Suvdan foydalanish samaradorligi indeksi baholandi

PMTI ekspertlari tomonidan ishlab chiqilgan baholash algoritmi asosida O‘zbekiston Respublikasi hududlarida 2019-2020 yillarda suvdan foydalanish samaradorligi indeksi baholandi.

Suv resurslari ijtimoiy, iqtisodiy, ekologik muvozanatni ta’minlovchi, mintaqaning barqaror rivojlanishida asosiy omillardan biri bo‘lib xizmat qiladi. Biroq suv resurslarining hududlar bo‘ylab notekis taqsimlanganligi va ulardan nooqilona foydalanish natijasida yuzaga kelayotgan suv tanqisligi butun dunyoni tashvishga solmoqda. Jahon banki ekspertlarining hisob-kitoblariga ko‘ra, 2050 yilga borib Sirdaryo havzasida suv resurslari 5 foizgacha, Amudaryo havzasida 15 foizgacha kamayishi kutilmoqda. Markaziy Osiyo mamlakatlari yalpi ichki mahsulotining hajmi 2050 yilga borib suv resurslarining tanqisligi natijasida 11 foizga pasayishi mumkin[1].

Bunday holatlar tarmoq va sohalarda yaratilayotgan mahsulot uchun suv sarfini kamaytirishni hamda bu boradagi samaradorlikni doimiy monitoring qilib borishni talab qiladi.

Shu maqsadda, O‘zbekiston mintaqalarida suv resurslaridan foydalanish holatini doimiy ravishda baholash, tahlilini olib borish hamda diagnostika instrumenti sifatida suvdan foydalanish samaradorligini baholash algoritmi ishlab chiqildi.

Ushbu baholash algoritmiga ko‘ra, hisob kitob ishlari uch bosqichda 11 ta ko‘rsatkichlar asosida amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda statistik ko‘rsatkichlar aniqlanib, tizimlashtiriladi va guruhlarga ajratiladi. Taklif qilinayotgan baholash algoritmida statistik ko‘rsatkichlar 3 guruhga: suv resurslari salohiyati bilan bog‘liq (4 ta) ko‘rsatkichlar, yer resurslaridan foydalanishga oid (3 ta) ko‘rsatkichlar hamda mintaqaning iqtisodiy-statistik (4 ta) ko‘rsatkichlari guruhlariga ajratiladi.

Ikkinchi bosqichda suv salohiyati va samaradorlikni tavsiflovchi determinantlar aniqlanadi. Jumladan, hududning suv salohiyati yillik real foydalaniladigan suv zaxira hajmi, i-viloyat maydonining suv bilan ta’minlanganlik solishtirma hajmi ko‘rsatkichlari orqali aniqlanadi.

Suv samaradorligi esa makroiqtisodiyot hamda tarmoqlar darajasida yaratilgan mahsulotning sarflangan suv hajmiga nisbati ko‘rsatkichlari, hudud maydonining suv bilan ta’minlanganlik darajasi, hududlarda suv tejamkor texnologiyalarni qo‘llash darajasi kabi determinantlar orqali aniqlanadi.

Uchinchi bosqichda tizimlashtirilgan indikatorlar asosida suvdan foydalanish samaradorligi integral indeksi (SSI) hisoblab chiqiladi.

Yuqoridagi baholash algoritmiga asosan mintaqalarda suvdan foydalanish samaradorligi integral indeksi hisoblab chiqildi va hududlarni reyting guruhlash ishlari amalga oshirildi.

SSI – suvdan foydalanish samaradorligi indeksi 1 ga yaqinlashsa samaradorlik ortib borayotganini, aksincha 0 ga yaqinlashsa past samaradorlikni aks ettiradi. Bu ko‘rsatkich yillik natijalar bo‘yicha hisoblab boriladi.

Tahlil natijalariga ko‘ra, Andijon viloyati 2019 yilda 0,871, 2020 yilda 0,877 indeksga hamda Toshkent viloyati mos ravishda 0,763 va 0,750 indeksga erishgan holda suvdan foydalanish samaradorligi nisbatan yuqori guruhidan joy oldi. Bunda Andijon viloyatining SSI indeksi 2020 yilda 2019 yilga nisbatan yuqorilagan bo‘lsa, Toshkent viloyatining indeksi pastlagan. Shuningdek, bu viloyatlarda qishloq xo‘jaligidan boshqa tarmoqlarda (sanoat, xizmat ko‘rsatish) suvdan foydalanish samaradorligi hamda sug‘orishda suv tejamkor texnologiyalarning qo‘llanilganlik darajasi qolgan viloyatlarga nisbatan yuqori emasligi ma’lum bo‘ldi.

                                                                                                                 

II – Suvdan foydalanish samaradorligi nisbatan o‘rtacha bo‘lgan guruhdan joy olgan Samarqand viloyati SSI indeksi bo‘yicha 2019 yilda 0,606, 2020 yilda 0,650 ni aks ettirgan holda deyarli 50 punktga yuqorilagan. Biroq hudud maydonining suv bilan ta’minlanganligi darajasi ko‘rsatkichi bo‘yicha orqada qolmoqda. Tahlil davrida Farg‘ona viloyatining SSI indeksi 52 punktga yuqorilagan (mos ravishda 0,553 va 0,605). Bunda hudud maydonining suv bilan ta’minlanganligi yuqori bo‘lsada, biroq qishloq xo‘jaligidan boshqa tarmoqlarda suv samaradorligi indeksi (0,301) juda past holda ekanligi aniqlangan. Navoiy viloyati samaradorlik indeksida 63 punktga yuqorilagan (mos ravishda 0,590 va 0,596). Bu viloyatda sanoat tarmoqlarida suvdan foydalanish samaradorligi juda yuqori hisoblanadi. Biroq hudud maydonining suv bilan ta’minlanganligi past daraja ekanligi uning tabiiy sharoiti bilan bevosita bog‘liq, ya’ni cho‘l zonada joylashgan va o‘zining ichki suv manbalari chegaralangandir. Namangan viloyatida SSI indeksining 20 punktga yuqorilagani (0,514 va 0,520) suv tejamkor texnologiyalarni qo‘llanilganligi darajasida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilayotganligi bilan tavsiflanadi. Jizzax viloyatida SSI indeksi 2019 yilda 0,510 punktdan 2020 yilda 0,530 punktga yuqorilagan. Bu viloyat suv tejamkor texnologiyalarni qo‘llanilganlik darajasi bo‘yicha boshqa viloyatlarga nisbatan yetakchilar qatorida ekanligi hisobiga ushbu guruhda joylashgan bo‘lsada, qolgan 3 ta ko‘rsatkichlari (sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligida suvdan foydalanish samaradorligi, hudud maydonining suv bilan ta’minlanganlik darajasi) esa qoniqarli emas. Buxoro viloyatida SSI indeksi 10 punktga yuqorilagan (0,510 va 0,520). Biroq maydonining suv bilan ta’minlanganligi va suv tejamkor texnologiyalarni qo‘llanilganligi darajasi bo‘yicha qoniqarli natija ko‘rsatmagan.

Tahlil davrida III – suvdan foydalanish samaradorligi nisbatan past guruhidan joy olgan Xorazm viloyatida SSI indeksi 2019 yilda 0,427 punktdan 2020 yilda 0,430 punktga yuqorilagan. Bu guruhda Surxondaryo (0,413 va 0,410), Qashqadaryo (0,292 va 0,280), Sirdaryo (0,411 va 0,401) viloyatlarining hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasining (0,195 va 0,191) samaradorlik indeksi pastlagan. Bunga iqtisodiyot tarmoqlarida suvdan samarali foydalanish ko‘rsakichlari boshqa hududlarga nisbatan yuqori emasligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida esa qishloq xo‘jaligidagi suv isrofgarchiligi yuqoriligi hamda suv tejamkor texnologiyalarni qo‘llash ko‘rsatkichi qoniqarli darajada emasligi ta’sir ko‘rsatgan. Shunga qaramasdan Surxondaryo viloyati suv tejamkor texnologiyalarni qo‘llash indeksi bo‘yicha (0,689) I – guruhdagi viloyatlar darajasidagi ko‘rsatkichiga erishgan.

O‘zbekiston hududlarida foydalaniladigan o‘rtacha yillik suv resurslarining miqdori 51 – 53 mlrd kub metrni tashkil etadi. Bularning 97,2 foizi daryo va soylardan,1,9 foizi kollektor tarmoqlaridan, 0,9 foizi esa yer osti suv manbalaridan olinadi. Joriy yilning boshida 2021 yilgi sug‘orish mavsumida suv ta’minoti me’yorga nisbatan 25 foiz kam bo‘lishi kutilayotgani aytilgan edi[2]. Bu qariyb 8-10 mlrd. kub metr suv tanqisligi kuzatilishi mumkinligini anglatadi. Hududlarda suv tanqisligining ortib borishi mavjud resurslardan oqilona va samarali foydalanishni talab qiladi. Buning uchun dastlab hududlar kesimida suv resurslaridan qay darajada samarali va tejamli foydalanayotganligini doimiy monitoring qilib borish zarur. Ushbu monitoring har bir hudud uchun samaradorlikka erishishning aniq chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish imkonini beradi.

 

                                Komiljon Qo‘ziyev,

 Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti yetakchi ilmiy xodimi

 


[1] Islom taraqqiyot banki boshqaruvchilar kengashi 46-yig‘ilishidagi “Iqlim o‘zgarishining Markaziy Osiyo mamlakatlariga ta’siri va muqobil energiya manbalaridan foydalanishni ko‘paytirish masalalari” mavzusidagi ma’ruza. https://kun.uz/news/2021/09/01/2050-yilga-borib-sirdaryo-havzasida-suv-resurslari-5-foizgacha-amudaryo-havzasida-15-foizgacha-kamayishi-mumkin-obid-hakimov. 01.09.2021 y.

[2] https://review.uz/oz/post/v-uzbekistane-vo-vremya-orositelnogo-sezona-2021-goda-ojidaetsya-snijenie-urovnya-vodosnabjeniya-na-25. 25.02.2021 y.