Toshkentda O'zbekiston iqtisodchilarining XIV forumi bo'lib o'tdi
18окт

2022 yilning 14 oktabrida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi qoshidagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) da O‘zbekiston iqtisodchilarining yillik forumini bo‘lib o‘tdi. U Xalqaro hamkorlik bo‘yicha Germaniya jamiyati (GIZ) ko‘magida tashkil etildi va gibrid shaklda o‘tkazildi.

Mazkur forum xorijiy va mahalliy ekspertlar, ilmiy, akademik va ishbilarmon doira vakillari o‘rtasida ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi dolzarb muammolarni muhokama etiladigan an’anaviy maydonchaga aylanib ulgurdi. Forumda xalqaro moliyaviy va iqtisodiy institutlar (BMT, JB, OTB, BMT TD, YETTB, YUNISEF, XMT, YEI, SHHT, GIZ, FTA,KOICA, JETRO, JICA va boshqalar) ning vakillari ishtirok etdi.

Bu yilgi forumning mavzusi “Yangi O‘zbekiston iqtisodiyoti: ustuvor yo‘nalishlar va istiqbollar” deb nomlandi. Forumda asosiy e’tibor 2022-2026 yillar uchun mo‘ljallangan yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish doirasida rivojlanish istiqbollari, shuningdek, yuzaga kelgan global muammolar va tahdidlar muhokamasiga qaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinborsari Ilhom Norqulov forumni o‘zining kirish so‘zi bilan ochib berdi.

Fransiya taraqqiyot aganetligi (FTA) ning Markaziy Osiyodagi  vakolatxonasi rahbari Vanson Kopen o‘z chiqishi chog‘ida muttasil o‘zgarayotgan sharoitlarga javob qaytarishi va tezda qaror qabul qilishi lozim bo‘lgan siyosatchilar uchun jiddiy sinov davri kelganini ta’kidladi. Ular bir tomondan, oldinga qo‘yilgan vazifalarni bajarish imkonini beruvchi qarorlarni topishi, boshqa tomondan esa tashqi tahdidlarning ta’sirini eng past darajaga tushirishi darkor. Ushbu holat chuqur tadqiqotlar o‘tkazilishini talab etuvchi palla kelganligini bildiradi va bunday sharoitda tadqiqotchilar hamda siyosatchilar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni kuchaytirish, ayniqsa muhim.    

Yalpi majlisda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (Erik Livni), Fransiya taraqqiyot agentligi (Gilerme Magacho), Jahon banki (Eskender Trushin), O‘zbekistondagi Germaniya iqtisodiy guruhi (Pavel Bilek) kabi xalqaro tashkilotlar, shuningdek, mahalliy ilmiy jamoalarning vakillari chiqish qildi.

PMTIning Tahlil va inson kapitali omillarini prognozlash bo‘yicha guruhi rahbari Muhabbat Ahmedova institut faoliyati natijalarini taqdim qilar ekan, muassasa iqtisodiy sohada olib borilayotgan tadqiqotlarga munosib hissa qo‘shayotganini qayd etdi. PMTI makroiqtisodiyot, ijtimoiy soha, real sektor, “yashil” iqtisodiyot, hududlar iqtisodiyoti kabi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha izlanishlar olib bormoqda.

M.Ahmedova alohida tadqiqotlarning natijalari haqida to‘xtalarkan, 2022-2030 yillarda Iqtisodiy erkinlik indeksida yuqori ko‘rsatkichlarga erishish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining  strategiyasi ishlab chiqilgani, 2030 yilgacha bo‘lgan davr uchun mamlakat  aholisining o‘sish prognozi tayyorlangani, sanoat eksportining diversifikatsiya darajasidagi o‘zgarishlar baholangani, elektr energiyasi iste’molining ortishi sanoat tarmoqlariga qanday ta’sir qilishi tahlil etilgani, “uglerod izi kalkulyatori” ishlab chiqilgani va yana bir qator tadqiqotlar olib borilganini ta’kidladi.  

Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining yetakchi mintaqaviy iqtisodchisi Erik Livni iqtisodiy taraqqiyotda O‘zbekiston davlat ta’lim tizimining roliga oid tadqiqot natijalarini baham ko‘rdi. Mamlakatlarning tanlab olingan turli guruhlari yordamida o‘tkazilgan tadqiqot ta’lim darajasining o‘sishi YaIMning aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan ulushi ortishiga olib kelishini ko‘rsatdi.  Biroq, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YaIM ulushining yuqori darajasi hamma vaqt ham ta’lim darajasining ortishiga xizmat qilavermaydi. Bundan tashqari, sifatli davlat ta’limi nafaqat iqtisodiy ko‘rsatkichlar, balki ijtimoiy yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar uchun ham muhim ahamiyatga ega. 

   
Mayami universiteti (AQSh, Florida shtati), Ijtimoiy fanlar maktabining  forumga taklif qilingan mustaqil tadqiqotchisi Gulnoza Qo‘ldosheva rivojlangan mamlakatlardagi urbanizatsiya va iqtisodiy uyg‘onish strategiyalari asosida rivojlanayotgan mamlakatlarga o‘z takliflarini taqdim etdi. Shaharsozlikda mahalliy hokimiyat organlari rolini kuchaytirish va bunda ularning texnik, boshqaruvchilik imkoniyatlari va malakasini albatta oshirish, yerdan foydalanishni tartibga solishning ishonchli tizimini ishlab chiqish, zonalarga ajratish va mulk huquqi, mintaqaviy rejalashtirish jamg‘armalarini tashkil qilish, rejalashtirish amaliyotiga iqlim bilan bog‘liq jihatlarni qo‘shish, shaffoflik va hisobot berilishini ta’minlash vositasi sifatida jamoatchilikni keng jalb qilish ana shu takliflarning asosiylaridir.   

Fransiya taraqqiyot agentligi iqtisodchisi Gilermo Magacho o‘z ma’ruzasida O‘zbekiston “Yashil” iqtisodiyotga o‘tishga ko‘maklashish yo‘lida sa’y-harakatlarini ayamayotganini qayd etdi. Respublika ulug‘vor milliy maqsadli ko‘rsatkichlarni, jumladan 2030 yilga borib,  YaIM birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlari ajratilishini 2010 yil darajasidan 35 foizga qisqartirishni belgilab oldi. G.Magachoning ta’kidlashicha, tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston ekologik xavfsiz o‘tishni rivojlanayotgan mamlakatlar odatda duch keladigan bir qator qiyinchiliklar, xususan, to‘lov balansi va fiskal cheklovlar bilan bog‘liq muammolar, shuningdek, ijtimoiy ziddiyatlarga to‘qnash kelmasdan amalga oshirishi mumkin.   

O‘tish davri davlat investitsiyalarini oshirish, sanoatning ekologik xavfsiz tarmoqlarida ishlab chiqarishni kengaytirishda zarur bo‘lgan quvvatlarni oshirish uchun yangi infratuzilmalarni barpo etishni talab etadi. Bundan tashqari, adolatli o‘tishni ta’minlash uchun kadrlarni qayta tayyorlash, yuqori oylik maosh to‘lanadigan bandlikka alohida e’tibor qaratgan holda bandlikni kafolatlash, ijtimoiy himoya tizimiga sarmoya kiritish muhim ahamiyat kasb etadi.   

G.V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti Toshkent filialining ilmiy-uslubiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, i.f.d. Nodira Zokirova o‘z ma’ruzasida O‘zbekistonda olib borilayotgan, ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, davlat boshqaruvining barcha bosqichlari va umuman, jamiyatda ularning rolini oshirishni ko‘zda tutuvchi islohotlarga e’tibor qaratdi. Ayni chog‘da olib borilayotgan islohotlar ayollar uchun munosib bandlikni ta’minlash, qizlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini oshirish, ularni rahbarlik lavozimlariga, jumladan kam ta’minlangan va ijtimoiy jihatdan himoyalanmagan ayollarni qo‘llab-quvvatlash yordamida ilgari surishni o‘z ichiga oladi.

Gender tengsizligini bartaraf etish uchun kompleks yondashuv zarur. Ijtimoiy-madaniy kontekstga ta’sir qilish, stereotiplarni bartaraf etish, ayollarni kasbga yo‘naltirish, texnik va axborot texnologiyalari sohalarida bilim olishga jalb qilish, huquqiy asoslar va ijtimoiy himoyalanganlik darajasini kuchaytirish, yangi bilim, qobiliyat va malakaga ega bo‘lishga rag‘batlantirish, bandlikning yangi shakllarini tatbiq etish va foydalanish shular jumlasidandir.

Jahon bankining katta iqtisodchisi Eskender Trushin o‘z chiqishi chog‘ida O‘zbekiston uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning yangi startegiyasi mamlakatda rivojlanishning yangi maqsadlarini qo‘llab-quvvatlash muhim bo‘lgan bir pallada ishlab chiqilayotganini ta’kidladi. U O‘zbekistonga kiritilayotgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar asosan tabiiy resurslarni qazib olish va eksport qilishga aloqador bo‘lgan tarmoqlar bilan cheklanib qolayotganini qayd etdi. Biroq so‘nggi vaqtlarda ishlab chiqarish sanoatiga kiritilayotgan  to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar miqdori ortib bormoqda. Bundan tashqari, O‘zbekiston ilmiy salohiyat talab etiladigan tovar va xizmatlar sohasiga ko‘p miqdorda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish borasida juda katta imkoniyatga ega.   

Taqdimotda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun ustuvor ahamiyatga ega tarmoqlar qayd etildi. Elektr uskunalar, qadoqlash materiallarini ishlab chiqarish, bank ishi va qayta tiklanuvchi energiya manbalari, shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar uchun “istiqbolli” bo‘lgan tarmoqlar, xususan, oziq-ovqat sanoati va qurilish materiallarini ishlab chiqarishni “yuksalish uchun tayyor” bo‘lgan tarmoqlar sirasiga kiritish mumkin.  

O‘zbekistonning investitsion raqobatbardoshligini oshirish uchun investitsion muhitni yaxshilash hamda davlat korxonalari va davlat-xususiy sherikchilik korxonalarini xususiylashtirish imkoniyatidan foydalanish bo‘yicha tavsiya va takliflar aytib o‘tildi.

PMTI doktoranti Nilufar Safarova turizm sohasi raqobatbardoshligi parametrlarining mamlakatga keluvchilar soniga ta’sir darajasini baholashga bag‘ishlangan tadqiqot natijalarini taqdim etdi. Buning uchun Butunjahon iqtisodiy forumi tomonidan hisoblab chiqilgan Turizm raqobatbardoshligi indeksining 14 ta parametridan foydalanildi. Tadqiqot natijalari indeksning bitta punktga oshishi mamlakatga kelayotgan sayyohlar oqimining 1,87 foiz ortishiga olib kelishini ko‘rsatdi. Natijalar turizmni rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish uchun samarali vosita bo‘lib xizmat qilishi mumkin.  

Germaniya iqtisodiy guruhi yetakchi maslahatchisi Pavel Bilekning bildirishicha, 2030 yil prognoz ssenariylaridan kelib chiqqanda, xarajatlar nuqtayi-nazaridan O‘zbekiston uchun eng maqbul tizim quyosh fotoelektr va shamol stansiyalarining belgilangan yuqori quvvatini o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, uning tadqiqotida mintaqaviy hamkorlar bilan integratsiya va elektr energiyasini oldi-sotdi qilish energetika tizimlarini modernizatsiya qilish uchun ketadigan umumiy xarajatlarni yanada kamaytirishi mumkin. P.Bilek tavsiya sifatida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish va akkumulator batareyalarini ishlab chiqarishni  rivojlantirish, shu bilan birga  xarajatlar, gaz iste’moli va chiqindilar hajmini kamaytirish, 2030 yil uchun yanada ulug‘vor maqsadlarni qo‘yish zarurligini ta’kidladi.

Forum gibrid shaklda o‘tkazilgani bois ko‘plab iqtisodchilar va umuman, hohlovchilar unda onlayn tarzda qatnashish hamda ekspertlarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilish imkoniga ega bo‘ldi. Muhokamalar mamlakatimizni iqtisodiy rivojlantirish bilan bog‘liq ko‘plab dolzarb mavzularni qamrab oldi. Har qanday iqtisodiy taraqqiyot zamirida puxta ilmiy asos, aniq hisob-kitoblar, makroiqtisodiy tadqiqotlar va prognozlar yotadi. Shunday ekan, mazkur forum ham mutaxassislarga o‘z izlanishlarini yanada mukammal qilish, fikr, tajriba almashish imkonini berdi. Ishlanmalarning yanada pishiq-puxta bo‘lishi esa iqtisodiy loyihalar hayotga muvaffaqiyatli tatbiq etilishining muhim shartidir.