O'zbekiston mehnat bozorida tarmoqlar va mutaxassisliklar bo'yicha talabning shakllanish tahlili

PMTI ekspertlari O‘zbekiston mehnat bozorida talabning shakllanishi va uning rivojlanish istiqbollarini baholadi.

Mehnat bozoriga ilk marotaba kirib kelayotgan yoshlar sonining ortishi, shuningdek, ishga joylashishishi zarur bo‘lgan kishilar sonining ko‘pligi sabab taklifning talabdan oshib ketish tendensiyasi kuzatilmoqda. Iqtisodiyotning rivojlanish ko‘lami ishlash istagida bo‘lganlarning barchasini ish o‘rinlari bilan ta’minlashi darkor. Bundan tashqari, ayrim kasblar bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash va mehnat bozorining real ehtiyojlari o‘rtasida nomutanosiblik mavjud.

Hozirga qadar respublikada iqtisodiyot tarmoqlari bo‘yicha kadrlarga bo‘lgan talab o‘rganilmayapti. Shuning uchun PMTI tarmoqlar bo‘yicha kadrlarga talab qandayligini sifat jihatidan tahlil qilish maqsadida 2016–2020 yillarda sohalar bo‘yicha kadrlarga bo‘lgan talab dinamikasini baholadilar.

Tahlil natijasida quyidagi asosiy xulosalar olindi:

- umumta’lim maktablari, litseylar va kasb-hunar kollejlari har yili mehnat bozoriga o‘rtacha 450 ming, oliy o‘quv yurtlari esa 100 ming nafar mutaxassisni tayyorlaydi;

- kasblar bo‘yicha konsentratsiya koyeffitsiyenti vrach, farmatsevt,  tibbiyot hamshirasi, o‘qituvchi, bank xodimi, turizm sohasi xodimi, shuningdek, quruvchi, muhandis va texnolog kabi kasblar bo‘yicha bo‘sh ish o‘rinlari taqdim etilgan rezyumelarga nisbatan yuqori ekanligini ko‘rsatdi;

- davlat tashkilotlarida o‘qituvchilar, vrachlar va tibbiyot xodimlariga talab yuqori;

- xususiy sektorda esa sotuvchilar, dasturchilar, texnologlar va muhandislar, marketologlar va ma’muriy xodimlarga talab yuqori;

- davlat korxonalari va yirik korxonalar ish qidiruvchilardan ko‘proq oliy ma’lumot talab qilmoqda: davlat muassasalaridagi bo‘sh ish o‘rinlarining 55% dan ortig‘i, yirik korxonalarda esa 60% dan ortig‘i ish qidirayotganlardan oliy ma’lumot talab etadi;

- xususiy sektorda esa ish tajribasi asosiy talabdir.

Mehnat bozoridagi vaziyat

O‘zbekiston mehnat bozorini tahlil qilganda, mamlakatda ishchi kuchi taklifi har yili asosan kasb-hunar kollejlari va oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari hisobidan shakllanishini qayd etish mumkin. Umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari har yili mehnat bozoriga o‘rta hisobda 450 ming, oliy o‘quv yurtlari 100 ming nafar mutaxassisni tayyorlab chiqaradi.

2021-yil oxirida respublika mehnat bozoridagi konsentratsiya koeffitsiyenti 2,7 ni tashkil etganini ta’kidlash joiz. Bu mehnat bozorida zo‘riqish darajasi yuqori ekanligi, ya’ni ish qidirayotganlar rezyumesi mavjud bo‘sh ish o‘rinlaridan deyarli 3 baravar ko‘p ekanligini bildiradi.

1-qo‘shimcha

Mehnat bozoridagi konsentratsiya koeffitsiyenti - bandlik xizmatida ro‘yxatga olingan ishsiz fuqarolar sonining ish beruvchilar tomonidan e’lon qilingan bo‘sh ish o‘rinlari soniga nisbati (rezyumelar sonining bo‘sh ish o‘rinlari soniga nisbati).

Koeffitsiyent 1 dan qancha yuqori bo‘lsa, mehnat bozorida konsentratsiya darajasi shuncha yuqori bo‘ladi. Agar koeffitsiyent birdan past bo‘lsa, u holda mehnat bozorida kadrlar yetishmasligi kuzatiladi.

Shunday qilib, mehnat bozoridagi konsentratsiya koeffitsiyenti ishchi kuchiga talab va taklif nisbatini tavsiflaydi.

Shuningdek, kasblar bo‘yicha konsentratsiya koeffitsiyentini hisoblash natijalariga ko‘ra, tibbiyot (vrachlar – 0,02, farmatsevtlar – 0,18, hamshiralar – 0,19), ta’lim (o‘qituvchilar - 0,21), bank (0,22), turizm (0,31) va ishlab chiqarish (quruvchilar - 0,43, muhandislar, texnologlar - 0,60) sohalarida mutaxassislar yetishmasligi aniqlandi (1-rasmga qarang).

Mutaxassisliklarning haddan tashqari ko‘pligi AT (1,31), buxgalteriya (1,55), huquq (1,84) va eng yuqori ko‘rsatkich iqtisod (4,05) sohalarida kuzatilmoqda.

2-qo‘shimcha

Kasb bo‘yicha konsentratsiya koeffitsiyenti mehnat bozoridagi vaziyat qandayligi, ya’ni qaysi mutaxassisliklarga talab ortib borayotgani, qaysi mutaxassisliklarga esa pasayganini ko‘rsatadi.

Shunday qilib, koeffitsiyent bitta bo‘sh ish o‘rniga qancha ishsiz (o‘z rezyumesini bandlik bo‘yicha davlat yoki xususiy agentlikka topshirganlar) to‘g‘ri kelishini ko‘rsatadi.

1-rasm. Mehnat bozorida kasblar bo‘yicha konsentratsiya koeffitsiyenti

O‘zbekiston mehnat bozorini batafsil o‘rganish jarayonida mavjud bo‘sh ish o‘rinlari va ish qidiruvchilar tomonidan taqdim etilgan rezyumelar haqida ma’lumotlar beruvchi ikkita asosiy platformani ajratib ko‘rsatish mumkin. Bular:

- Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining ma’lumotlar bazasi;

- nodavlat ma’lumot bazalari (masalan, bugungi kunda HeadHunter kompaniyasi va Olx.uz sayti eng ommabop bazalar hisoblanadi).

Vazirlikning ma’lumotlar bazasida 49 959 ta ish beruvchi korxona, 6829 ta rezyume va 980 mingta bo‘sh ish o‘rni ro‘yxatga olingan. HeadHunter kompaniyasining bo‘sh ish o‘rinlari ma’lumotlar bazasida juda ko‘p rezyumelar mavjud, ammo shunga qaramay, bo‘sh ish o‘rinlari soni ancha kam, atigi 4209 ta, rezyumelar soni  248735 ta, kompaniyalar soni 10901 ta.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining ma’lumotlar bazasiga ko‘ra (2-rasmga qarang) tarmoqlar bo‘yicha o‘qituvchilar, shifokorlar, hamshiralar, ta’mirlovchilar, farmatsevtlar, texnolog va muhandislarga talab juda yuqori. Shuni ta’kidlash kerakki, bo‘sh ish o‘rinlarida bugungi kunda dunyoda talab yuqori bo‘lgan dasturchi, marketolog, menejer va onlayn operator kabi kasblar deyarli ko‘rsatilmagan.

1-rasm. Bo'sh ish o'rinlari soni bo‘yicha mutaxassisliklar o‘ntaligi
(umumiy bo'sh ish o'rinlari soniga nisbatan foiz hisobida)

HeadHunter kompaniyasining bo‘sh ish o‘rinlari ma’lumotlar bazasida talab yuqori bo‘lgan kasblar ro‘yxati vazirlikning bo‘sh ish o‘rinlari bazasidagidan keskin farq qiladi. Masalan, savdo bo‘yicha menejerlar (868 ta bo‘sh ish o‘rni), axborot texnologiyasi, internet va telekommunikatsiya sohasi mutaxassislari (522 ta bo‘sh ish o‘rni), marketing, reklama va PR bo‘yicha xodimlar (401 ta bo‘sh ish o‘rni), buxgalterlar (390 ta bo‘sh ish o‘rni) va ma’muriy xodimlar (326 ta bo‘sh ish o‘rni)ga talab juda yuqori ekani ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, Olx.uz saytiga joylashtirilgan bo‘sh ish o‘rinlari ham tahlil qilindi. Ushbu saytning ma’lumotlar bazasida jami 20 mingga yaqin ish o‘rni mavjud va 6,4 mingga yaqin rezyume ro‘yxatga olingan. Eng yuqori talab savdo-sotiq (3085 bo‘sh ish o‘rni), barlar, restoranlar (3054 ta bo‘sh ish o‘rni), ishlab chiqarish, energetika (2715 ta bo‘sh ish o‘rni) va ta’lim (1221 ta bo‘sh ish o‘rni) kabi sohalarga ekanligi aniqlandi. Ishchi kuchi taklifi quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha yuqori ekanligi aniqlandi: qurilish bo‘yicha mutaxassislar (1138 nafar), huquq, buxgalteriya hisobi (594 nafar) va ta’lim sohasi (568 nafar).

Malakali kadrlar bilan ta’minlanganlik darajasi

O‘zbekistonda bandlik siyosatini yuritishda asosiy e’tibor daromad 5 ming dollardan kam bo‘lmagan xorijiy mamlakatlarga qaratiladi. Chunki O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishi ushbu mamlakatlar darajasiga erishish.

Bu mamlakatlarda yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlashga katta e’tibor qaratiladi. Xususan, tibbiyot sohasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Yevropa va Amerika mamlakatlarida har 10 ming kishiga 80 nafardan ortiq hamshira to‘g‘ri kelsa (81 va 83), O‘zbekistonda ushbu ko‘rsatkich 108 nafarni tashkil etadi. Raqamlar O‘zbekiston shifokorlar va hamshiralar bilan ta’minlash ko‘rsatkichlari bo‘yicha rivojlangan mamlakatlardan farq qilmasligidan dalolat beradi. Shunga qaramay, mamlakatimizda yuqori malakali tibbiyot xodimlari yetishmaydi.

Shuningdek, bugungi kunda qayta ishlash sanoatining ulushi kamida 20 foizni tashkil etuvchi, daromad darajasi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan mamlakatlarda har 1 million kishiga o‘rtacha 1500-2000 nafar muhandis va tabiiy fanlar bo‘yicha mutaxassis to‘g‘ri keladi. O‘zbekistonda esa ushbu ko‘rsatkich har 1 million kishiga 532 nafarni tashkil etadi. Shuning uchun mamlakatimizda sanoat uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash talab etiladi. Har yili ta’lim muassasalari kamida 20 ming nafar yuqori malakali muhandis va ishlab chiqarish texnologlarini tayyorlashi zarur.

Xorijiy davlatlar va O‘zbekiston o‘rtasidagi taqqoslash tahlili shuni ko‘rsatadiki, mamlakatda ishchi kuchi sifatini oshirishga qaratilgan siyosat olib borish talab etiladi. Yuqori malakali kadrlarni shakllantirishga alohida e’tibor qaratish lozim.

Bugungi kunda davlat muassasalarida bo‘sh ish o‘rinlarining 55 foizdan ortig‘i ish qidiruvchilardan oliy ma’lumot talab etmoqda. Xususiy sektorda esa asosiy talab - ish tajribasi. Masalan, yirik korxonalardagi bo‘sh ish o‘rinlarining 60% dan ortig‘i oliy ma’lumotni talab qiladi, kichik korxonalarda esa atigi 5%. Bugungi kunda mehnat bozoriga ilk bor kirib kelayotgan yoshlarning bor yo‘g‘i 18 foizi oliy ma’lumotga ega xolos.

Shunday qilib, etalon mamlakatlar darajasiga erishish uchun yaqin kelajakda O‘zbekiston mehnat bozori uchun muhandislar, texnologlar (oliy va o‘rta maxsus ta’limga ega), dasturchilar, arxitektorlar, quruvchilar, menejerlar hamda yuqori malakali shifokor va o‘qituvchilar talab etiladi.

 

PMTIning Inson kapitalini rivojlantirish va
ijtimoiy tabaqalashuv masalalari bo‘yicha loyihasi