AKT infratuzilmalarining yaxshilanishi O’zbekistondagi iqtisodiy o’sishga qanday ta‘sir qiladi? (Markaziy Osiyo mamlakatlari va yirik savdo hamkorlari misolida)
PMTI ekspertlari AKT sohasining yaxshilanishi O‘zbekistondagi iqtisodiy o‘sishga qanday ta’sir qilishini baholadi.
Axborot kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) ning qo‘llanilayotgan sohalar muttasil kengayib borayapti va ular insonning turmush tarzini o‘zgartirib, shaxsning xatti-harakati va samaradorligiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Natijada so‘nggi bir necha o‘n yillik davr ichida axborot texnologiyalari rivojlangan mamlakatlar iqtisodiyotiga sezilarli ijobiy hissa qo‘shdi. Masalan, AQSH yalpi ichki mahsulotida AKT ulushi 10,5%, Yaponiyada 8,7%, Buyuk Britaniyada 5,8%. O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 2,2% ni tashkil etadi. International Data Group (IDC) ma’lumotlariga ko‘ra, 2020-yilda dunyoda AKT uchun 4,9 trillion AQSH dollari miqdorida mablag‘ sarflangan bo‘lsa, 2023-yilga borib bu ko‘rsatkich 5,8 trillion dollarni tashkil etishi kutilmoqda.
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti hajmini oshirishda AKT infratuzilmalarining hissasini baholash bo‘yicha tadqiqot o‘tkazdi. Regressiya modellari internetga tezkorlik bilan ulanish va undan foydalanishning hozirgiga qaraganda 10%ga ortishi YAIMning aholi jon boshiga ulushi xarid quvvati paritetini 0,94-1,41%ga oshiradi.
AKT makroiqtisodiy va ijtimoiy omillar tahlil predmeti sifatida uchta asosiy guruhga saralangan 12 ta izohli o‘zgaruvchi tahlil predmeti sifatida taqdim etialdi. Tahlil etilayotgan mamlakatlar guruhi Markaziy Osiyo mamlakatlari [5-1] va asosiy savdo hamkorlari: Xitoy, Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Ozarbayjon, Ukraina va Erondan iborat. Turkmaniston Jahon banki ma’lumotlar bazasida o‘tkazib yuborilgan kuzatuvlarning ko‘pligi bois o‘rganilayotgan mamlakatlarning yakuniy ro‘yxatiga kiritilmadi.
Aniq maqsadli o‘zgaruvchidagi foiz o‘zgarishining omillarni izohlovchidagi foizli siljishga bog‘liqligini tahlil qilish imkonini beruvchi logarifmik regressiya modellaridan foydalanildi.
Xausman testi natijalariga ko‘ra, doimiy effektlar (fe)ning regressiya modeli tanlandi. Internetga tezkorlik bilan ulanish tarmoqlarining rivojlanishi va internetdan foydalanuvchilar sonining 1% ortishi ham ahamiyatli bo‘ladi.
AKT omillari effekti va ko‘rib chiqilayotgan mamlakatlardagi demografik o‘zgarishlar o‘rtasida bog‘liqlik borligi aniqlanmadi. Boshqacha aytganda, mamlakatda aholining o‘sish sur’ati va AKT sohasi rivojlanishi o‘rtasida bog‘liqlik kuzatilmaydi. Bu esa AKT infratuzilmasi aholi sonining o‘zgarish sur’atidan qat’i nazar, mamlakat iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini anglatadi.
Yaqin vaqtgacha iqtisodchilar orasida AKTdan foydalanish samaradorligi va uning faqat rivojlangan industrial mamlakatlar uchungina ijobiy ta’sirga ega ekanligi haqidagi qarash keng tarqalgandi (Avgerou, 1998). BMTning 2004-yilgi hisobotiga ko‘ra, AKTning rivojlanayotgan mamlakatlarda qo‘llanilishi kutilgan natijani bermaydi. Ushbu g‘oya tarafdorlarining fikricha rivojlanayotgan mamlakatlar birinchi navbatda qimmat AKT infratuzilmasi o‘rniga sog‘liqni saqlash, ta’lim, elektr energiyasi ta’minoti va shunga o‘xshash muammolarni hal qilishga sarmoya kiritishi darkor. (Ngwenyama at al., 2006).
Shunga qaramay, so‘nggi paytlarda rivojlanayotgan mamlakatlarda AKTdan foydalanishga qiziqish kuchaydi. Chunki axborot texnologiyalari rivojlanishi bilan ularning qiymati pasayadi, xodimlarning mehnat samaradorligi oshadi, onlayn xizmatlarning yangi turlari paydo bo‘ladi. Bu esa masofadan turib ishlash hisobiga hududlardagi iqtidorli yoshlarning ishga joyashish imkoniyatlarini oshiradi.
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti inson kapitali va ruhiy xarakterdagi ingliz tilini bilish darajasi, axborot texnologiyalarining yoshlar o‘rtasida qanchalik keng tarqalganligi kabi o‘zgaruvchan omillarni ham inobatga olgan holda ushbu tadqiqotni davom ettiradi. Bunda Axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan yangi maktablar, o‘quv markazlari sonini hisoblash, shuningdek, Google Trends. statistikasida mavzularni dasturlash bo‘yicha so‘rovlar dinamikasini baholash ko‘zda tutilgan
* Bosqichma-bosqich qilingan batafsil tahlil PMTIga murojaat qilinganda ma’lumotlar bazasi va zarur kodlari bilan taqdim etilishi mumkin.
Axborot kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) faktori va aholi jon boshiga YaIM xarid qobiliyati pariteti orasida ijobiy korrelyatsiya kuzatilmoqda.