Ko'chmas mulkka bo'lgan talab ortib bormoqda

O‘zbekiston Respublikasida 2021-yilda 76,6 mingga yaqin turar joy binolari qurilgan. Bu esa 2020-yildagiga qaraganda 15,1 mingta ko‘p, demakdir. Uy-joy qurilishining keng ko‘lamda olib borilishi, shu jumladan bozor tamoyillari asosida ipoteka kreditlarining berilishi, arzon turar joy binolarini qurish bo‘yicha qabul qilingan chora-tadbirlar samara berayotganidan dalolat.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotining barqaror rivojlanishi va aholi daromadlarining sezilarli darajada ortishi ijobiy o‘zgarishlarga hissa qo‘shdi. Shu bilan bir qatorda 2021-yilda xalqaro pul o‘tkazmalari hajmi ham oshdi va 8,1 milliard  AQSH dollarni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2019-2020 yillardagiga (6,03 millard AQSH dollari) nisbatan 34 foiz ko‘p.

Bunday ijobiy o‘zgarishlar shinam uy-joyga bo‘lgan talabning sezilarli darajada oshishiga olib keldi va O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozoridagi o‘sishning omillaridan biriga aylandi. 2021-yilda ko‘chmas mulk bozorida oldi-sotdi bitimlari soni keskin ko‘paydi. Eng katta o‘sish Namangan (42,7 foiz), Buxoro (38,2 foiz), Andijon (33,8 foiz), Samarqand (31,4 foiz), Navoiy (30,5 foiz), Farg‘ona (29,2 foiz) va Surxondaryo (23,7 foiz) viloyatlarida kuzatildi.

Hududlardagi “ikkilamchi” uy-joy bozorlarida tuzilgan oldi-sotdi shartnomalari sonining ortishi, uy-joyning har kvadrat metri narxi o‘zgarishi bilan bog‘liqligi va qiyoslanishini ko‘rsatadi. 2021 yilda “ikkilamchi” uy-joy narxlari Namangan (31,7 foiz), Sirdaryo (30,8 foiz), Surxondaryo (25,4 foiz), Farg‘ona (21,5 foiz) va Buxoro (17,0 foiz) viloyatlarida sezilarli darajada oshgani kuzatildi.

“Birlamchi" ko‘chmas mulk bozorida bitimlar yangi qurilayotgan va qurib bitkazilgan xonadonlar va uylar uchun tuziladi. Qayd etish joizki, ushbu bozor segmentidagi o‘zgarishlar tahlili 2021-yilda bir kvadrat metri “birlamchi” uy-joylarning o‘rtacha shakllangan narxlari 2020 yildagiga nisbatan ko‘p yo‘nalishli harakat vektorlarini ko‘rsatdi.

Mamlakatimizda “birlamchi” uy-joyning bir kvadrat metri o‘rtacha narxi o‘tgan yil davomida 4,2 foizga oshgan bo‘lsada, Qoraqalpog‘iston Respublikasi (15,9 foiz), Buxoro (19,1 foiz), Toshkent (14,7 foiz) va Samarqand (11,3 foiz) viloyatlarida sezilarli o‘sish kuzatildi.

Jizzax viloyati va Toshkent shahrida esa narxlar mos ravishda 6,0 va 0,3 foizga pasaygan. O‘sishning minimal darajasi Qashqadaryo (2,0 foiz), Farg‘ona (2,1 foiz) va Surxondaryo (2,4 foiz) viloyatlarida kuzatildi. Boshqa hududlarda birlamchi uy-joy narxi 4,2-10,3 foizga oshdi.

Ko‘pgina mamlakatlardagi vaziyatni o‘rganish va tahlil qilish, ko‘chmas mulk bozorlaridagi narxlar o‘sishda davom etayotganini ko‘rsatadi. “Knight Frank's” xalqaro agentligining “Global House Price Index” hisobotiga ko‘ra, 2021-yilda 55 ta mamlakatda uy-joy narxi yiliga o‘rta hisobda 9,2 foizga oshgan. Shu bilan birga, ko‘chmas mulk bozorlarining uchdan birida narxlarning yillik ko‘rsatkichlari 10 foizdan ziyod o‘sgani qayd etilgan.

Bu esa O‘zbekiston hududlarida narxlarning o‘sishi va uy-joyga bo‘lgan talab dinamikasi jahon bozoridagi asosiy tendensiyalarga mos kelishidan dalolat beradi.

Mamlakatimizda uy-joy qurilishining yanada rivojlantirilishi, uy-joy sotib olishning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi va ko‘maklashishning turli shakl va mexanizmlari kam ta’minlanganlik va ijtimoiy tengsizlikni kamaytirishga salmoqli hissa qo‘shmoqda.

2022-yilda barcha qulayliklar va zarur ijtimoiy infratuzilmalar (maktab, maktabgacha ta’lim va tibbiyot muassasalari, maishiy xizmat va savdo majmualari)ga ega 22 ta “Yangi O‘zbekiston” massivini qurish ishlari davom ettirilmoqda. Ayni paytda, yangi hududlarda istiqomat qiladigan aholi uchun ish o‘rinlari yaratilayapti, jumladan, kichik sanoat zonalarini tashkil etilib, turli biznes loyihalar amalga oshirilmoqda.

Uy-joy tannarxini pasaytirish va qurilishning ushbu yo‘nalishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida, aholi uchun bir qator imtiyozlar berildi. 2022-yilda ipoteka qurilish dasturlarini amalga oshirish uchun 13 trillion so‘m miqdorida maqsadli kredit va 1,3 trillion so‘m subsidiyalar yo‘naltirilmoqda. Shuningdek, aholining kam ta’minlangan qatlami vakillariga dastlabki to‘lovining bir qismini to‘lash uchun 32 million so‘m miqdorida subsidiya ajratish mexanizmi ishga tushirilib, davlat tomonidan to‘lanadigan kompensatsiya barcha hududlar uchun bir xil - 10 foiz miqdorida belgilandi. Uy-joy qurish va ta’mirlash uchun olingan kreditlar bo‘yicha ham subsidiyalar beriladi. Yangi massivlarni ichki va tashqi infratuzilmalar bilan ta’minlash uchun budjetdan har yili 1 trillion so‘m mablag‘ ajratiladi.

Ko‘rilayotgan keng qo‘lamli choralar bozor mexanizmlaridan oqilona foydalanish, shuningdek, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash aholini sifatli, shinam uy-joy bilan ta’minlash uchun qulay sharoit yaratmoqda. Kelajakda uy-joy bilan ta’minlash muammosini hal etish, ob’ektlarni yaratishda ilg‘or yondashuvlardan foydalangan holda qurilish hajmini sezilarli darajada oshirish davom etadi.

 

Mirhamid To‘rayev
PMTI bosh ilmiy xodimi

Xushnudbek Vositov
PMTI loyiha rahbari o‘rinbosari