IFMR Green Hub
1мар

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) O'zbekistonda "yashil" iqtisodiyot va "yashil" o'sishni o'rganish va rivojlantirish uchun IFMR Green Hub (Yashil Markaz) ni tashkil qiladi.

Ayni chog'da ekologik muammolar global darajaga ko'tarilgan. “Yashil” iqtisodiyot konsepsiyasining tobora ommalashishi ko'p jihatdan so'nggi yillarda dunyo to'qnashgan qator muammolar, avvalo iqlim, ekologiya, oziq-ovqat, moliyaviy va iqtisodiy inqirozlar bilan bog'liq.

Green Hub o'z oldiga qanday maqsadlarni qo'yadi?

PMTI “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish va barqaror “yashil” o'sishni ta'minlash bilan bog'liq masalaning muhimligini inobatga olgan holda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi qoshidagi ilmiy tadqiqot muassasasi sifatida Green Hubni quyidagi maqsadlarni amalga oshirish uchun tashkil etmoqda: 

- “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish va “yashil” o'sishga erishish, jumladan kambag'allikni qisqartirishga qaratilgan umumiy maqsadlar bilan bog'langan mutaxassislar tarmog'ini tashkil etish;

- alohida investitsion loyihalarning istiqbolli ekanligini kompleks baholash va milliy iqtisodiyotning iqlim o'zgarishlariga ijtimoiy taraqqiyot darajasiga zarar yetmagan holda moslashishi uchun eng yaxshi variantlarni qidira oladigan zamonaviy prognozlash va tahlil vositalarini ishlab chiqish;

- iqlim o'zgarishi, uning iqtisodiyotga ta’siri bilan bog'liq jarayonlar, “yashil” iqtisodiyot va “yashil” ish o'rinlariga oid qoidalar haqida iqtisodiy faoliyatning barcha ishtirokchilari xabardorligini oshirish;

-  “yashil” iqtisodiyot va “yashil” o'sish sohasida keng ma'lumotlar va tadqiqotlar bazasini yaratish;

- shakllantirilgan baza va bilimlardan ishtirokchilarning barchasi foydalana olishi uchun sharoit yaratish.

Dunyoda  “yashil” iqtisodiyotning rivojlanishi

“Yashil” iqtisodiyotni rivojlantirishga oid masala 2012-yilda o'tkazilgan “Rio+20” konferensiyasida dunyo hamjamiyati oldida turgan ustuvor vazifalaridan biri sifatida ilgari surilgandi. O'shanda ishtirokchi mamlakatlarning hukumatlari “yashil” iqtisodiyotni barqaror taraqqiyotni ta'minlaydigan muhim vositalardan biri sifatida ko'rib chiqishga kelishib olgandi. Inklyuziv xarakterga egaligi va iqtisodiy o'sish va bandlikka ko'maklasha olishi, kambag'allikni bartaraf etishi va bunda sayyora ekotizimining me'yordagidek faoliyat yuritishini ta'minlay olishi uning farqli jihatlaridan biridir.

So'nggi o'n yillikda turli xalqaro tashkilotlar va institutlar (YUNЕP, BMT IIMD, YUNKTAD, XMT, Jahon banki, IHTT, OTB, YETTB va boshqalar) “yashil” iqtisodiyot va “yashil” o'sish sohasidagi tashabbuslarni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratmoqda.

Yana dunyodagi rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarda “yashil” iqtisodiyot milliy strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish bo'yicha tajriba to'planayotganini ham qayd etish joiz. Buni Afrika, Lotin Amerikasi, Yevropa hamda Osiyo-Tinch okeani mintaqalarida kuzatish mumkin.

O'zbekiston va “yashil” iqtisodiyot

Butun dunyo kabi O'zbekiston ham “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirishga intilmoqda. 2019-yilning oktabr oyida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori bilan “2019-2030 yillarda “yashil” iqtisodiyotga o'tish bo'yicha strategiya” tasdiqlandi.

Mazkur strategiya doirasida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi O'zbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish va joriy etish bo'yicha vakolatli organ etib belgilandi.

“Yashil” iqtisodiyotga o'tish 2022-2026 yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonni rivojlantirish strategiyasidagi ustuvor yo'nalishlardan biridir. Xususan, “yashil” iqtisodiyot texnologiyalarini joriy eshtish hisobiga 2026-yilgacha iqtisodiyotning energiya samaradorligini 20% ga oshirish va chiqarilayotgan zararli gazlarni 20% ga qisqartirish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi zimmasiga “yashil” iqtisodiyotga o'tish dasturini ishlab chiqish va monitoring qilish vazifasi ham yuklangan.

Green Hubning missiyasi

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi qoshidagi ilmiy-tadqiqot muassasasi bo'lgan Green Hubni ushbu vazifani amalga oshirish maqsadida tashkil etmoqda. Vaziyatni tahlil qilish va barqaror iqtisodiy taraqqiyotga erishish yo'llarini ishlab chiqish mazkur ilmiy xabning asosiy vazifasi bo‘ladi. Xab bu sohadagi tadqiqot muassasalari, xalqaro moliyaviy institutlar, korxonalar va ekspertlarning birlashmalarini jalb qilgan holda “yashil” iqtisodiyot qoidalariga asoslanadi.

Green Hubning vazifalari

1. Mavjud texnologik taraqqiyot darajasi, investitsion resurslarning cheklanganligi va past uglerodli rivojlanishning yuqori kapital sig'imliligi, kambag'allikni qisqartirish va boshqa ijtimoiy vazifalarni hal etish zaruratini inobatga olgan holda milliy iqtisodiyotni “yashil” iqtisodiyotga aylantirishning milliy modelini shakllantirish.

2.  Uglerod izini baholash uchun real sektor tarmoqlari uchun ham, butun iqtisodiyot uchun ham, uning o'rtacha va uzoq muddatli istiqboldagi taraqqiyotida turli ssenariylar va ustuvor yo'nalishlarni ko'zda tutuvchi zamonaviy modellar jamlanmasini ishlab chiqish.

3. Past uglerodli muayyan investitsion loyihalarni tatbiq qilish oqibatlarini baholash uslubini nafaqat issiqxona gazlarini qisqartirish mezonlari, balki ularning resurslarni tejash va milliy iqtisodiyotning energiya sig'imdorligi, yangi ish o'rinlarini yaratish, davlat va aholi daromadlarining o'sishiga qanday ta'sir qilishini baholash bo'yicha ham puxta ishlab chiqish.

4. Past uglerodli iqtisodiyotning rivojlanishi va milliy iqtisodiyotning “yashil” iqtisodiyotga aylanishidagi ijobiy ijtimoiy ta'sirni kuchaytirish imkonini beruvchi investitsiyalarni jalb qilish uchun zarur institutsional muhitni yaratishga oid masalalarni tadqiq qilish.

5. “Yashil” iqtisodiyotni qo'llab-quvvatlaydigan moliyaviy va nomoliyaviy mexanizmlarni ishlab chiqish.

PMTIning “yashil” iqtisodiyot sohasidagi faoliyati

PMTI bugunga qadar o'zini "yashil" iqtisodiyotni rivojlantirish bilan bog'liq masalalarni o'rganuvchi intellektual markaz sifatida namoyon etib bo'lgan:

- “Yashil iqlim fondi uchun loyiha taklifini tayyorlash bo'yicha qo'llanma” deb nomlanuvchi  o'quv qo'llanmasi chiqarildi;

- suvdan foydalanish samaradorligi indeksi baholandi;

- suv tejamkorligi baholandi (Toshkent viloyatidagi mahalla misolida);

- 2020-yilda O'zbekiston qishloq xo'jaligida issiqxona gazlari chiqindilari hajmiga baho berildi;

- ehtimol tutilgan asosiy variantlari va transchegaraviy uglerodni tartibga solish (CBAM)ning harakat qoidalari mexanizmi o'rganib chiqildi;

- PMTI xalqaro tadbirlarda yashil iqtisodiyot masalasiga alohida e'tibor qaratdi;

- “Suv hayot va kelajak asosidir!” videoroligi tayyorlandi;

- 2021-yilda ushbu yo'nalishdagi mavzular bo'yicha onlayn vebinarlar o'tkazildi.

Shu munosabat bilan ekspertlar, xalqaro tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot institutlari va korxonalarni IFMR Green Hub faoliyatida ishtirok etishga taklif qilamiz.

 

Bog'lanish uchun:
Kostyuchenko Anton Valerevich
E-mail: greenohub@ifmr.uz
Tel.(Telegram): +99890-981-66-28