22сен
AKT ning rivojlanishi iqtisodiy o‘sish va aholi farovonligining ta’minlanishiga xizmat qilmoqda. AKT ushbu sohalarga turli yo‘llar bilan ta’sir qilishi mumkin: raqamli texnologiyalarning joriy etilishi biznes va tadbirkorlik imkoniyatlarini oshiradi, raqamli infratuzilma yangi bilim va texnologiyalardan foydalanishni kengaytiradi, shuningdek, aholi uchun daromad olish va zarur malakaga ega bo‘lish nuqtayi nazaridan yanada keng imkoniyatlarni yuzaga keltiradi. Shu munosabat bilan hukumat tomonidan zamonaviy AKT infratuzilmasini rivojlantirish va raqamli iqtisodiyotni shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari AKTning rivojlanish indeksi asosida O‘zbekiston hududlarining reytingini tuzdi. Tahlil davomida quyidagi asosiy natijalarga erishildi:
-
O‘zbekiston bo‘yicha indeksning o‘rtacha qiymati 2015-yildagi 6,04 dan 2021-yilda 6,96 ga ko‘tarildi.
-
2021-yilda kuchli uchlikka Toshkent (indeks qiymati 9,28), Navoiy (7,41) va Buxoro (7,06) viloyatlari kirdi.
-
O‘rganish davrida indeksning eng katta o‘sishi Xorazm (+1,20), Qashqadaryo (+1,18), Namangan (+1,15) viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (+1,12) qayd etildi.
O‘zbekiston uchun AKTning rivojlantirish indeksi Xalqaro elektr aloqasi ittifoqining (2017-yilgacha bo‘lgan metodologiya) o‘zida 11 ta ko‘rsatkichni jamlagan klassik AKT rivojlanish indeksi (IDI) asosida tuzilgan. Undan vaqt o'tishi bilan, shuningdek, mamlakatlar o‘rtasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanishini kuzatish va taqqoslashda foydalaniladi.
Indeks mamlakatda AKT sohasining rivojlanish darajasini aniqlash va umumiy rivojlanish dinamikasi bilan bir qatorda, uning tarkibiy qismlarini ham monitoring qilish imkonini beradi.
Indeksni O‘zbekiston statistik ma’lumotlar bazasiga moslashtirish jarayonida ayrim dastlabki ko‘rsatkichlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari bazasidagi boshqa ko‘rsatkichlar bilan almashtirildi.
1-qo‘shimcha
AKTni rivojlantirish indeksi (IDI) Xalqaro elektr aloqasi ittifoqi tomonidan 2009-yildan 2017-yilgacha e’lon qilib borilgan va 11 ta ko‘rsatkichdan iborat bo‘lgan. 2017-yilning mart oyida Uy xo‘jaliklaridagi AKT ko‘rsatkichlari bo‘yicha ekspertlar guruhi (EGH) va Telekommunikatsiya ko‘rsatkichlari bo‘yicha ekspertlar guruhining (EGTI) navbatdan tashqari yig‘ilishida IDI metodologiyasini 14 ta ko‘rsatkichga o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Biroq, 11 tadan 14 ta ko‘rsatkichga o‘tgandan so‘ng, mamlakatlar sifatli ma’lumotlarni to‘plash va hisobot berishda qiyinchiliklarga duch keldi. Masalan, 2018-yildagi IDI hisobi uchun kuzatiladigan qiymatlarning 58 foizi yetarli darajada bo‘lmagan. Uy xo‘jaliklaridagi AKT ko‘rsatkichlari bo‘yicha ekspertlar guruhi (EGH) va Elektr aloqasi/AKT ko‘rsatkichlari bo‘yicha ekspertlar guruhi (EGTI) o‘zaro bir to‘xtamga kelmaganligi sababli hozirgacha yangilangan indeksni hisoblashning yagona metodologiyasi mavjud emas.
|
Indeks uchta asosiy guruhdan iborat: AKTdan foydalanish imkoniyati, AKTdan foydalanish darajasi va AKTdan foydalanish ko‘nikmalari (1-jadval). Guruhlar va ko‘rsatkichlarning salmog‘i IDI ni hisoblash metodologiyasiga qat’iy mos keladi. Ikkala guruh va ko‘rsatkichlar bo‘yicha salmoqlar yig‘indisi 1 ga teng. Barcha ko‘rsatkichlar o‘z guruhi doirasida teng salmoqqa ega va yakuniy indeksdagi guruhlar salmog‘i quyidagicha taqsimlanadi:
IDI = 0,4*x1 + 0,4*x2+ 0,2*x3
X1 - AKTdan foydalanish imkoniyati
X2 - AKTdan foydalanish darajasi
X3 - AKTdan foydalanish ko‘nikmalari
Ma’lumotlar turli o‘lchov birliklariga ega bo‘lganligi sababli, ko‘rsatkichlarni taqqoslash uchun ko‘rsatkichlarni yagona o‘lchov tizimiga keltirish maqsadida me’yorlashtirishni amalga oshirish kerak. IDI hisoblash metodologiyasiga ko‘ra, me’yorlashtirish asosiy qiymatga (reference point) asoslanadi. U u yoki bu ko‘rsatkich uchun eng maqbul hisoblanadi. Eng maqbul qiymat noma’lum bo’lgan hollarda u quyidagi formula bo‘yicha hisoblanadi.
Eng maqbul qiymat = O‘rtacha qiymat + 2*Standart og‘ish
Ushbu yondashuv har qanday taqsimotda qiymatlarning 95% ga yaqini o‘rtacha qiymatdan 2 ta standart og‘ish doirasida bo‘lishi bilan izohlanadi[1].
Shuningdek, ayrim infratuzilma ko‘rsatkichlaridagi katta tafovutlarni kamaytirish uchun mutlaq ko‘rsatkichlarda keltirilgan va mintaqadan mintaqaga katta farq qiluvchi o‘zgaruvchilar logarifmi qo‘llaniladi (bular qatoriga “AKT sohasida faoliyat yurituvchi yuridik shaxslarning xodimlari soni” kiradi. “Aholi zichligi/maktablar soni” va “Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat bosqichining barcha turlari bo‘yicha 100 ta o‘ringa qabul qilingan talabalar”).
1-jadval. AKT ning rivojlanish indeksi tarkibi
Manba: muallif hisob-kitoblari
Tahlil natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda AKT ning rivojlanish indeksi (mamlakat bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich) 2015-yildan 2021-yilgacha bo‘lgan davrda 6,04 dan 6,96 ga oshganini qayd etish mumkin. 2021-yilda yetakchi viloyatlar uchtaligiga Toshkent shahri (indeks qiymati 9,28), Navoiy (7,41) va Buxoro (7,06) viloyatlari kirdi. Indeksning eng past qiymati Andijon (6,36), Jizzax (5,99) va Surxondaryo (5,78) viloyatlarida qayd etildi.
2015-yildan 2021-yilgacha bo‘lgan davrda indeks qiymatining eng katta o‘sishi Xorazm (+1,20), Qashqadaryo (+1,18), Namangan (+1,15) viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (+1,12) qayd etildi. Shu o‘rinda Qashqadaryo viloyatining reytingda eng ko‘p, aniqrog‘i 14-o‘rindan 11-o‘ringa (3 pog‘onaga o‘sish) ko‘tarilganini ta’kidlash lozim.
Sirdaryo viloyatida indeks qiymatining oshishiga qaramay, uning o‘sishi Toshkent va Namangan viloyatlaridagiga nisbatan past bo‘ldi. Pirovardida 2021-yilda viloyatlar reytingida 2015-yildagiga nisbatan 2 pog‘ona pastga tushdi.
E’tiborli tomoni shundaki, tahlil etilayotgan davrda O‘zbekistonning barcha hududlarida, Toshkent shahridan tashqari, indeks mutlaq ko‘rsatkichining o‘sishi kuzatilmoqda. Toshkentdagi indeksning pasayishini boshqa hududlarga nisbatan dastlabki yuqori ko‘rsatkichlar bilan izohlash mumkin. Shunday bo‘lsada, 2021-yilda Toshkent shahri reyting natijalari bo‘yicha sezilarli ustunlikni saqlab qoldi (2-jadval).
2-jadval. AKT ning rivojlanish indeksi ko‘rsatkichlari
Eslatma: Indeksning eng yuqori qiymati 10 ga teng.
Manba: muallif hisob-kitoblari
Toshkent shahri uchun indeks qiymatining pasayish sabablaridan biri shundaki, 2019-yilda u maksimal darajaga yetgan, keyin esa AKTdan foydalanish va AKTdan foydalanish ko‘nikmalari kabi guruhlar qiymatlarining pasayishi natijasida qisqargan. Korxonalarda AKT va internetdan foydalanish ko‘rsatkichlari tufayli AKTdan foydalanish darajasi pasaygan, malaka ko‘rsatkichining pasayishi esa 100 kishiga to‘g‘ri keladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar soni bilan bog‘liq.
Xulosa qilib aytish mumkinki, O‘zbekiston uchun AKT ning rivojlanish indeksi sohaning rivojlanishini hududlar bo‘yicha mamlakat ichida baholash va yagona ko‘rsatkich tufayli rivojlanish dinamikasini kuzatish imkonini beradi. Biroq, quyidagi sabablarga ko‘ra ushbu indeksni boshqa mamlakatlarning shaharlari indeksi bilan taqqoslab bo‘lmaydi:
1) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasining maʼlumotlar bazasi asosida Oʻzbekiston uchun foydalaniladigan koʻrsatkichlar boshqa mamlakatlarning statistik maʼlumotlaridan farq qilishi mumkin.
2) Me’yorlashtirish uchun eng maqbul qiymatlar joriy namunani hisobga oladi va O‘zbekistondagi holatni aks ettiradi.
Xuddi shu sabablarga ko‘ra O‘zbekistonning IDI global reytingi ushbu hisob-kitoblardan farq qilishi mumkin.
O‘z navbatida, PMTI mutaxassislari IDI indeksini takomillashtirish va samaradorligini oshirish maqsadida uni modernizatsiya va yangilashni davom ettiradi.
PMTI ga murojaat qilinganda kerakli hisob-kitoblar taqdim etilishi mumkin.
Anton Kostyuchenko,
PMTI loyiha rahbari
Odiljon Nazarov,
PMTI katta ilmiy xodimi
[1] https://s4be.cochrane.org/blog/2018/09/26/a-beginners-guide-to-standard-deviation-and-standard-error/