“Institutsional tuzilmalar faoliyati samaradorligining soliq tushumlariga ta’siri” (O'zbekiston misolida empirik tadqiqot)

Institutsional sifat ko‘rsatkichlari nima va ularning mamlakat iqtisodiy rivojlanishidagi ahamiyati qanday?

So‘nggi yillarda mamlakatlarning uzoq muddatli rivojlanishida institutsional sifat darajasining muhimligiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, Jahon Iqtisodiy Forumining 2018-yildagi Global raqobatbardoshlik hisobotida (Global Competitiveness Report) kuchli davlat institutlari mamlakatda uzoq muddatli iqtisodiy o‘sishning fundamental omillaridan biri sifatida ta’riflangan. Institutsional sifat tushunchasining o‘zi nima va uning mamlakat iqtisodiy rivojlanishidagi ahamiyati qanday?

Institutsional sifat – qonunchilik, fuqarolarning huquqlari va yuqori sifatli davlat boshqaruvini qamrab oluvchi keng tushuncha. Kuchli institutlar mamlakatda makroiqtisodiy siyosatni samarali amalga oshirish orqali fuqarolarning hayot sifatini yaxshilashga xizmat qiladi. Aksincha, nisbatan zaif institutlar mamlakat miqyosida iqtisodiy o‘sishning sekinlashishiga olib keladi. Bundan tashqari, yuqori institutsional sifatga ega bo‘lgan mamlakatlar ilg‘or texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etishda ko‘proq muvaffaqiyatga erishishi ilmiy jihatdan o‘z tasdig‘ini topgan[1]. Bir so‘z bilan aytganda, institutsional sifat darajasi mamlakat miqyosida iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishda muhim rol o‘ynaydi.

Umumiy institutsional indikatorni hisoblash metodologiyasi

Mamlakatning institutsional sifat darajasini o'lchash murakkab jarayon hisoblanib, unda bir qator omillar inobatga olinadi. Turli adabiyotlarda institutsional sifatni o‘lchash uchun bir nechta indeks taklif qilingan, ammo qaysi indeksdan foydalanish lozimligi to‘g‘risida iqtisodchilar o‘rtasida yagona kelishuv mavjud emas. Ushbu tahliliy maqolada Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi (XVJ) tomonidan 2019-yilda ishlab chiqilgan metodologiya[2] asosida “World Bank”, “The Heritage Foundation” hamda “Transparency International” tashkilotlari e’lon qilgan ma’lumotlardan foydalangan holda 55 ta quyi-o‘rta daromadli mamlakatlar uchun umumiy institutsional indeks hisoblab chiqildi. Bundan maqsad, mamlakatlar institutsional sifat ko‘rsatkichlarining soliq tushumlariga ko‘rsatadigan umumiy ta’sirini aniqlashdan iborat.

XVJ metodologiyasining farqli jihati shundaki, unda umumiy institutsional indeks PCA tahlili[3] (PCA – principal component analysis) asosida quyidagi 3 ta institutsional indeks guruhidan tashkil topgan:

1) Governance Indicators – Davlat boshqaruvi sifatini baholash indikatorlari;

2) Index of Economic Freedom – Iqtisodiy erkinlik darajasini baholash indeksi;

3) Corruption Perception Index – Korruptsiya darajasini baholash indeksi.

Ushbu indekslar to‘plami bir xil ball salmog‘ida bo‘lishi uchun ular 0 dan 10 gacha umumiy diapazonga keltirildi, ya’ni 0 – eng yomon, 10 – eng yaxshi holatni ifodalaydi. Umumiy institutsional indeksni aniqlash uchun quyidagi formuladan foydalanildi:

Umumiy Institutsional Indeks = 0.34*Gi + 0.31*Efi + 0.35*Cpi

Bu yerda, Gi, Efi, Cpi mos ravishda davlat boshqaruvi indeksi, iqtisodiy erkinlik indeksi va korruptsiyani baholash indeksi. Metodologiyaga asosan, davlat boshqaruv indeksi uchun 0.34, iqtisodiy erkinlik indeksiga 0.31 va korruptsiyani baholash indeksiga esa 0.35 elastiklik koeffitsientlari berilgan.

Shunday qilib, yuqorida ta’riflangan XVJ metodologiyasi bo‘yicha quyi-o‘rta daromadli 55 ta mamlakatning 2002-yildan 2020-yilgacha bo‘lgan davr oralig‘idagi umumiy institutsional indeksi hisoblab chiqildi. Tavsiflovchi statistikadan ko‘rishimiz mumkinki, ushbu mamlakatlarda umumiy institutsional indeks 0.9 – 6.4 ball oralig‘ida.  19 yillik o‘rtacha indeks esa 3,7 ballni tashkil qilgan (1-rasm).

1-rasm. Quyi-o‘rta daromadli 55 ta davlatning umumiy institutsional
indikatorini tavsiflovchi statistika (2002-2020-yy.)[4]

2-rasmda esa quyi-o‘rta daromadli 55 ta davlatlarning umumiy institutsional indeksi dinamikasi tasvirlangan. E’tiborli jihat shundaki, ushbu mamlakatlarda 2011-yildan boshlab institutsional sifat darajasining o‘rtacha qiymati yaxshilangani kuzatiladi.

2-rasm. Quyi-o‘rta daromadli 55 ta davlat umumiy institutsional
indikatorining 2002-2020 yillardagi dinamikasi[5].
 

Shuningdek, O‘zbekistonning 2002-2020 yillar uchun umumiy institutsional indeks hisoblab chiqilganida, mamlakatimizning institutsional sifat darajasi so‘nggi 5 yil davomida mintaqadagi o‘rtacha qiymatga nisbatan yaxshilangani yaqqol namoyon bo‘ldi (3-rasm).

3-rasm. O‘zbekistonning umumiy institutsional indeksi dinamikasi (2002-2020yy.)[6]

Institutsional sifat darajasining soliq tushumlariga ta’siri qanday?

Institutsional sifat darajasining mamlakat iqtisodiyotiga, xususan, soliq tushumlariga ta’siri ko‘plab iqtisodchi olimlar tomonidan empirik tahlil qilingan. Masalan, iqtisodchilar Chend va Moen [10] hamda iqtisdochi Guraning [11] fikriga ko‘ra, rivojlanayotgan mamlakatlarda soliq tushumlari yetarli darajada tushmasligining asosiy sababi – institutsional sifat ko‘rsatkichlarining pastligidir. Bundan tashqari, ayrim tadqiqot natijalariga ko‘ra, korruptsiyaning yuqoriligi rivojlanayotgan mamlakatlarda soliq tushumlarining 50% dan ko‘prog‘i yo‘qotilishiga sabab bo‘ladi [5], [11], [13].

Shunga o‘xshash tadqiqotlardan biri, Byord va Martines-Vazqes [8] tomonidan o”tkazilgan. Unda rivojlanayotgan mamlakatlarning 1990-1999 yillardagi ma’lumotlari hamda rivojlangan mamlakatlarning 1998-2000 yillardagi ma’lumotlaridan foydalangan holda 2SLS metodologiyasi asosida regression tahlil qilingan. Tahlil natijalari shuni ko‘rsatadiki, quyi-o‘rta daromadli mamlakatlar soliq ma’murchiligini faqat o‘z institutlarini mustahkamlash, hukumatni saylash va lavozimga tayinlashda ishtirok etish darajasini oshirish hamda korruptsiyaga qarshi kurashish orqali yaxshilashi mumkin. Shuningdek, yuqori daromadli mamlakatlar ham davlat institutlarining sifatini yaxshilash orqali soliq tushumlarini oshirishlari mumkin, degan xulosaga kelingan.

Institutsional sifat ko‘rsatkichlaridan biri bo‘lgan korruptsiyaning soliqqa tortishga salbiy ta’siri bo‘yicha yondashuvlar iqtisodchi olimlar Ajaz va Ahmadlarning ilmiy ishlarida [3] aks etgan. Ular 25 ta davlatning 1990-2005 yillardagi panel ma’lumotlarini GMM usulida tahlil qilgach, institutsional sifat soliq yig‘imi bilan sezilarli darajada bog‘liq, degan xulosaga keldi. Boshqacha qilib aytganda, ayrim rivojlanayotgan mamlakatlardagi soliq tushumlarining pastligi samarasiz davlat boshqaruvi bilan bog‘liq.

Quyidagi rasmda quyi-o‘rta daromadli mamlakatlarning 2002-2020 yillardagi umumiy institutsional indeksi va soliq tushumlari o‘rtasidagi bog‘liqligi aks etgan. Unga ko‘ra, institutsional sifatning yaxshilanishi bilan soliq tushumlarining ham o‘sishi kuzatiladi (4-rasm).

4-rasm. Quyi-o‘rta daromadli 55 ta mamlakatning umumiy institutsional
indeksi va soliq tushumlari o‘
rtasidagi bog‘liqlik (2002-2020 yy.)[7]

Mazkur ilmiy ishda umumiy institutsional indeks va soliq tushumlari o‘rtasidagi bog‘liqlikni ekonometrik tahlil qilish uchun 55 ta quyi-o‘rta daromadli davlatning 2002-2020 yillardagi ma’lumotlaridan foydalanildi. Bunda tobe (endogen) o‘zgaruvchi – soliq tushumlarining logarifmdagi qiymati, asosiy mustaqil o‘zgaruvchi (ekzogen) esa 0 dan 10 gacha bo‘lgan umumiy institutsional indeksdir. Bundan tashqari, eksport hajmi va YAIM deflyatori nazorat o‘zgaruvchilari sifatida qabul qilindi. Tadqiqotda ikkita ekonometrik model qo‘llanildi: Fixed Effects va Random Effects. Hausman testiga ko‘ra, H0  gipotezasi rad etilmadi, shuning uchun Random Effects modeli natijalari qabul qilindi.

                                         1-jadval

                                                                         Ekonometrik tahlil natijalari

 

(1)

(2)

(3)

(4)

VARIABLES

Fixed Effects

Random Effects

Fixed Effects

Random Effects

 

Ln_TaxrevenueGDP

Ln_TaxrevenueGDP

Ln_TaxrevenueGDP

Ln_TaxrevenueGDP

 

 

 

 

 

OverallInstIndex

0.0569**

0.0684***

0.0502*

0.0605**

 

(0.0266)

(0.0256)

(0.0269)

(0.0260)

Ln_ExportsUSD

1.002***

0.990***

0.996***

0.985***

 

(0.0251)

(0.0223)

(0.0253)

(0.0225)

GDPdeflator

 

 

-0.00130

-0.00138

 

 

 

(0.000879)

(0.000874)

Constant

-1.080**

-0.827*

-0.913

-0.685

 

(0.544)

(0.490)

(0.555)

(0.499)

 

 

 

 

 

Observations

459

459

459

459

Number of Country

35

35

35

35

R-squared

0.820

0.819

0.821

0.820

Country FE

YES

 

YES

 

Standard errors in parentheses

*** p<0.01, ** p<0.05, * p<0.1

 

Tahlil natijalari shuni ko‘rsatdiki, quyi-o‘rta daromadli mamlakatlarda institutsional sifat ko‘rsatkichlarining o‘rtacha hisobda 1 punktga yaxshilanishi, soliq tushumlarining YAIMga nisbatan 1,1 foizli punktga oshishiga olib keladi. (1-jadval).

Xulosa

Ushbu maqolada dunyodagi 55 ta quyi-o‘rta daromadli mamlakatning 2002-2019 yillardagi umumiy institutsional indeksi soliq tushumlariga qanday ta’sir qilishi baholandi. Ekonometrik tahlil jarayonida 55 ta davlatdan 20 ta davlatning ma’lumotlari yetishmasligi sababli, tahlil natijalari faqatgina 35 ta davlat ma’lumotlarini qamrab oldi. Tahlil natijalari shuni ko‘rsatdiki, quyi-o‘rta daromadli mamlakatlarda institutsional sifat darajasining o‘rtacha hisobda 1 punktga yaxshilanishi, soliq tushumlarining YAIMga nisbatan 1,1 foizli punktga ortishiga olib keladi. Bunda soliq tushumiga ta’sir qiluvchi boshqa omillar shartli ravishda o‘zgarmas, deb olinadi.

Demak, barqaror uzoq muddatli iqtisodiy o‘sishga erishish uchun quyi-o‘rta daromadli mamlakatlar institutsional islohotlarga alohida e’tibor qaratishlari zarur. Bunday mamlakatlar tabiiy resurslar va xom ashyoga boy, ammo ular ko‘pincha ilg‘or mamlakatlar bilan raqobatlashishda qiyinchiliklarga duch keladi. Buning asosiy sabablaridan biri sifatida, davlatning zaif institutlari ta’sirida soliq tushumlarining pasayishini keltirishimiz mumkin. Soliq tushumlarining yetarli bo‘lmasligi esa o‘z navbatida, byudjet taqchilligini qoplash uchun mamlakatda ichki va tashqi qarzga bo‘lgan ehtiyojining ortishiga olib keladi.

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati

  1. Acemoglu, D. and Robinson, J. (2008) The role of institutions in growth and development. Commission on Growth and Development Working Paper No. 10.

  2. Ahmad, E., and Ajaz, T. (2010) The effect of corruption and governance on tax revenues. Pakistan Development Review 49(4):405–17.

  3. Ajaz, T., & Ahmad, E. (2010). The effect of corruption and governance on tax revenues. The Pakistan Development Review, 405-417.

  4. Akanbi O.A. (2019) State Institutions and Tax Capacity: An Empirical Investigation of Causality. IMF Working Paper WP/19/177. Washington DC: International Monetary Fund.

  5. Akitoby, B., Honda, J., Miyamoto, H., Primus, K., and Sy, M. (2019) Case studies in tax revenue mobilization in low-income countries. IMF Working Paper 19/104. Washington DC: International Monetary Fund.

  6. Alm, J., Bahl, R., & Murray, M. N. (1991). Tax base erosion in developing countries. Economic Development and Cultural Change, 39(4), 849-872.

  7. Arvin B., Rudra P., Nair S. (2021) Are there links between institutional quality, government expenditure, tax revenue and economic growth? Evidence from low-income and lower middle-income countries. Economic Analysis and Policy. Vol. 70, pp.468-489.

  8. Bird, R.M., Martinez-Vazquez, J. and Torgler, B. (2008) Tax effort in developing countries and high-income countries: the impact of corruption, voice and accountability. Economic Analysis and Policy. Vol. 38 No. 1, pp.55-71.

  9. Bruinshoofd A. (2016) Institutional quality and economic performance. Rabo Research - Economic Research.

  10. Chand, S. K., & Moene, K. O. (1999). Controlling fiscal corruption. World Development, 27(7), 1129-1140.

  11. Ghura, D. (1998) Tax revenue in sub-Saharan Africa: effects of economic policies and corruption. IMF Working Paper 98/135. Washington DC: International Monetary Fund.

  12. Imam, P.A., Jacobs, D.F. (2007) Effect of Corruption on Tax Revenues in the Middle East. United States: IMF Institute and Fiscal Affairs Department, IMF Working Paper No.07/270

  13. Krugman, P. R., Alm, J., Collins, S. M., & Remolona, E. M. (1992). Transforming the Philippine economy.

  14. Lien P.M. (2019) The Impact of Institutional QualityoOn Tax Revenue on Developing Countries. Asian Journal of Empirical Research 5(10):181-195.

  15. Richupan, S. (1984). Income Tax Evasion: a Review of the Measurement Techniques and Somes Estimates for the Developing Countries. IMF-International Monetary Fund.

  16. https://www.worldbank.org

  17. https://www.transparency.org/en

  18. https://www.heritage.org/

 


[1] Bruinshoofd A. (2016). Institutional quality and economic performance. RaboResearch - Economic Research.

[2] Akanbi O.A. (2019). State Institutions and Tax Capacity: An Empirical Investigation of Causality. IMF Working Paper 19/177, 32p.

[3] PCA tahlili iqtisodiy adabiyotlarda keng qo’llaniladi (masalan, Harris, 1997; Bai, 1993; Caudill va boshqalar, 2000).

[4] “World Bank”, “The Heritage Foundation”, hamda “Transparency International” ma’lumotlari asosida mualliflar hisob-kitoblari

[5] “World Bank”, “The Heritage Foundation”, hamda “Transparency International” ma’lumotlari asosida mualliflar hisob-kitoblari

[6] “World Bank”, “The Heritage Foundation”, hamda “Transparency International” ma’lumotlari asosida mualliflar hisob-kitoblari

[7] “World Bank”, “The Heritage Foundation”, hamda “Transparency International” ma’lumotlari asosida mualliflar hisob-kitoblari