya ko‘rsatkichi
                        bo‘yicha sanoat tarmoqlari reytingi

Iqtisodiy faoliyat turi

Ichki

2017-2021 yillar davomidagi ozgarish

Ishlab chiqarish quvvatlarining hududlar bo‘yicha bir tekis joylashuvi

To‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish

0,038

ijobiy

Oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish

0,066

salbiy

Mebel ishlab chiqarish

0,105

Ijobiy

Nometal mineral mahsulotlarni ishlab chiqarish

0,110

Ijobiy

Elektr ta’minoti

0,114

Ijobiy

Kiyim-kechak ishlab chiqarish

0,128

salbiy

Charm mahsulotlarni ishlab chiqarish

0,217

salbiy

Kimyoviy mahsulotlarni ishlab chiqarish

0,224

ijobiy

Ishlab chiqarish quvvatlarining hududlar bo‘yicha u yoki bu darajada bir tekis joylashuvi  

Rezina va plastmassa buyumlarni ishlab chiqarish

0,304

Ijobiy

Qog‘oz mahsulotlarni ishlab chiqarish

0,410

Ijobiy

Ichimliklar ishlab chiqarish

0,441

salbiy

Metallurgiya sanoati

0,486

salbiy

Avtotransport vositalarini ishlab chiqarish

0,516

Ijobiy

Mashina va uskunalarni ta’mirlash va o‘rnatish

0,584

Ijobiy

Elektr uskunalari mahsulotlari

0,595

Ijobiy

Ishlab chiqarish quvvatlarining hududlar bo‘yicha notekis joylashuvi

Koks va neftni qayta ishlash mahsulotlarini ishlab chiqarish

0,675

salbiy

Farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish

0,723

salbiy

Kompyuterlar, elektronika mahsulotlarini ishlab chiqarish

0,743

salbiy

Yozib olingan materiallarni chop etish va qayta ishlab chiqarish

0,782

ijobiy

Metall rudasini qazib olish

0,811

salbiy

Tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish

0,823

ijobiy

Ko‘mir va lignit qazib olish

0,899

ijobiy

Xom neft va tabiiy gaz qazib olish

0,915

salbiy

 

O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, 12 ta viloyat va Toshkent shahri kesimida iqtisodiy faoliyat turlari  (IFUT – iqtisodiy faoliyat umumdavlat tasniflovchisi) bo‘yicha sanoat ishlab chiqarishi hajmiga oid ma’lumotlari ishlab chiqarish konsentratsiyasi indeksini baholashda axborot bazasi bo‘ldi.    

2021-yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston sanoatining hududiy mutanosibligini ishlab chiqarish konsentratsiyasi indeksi (ICHKI) bo‘yicha baholash quyidagilarni ko‘rsatmoqda:

- oziq-ovqat, to‘qimachilik mahsulotlari, kiyim-kechaklar, charm buyumlar, mebellar, qurilish materiallari, kimyoviy mahsulotlarni ishlab chiqarish, energiya ta’minotida past konsentratsiya indeksi va o‘z o‘rnida hududlar bo‘yicha ishlab chiqarish quvvatlarining bir tekis joylashuvi (ICHKI= 0,038-0,224) qayd etilgan;

- rezina va plastmassa buyumlar, qog‘oz, avtotransport vositalari, elektr uskunalar, metallurgiya sanoatida (ICHKI = 0,304-0,595), ya’ni asosan o‘rta texnologik mahsulotlarni ishlab chiqarishda hududlar bo‘yicha u yoki bu darajada bir tekis joylashuv kuzatilgan;

- koks va neftni qayta ishlash mahsulotlari, farmatsevtika, elektronika mahsulotlari, kompyuterlar, shuningdek, qazib olish sanoati (xom neft va tabiiy gaz, metall rudasi, ko‘mir qazib olish) (ICHKI = 0,675-0,915)dagi yuqori konsentratsiya indeksi notekis hududiy joylashuvdan dalolat beradi;

- so‘nggi 5 yil (2017-2021 yillar) ichida rezina va plastmassa buyumlar, mebellar, avtotransport vositalari, kimyoviy mahsulotlar va qog‘oz (ICHKI ning 0,05-0,3 punktga pasayishi) ishlab chiqarishdagi hududiy joylashuvda sezilarli ijobiy o‘zgarishlar bo‘lmoqda.

Umuman olganda, tadqiqot natijalari hududlarda alohida ishlab chiqarish turlari bo‘yicha sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishda  diversifikatsiyaga (dekonsentratsiyaga) oid ishlanmalar va ularni amalga oshirish chora-tadbirlari zarur ekanligini ko‘rsatmoqda. Bu hududlarning barqaror taraqqiyotini ta’minlashdagi yuqori samaradorlik bilan bog‘liq. Unga esa hudud iqtisodiyotining xom ashyoga qaramligini kamaytirish, shuningdek, multiplikativ effekt orqali erishish mumkin. 

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti sanoatning hududiy muvozanatlashganligini yanada chuqurroq baholash orqali mazkur tadqiqotni davom ettiradi. Bunda ishlab chiqarish quvvatlarining taqsimlanishiga ta’sir etuvchi omillarning barchasi  inobatga olinadi. 

 

Elnoraxon Yakubova
PMTI loyiha rahbari o‘rinbosari,
yig‘ma guruh rahbari