AKTning rivojlanishi O'zbekistonda kambag'allik darajasini pasaytirishga qanday ta'sir qiladi?
25ноя

Zamonaviy texnologiyalar odamlar o‘rtasidagi aloqani osonlashtirishi va ishchi-xodimlarning mehnat unumdorligini oshirishi bois ham axborot texnologiyalari iqtisodiy o‘sishga ijobiy ta’sir qiladi [1]. Rivojlanayotgan hududlarda mutlaq kambag‘allik darajasi barqaror ravishda kamayib borayapti. Bu esa AKTning aholi hayotiga bevosita ta’siridan dalolat beradi.

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari AKT O‘zbekistonda kambag‘allik darajasini pasaytirishga qanday ta’sir qilishini baholadi.

Tadqiqot davomida quyidagi natijalar olindi:

1.  Optik tolali internet uzunligining 100 kilometrga ortishi kambag‘allik darajasini bir yildan so‘ng 0,06 foiz punktiga, ikki yildan keyin esa 0,09 foiz punktiga pasaytirishda yordam beradi. 

2.  Internetdan foydalanuvchilar sonining 1 foiz punktiga ortishi ikki yildan so‘ng kambag‘allik darajasini 0,02 foiz punktiga qisqartiradi. Ushbu natija bir yildan so‘ng olingan natijadan jiddiy farq qilmaydi.

Rizvan Mushtaka va Katrin Bryuno [2] 2001-2012 yillar oralig‘ida dunyoning 61 ta mamlakatida AKT rivoji va moliyaviy tashkilotlar faoliyatining ortishi o‘rtasida ijobiy korrelyatsiya borligini aniqladi. AKTni moliyaviy xizmatlardan foydalanish vositasi sifatida qo‘llash iqtisodiy o‘sishni tezlashtiradi, kambag‘allik va tengsizlik darajasini pasaytiradi. Boshqacha aytganda, axborot texnologiyalari moliyaviy xizmatlarning rivojlanishiga ko‘maklashadi va shu orqali kambag‘allik va ijtimoiy tengsizlikni qisqartirish jarayonini tezlashtiradi.

AKT mikro-kichik va o‘rtacha korxonalar (MKO‘K) bilan integratsiyalashgan umumiy iqtisodiy taraqqiyotning asosiy manbalaridan biri sifatida ko‘rib chiqilmoqda. Osiyoning rivojlanayotgan mamlakatlarida biznes samaradorligiga erishishda elektron tijorat katta rol o‘ynaydi [3]. AKT va elektron tijoratdan foydalanuvchi MKO‘K kambag‘allik va ishsizlik darajasini pasaytiradi va shu bilan birga, bandlik darajasini oshiradi va yangi ish o‘rinlarini yaratadi hamda shu orqali umumiy iqtisodiy rivojlanishga ko‘mak beradi.

AKT va kambag‘allik darajasining pasayishi o‘rtasidagi bog‘liqlik tahlili AKT aholining eng kambag‘al qatlamlari uchun oz bo‘lsada foydali ekanligini ko‘rsatmoqda. Mobil telefon esa o‘rta muddatli istiqbolda (6-10 yil) aholining eng nochor qatlami turmush sharoitini yaxshilash uchun qmmmatli vositadir [4].

Internet va mobil aloqaning rivojlanishi O‘zbekistonda kambag‘allik darajasiga qanday ta’sir qilishini tahlil etish uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida hududlar (12 ta viloyat) hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha 2015-2020 yillar uchun (84 ta kuzatuv) ekonometrik modellar ishlab chiqildi.

Ekonometrik modellashtirish uchun kam ta’minlangan aholi ulushi (%) ko‘rsatkichidan kambag‘allik darajasini aks ettiruvchi bog‘liq o‘zgaruvchi sifatida foydalanildi.  

Quyidagilardan AKTning rivojlanishini aks ettiruvchi ko‘rsatkichlar sifatida foydalanildi:

1. Optik tolali aloqa liniyalarining uzunligi, ming km;

2. Asosiy uyali aloqa stansiyalari soni, ming dona;

3. Internet tarmog‘idan foydalanuvchi abonentlar soni (100 kishiga).

Ekonometrik modellar asosida optik tolali internet liniyalari uzunligining 100 kilometrga ortishi bir yildan so‘ng kambag‘allik darajasining 0,06 foiz punktiga, ikki yildan keyin esa 0,09 foiz punktiga pasayishiga olib keladi, deb xulosa chiqarish mumkin. Koeffitsiyentlar ahamiyatlilik darajasida 1 foiz ahamiyatli. O‘sha yilning o‘zidagi natijani aks ettiruvchi koeffitsiyent 10 foiz darajasida ahamiyatli ekani ma’lum bo‘ldi. Bu esa optik tolali aloqa liniyalari uzunligi mamlakatda kambag‘allikning qisqarishiga uzoq muddatli ta’sir ko‘rsatishini anglatadi.

Internetdan foydalanuvchilar sonining 1 foiz punktiga ortishi ikki yildan so‘ng kambag‘allikni 0,02 foiz punktiga qisqartiradi. Bu natija bir yildan keyingi natijadan katta farq qilmaydi. Ushbu natija S.Alimi va O.Okunadening avvalgi tadqiqotlari (2020) xulosalariga mos keladi [5], ya’ni internetdan foydalanish tezda natija berishi mumkin, biroq uzoq muddatli istiqbolga ega emas.

Asosiy uyali aloqa stansiyalari soni ikki yil davomida sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydi. Buni natijaning ancha uzoq davom etishi mumkinligi bilan izohlash mumkin. Vaqt oralig‘i cheklangani tufayli mazkur tadqiqot doirasida uni payqash qiyin.

Ikki yillik vaqt oralig‘ining olinishiga sabab kambag‘allik darajasining pasayishi yetarlicha uzoq davom etuvchi jarayon va birinchi bosqichda axborot texnologiyalarining tatbiq etilishi qanday natija berishini payqash qiyin. Boz ustiga, yuqorida aytib o‘tilgan tadqiqotga ko‘ra, AKT aholining kambag‘al qatlamlari hayotini o‘rta hisobda 6-10 yilda yaxshilash imkonini beradi.

Ushbu favqulodda hodisa dunyo mamlakatlarida aholi daromadlari bo‘yicha AKTning bir tekis taqsimlanmagani bilan izohlanadi. Pirovardida umumiy turmush darajasi aholining kam ta’minlangan qatlami turmush darajasiga qaraganda tezroq o‘smoqda.

Shunday qilib, axborot-kommunikatsiya infratuzilmalarining rivojlanishi o‘rta muddatli istiqbolda kambag‘allik darajasini pasaytirish uchun muhim ahamiyatga ega. Yaqin yillarda AKTni rivojlantirish bo‘yicha harakatlar rejasini tahlil etganda mazkur omilning ahamiyati ortishi va u aholining bilim darajasini, raqamli xizmatlardan, jumladan moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini oshirishini taxmin qilish mumkin. Umuman olganda,  AKTning rivojlanishi mamlakatda aholi daromadlarining ortishi va kambag‘allikning qisqarishiga olib keladi.

 

Anton Kostyuchenko,
PMTI loyiha rahbari

Odiljon Nazarov,
PMTI katta ilmiy xodimi

 

[1] Beardsley, S. C., Enriquez, L., Bonini, S., Sandoval, S., & Brun, N. O. Ë. M. (2010). Fostering the economic and social benefits of ICT.  The Global Information Technology Report 2009, 61-70.
[2] Mushtaq, R., & Bruneau, C. (2019). Microfinance, financial inclusion and ICT: Implications for poverty and inequality. Technology in Society, 59, 101154.
[3] Haque, M. M., & Ahlan, A. R. (2018). Can ICT reduce poverty and unemployment and elevate development integrating micro, small, and medium enterprises in Bangladesh? - Sharing Asian experiences. International Journal of Engineering and Management Research (IJEMR), 8(4), 168-174.
[4] May, J. (n.d.). The ICT/poverty nexus. United Nations. Retrieved September 27, 2022, from https://www.un.org/en/chronicle/article/ictpoverty-nexus
[5] Alimi, A. S., & Okunade, S. O. (2020). Financial inclusion, ICT diffusion and poverty reduction: Evidence from Sub-Sahara African countries. Asian Journal of Economics and Business, 1(2), 139-152.