Aholini pul jamg‘arish borasida rag‘batlantirish
11ноя

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari tomonidan moliyaviy xizmatlar sohasida pul mablag‘larini avtomatik jamg‘arib borishga mo‘ljallangan bank depozitlarini ochish bo‘yicha sharh tayyorlandi.

O‘zbekiston aholisining aksariyatida bank to‘lov kartalari mavjud bo‘lsada (masalan, bank depozit hisob raqamlari egalarining soni har 1000 kishiga 849 nafarni tashkil etadi), fuqarolarning faqat 19%igina jamg‘arib boriluvchi bank hisob raqamlariga ega. Vaholanki, bu ko‘rsatkich Turkiyada 58%, Hindistonda 61%, Eronda 69%, Malayziyada 103%, Xitoyda esa 157%ni tashkil etadi[1].

Jamg‘armalar iqtisodiy o‘sishning asosiy manbalaridan biri hisoblandi. Jamg‘armalarni shakllantirish (bo‘sh pul mablag‘larining aholi tomonidan muntazam yig‘ib borilishi) iqtisodiyotning qo‘shimcha moliyaviy resurslarga bo‘lgan talabini qondirishda ahamiyatli hisoblanadi. Hozirgi kunda mamlakatimizda ushbu pul mablag‘laridan samarali foydalanilmayapti.

Buning asosiy sabablari quyidagilar:

Birinchidan, aholining jamg‘arib boriladigan depozitlar orqali qo‘shimcha daromad orttirish kabi moliyaviy bilimlarga yetarlicha ega emasligi.

Ikkinchidan, aholi iste'molining katta qismini joriy davr bilan bog‘lashi. Natijada, pul jamg‘arishning yangi mexanizmlarini joriy qilish kechikadi.

Bundan tashqari, dunyo aholisining katta qismi istiqomat qilayotgan past daromadli mamlakatlarda avtomatik jamg‘armalar tizimi yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan. Shuning uchun, ushbu davlatlarda olinadigan iqtisodiy foyda nisbatan past darajada[2]. Zarur moliyaviy infratuzilmaning mavjud emasligi past daromadli mamlakatlarda avtomatik jamg‘armalar joriy qilishni va ulardan foydalanishni cheklaydi. Biroq, raqamli iqtisodiyotning jadal rivojlanishi moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi. Bu esa o‘z navbatida, rasmiy bank hisob raqamlariga ega bo‘lmagan ko‘plab insonlarga avtomatik jamg‘armalardan foydalanish imkoniyatini beruvchi moliyaviy infratuzilmalarni taqdim etishi mumkin.

Shu munosabat bilan PMTI keng qamrovli tajribani o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Maqsad – mablag‘larni avtomatik tarzda jamg‘arishning istiqbolli usullari va aholi mablag‘larini milliy iqtisodiyot rivojiga jalb qilishning qo‘shimcha rag‘batlantiruvchi omillarini ishlab chiqish. Tajriba  natijalari asosida aholi uchun kelajak rivojiga xizmat qiluvchi shaxsiy fondlarni shakllantirishda eng qulay va foydali sharoitlarni yaratuvchi yangi moliyaviy mexanizmlarni tatbiq etish bo‘yicha taklif tayyorlanadi va hukumatga taqdim etiladi[3]. Bu esa ayniqsa, jadal rivojlanayotgan mamlakatimiz iqtisodiyotining investitsiyalarga bo‘lgan talabini qondirishda muhim hisoblanadi.

 


[1] XVJ baholari 2020y.

[2] Joshua Blumenstock & Michael Callen & Tarek Ghani, 2017. "Why Do Defaults Affect Behavior? Experimental Evidence from Afghanistan".

[3] Takliflar maxsus jamg‘arma hisob raqamlari uchun (jamg‘armalar bo‘yicha qaror qabul qilish yo‘lidagi ruhiy to‘siqlarni yengib o‘tish uchun) muntazam avtomatik omonatlar dizayni, matnli xabarlar ko‘rinishidagi muntazam eslatma namunalari (mijozlarni omonatlarning holati haqida tezkorlik bilan xabardor qilish), moliyaviy ta’lim bo‘yicha materiallar, mazkur yangi moliyaviy mexanizmlarni tatbiq etish bo‘yicha bank tizimiga takliflarni ham o‘z ichiga oladi.