Go'sht ishlab chiqarishning atrof-muhitga ta'siri

PMTI ekspertlari jonivorlardan olinadigan mahsulotlarni ishlab chiqarish CO2-ekvivalentida qancha chiqindi hosil qilishini hisobladi. 2020 yilda O‘zbekiston Respublikasida go‘sht ishlab chiqarish tufayli 123,9 million tonna CO2-ekvivalentida chiqindi hosil bo‘lgan.

Sanoat chorvachiligining joriy etilishi bilan so‘nggi 50 yilda go‘sht ishlab chiqarish 3 baravar oshdi. BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning 2020 yil ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda 1,5 milliarddan ortiq sigir, 1,3 milliard qo‘y, 1,1 milliard echki, 952,6 ming cho‘chqa, 450,3 ming kurka, 33,1 milliard tovuq bo‘lgan, go‘sht ishlab chiqarish esa qariyb 340 million tonnani tashkil etgan.[1] 2050 yilga borib, jahonda go‘sht iste’moli 76 foizga o‘sishi kutilmoqda.Bunday vaziyatda go‘sht va boshqa chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish va iste’mol qilishni kamaytirmasdan turib, Parijda kelishilgan maqsadlarga erishish, xususan, global o‘rtacha haroratning oshishini Selsiy shkalasi bo‘yicha 2 darajadan ancha past holatda ushlab turish va 1,5 darajagacha cheklashning deyarli imkoni bo‘lmaydi.

Turli xil oziq-ovqatlarning chiqindilari qanday taqqoslanadi?

Turli xil oziq-ovqat guruhlarining iqlimga ta’sirini baholashning turli usullari mavjud. Ushbu materialda Jozef Pur va Tomas Nemechekning 2018 yilda Science[3] jurnalida chop etilgan global oziq-ovqat tizimining eng yirik meta-tahlili ma’lumotlaridan foydalaniladi. Mazkur tadqiqotda 119 ta mamlakatdagi 38 000 dan ortiq tijorat fermer xo‘jaligi ma’lumotlarini ko‘rib chiqilgan.

Quyidagi diagrammada (1-rasm) har xil oziq-ovqat mahsulotlarining har bir kilogrammiga issiqxona gazlari chiqindisining o‘rtacha miqdori solishtiriladi. Demak, 1 kilogramm mol go‘shti ishlab chiqarish uchun deyarli 100 kg, 1 kilogramm qo‘y go‘shti uchun 40 kg dan sal kamroq CO2-ekvivalentida chiqindi hosil bo‘ladi. Xo‘jaliklarda yetishtiriladigan krevetkalar (mayda qisqichbaqalar) va cho‘chqa go‘shti uchun esa 26,87 va 12,31 kg CO2-ekvivalentida chiqindi chiqariladi.

Yirik qoramollarni yetishtirishning ko‘p resurs talab qilishi bilan bog‘liq jihat pishloq va boshqa sut mahsulotlarining iqlim xarajatlari nima uchun cho‘chqa yoki parrandanikiga qaraganda yuqoriroq ekanligini izohlaydi. 

Bundan tashqari, tovuqlar va cho‘chqalar kavsh qaytaruvchi hayvonlar emas va shuning uchun karbonat angidriddan 30 baravar kuchli global isish potensialiga ega bo‘lgan metan ishlab chiqarmaydi. Go‘sht va sut mahsulotlari bilan solishtirganda, o‘simlikka asoslangan oziq-ovqatlarning uglerod izi ancha past bo‘ladi. O‘simliklardan tayyorlanuvchi mahsulotlarning chiqindilari hayvonlardan tayyorlanuvchi mahsulotlarning chiqindilariga qaraganda o‘rtacha 10-50 baravar kam.

Manba: Poore, J., &Nemecek, T. (2018). Reducing food’s environmental impacts through producers and consumers.
https://ourworldindata.org/environmental-impacts-of-food

1-rasm. Bir kilogramm ozuqa mahsulotiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlari, kg CO2-ekv.

O‘zbekistonda go‘sht ishlab chiqarishning uglerod izi

O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda yiliga 2000 ming tonnadan ortiq go‘sht (tirik vaznda) ishlab chiqariladi. 2020 yilda 1925,9 ming tonna qoramol go‘shti, 394,8 ming tonna qo‘y va echki go‘shti, 3,9 ming tonna cho‘chqa go‘shti, 181,1 ming tonna parranda go‘shti ishlab chiqarilgan. Issiqxona gazlari chiqindilarining o‘rtacha ko‘rsatkichlaridan foydalangan holda, 2020 yilda faqat mol go‘shti ishlab chiqarish uchun 110 million tonnadan ortiq CO2-ekvivalentida chiqindi chiqarilganini aniqlaymiz. Umuman olganda, 2020 yilda go‘sht yetishtirish tufayli atmosferaga chiqarilgan zararli moddalar CO2-ekvivalentida 123,9 million tonnani tashkil etgan. 2020 yilda havoga chiqarilgan issiqxona gazlari miqdori 2000 yildagiga qaraganda qariyb 3 baravarga oshgan. 2000 yildan beri parranda go‘shti chiqindilari 10 baravar ko‘paygan bo‘lsa-da, bu turdagi go‘sht atrof-muhitga mol va qo‘y go‘shtiga nisbatan ancha kam zarar yetkazadi. Umuman olganda 2020 yilda issiqxona gazlari (IG) tarkibida eng katta ulush mol go‘shtini ishlab chiqarishning hissasiga to‘g‘ri keladi - 92,8%, qo‘y go‘shtining ulushi 6,3% ni, parranda go‘shtining ulushi 0,87% ni, cho‘chqa go‘shtining ulushi 0,03%ni tashkil etadi. 

1-rasm  - Go‘sht ishlab chiqarish tufayli hosil bo‘luvchi issiqxona gazlari,
ming tonna CO2-ekvivalentida.

 

2000 y.

2010 y.

2016 y.

2017 y.

2018 y.

2019 y.

2020 y.

2020 y.  2000 yilga nisbatan %

Qoramol go‘shti

40 229,7

66 587,9

96 479,7

100 425,1

109 199,2

111 586,7

114 953,1

285,7

Qo‘y go‘shti

2 744,7

5 370,1

8 259,8

8 559,7

8 130,7

7 576,6

7 840,7

285,7

Cho‘chqa go‘shti

59,1

217,9

219,7

220,7

33,2

35,1

36,0

60,9

Parranda go‘shti

107,2

254,1

590,4

790,6

1 024,5

1 215,2

1 072,5

1 000,5

Jami

43 140,6

72 430,0

105 549,6

109 996,0

118 387,6

120 413,6

123 902,3

287,2

Eslatma: Hisoblash uchun asos sifatida so‘yib tozalangan hayvon go‘shtining og‘irligi olindi: yirik shohli qoramol – 60%, qo‘y va echkilar – 50%, cho‘chqa – 75%, parrandalar – 60%. Manba: muallifning hisob-kitoblari

Olimlar hamma vaqt xavfli global isishning oldini olish uchun ovqatlanish odatlarini qayta ko‘rib chiqish kerakligini ta’kidlaydi. Biroq, haddan oshirib yuborish va darhol vegetarianlar parheziga o‘tib olish shart emas. Chunki jonivorlardan tayyorlanuvchi mahsulotlarda kaloriya hisobida ozuqa moddalar o‘simliklardan tayyorlanuvchi mahsulotlardagidan ko‘proq. Shuning uchun to‘g‘ri ovqatlanishni tanlash juda muhim. Bundan tashqari, go‘sht tarix, an’ana va madaniyatning muhim qismi va go‘shtli taomlar ma’lum bir mintaqa va xalqlarning madaniy o‘ziga xos xususiyatini namoyon etadi. "Issiqxona" mahsulotini hech bo‘lmaganda kuniga bir marotaba ekologik toza muqobili bilan almashtirish kifoya. Shu ham ona sayyoramizni yashil saqlashda yordam beradi.

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) mutaxassislari kelgusida iste’molchilarning ovqatlanish odatlari o‘zgarishiga qarab, issiqxona gazlari chiqarilishini tahlil qiladi.

 

Aleksey Kim,
PMTI katta ilmiy xodimi

 


[1] https://ourworldindata.org/meat-production

[2]https://news.un.org/en/story/2018/11/1025271
http://www.fao.org/fileadmin/templates/esa/Global_persepctives/world_ag_2030_50_2012_rev.pdf

[3] https://ourworldindata.org/environmental-impacts-of-food#note-28