O'zbek ayolining martabaga erishishi osonmi?
25ноя

Bugungi kunda xotin-qizlar bandligini ta’minlash, barcha sohalarda gender tengligiga erishish, mehnat bozorida kamsitishlarga barham berish va ish haqi tengligini ta’minlash butun dunyoda dolzarb muammolardan biri hisoblanadi. Pandemiya ayollar bandligiga juda salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) maʼlumotlariga koʻra, 2019-2020-yillarda ayollar bandligi 4,2%ga kamaygan va jami 54 millionta ish oʻrni boy berilgan. Bu 2020-yilda ishlaydigan ayollar soni 2019-yildagiga nisbatan 13 million nafarga kamayganligini anglatadi.

XMT hisob-kitoblariga ko‘ra, 2022-yilda mehnatga layoqatli aholining mehnat bozorida ishtirok etish darajasi 60% ni tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich  erkaklar o‘rtasida 71,9% ni, ayollar orasida esa 46,6% ni tashkil qilgan. Umuman olganda, ayollarning iqtisodiy faolligi erkaklarning iqtisodiy faolligidan 1,5% kam.

Gender tengligini ta’minlash bugun mamlakatimizda ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Bu borada qabul qilingan qarorlar, xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, davlat boshqaruvi va umuman jamiyat hayotining barcha sohalarida ularning rolini oshirishni ko‘zda tutadi. 2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun, XMTning “Ayollarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida”gi konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi bunga misol bo‘la oladi. Oliy o‘quv yurtlarida ayollar uchun kvotalar oshirildi, magistratura bosqichi ayollar uchun bepul bo‘ldi, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishda turli imtiyozlar berilmoqda va hokazo.

Lekin shunga qaramay butun dunyoda bo‘lgani kabi, O‘zbekistonda ham ayollarning iqtisodiy faolligi erkaklarnikiga nisbatan past. 2021-yil yakunlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich ayollar orasida 41,3% ni, erkaklar orasida esa 56,9% ni tashkil etdi. O‘zbekiston ayollarining mehnat bozoridagi iqtisodiy faolligi 30 yoshdan boshlanadi. Sababi, o'rtacha 22,3 yoshida[1] turmush quradi va undan keyin kamida 2 yilni tug‘ruq ta’tilida o‘rkazadi. Undan so‘ng mehnat bozoriga qaytadi, lekin qisqa vaqtdan keyin ularning takroriy tug‘ruq ta’tiliga chiqish ehtimoli yuqori. Shunday qilib, deyarli 30 yoshida ayollar martabaga erishish bilan shug‘ullana boshlaydi. Ayollarning tez-tez dekret ta’tili va farzandlari salomatligi tufayli kasallik ta’tiliga chiqishi ish beruvchilar orasida ayollarning potentsial xodim sifatida jozibadorligini pasaytiradi. Erkaklarning potensial xodim sifatidagi afzalliklari shundaki, ular tug‘ruq ta'tiliga chiqmaydi (qonuniy huquqi bo'lsa ham),  ishda ushlanib qolishga tayyor, ish bo‘yicha safarlarga borishda hech qanday to‘siqlar yo‘q.

O‘zbekistonda mehnatga haq to‘lashdagi jiddiy tafovutning asosiy sabablaridan biri – bu kasb segregatsiyasidir[2]. Davlat statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, ishlaydigan ayollar erkaklarga nisbatan oʻrtacha 39% kam maosh oladi. Jahon banki ekspertlarining fikricha, bu, jamiyatda hukm surayotgan qarashlar va O‘zbekistonda kasblarning erkaklar va ayollar uchun mo‘ljallangan kasblarga ajratilishi bilan bog‘liq[3].

O‘zbekiston xotin-qizlarining iqtisodiy faolligi pastligi, avvalo ularning uy-ro‘zg‘or ishlari va bola parvarishi bilan to’liq band ekanligi bilan bog‘liq. O‘zbekiston ayollari vaqtining 22% ini uy yumushlari va bola parvarishiga sarflaydi. Bu ish haqi to‘lanmaydi mehnat hisoblanadi, erkaklar esa vaqtining 9% ini uy yumushlariga sarflaydi. Uy ishlari bilan bog‘liq katta mas’uliyat  o‘zbek ayollarining mansab pillapoyalaridan yuqori ko‘tarilishiga to‘sqinlik qiladi. Ta’kidlash joizki, O‘zbekistondagi an’analarga ko‘ra, uy ishlari va farzandlar tarbiyasi bilan shug‘ullanish ayolning asosiy vazifasi hisoblanadi. XMT tadqiqotiga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining 80% i oilada erkakning ro‘zg‘or tebratishi, ayolning esa uy yumushlari va bolalar bilan shug‘ullanishini afzal ko‘radi. Mamlakat aholisining 93% i turmush o‘rtog‘i ishlamasa ham, ko‘pchilik uy yumushlarini ayol bajarishi kerak, deb hisoblaydi[4]. Bunday qarashlarning barchasi jamiyatda ham, mehnat bozorida ham gender tengsizligi mavjudligidan dalolat beradi.

Ayollar faoliyatining asosiy yo'nalishlari. O‘zbekistonda ayollar ko‘proq barqaror ish o‘rinlari va qulay sharoitlarni taklif qiladigan davlat sektorida ishlaydi. Ayollar bandligining tarmoq tuzilmasi shu bilan xarakterlanadiki, ular asosan ish haqi past va ish vaqti qisqaroq sohalarda ishlaydi. Bular ta'lim, sog‘liqni saqlash kabi tarmoqlar va umuman, ijtimoiy soha[5]. Erkaklar va ayollarning ish haqi o‘rtasidagi tafovut sababi ham aynan mana shu bilan bog‘liq. 1-rasmda 2016 va 2021-yillarda tarmoqlarda xotin-qizlar bandligining qiyosiy bahosi keltirilgan. Maʼlumotlardan koʻrinib turibdiki, Oʻzbekistonda so‘nggi 5 yil davomida ayollar bandlik borasidagi rejalarini oʻzgartirmagan. Aytib o‘tilganidek, o‘zbek ayollari asosan ijtimoiy soha tarmoqlarida faoliyat yuritadi va aynan mana shu sohalarda eng past ish haqi kuzatiladi. Yuqori maosh to‘lanadigan sohalarda asosan erkaklar (IT-sohasi va moliya sektori) ishlaydi. E’tiborlisi, tahlil etilayotgan davrda IT-sohasida band bo‘lgan ayollar ulushi 3%ga oshgan. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi, tog‘-kon sanoati va ishlab chiqarish kabi og‘ir jismoniy mehnat talab etuvchi sohalarda xotin-qizlar salmog‘ining kamayishi kuzatilmoqda.

1-rasm

2016 va 2021 yillarda Iqtisodiyotda band bo’lgan ayollarning tarmoqlar bo’yicha taqsimlanishi (foizda)

       

Oliy ma’lumotga ega bo'lish yuqori maosh to‘lanadigan ishlarda mehnat qilish imkonini beradi. 2020-yilda respublikaning 25 va undan katta yoshdagi aholisi orasida oliy ma’lumotli ayollar ulushi 13,2% ni, erkaklar ulushi esa 20% ni tashkil etdi. Binobarin, yuqori maoshli ishlarga ko‘proq erkaklar jalb qilinadi.

Ayollar orasidagi ishsizlik. 2021-yilda ayollar o‘rtasidagi ishsizlik darajasi 13,3% ni (taqqoslash uchun – dunyo bo‘yicha 6,1%) tashkil etdi. Bu erkaklar o‘rtasidagi ishsizlik darajasidan ikki baravar yuqori. Ishsiz ayollarning asosiy qismini oʻrta maxsus (65,8%) va oʻrta (28,5%) ma’lumotga ega, shuningdek, qisman oliy maʼlumotli xotin-qizlar (3,4%) tashkil etadi. Ishsiz ayollarning 44%dan ortig‘i 15-30 yosh oralig‘ida. Xotin-qizlar o‘rtasida ishsizlikning eng yuqori ko‘rsatkichi Qashqadaryo (15,5%), Surxondaryo (15,0%) va Sirdaryo (4,7%) viloyatlarida kuzatilmoqda. Ko‘p ayollar bola parvarishi va uy ishlari bilan bog‘liq holda uyda o‘tirishga qaror qiladi. Bu esa kasbiy mahoratning yo‘qolishiga olib keladi. 2021-yilda maktabgacha ta’lim bilan qamrab olingan 3-6 yoshli bolalar ulushi 62% ni tashkil etgan bo‘lsa, 1-6 yoshli bolalar orasida bu ko’rsatkich 30% ga ham yetmagan, ya'ni, bolalarning taxminan 40-70% i uyda onalari tomonidan tarbiyalanadi.

PMTI mutaxassislari o‘zbekistonlik ayollarning martabasi oshishi yo‘lidagi asosiy muammolarni aniqlash maqsadida ishlaydigan ayollar o‘rtasida so‘rov o‘tkazdi. So‘rovda turli faoliyat sohalarida ishlaydigan 300 nafar ayol (N=300) ishtirok etdi. So‘rov joriy yilning oktyabr oyida o‘tkazildi. Respondentlarning yoshi 16 yoshdan 65 yoshgacha, o'rtacha yoshi 36 yosh. So‘rovda oliy ma’lumotli (68%), ilmiy darajaga ega (13,6%), o‘rta maxsus (20,6%) va umumiy ma’lumotli (7%) ayollar ishtirok etdi. Respondentlardan 65,8% ining 2 va undan ortiq farzandi bor, 25%i turmush qurmagan yoki ajrashgan.

So‘rov natijalari quyidagicha bo‘ldi:

- respondentlarning deyarli 88%i ayollar ishlashi kerak, deb hisoblaydi;

- respondentlarning 68,4%i erkaklarga nisbatan ayollarning martabaga erishishi ancha qiyin, deb hisoblaydi;

- so‘rovda qatnashganlarning 52,2%i  turmush o‘rtog‘i ishlash uchun ruxsat berganini bildirgan;

- so‘rovda qatnashganlarning 38,6%i martabaga erishishiga  turmush o‘rtog‘i ruxsat bermasligini, 34,9%i jamiyat ayollarni faqat uy bekasi sifatida qabul qilishini, 27,9%i uy yumushlariga ayollar mas'ulligi to‘siq bo‘layotganini aytgan bo‘lsa, 17,3%i  to'siqlar yo'qligini ta'kidladi;

- ayollar kuniga o‘rtacha 4 soat vaqtini uy yumushlariga sarflasa, erkaklar bir soatdan kam sarflashi ma’lum bo’ldi (so‘rovda ishtirok etgan ayollarning fikriga ko‘ra);

- respondentlar ishlayotgan kompaniyalarda rahbar ayollarning o‘rtacha yoshi 38,6 ga teng;

- kompaniyalarning 3,5%ida (asosan yuridik muassasalarida) rahbarlik lavozimlarida ayollarning yo‘qligi aniqlandi;

- ayollarning 46,5%i boshqaruv qobiliyati, 40%i faqat mashaqqatli mehnat, 15,2%i yaxshi aloqalar ularga rahbarlik lavozimlarini egallashda yordam beradi, deb hisoblashini bildirdi;

- ayollarning qariyb 40%i yuqori lavozimlarga, xususan, iqtisodchi, huquqshunos, moliyachi va buxgalter kabi sohalarda rahbarlik lavozimlariga tayinlashda erkaklarga afzallik beriladi, deb hisoblaydi;

- ayollarning deyarli 55% rahbarlik lavozimlariga tayinlanayotganda jins muhim emas yoki qisman muhim, deb hisoblaydi;

- farzandi yo‘q yoki bitta farzandi bor ayollarning 26,2%i farzand ko‘rish lavozim oshishiga to‘sqinlik qilmaydi, deb hisoblaydi, biroq so‘rovda qatnashganlarning 58,5%i farzand ko‘rish qarori ularning mansab borasidagi muvaffaqiyatini vaqtincha cheklaydi, deb hisoblashini ma’lum qildi;

- ayollarning 62,4%i farzandlarini maktab va maktabgacha ta’lim muassasasidan o‘zlari olib ketishini bildirdi, bu esa ishdan erta ketishga sabab bo‘ladi va qisman martabaga erishish yo‘lidagi to‘siqlardan biri hisoblanadi;

- turmush qurgan ayollarning 26,3%i turmush o‘rtog‘i ularga ishda ushlanib qolishriga ruxsat berishini, 25,9%i esa ishdan kech qaytishiga salbiy munosabatda bo‘lishini ma’lum qildi;

- ayollarning 44%i turmush o‘rtog‘i ularga xizmat safariga chiqishni taqiqlashini, 38%i esa xizmat safariga hech qanday muammosiz jo‘natishini qayd etgan;

- so‘rovda qatnashgan ayollarning 45,7%i yuqori lavozimlarni egallashni rejalashtirayotganini bildirgan. Ularning o‘rtacha yoshi 36 yosh va 90%i oliy ma’lumotli yoki ilmiy darajaga ega. Shu bilan birga, ayollarning 28%i rahbarlik lavozimlarini egallashni xohlashini ma’lum qilgan;

– ayollarning 71,3%i ishlab topgan pulini umumiy oilaviy ehtiyojlarga sarflashini qayd etgan.

Shunday qilib, so‘rov quyidagi xulosalarga olib keldi:

  1. Respondentlarning 88%i ayollar ishlashi kerak, deb hisoblaydi;

  2. Ayollar uchun martabaga erishish erkaklarga nisbatan ancha qiyin, deb hisoblashadi.

  3. Xotin-qizlar uchun martabaga erishishda jamiyatda ayolning uy bekasi bo‘lishi kerakligi va turmush o‘rtog‘irning ishlashni taqiqlashi asosiy to‘siqlardan biridir.

  4. Ayollar har kuni kamida 4 soat vaqtini uy yumushlariga, ya’ni haq to‘lanmaydigan ishlarga sarflaydi, erkaklar esa kuniga atigi bir soat vaqt sarflaydi (so‘rovda ishtirok etgan ayollarning fikriga ko‘ra);

  5. Ayol rahbarlarning o‘rtacha yoshi 38 yosh.

  6. So‘rovda ishtirok etgan ayollarning fikriga ko‘ra rahbarlik lavozimlariga tayinlashda erkaklarga ko‘proq afzallik beriladi.     

Shuningdek, PMTI mutaxassislari joriy yilning aprel oyida Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan so‘rovlar asosida ekonometrik model yordamida ayollarning mehnat bozorida (ishlash va ishlamasligiga) ishtirok etish ehtimolini baholadi. Ma’lumotlar bazasi faqat 16-65 yosh oralig‘idagi  ayollar bo‘yicha ma’lumotlarni o‘z ichiga oldi. Ushbu hisob-kitoblar uchun probit[6] statistik model qo‘llanildi. Model tenglamasi quyidagicha ko‘rinishga ega:

P (bandlik = 1| x) = b0 + b1 ayollar + b x'

Omillar

Koeffisientlar

P/v

Oilaviy holati

-0,25

0,050

Ta'lim darajasi

0,18

0,031

Oilaninig farovonlik darajasi

0,18

0,075

Yosh

0,03

0,000

Сons

- 3,02

0,005

Kuzatuvlar soni

548

Ekonometrik tahlil natijalari shuni ko‘rsatdiki, ayollarning ishlash yoki ishlamaslik ehtimoliga, birinchi navbatda, ularning oilaviy holati ta’sir qiladi. Bundan tashqari, oilaning farovonligi, ta'lim darajasi, qisman ayolning yoshi ham uning iqtisodiy faolligiga ta'sir qiladi. Shaharda yoki qishloqda yashashi, salomatligi, farzandlarning borligi (ma'lumotlar bazasida bolalari allaqachon 16 yoshga to'lgan ayollar ko'p) kabi omillar statistik jihatdan ahamiyatsiz bo‘lib chiqdi.

O‘tkazilgan tahlillardan xulosa qilish mumkinki, so‘nggi 5 yil ichida ayollarning martabaga erishishi, mehnat bozoridagi ishtiroki yo‘lidagi ko‘plab to‘siqlar sezilarli darajada kamaygan. Bu jarayonda hukumatning jamiyat va iqtisodiyotda gender tengligiga erishish bo‘yicha qabul qilingan qarorlari asosiy omil bo‘lmoqda. Biroq o‘zbek ayollari uchun martabaga erishish erkaklarga nisbatan ancha qiyin.

So‘rov natijalari (ayollarning 70%i) erkaklar orasida “ayol faqat uy ishlari va bolalar bilan shug‘ullanishi kerak”, degan fikr mavjudligini tasdiqladi. Bu fakt ekonometrik model natijalari bilan tasdiqlandi, xususan, ayolning ishlash yoki ishlamaslik ehtimoliga, birinchi navbatda, ularning oilaviy holati ta'sir qilishi ma'lum bo‘ldi.

PMTI mutaxassislari tomonidan olib borilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, o‘zbek ayoli aslida kuniga 12 soat ishlaydi, 7-8 soat ishxonada va undan keyin o‘rtacha 4 soat uy ishlari bilan band.

 

Muhabbat Ahmedova,
PMTI guruh rahbari

Sharifabonu Amriddinova,
katta ilmiy xodim

 


[1] Davlat statistika qo'mitasi
[2] Jahon Bankining "Bandlikdagi gender diskriminatsiyasi" tadqiqoti.
[3] Jahon Bankining "Bandlikdagi gender diskriminatsiyasi" tadqiqoti.
[4] https://xs.uz/ru/post/defitsit-dostojnogo-truda-zatragivaet-zhenschin-v-bolshej-stepeni-chem-muzhchin
[5] O'zbekistonda ayollar va mehnat. Gender tengligi erishish va barcha uchun munosib mehnat sari” XMT 2020.
[6] Hodisaning yuzaga kelish ehtimolini bashorat qilish uchun foydalaniladigan statistik model