To'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalar va innovatsiyalar o'rtasidagi bog'liqlik: Rivojlanayotgan mamlakatlar misolida
19ноя

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarning (TTXI) innovatsion ishlanmalarga taʼsirini rivojlanayotgan mamlakatlar misolida baholadi.

So‘nggi yillarda ko‘plab rivojlanayotgan mamlakatlarda TTXIni jalb qilish maqsadida turli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar amalga oshirilmoqda. TTXI nafaqat iqtisodiy o'sish va bandlikni oshirishga hissa qo'shadi, balki qabul qiluvchi mamlakatga qo‘shimcha yuqori texnologiyalar va ilg‘or g‘oyalarni olib kelinish orqali davlatning innovatsion salohiyat oshishiga turtki bo‘ladi. Ushbu ilmiy izlanish rivojlanayotgan 29 ta mamlakatda 2010-2019 yillarda TTXI ularning milliy innovatsion salohiyatiga qanday ta’sir qilganini o‘rganadi.

Ekonometrik tahlil natijalari shuni ko‘rsatdiki, TTXI oqimining ortishi rivojlanayotgan mamlakatlarda innovatsion salohiyatning o‘sishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, biroq mamlakatda TTXI tufayli kirib kelayotgan xorijiy qo’shma-korxonalar tomonidan joriy etiladigan innovatsion va ilg‘or g‘oyalarning iqtisodiyotga to‘liq ijobiy ta’sir qilishi uchun ushbu bilim va texnologik ko‘nikmalarni o‘zlashtirishda mahalliy imkoniyatlarning o‘rni katta.

Ko‘plab tadqiqotlarda iqtisodiy mahsuldorlikni oshirish va uning rivojlanishini jadallashtirish uchun innovatsiyalarning muhimligi ta'kidlangan hamda innovatsiyalarni orttiruvchi omillar o‘rganilgan, biroq aynan TTXIning rivojlanayotgan mamlakatlardagi milliy innovatsion salohiyatga ta'siri bo‘yicha umumiy xulosaga kelinmagan.

U mazkur tadqiqotda turli xil o‘zgaruvchan ekonometrik modellar asosida tahlil qilindi (1- izoh).

 

1-izoh.

Umumlashtirilgan eng kichik kvadratlar usuli (FGLS) – regressiya modellari parametrlarini baholashning klassik usuli bo‘lib, eng kichik kvadratlarni umumlashtiradi. Bu "regressiya qoldiqlari kvadratlarining umumiy yig‘indisi"ni minimallashtirishda yordam beradi.

Momentlarning umumlashtirilgan usuli (IV-GMM) – taqsimotlarning noma’lum parametrlarini va ekonometrik modellarni baholash uchun matematik statistika va ekonometrikada qo‘llaniladigan klassik usul bo‘lib, unda boshqa klassik usullardan farqli o‘laroq, cheklovlar soni qo‘llaniladigan parametrlar sonidan ko‘p bo‘lishi mumkin.

 

Tovar belgisiga topshirilgan arizalar sonidan milliy innovatsion salohiyatni aks ettiruvchi ko‘rsatkich sifatida foydalanildi. Qolaversa, innovatsiyalarga ta'sir etuvchi o‘zgaruvchilar sifatida quyidagilar qo‘llanildi: TTXI, davlat tomonidan ilmiy tadqiqot institutlariga ajratiladigan mablag‘lar, institutlarda band bo‘lgan xodimlar soni va mamlakatning globallashuv darajasi. Tadqiqot uchun statistik baza Jahon banki va KOF Globallashuv indeksining ma’lumotlar bazasiidan to‘plandi (2- izoh).

 

2- izoh.

KOF globallashuv indeksi - 2002 yilda Shveytsariya iqtisodiyot instituti va Shveytsariya federal texnologiya instituti tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, globallashuvni jamiyat hayotining iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha baholaydi.

Globallashuv dunyo chegaralarini umumlashtiradigan, milliy iqtisodiyotni, madaniyatni, texnologiyani va boshqaruvni birlashtiradigan jarayon sifatida tavsiflanadi, shuningdek, bu jarayon jamiyatlarni hamda g‘oyalarni o‘zaro birlashtirishga xizmat qiladi.

 

Olingan natijalar shuni ko‘rsatadiki, mamlakatga kiritilayotgan TTXIning ortishi milliy innovatsion salohiyatining o'sishiga ijobiy va sezilarli ta’sir ko‘rsatadi, shuningdek, ilmiy izlanishlarga katta e’tibor qaratilishi rivojlanayotgan mamlakatlarning innovatsion salohiyatini sezilarli darajada oshirishi, ammo institutlarda band xodimlar sonining ko‘payishi innovatsiyalar darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi aniqlandi. Oldingi tadqiqotlar ham mamlakat uchun yangi bilimlarni o'zlashtirish va ulardan foydalanish tartib-qoidalarini soddalashtirish uchun ilmiy tadqiqot institutlarida tadqiqotchilarning malakali bo‘lishi ularning ko‘psonli bo‘lishdan muhimroq ekanligini tasdiqladi[1]. O‘z navbatida, globallashuv jarayoni ushbu ekonometrik modelimizda rivojlanayotgan mamlakatlarda innovatsiyalarning o‘sishida ahamiyatsiz, deb topildi.

Xulosa sifatida aytish joizki, rivojlanayotgan mamlakatlar TTXIning milliy innovatsion salohiyatiga ijobiy ta’sirini hisobga olgan holda uni ko‘proq jalb qilishi maqsadga muvofiq, shuningdek, ilmiy tadqiqot institutlari xodimlarining soniga emas, balki ularning samaradorligiga ko‘proq e’tibor berish taklif qilinadi[2].

Globallashuv biz tuzgan modelda milliy innovatsiyalarga ta’sir qiladigan muhim omil, deb topilmagan bo‘lsa-da, zamonaviy iqtisodiyotda globallashuvning ahamiyatini inkor etmaslik kerak. Shu sababli, kelgusi tadqiqotlarda globallashuv indeksini ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy sub-indekslarga bo‘lish imkoniyati ko‘rib chiqiladi va har bir sub-indeksning innovatsiyalar o‘sishidagi ahamiyati alohida o‘rganiladi.

 

* Davlatlar boyicha innovatsion faoliyatni rivojlantirishning batafsil tahlili PMTIga murojaat asosida taqdim etilish mumkin.

 


[1] Muhamad, S. va boshqalar (2012). Innovative Capacity, Human Capital and its Contribution to Economic Development in Malaysia: Malayziya Terengganu universiteti.

[2] Franko, C. (2012). Absorptive Capacity, innovation cooperation and human capital. Evidence from three European countries. Lyuksemburg: Evropa Ittifoqi nashriyoti.