Mehnat bozorining hududiy indeksi: hududlarda vaziyat qanday?

Bugungi kunda hududlar bo‘yicha mehnat bozoridagi talab va taklif muvozanati masalasi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdagi jiddiy muammolardan biri hisoblanadi. Shu munosabat bilan bugun hududlarda aholini barqaror ish o‘rinlari va munosib mehnat sharoitlari bilan ta’minlash dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bu esa hududlarda mehnat bozorining shakllanishi yuzasidan aniq tahlil o‘tkazishni talab etadi.

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari tomonidan mehnat bozorining hududiy indeksi (MBI) ni hisoblash bo‘yicha tadqiqot o‘tkazildi.

Hududlarda mehnat bozorining holatini baholash natijasida quyidagilar aniqlandi:

- 2021-yilda eng yuqori indeks ko‘rsatkichlari Toshkent shahri, Navoiy hamda Toshkent viloyatlarida qayd etildi.

- Eng yuqori ish haqi darajasi ham Toshkent shahri, Navoiy hamda Toshkent viloyatlarida qayd etildi.

- Indeks darajasi o‘rtacha bo‘lgan Andijon, Buxoro, Samarqand, Namangan, Sirdaryo, Farg‘ona, Xorazm va Jizzax viloyatlarida mehnat masalasida o‘rtamiyona takliflar kuzatilgan, ya’ni bitta bo‘sh ish o‘rniga o‘rtacha 2,2 ta rezyume to‘g‘ri kelgan.

Mehnat bozori indeksi davlat organlari vakillari, bevosita ish beruvchilar va ish qidiruvchilarga hududlardagi mehnat bozorining joriy holati bo‘yicha zarur ma’lumotni olish imkonini beradi. Demak, indeks quyidagi imkoniyatlarni yaratadi: 

- davlat organlari vakillariga hududlar bo‘yicha mehnat bozoridagi holatga baho berish, mehnat bozorining rivojlanishi nuqtai nazaridan hududlarni tasniflash, barqaror vaziyatga erishish uchun zarur chora-tadbirlarni o‘z vaqtida qabul qilish;

- ish beruvchilarga mehnat bozorining holatiga oid tendensiyalarni ko‘rsatish va shu orqali yangi xodimlarni ishga jalb qilish bo‘yicha strategiyani to‘g‘ri yo‘nalishga solish;

- ish qidiruvchilarga takliflarni qidirish uchun eng qulay davrni tanlash, talab va ish haqidagi o‘zgarishni kuzatib borish va shu orqali ish joyi yoki sohasini o‘zi uchun foydali tomonga o‘zgartirishni rejalashtirish.

Indeksni hisoblash uchun ishsizlik darajasi, mavjud bo‘sh ish o‘rinlari va rezyumelar soni, mehnat bozoridagi konsentratsiya koeffitsiyenti va o‘rtacha oylik maosh miqdori kabi ko‘rsatkichlardan foydalanildi.

Barcha ko‘rsatkichlarni yagona o‘lchov birligiga keltirishda Minimaks va Maksimin usullaridan foydalanildi. Mazkur usullar 0 dan 100 gacha bo‘lgan diapazonda ma’lumotlarning chiziqli modifikatsiyasini ifodalaydi. Agar indikator qiymatining oshishi ijobiy jarayon bo‘lsa, Minimaks usuli qo‘llaniladi, ya’ni o‘zgarishlardan so‘ng eng kam qiymat 0 ga, eng katta qiymat esa 100 ga teng bo‘ladi. Indikator qiymatining oshishi salbiy jarayon hisoblangan holatda Maksimin usuli qo‘llaniladi, ya’ni o‘zgargan ma’lumotlar teskari xarakter kasb etadi – eng kam qiymat 100 ga, eng katta qiymat 0 ga teng bo‘ladi. Indeksning yakuniy qiymati barcha indikatorlar bo‘yicha o‘rtacha arifmetik qiymatni qo‘llash orqali hisoblanadi.

Qo‘shimcha. Foydalaniladigan indikatorlarni asoslash

Ijobiy indikatorlar:

Rezyumelar soni mehnat taklifini aks ettiradi.

O‘rtacha oylik maosh (o.m.) tarmoqlar segmentidagi o‘rtacha oylik maosh dinamikasini aks ettiradi.

 Salbiy indikatorlar:

Ishsizlik darajasi mehnat bozoridagi talab va taklif nisbatini aks ettiradi.

Bo‘sh ish o‘rinlari soni ma’lum bir xodimga bo‘lgan talabni ko‘rsatadi.

Mehnat bozoridagi konsentratsiya koeffitsiyenti bitta bo‘sh ish o‘rniga to‘g‘ri keluvchi rezyumelar sonini belgilaydi.

 

Hududlar mehnat bozori indeksini hisoblash natijalariga ko‘ra uch guruhga bo‘lindi: yuqori, o‘rta va past (1-jadval).

                                                                      1-jadval

                                      Hududlardagi mehnat bozori indeksi

Hudud

Indeks

Ishsizlik darajasi

Bo‘sh ish o‘rinlari soni

Rezyumelar soni

Bitta bo‘sh ish o‘rniga javoblar dinamikasi

O‘rtacha oylik maosh

Yuqori daraja

Toshkent sh.

84.7

100

100

24.2

99.4

100

Navoiy

62.0

43

7

100.0

95.6

65

Toshkent

60.0

26

38

95.7

100.0

40

Orta daraja

Andijon

44.2

10

15

84.7

96.5

15

Buxoro

43.8

12

13

81.0

95.5

18

Farg‘ona

41.8

6

23

81.2

97.8

1

Xorazm

41.4

9

8

88.4

94.0

7

Sirdaryo

39.2

0

7

85.7

92.2

11

Namangan

38.4

15

12

71.7

93.4

0

Samarqand

30.7

10

19

30.4

92.1

2

Jizzax

29.9

4

7

51.3

84.2

3

Past daraja

Qashqadaryo

20.5

0

12

3.9

83.0

4

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

17.9

4

6

0.0

65.3

14

Surxondaryo

15.4

0

0

63.9

0.0

13

 

2021-yil yakunlariga ko‘ra, indeks qiymati yuqori bo‘lgan guruhga Toshkent shahri, Toshkent va Navoiy viloyatlari kirdi. Mazkur hududlarda ishsizlik darajasi respublika miqyosidagi o‘rtacha ko‘rsatkich (9,6%)dan ham pastroq, aniqrog‘i Toshkent shahrida 6,8%, Toshkent viloyatida 8,8%, Navoiy viloyatida esa 9,2%. Mazkur hududlarda taklif etilayotgan bo‘sh ish o‘rinlari soni rezyumelar soniga nisbatan ko‘p ekanligi qayd etildi. Bundan tashqari ushbu hududlardagi o‘rtacha oylik maosh ham respublika miqyosidagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ancha baland.   

Andijon, Buxoro, Samarqand, Namangan, Sirdaryo, Farg‘ona, Xorazm va Jizzax viloyatlari o‘rta guruhdan joy oldi. Bu hududlardagi o‘rtacha oylik maosh respublika miqyosidagi o‘rtacha ko‘rsatkichning 80% idan kam emas. Mehnat taklifi esa o‘rtamiyona, ya’ni bitta bo‘sh ish o‘rniga o‘rta hisobda 2,2 ta rezyume to‘g‘ri keladi. Ishsizlik darajasi 10% dan oshmaydi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari indeks qiymati past bo‘lgan hududlar sirasiga kiradi. Ularda eng yuqori konsentratsiya koeffitsiyenti kuzatildi, ya’ni bitta bo‘sh ish o‘rniga Qoraqalpog‘iston Respublikasida 5,4 ta, Qashqadaryo viloyatida 3,0 ta, Surxondaryo viloyatida esa 16,6 ta rezyume to‘g‘ri kelgan. Bu esa mazkur hududlarda ishsizlik darajasining 10,2 % gacha yetishi bilan bog‘liq.

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari bundan keyin ham hududlar bo‘yicha choraklik mehnat bozori indeksini aniqlashga qaratilgan tadqiqotlarni tizimli ravishda o‘tkazib boradi.

 

Muhabbat Ahmedova
PMTI katta ilmiy xodimi