Jamoat transporti sizni qanoatlantiradimi? (Toshkent shahri misolida)
6апр

Bugungi kunda dunyodagi yirik shaharlarning deyarli barchasi uchun jamoat transporti eng muhim, ustuvor masalalar sirasiga kiradi. Chunki jamoat transporti tizimini yaxshi yo‘lga qo‘yish orqali iqtisodiy taraqqiyotga ko‘maklashish, havoning musaffoligini asrash, odamlarni ko‘zlagan manziliga yetkazish va albatta, tirbandliklarni kamaytirish mumkin. Shu bois PMTI ekspertlari Toshkent shahrida jamoat transporti bilan bog‘liq muammolarni o‘rganib chiqdi va undan foydalanish samaradorligini oshirishning muhim omillarini baholadi.

Jamoat transporti muammolarini o‘rganish maqsadida aholi o‘rtasida so‘rov o‘tkazildi. Unda 1 315 nafar Toshkent shahri aholisi ishtirok etdi. Ishtirokchilarning 807 nafarini erkaklar, 508 nafarini esa ayollar tashkil qildi.

So‘rov natijasida quyidagilar aniqlandi:

- respondentlarning 29 foizi shaharning markaziy qismi atrofidagi maxsus transport markazlaridan foydalanishga tayyor va unga ehtiyoj sezadi;

- o‘rganilgan 5 ta omil orasida kelish va harakatlanish jadvaliga rioya qilish, onlayn kuzatib borish imkoniyati transport sifati haqidagi tasavvurga eng ko‘p ta’sir ko‘rsatadi;

- sifat borasida nisbatan yuqori baho olish jamoat transportini tanlash ehtimolini oshiradi (har bir ball uchun 4,6 foiz).

So‘rovda qatnashganlarning katta qismini, aniqrog‘i 624 nafarini 31-55 yosh oralig‘idagi kishilar, 574 nafarini 18-30 yosh oraligidagi kishilar tashkil etdi. 76 kishi 55 yoshdan oshganlar, 41 kishi esa 18 yoshgacha bo‘lganlar guruhidan joy oldi. Yosh taqsimotidan ko‘rinib turibdiki, respondentlarning asosiy qismi mehnatga layoqatli yoshdagi kishilar bo‘lib, “ko‘zlangan manzillga qanday yetib borish mumkin: jamoat transportida, taksida, shaxsiy avtomobilda yoki boshqa transportda”, degan masalaga har kuni duch keladi.

So‘rovda ishtirok etganlarning 29 foizi shaharning markaziy qismi atrofidagi maxsus transport markazlarida avtomobilni qoldirib, yo‘lni jamoat transportida davom ettirishga tayyorligi va shunday markazlarga ehtiyoj sezishini bildirdi. Respondentlarning 33 foizi bu masala yuzasidan tizim samarali ishlagandan keyingina bir qaror qabul qilishini, 17 foizi ehtiyoj sezmasligini va 21 foizi shunday imkoniyatdan foydalanishni istamasligini bildirdi.

Jamoat transportida yo‘lovchilarning haddan tashqari ko‘pligi (respondentlarning 73 foizi shu javobni tanlagan), ularning kelish va harakatlanish jadvaliga rioya qilmasligi (60 foiz), noqulayligi (36 foiz), boshqa transport vositalarining mavjudligi (27 foiz), bekatlarning holati va noqulay joylashuvi (26 foiz) kabi omillar yo’lovchilarning jamoat transportidan foydalanmasligiga sabab bo‘layotgan eng jiddiy muammolardir.

Respondentlar shahar transport tizimi sifatini 1 dan 10 ballgacha bo‘lgan shkala bo‘yicha baholadi. O‘rtacha ball 4,42 ni tashkil qildi. Regressiya modellari asosida transport sifatining subyektiv bahosiga ta'sir qiluvchi eng muhim omillar aniqlandi (1-jadval).

 Jadval-1. Omillarning regressiya modellari natijalari asosida jamoat transporti sifatini baholashga ta'siri.

Sifat

Coef.

p-value

Kutish vaqti

-0.039

0.000***

Kelish va harakatlanish jadvali, onlayn kuzatish

0.558

0.000***

Transport almashtirish

-0.162

0.061*

Tegajaklik

-0.542

0.002***

Muqobil transport

-0.014

0.000***

Konstanta

5.127

0.000***

Kuzatishlar soni 

1315

R-squared

0.172

Eslatma: olingan qiymatlar aniqligi *** - 99%, ** - 95%, * - 90% darajasida.

1-jadvaldan ko'rinib turibdiki, uzoq kutish vaqti, transport almashtirishlar soni, tegajaklik muammosi va haftalik sayohatlar soni respondentlarning subyektiv bahosiga salbiy ta'sir qiladi. Masalan, har bir transport almashtirish bahoni 0,16 ballga kamaytiradi.

Shunga qaramay, regressiyadan quyidagi xulosalar chiqarish mumkin: transport kutish vaqtini har 10 daqiqaga qisqartirish subyektiv baholashni 10 dan 0,4 ballga, kelish va harakat jadvaliga rioya qilish,  onlayn kuzatish imokniyati mavjudligi sifatni jami 1,65 ballgacha oshirishi mumkin (har bir tarkibiy qism alohida 0,55 ball).

Shu bilan bir qatorda "Muqobil transport" omilini ham unutmaslik kerak. Bu omil respondent muqobil transportni (taksi, shaxsiy avtomobil) tanlasa, qancha vaqt tejashini aks ettiradi. Shunday qilib, tejab qolingan har 10 daqiqa subyektiv ballni 0,14 ballga pasaytiradi. Ushbu o‘zgaruvchining o‘rtacha qiymati deyarli 29 ga teng ekanligini hisobga olsak, bu omil kuchli salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Jamoat transporti sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi yana bir omil sifatida tegajaklik muammosini keltirish mumkin. Ushbu muammoga duch kelgan fuqarolar jamoat transporti sifatini o’rtacha 0.54 ballga past baholashgan.

Logit modeli yordamida jamoat transportidan foydalanish ehtimoli aniqlandi. U ko‘p jihatdan jamoat transportini qanchalik sifatli, deb tasavvur qilishimizga bog‘liq. Logit modeli - ikkilik o‘zgaruvchining natijasi ehtimolini baholashga imkon beruvchi model, ya'ni 0 - yo‘q va 1 - ha qiymatini olish. Ushbu tadqiqot doirasida 0 – jamoat transportidan foydalanmayman, 1 – foydalanaman, deganidir.

Shunday qilib, subyektiv sifatni 1 punktga yaxshilash jamoat transportini tanlash ehtimolini 4,6% ga oshiradi.

* Batafsil ma’lumotlar PMTI ga murojaat qilinganda taqdim etilishi mumkin.

 

Odiljon Nazarov
PMTI katta ilmiy xodimi