O'zbekiston gidroenergetikasining milliy iqtisodiyotdagi o'rni
26янв

Sanoat tarmoqlarining iqtisodiy samaradorlik ko‘rsatkichi milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligi, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi bilan uzviy ravishda bog‘liq. Har qanday mamlakatda iqtisodiy taraqqiyotning asosiy omillaridan biri bu energiya resurslaridir.

Energiya resurslari qayta tiklanmaydigan, qayta tiklanadigan energiya manbalari hamda yadro energetikasiga bo‘linadi. Ushbu resurslarni tizimli boshqarish hamda taqsimlash - O‘zbekiston energetika tarmog‘i kompleksining vazifasi va unda gidroenergetikaning o‘rni alohida e’tiborga molik.

O‘zbekiston 2022-2024 yillarda 79,0 mlrd. kVt·soatdan 90,6 mlrd. kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarishni maqsad qilgan[1].

O‘zbekiston 2026-yilga borib, “yashil” energetika ulushini yiliga 8 ming MVtga yetkazishni rejalashtirmoqda. Bu esa havoga chiqarilayotgan karbonat angidrid gazini 5 million tonnaga kamaytirish imkonini beradi. 2030-yilga borib, iqtisodiyotda energiya samaradorligini ikki baravar oshirish, qayta tiklanadigan energiya ulushini kamida 25 foizga yetkazish rejalashtirilgan[2]

2022-yilda mamlakatimizda 74 296,2 mln.kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi va 2021-yildagiga nisbatan 104,1 foiz o‘sish qayd etildi. Elektr energiyasining 95,6 foizi (70 995,4 mln.kVt·soat) yirik korxonalar tomonidan, 4,4 foizi kichik korxonalar tomonidan ishlab chiqarildi (rasm-1). Ishlab chiqirish bilan bir qatorda iste’mol ham yildan-yilga o‘sib bormoqda.

Rasm-1.

Elektr energiyasi ishlab chiqarishning asosiy ko‘rsatkichlari
(
2022-yil, mln.kVt·soat)

Manba: O‘zbekiston Respublikasi statistika qo‘mitasi va Energetika vazirligi ma’lumotlari asosida tuzilgan.

O‘zbekistonning gidroenergetika salohiyati. Muzliklar, daryolar, ko‘llar, suv omborlari, transchegaraviy daryolar va yerosti suvlari O‘zbekistonda suv resurslarining asosi hisoblanadi.   

Daryolar oqimining umumiy yalpi nazariy gidroenergetika salohiyati yiliga 88,5 mlrd.kVt·soatni tashkil etadi. Respublikaning texnik gidroenergetika salohiyati yiliga 27,4 mlrd kVt·soatga teng. Hozir shundan taxminan 24% (muallif tomonidan yangilandi) foydalanilmoqda[3].

Piskom daryosi respublika bo‘yicha o‘rganilgan suv oqimlarining eng katta salohiyatiga, ya’ni 1 324 MVt quvvatga ega. Bu O‘zbekistondagi mavjud gidroenergetika resurslarining 45,3 foizi degani. Qolgan yirik suv oqimlari bular: To‘palang daryosi (292 MVt, 10,2%), irmoqlari bo‘lgan Chatqol daryosi (243 MVt, 8,3%), Sangardak daryosi (149 MVt, 5,1%), Ko‘ksuv daryosi (96 MVt, 3,3%), Ohangaron daryosi (73 MVt, 2,5%), Ugam va Halqajar daryolari (67 MVt, 2,3%) va boshqa kichik suv oqimlari (672 MVt, 23%)[4].

2022-yilda O‘zbekistondagi gidroelektr stansiyalari jami elektr energiyasining taxminan 9 foizini ishlab chiqargan. Bu amaldagi quvvatning qariyb 13 foizini tashkil etadi.

2023-yilda elektr energiyasiga ehtiyoj mamlakat energetika balansida 84 653,4 mln.kVt·soatga[5] teng, deb rejalashtirilgan. Uni ishlab chiqarishda gidroenergetikaning hissasi 8 foizga (6,8 mlrd kVt·soat) teng bo‘ladi.

Jami gidroenergiyaning aholi jon boshiga ulushi 168 kVt·soatni, bir birlik hududiy maydonga 13,3 ming kVt·soatni tashkil etadi. Mamlakatning yillik amaldagi texnik gidroenergetika salohiyati qariyb 17,9 mlrd.kVt·soat bo‘lib, bunda kichik gidroenergetikaning (5 MVt gacha bo‘lgan gidroelektr stansiyalari) ulushi 1,5% ga, ya’ni 260 ming.kVt·soatga teng.

Respublika energetikasining YaIMga nisbatan sig‘imkorligi 2022- yilda jami ishlab chiqarilgan elektr energiyasining 1 mln. kVt·soat ulushiga YaIMning 11,9 mlrd.so‘mlik qismi to‘g‘ri keladi. Bundan kelib chiqadiki, gidroenergetikaning YaIMdagi qo‘shilgan qiymat yaratish ulishi 77 147,7 mlrd.so‘mni yoki 8,7% ni tashkil etadi. 2023-yilda boshqa qo‘rsatkichlar o‘zgarmagan holda, gidroelektr stansiyalari orqali yaratilgan qo‘shimcha qiymat YaIMning taqriban 3,8 trln.so‘mga o‘sishiga ta’sir etadi.

Hududlarning Gidroenergetika reytingi. Tadqiqot davomida hududlarning gidroenergetika reytingi tuzib chiqildi (2-jadval). Unda 14 ta hudud (12 ta viloyat, Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasi) ning ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari ko‘rib chiqildi. Bugungi kunda 14 ta hududdan 9 tasida gidroelektr stansiyalari mavjud bo‘lib, ishlab chiqarish bo‘yicha Toshkent viloyati 1-o‘rinda turadi. Istiqbolda Buxoro, Jizzax va Farg‘ona viloyatlari xususiy investorlar tomonidan quvvati 500 kVtgacha bo‘lgan mikro gidroelektr stansiyalarini qurish hisobiga reytingga kiritilishi mumkin.

Jadval 2.

O‘zbekiston hududlarining gidroenergiyasi reytingi (2022y.)

Xududlar kesimida

Indeks

Reyting

1

Toshkent viloyati

0,68

1

2

Andijon viloyati

0,12

2

3

Sirdaryo viloyati

0,07

3

4

Surxondaryo viloyati

0,04

4

5

Xorazm viloyati

0,03

5

6

Toshkent shahri

0,02

6

7

Namangan viloyati

0,02

7

8

Qashqadaryo viloyati

0,01

8

9

Samarqand viloyati

0,01

9

Manba:O‘zbekgidroenergo” AJ ma’lumotlari.

Investitsiyalar. “Respublikada so‘nggi 6 yilda aholi soni 13%ga, sanoat korxonalari soni 45 mingtadan 100 mingtaga ko‘paydi. Natijada elektr enegiyasiga bo‘lgan talab 35%ga oshdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2022-yilning 20-dekabrida Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida sohaga 25-30 mlrd dollarlik investitsiya kerakligini ta’kidlagandi.

Darhaqiqat, gidroenergetika sohasida 2023-2025 yillarda 559,4 mln. dollar ekvivalentidagi, shu jumladan 2023-yilda 165,9 mln. dollar investitsiyalar o‘zlashtiriladi.[6] 2023-yilda quvvati 13,6 MVt bo‘lgan avtomatlashtirilgan 2 ta yangi GES ishga tushiriladi va bitta GES modernizatsiya qilinadi.

Xulosa va takliflar.

O‘zbekistonning gidroenergetika salohiyatini aniqlashda kanallar va ularga o‘rnatilgan suv ochish darvozalari, kichik anxorlar va ariqlardagi suv oqimlari inobatga olinadi. Bunda innovatsion texnologiyalar (suv to‘lqinlari, turbulent oqimli gidroturbina, shnekli turbinalarlar) dan foydalangan holda elektr energiyasi ishlab chiqarish mumkin.

BMTning sanoat rivojlanishi bo‘yicha tashkiloti (UNIDO)ning kichik gidroenergetikani rivojlantirishga oid hisobotida Indoneziyada 13 kVt quvvatga ega turbulent oqimli mikro gidroelektr stansiyaning samaradorligi namoyish etildi. Yangi turbina 1,5 m3/s oqim va 1,7 m balandlik uchun mo‘ljallangan. Mahalliy energiyaning bir kVt.soati narxi 0,08 va Elektr energiyasining me’yorlashtirilgan qiymati - LCOE (levelized cost of energy) 0,04 AQSh dollariga teng. Turbinaning umumiy investitsiya xarajatini olti yilda qoplaydi.

Ekspert baholash natijalariga ko‘ra, mahalliy sharoitda 300 m3 temir beton ishlari va 100 kVtli turbulent oqimli mikro GESni ishga tushirish uchun 230 ming AQSh dollari miqdorida pul mablag‘i sarflanadi. Ushbu qurilma eng yuqori quvvatda ishlaganda 864 ming kVt.soat, mavsumiy suv oqimida ishlaganda esa 576 ming kVt.soat elektr energiyasini ishlab chiqaradi. “Yashil” tariflar qo‘llanilib, barcha soliqlar va to‘lovlardan ozod qilinganda loyiha o‘zini 5-7 yilda qoplaydi.

Qishloq xo‘jaligida barcha suv olish nuqtalarida (18,5 ming[7] dona) aylanma gidrotrubinalar o‘rnatishning o‘zi 1,1 mln yoki barcha uy xo‘jaligini 15 foizini ekologik toza elektr energiyasi bilan ta’minlashi mumkin.

Elektr energiyasini ishlab chiqarishda innovatsion texnologiyalar va mamlakatimiz gidroenergetika salohiyatidan foydalangan holda hududlarda yalpi ichki mahsulot ulushini sezilarli darajada oshirish va energiya ta’minoti uzluksizligini yanada to‘liq ta’minlash, yaqin kelajakda yalpi ichki mahsulotning energiya sig‘imini pasaytirish va uning hajmini oshirish shuningdek rivojlangan davlatlar darajasiga yaqinlashtirish hamda respublikamiz iqtisodiyotini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

R.Jumamatov,
PMTI yetakchi ilmiy xodimi


[1] O‘zbekiston Resipublikasi Prezidentining 2022 yil 25 fevraldagi 88-F sonli farmoyishi.
[2] Tanzila Norboeva O‘zbekiston Senati raisi https://kun.uz/news/2022/11/18/ozbekiston-mintaqaviy-iqlim-kengashi-tashkil-etishni-taklif-qildi
[3] Г.Ж. Аллаева  Потенциал использования возобновляемых источников энергии в Республике Узбекистан. “Iqtisodiyot va innovatsion texnologiyalar” ilmiy elektron jurnali. № 4, iyul-avgust, 2016 yil
[4] Технически осуществимый гидроэнергетический потенциал Республики Узбекистан https://uzenergyweek.com/ru/%D0%B3%D0%B8%D0%B4%D1%80%D0%BE%D1%8D%D0%BD%D0%B5%D1%80%D0%B3%D0%B5%D1%82%D0%B8%D0%BA%D0%B0/
[5] O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahqamasining 2022 yil 25 fevraldagi 88-F farmoyishi
[6] https://lex.uz/docs/6329448
[7] https://water.gov.uz/uz/statistica