2021 yilda hududlarning sanoat salohiyatini tiklash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishda asosiy e’tibor ishlab chiqarish sur‘atini barqarorlashtirish, ishlab chiqarishni mahalliy resurslarni hisobga olgan holda samarali tashkil etish, tadbirkorlik va investitsion faollikni oshirish, hududlarning raqobat borasidagi ustunligini mustahkamlash uchun qulay sharoitlarni yaratishga qaratildi.
Hududlarda amalga oshirilgan islohotlar natijasi
2021 yilning 9 oyi yakuni bo‘yicha sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi 109,0%ni tashkil etdi. Bu o‘tgan yillarning shu davri bilan taqqoslaganda ancha yuqori demakdir (1-rasm). Sanoati rivojlangan Toshkent shahri va Toshkent viloyati bilan bir qatorda Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Xorazm viloyatlarida ishlab chiqarishningjadal oʼsishi (2021 yilning 9 oyida mahsulot ishlab chiqarish hajmining ortishi 10,6-19,0%ni tashkil etdi) hududlarni faollashtirish, mahalliy resurslardan samarali foydalanish hisobiga ularning sanoat salohiyatini oshirishdagi ijobiy natijalardan dalolat beradi.
Ushbu hududlarda ishlab chiqarishning jadal o‘sishi, o‘z navbatida, mamlakat sanoatining rivojlanishida ularning hissasi (2021 yil boshidan 0,8 foiz darajaga) va Jizzax, Namangan hamda Sirdaryo viloyatlari YaHMda sanoatning ulushi ortishida (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan) o‘z aksini topdi.
1-rasm. 2019-2021 yillarning 9 oyi yakunlari bo‘yicha hududlarda sanoatning
o‘sish dinamikasi va rivojlanish darajasini qiyosiy baholash.
Hududiy dasturlarni amalga oshirish doirasida qayta ishlash sanoatining ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, zamonaviy asbob-uskunalar va resurs tejovchi texnologiyalarni joriy etish natijasida mamlakat sanoatida qo‘shilgan qiymat ulushining o‘sishi bilan tavsiflanadigan (0,3 foiz punktga oshgan holda, 45,6%ga yetdi) maʼlum darajada tarkibiy oʼzgarishlarni taʼminlashga erishildi. Hududlar kesimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi (40,9%dan 41,9%ga), Andijon (21,8%dan 26,0%ga), Buxoro (28,2%dan 31,9%ga), Namangan (33,6%dan 34,7%ga), Sirdaryo (35,1%dan 38,0%ga), Toshkent (43,8%dan 47,2%ga) viloyatlarida ijobiy o‘zgarishlarga erishildi.
Hududlarda sanoatni rivojlantirish omillari
Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish va turlarini kengaytirish, hududlarda ichki bozorni sifatli mahsulotlar bilan to‘ldirish maqsadida Mahalliy xom ashyo negizida tayyor mahsulot, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi amalga oshirilmoqda. 2021 yilning 9 oyi yakunlariga ko‘ra, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi doirasida 1745 ta loyihaning amalga oshirilishi tufayli 20,1 mlrd so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi. Shu bilan birga, mahalliylashtirilgan mahsulotlarning sanoatga qo‘shgan hissasi yil boshidan beri 4,2%dan 6,4%ga oshdi. Bugungi kunga qadar mahalliylashtirilgan mahsulotlarni sotish hajmi 97,9%ni tashkil etdi, jumladan, 15%dan ortig‘i eksportga yo‘naltirildi.
Mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan tarmoq korxonalari va hududiy korxonalarni qiyosiy baholash korxonalarning loyihalarni amalga oshirishdagi imkoniyatlar mezoni (bir korxonaga toʼgʼri keladigan loyihalar soni 4,3 birlikka, respublikadagi barcha korxonalar boʼyicha umumiy koʼrsatkich esa 2,0 birlikka teng) va loyihalarning ishlab chiqarish imkoniyati (bir korxonaga to‘g‘ri keladigan mahsulot ishlab chiqarish hajmi 19,1 mlrd so‘mni, respublikaning barcha korxonalari bo‘yicha umumiy ko‘rsatkich 11,5 mlrd so‘mni tashkil etadi) bo‘yicha birinchisining ustun ekanligini ko‘rsatmoqda.
Shu bilan birga, hududiy korxonalar yangi ish o‘rinlarini yaratishda ustun ekanligi bilan ajralib turadi (har bir loyihaga o‘rtacha 4,9 ta yangi ish o‘rni to‘g‘ri keladi).
Mahalliylashtirilgan mahsulotlarni ishlab chiqarishning asosiy konsentratsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi (hududlar sanoatida mahalliylashtirilgan mahsulotlar ulushi 6,0-41%ni tashkil etadi, mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarishning respublika miqyosidagi hajmini shakllantirishda hududlarning hissasi 5,8-33,5% ni tashkil etadi). Bu asosan katta hajmda mahsulot ishlab chiqarish va eksport qilish imkoniyati bilan ajralib turuvchi yirik bazaviy obyektlarda mahalliylashtirish loyihalarini amalga oshirish bilan bog‘liq.
Sanoat rivojlanishining yana bir omili xorijiy sarmoya ishtirokidagi korxonalar faoliyatini rag‘batlantirishdir. Hududlar bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi (asosan yoqilgʻi-energetika kompleksi, elektrotexnika sanoati), Samarqand (avtomobilsozlik, toʻqimachilik, elektrotexnika sanoati) va Toshkent (oziq-ovqat va toʻqimachilik sanoati), Farg‘ona (kimyo) viloyatlari, shuningdek, Toshkent shahri xorijiy hamkorlarni ko‘proq jalb qilmoqda. Mazkur hududlarning xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar tomonidan respublika miqyosida ishlab chiqarilgam mahsulotlar hajmidagi ulushi yuqori ekanligi (jami 67% dan ortiq) shundan dalolat beradi. Shu bilan birga, mazkur mintaqalardagi korxonalar hududlar sanoat mahsulotining qariyb 20-60%ini (respublika ko‘rsatkichi 23,3%ga teng) ishlab chiqaradi.
Ishlab chiqarish va texnologik yo‘nalishda barqaror bazani shakllantirish, xom ashyodan tayyor buyumlar va yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishga oʻtish uchun asos yaratish ishlab chiqarishning texnologik tuzilma boʻyicha sanoatni diversifikatsiya qilish darajasining oshishiga taʼsir koʻrsatdi (2021 yilning yanvar-sentyabr oylarida 0,723 gacha). Tahlil qilinayotgan davr uchun sanoatni diversifikatsiya qilishni baholash yuqori texnologiyali ishlab chiqarishning (0,8 foiz punktga, 2021 yilning 9 oyida 2,8%gacha) o‘sishi va past texnologiyali ishlab chiqarishning (2,6 foiz punktga, 37,1% gacha) qisqarishi ijobiy tendensiyani ko‘rsatmoqda. Hududiy kesimda sanoatning texnologik tarkibidagi ijobiy siljishlar quyidagi xususiyatlar bilan xarakterlanadi:
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Surxondaryo, Farg‘ona, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahri sanoatida yuqori texnologiyali ishlab chiqarish ulushining oshishi;
- Andijon, Jizzax, Samarqand, Surxondaryo, Farg‘ona va Xorazm viloyatlari sanoatida past texnologiyali ishlab chiqarish ulushining qisqarishi.
Hududlar sanoatining rivojlanishidagi nomutanosiblik
2021 yilning 9 oyida mamlakatimiz sanoati va uning hududlari jadal rivojlanishiga qaramay, hududiy miqyosda hal etilishi zarur bo‘lgan qator muammolar va nomutanosibliklar saqlanib qolmoqda:
Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida ishlab chiqarishning past konsentratsiyasi sanoatning aholi jon boshiga o‘rtacha hajmida o‘z aksini topmoqda (2021-yil 9 oyi yakunlari bo‘yicha 1,7-4,3 mlrd so‘m). Bu respublika miqyosidagi ko‘rsatkichdan 2 barobardan ham ortiqroq past (9,0 mlrd so‘m).
Xorazm, Surxondaryo, Samarqand, Namangan va Jizzax viloyatlari iqtisodiyotining agrar sohaga yo‘naltirilganligi (YaHMda qishloq xo‘jaligining ulushi 40% dan ortiq) va sanoatlashish darajasining pastligi (YaHMda sanoatning ulushi 15%dan past).
Sanoatning texnologik tuzilishidagi nomutanosiblik Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida xom ashyo ishlab chiqarish va past texnologiyali iqtisodiy faoliyat turlarining yuqori ulushi saqlanib qolishi bilan bog‘liq (hududlar umumiy sanoat hajmining 60% dan ortig‘i).
Tarmoqlar va ishlab chiqarish korxonalarining hududlar o‘rtasida notekis taqsimlanishi hududlararo tafovutning yuqori ko‘rsatkichlarida aks etadi. Qisqarish tendensiyasiga qaramay, hududlararo tabaqalashuv yuqori darajada qolmoqda (Navoiy va Surxondaryo viloyatlari orasida 30,2 baravar).
Hududlarda sanoat rivojlanishining istiqbollari
Hududlar uchun iqtisodiy faoliyatning noan’anaviy turlarini, asosan yuqori qo‘shimcha qiymatga ega, jahon bozori va ichki bozorda talab yuqori bo‘lgan o‘rta va yuqori texnologiyali tarmoqlarni rivojlantirish hisobiga qayta ishlash sanoati ishlab chiqarish quvvatlarini izchil oshirish kelgusida hududlar sanoatini yanada rivojlantirish manbaidir.
Sanoati rivojlangan hududlarda ishlab chiqarishning oʻsish nuqtalariga asoslanib, yagona texnologik qoʻshilgan qiymat zanjirining tarkibiy boʻgʻini hisoblanuvchi talab yuqori bo‘lgan oraliq mahsulotlar, tayyor mahsulotlar va chiqindilarni qayta ishlash uchun mo‘ljallangan mahsulotlarning turlarini kengaytirish mumkin.
Agrosanoat hududlari uchun mahalliy xom ashyoni chuqur qayta ishlash, import o‘rnini bosuvchi qishloq xo‘jaligi texnikasi, avtomobillar, mexanizm va butlovchi qismlarni o‘zlashtirish hisobiga ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilishga qaratilgan loyihalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratish lozim.
Tabiiy resurslari cheklangan hududlar uchun tabiiy resurslar, xom ashyo, materiallar bilan ta'minlash, ishlab chiqarish tannarxini pasaytirish va mintaqa va jahon bozorida raqobatbardoshlikni oshirish maqsadida resurslar bilan eng ko‘p ta'minlangan hududlarning salohiyatidan foydalanishni ko‘zda tutuvchi mintaqalararo va hududlararo loyihalarni amalga oshirish imkoniyati mavjud.