O‘zbekistonda aralash moliyalashtirishning istiqbollari
28дек

O‘zbekiston 2015-yildan buyon BMT tomonidan ilgari surilgan 2030-yilga qadar global kun tartibida bo‘lgan barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirib kelmoqda.[1] 2018- yilga kelib, ayni sohaga taalluqli 16 ta maqsad va 125 ta vazifa ishlab chiqildi.[2]  

Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) o‘zida insoniyat tomonidan 2030-yilga qadar hal etilishi lozim bo‘lgan va bir-biri bilan chambarchas bog‘liq 17 ta maqsadni o‘z ichiga oladi. Ekspertlarning fikriga ko‘ra, ayni maqsadlarni amalga oshrish uchun barcha turdagi moliyaviy manbalarni ishga solish lozim.[3] Birgina davlat mablag‘lari hisobiga BRM ni amalga oshirishning imkoni yo‘q. Ba’zi manbalarga ko‘ra, ushbu maqsadlarni loyihalashtirish uchun donor agentliklar hamda banklar yordamida dunyo bo‘ylab yiliga 500 milliard AQSH dollari miqdorida mablag jalb etish zarur.[4]

Ushbu muammolarni hal etish va BRM ni moliyalashtirish uchun tijorat mablag‘larini jalb qilishda aralash moliyalashtirishdan foydalanish O‘zbekiston singari rivojlanaytogan mamlakatlar uchun muhim ahamiytga ega bo‘lishi mumkin.

Aralash moliyalashtirish yondashuvida, davlat va homiylik fondlari loyihaning xatarlarni kamaytirish (kafillik va xatarlarni sug‘urtalash, loyihalashtirishda texnik yordam ko‘rsatish), hamda moliyalashtirish hajmini oshirish va sarmoya qiymatini (tannarxini) kamaytirish (imtiyozli kreditlar, qo‘shma fondlar va moliyalashtirish) maqsadida foydalaniladi.

Aralash moliyalashtirish - davlat va xususiy fond mablag‘larining umumiy investitsiya dasturi yoki bitimi orqali birlashishini anglatadi va bu jarayonda tomonlar o‘z tajribasidan bir-birini to‘ldirishda foydalanadi. Qayd etish kerakki, investorlar tomonidan rivojlanayotgan mamlakatlarning yangi bozorlariga sarmoya kiritish xohishi yuqori bo‘lmasligi ayni bozorlarning yuqori xatarlari mavjudligi bilan izohlanadi. Bu jarayonda davlat ishtirokining ta’minlanishi ma’lum ma’noda investorlar uchun xatarlarni kamaytirish imkonini beradi. O‘z navbatida davlat muhim ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan loyihalarni moliyalashtirish orqali barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshiradi. Ushbu jarayonda uchinchi tomon sifatida xalqaro xayriya fondlari, yirik molya tashkilotlari ham ishtirok etishi mumkin.

Bugungi kunga kelib, rivojlanayotgan mamlakatlar tomonidan aralash moliyalashtirishdan foydalangan holda barqaror rivojlanish maqsadlariga qariyb 172 milliard AQSH dollari miqdorida investitsiy jalb qilishga muvaffaq bo‘lingan.[5] Ushbu raqamlar dinamikasi yildan yilga ortib borishi bu turdagi moliyalash tizimining samarasini va unga bo‘lgan ishonchni tasdiqlaydi.

Ayni gaplarning isboti sifatida sifatida ailandlik tadbirkor K.Vandi bilan yuz bergan holatni keltirish mumkin. K.Vandi tomonidan "quyosh fermasi" qurish uchun tijoriy kreditorlarga murojaat qilganda, ular bunday tekshirilmagan bozorga pul ajratishni istamadi. 2011-yilda tadbirkorga Xalqaro Moliya korporatsiyasi tomonidan jami 8 million AQSH dollari miqdorida tijorat krediti, shu jumladan, Iqlim investitsiya fondining 4 million AQSH dollariga teng imtiyozli krediti (past foizda) ajratildi. Buning natijasida ushbu sohaga bo‘lgan ishonch ortib, kompaniya 2015-yilda qo‘shimcha 800 million AQSH dollari miqdorida xususiy sektor mablag‘larini jalb qishga erishdi.[6]

Nisbatan yangi moliyalashtirish vositasi hisoblanadigan aralash moliyalashtirish bo‘yicha dunyoda yetarlicha tajriba to‘plangan bo‘lsada, yurtimizda ushbu sohada dastlabki qadamlar qo‘yilmoqda.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda elektr energiyasi ishlab chiqarishni oshirishga ustuvor vazifalardan biri sifatida qaramoqda. Mamlakatimiz 2030-yilga qadar elektr energiyasiga bo‘lgan talabning 25 foizni “yashil” energiya manbalari hisobiga qondirishni maqsad qilgan. Buning uchun esa quyosh elektr stansiyalarining quvvatini 5 GVt, shamol elektr stansiyalarining quvvatini esa 3 GVt ga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Ushbu maqasadlarni amalga oshirish uchun 2019-yilda BAA ning Masdar kompaniyasi bilan O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan Navoiy viloyatida quvvati 100 MVt bo‘lgan quyosh elektrostansiyasini qurish bo‘yicha bitim imzolandi.[7] “Navoiy Nur Solar” kompaniyasi mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni yo‘lga qo‘yish borasidagi ilk yirik loyiha hisoblanadi. Loyihaning moliyalashtirish portfeli Xalqaro moliya korporatsiayasi (XMK) tomonidan ajratilgan 20 million AQSH dollari, 20 million AQSH dollari XMK va Kanada iqlim fondi mablag‘lari hamda OTB ning 20 million AQSH dollariga teng mablag‘ini jamlagan. Shu bilan birgalikda Jahon banki tomonidan “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJga 5,1 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘ elektr energiyasi to‘lovlarini amlga oshirishda bank kafolati sifatida ajratildi.[8]

Masdar kopaniyasining yana bir loyihasi bo‘lgan “Shamol Zarafshon Energy” ham bu sohadagi dastlabki loyihalardan biri bo‘lib, 500 MVt elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi shamol elektr stansiyasini barpo etishni ko‘zda tutadi. Ushbu loiyhaga ham “Navoiy Nur Solar” singari aralash moliyalashtirish orqali, Xalqaro moliya korporatsiayasi tomonidan ajratilgan 42 million AQSH dollari va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) hamda Gollandiya tadbirkorlikni rivojlantirish bankining (FMO) 52 million AQSH dollari miqdoridagi kreditlari ajratildi.[9]

Barqaror rivojlanish maqsadlarining muhim yo‘nalishlari bo‘lgan ekologiya va kambag‘allikni qisqartish bo‘yicha ham salmoqli ishlar olib borilmoqda. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik Trast fondi aralash moliyalashtirish mexanizmlaridan foydalangan holda ekologik va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Bugungi kunda Yevropa Ittifoqi tomonidan jamg‘armaga 5 million yevro miqdorida moliyaviy yordam ko‘rsatildi. Finlyandiya va Norvegiya ham 1 million yevrodan o‘z hissasini qo‘shdi. Bundan tashqari, Yevropa investitsiya banki 125 million yevro va Kreditanstalt fur Wiederaufbau (KfW, Germaniya) banki tomonidan 31,5 million yevro miqdorida aralash moliyalashtirish shaklida moliyaviy resurslar ajratildi.[10] Ushbu mablag‘lar aholini toza ichimlik suvi va tibbiy xizmatlar bilan ta’minlash va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash loyihalariga sarflanadi.

Bugungi kunda butun dunyoda bo‘lgani singari mamlakatimizda ham ayollarning huquqlarini himoya qilish va gender tengligi masalalari dolzarb ahamiyatga ega. Ayollarning jamiyatda tutgan o‘rnini oshirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish maqsadida Hamkorbank tomonidan yangi kredit liniyasi yo‘lga qo‘yildi. Ushbu kredit mablag‘lari Xalqaro moliya korporatsiyasi tomonidan taqdim etilgan 15 million AQSH dollari miqdoridagi aralash moliyalashtirish mablag‘lari hisobiga shakillantirilgan.[11] Ayni mablag‘lar kichik va o‘rta biznes vakillari, ayniqsa tadbirkor ayollarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlaydigan loyihalarga sarflanishi ko‘zda tutilgan.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, aralash moliyalshtirish tushunchasi paydo  bo‘lganiga ko‘p bo‘lmagan esada, qisqa davr mobaynida mamlakatimizda jadal sur’atlarda rivojlanmoqda va yaqin istiqbolda o‘z samarasini beradi. Zero ushbu moliyalshtirish vositasi barqaror rivojlanish maqsadlariga xizmat qilgan holda, ko‘p tomonlama manfaatlarni o‘zida aks ettiradi.

 

Muzafar Karimov,
PMTI loyiha rahbari

Islom Xudoyberdiyev,
PMTI katta ilmiy xodimi


[1] https://sustainabledevelopment.un.org/memberstates/uzbekistan
[2] Dengizga chiqish imkoniyati mavjud emasligi tufayli, O‘zbekistonda dengizlar ekotizimini asrash bo‘ycha global maqsadi qabul qilinmadi.
[3] ОЭСР (2021 г.), Руководство ОЭСР DAC по смешанному финансированию , Издательство ОЭСР, Париж, https://doi.org/10.1787/ded656b4-en 
[4] https://ieg.worldbankgroup.org/blog/what-blended-finance-and-how-can-it-help-deliver-successful-high-impact-high-risk-projects
[5] https://www.convergence.finance/blended-finance
[6] https://csrjournal.com/18277-smeshannoe-finansirovanie-put-k-ustojchivosti-mira.html
[7] https://masdar.ae/en/Masdar-Clean-Energy/Projects/100MW-Nur-Navoi-Solar-Project
[8] https://www.gazeta.uz/ru/2020/12/23/solar/
[9] https://pressroom.ifc.org/all/pages/PressDetail.aspx?ID=27162
[10] https://sverenins.uz/uz/news/priarale-prostranstvo-dlya-privlecheniya-sotsialno-orientirovannyih-investitsiy.html/
[11] https://pressroom.ifc.org/all/pages/PressDetail.aspx?ID=27101